Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-4451-son)
09.07.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
“Mustahkam oila yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari shaharchalar, qishloqlar, ovullar va mahallalar fuqarolar yigʻinlarining rahbarlari va xodimlari mehnatini ularning yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalash boʻyicha ijtimoiy ahamiyatli ishlarni amalga oshirishga, oila institutini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va mustahkamlashga, jamiyatda barqarorlik va totuvlikni taʼminlashga qoʻshgan hissasini eʼtiborga olgan holda yanada ragʻbatlantirish maqsadida:
1. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatchilarining mehnatini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida”gi 1997-yil 13-maydagi PF–1778-son Farmonining mehnat haqi boʻyicha Yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq ragʻbatlantirish koeffitsiyenti sifatida maoshlarga 20 foizli ustama haq oʻrnatilishini nazarda tutuvchi 1-bandining amal qilishi tuman (shahar) xotin-qizlar qoʻmitalarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassislari lavozimiga hamda profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilariga nisbatan joriy etiladi.
2. 2012-yilning 1-avgustidan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshlariga alohida mehnat sharoitlari uchun 12 foiz miqdorida oylik ustama haq oʻrnatilsin.
4. Ushbu Farmonda koʻzda tutilgan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 9-iyul,
PF-4451-son
