5-modda. Jurnalistning huquqlari
Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida (402-I-son) · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Jurnalist oʻz kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida:
axborotni toʻplash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish;
axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;
davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;
jurnalist tekshiruvi oʻtkazish;
oʻzi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qoʻyib tarqatish, ularda oʻz fikr-mulohazasini ifodalash;
davlat organlarining ochiq hayʼat majlislarida va ommaviy tadbirlarida hozir boʻlish;
jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida boʻlish;
maʼlumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;
sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir boʻlish;
eʼlon qilishga tayyorlangan maʼlumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;
basharti qonunni buzishga olib keladigan boʻlsa, ommaviy axborot vositasi tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni rad etish;
oʻzi tayyorlagan xabar yoki materialning mazmuni tahrir jarayonida buzilgan degan fikrga kelsa, unga imzo qoʻymaslik yoxud uni nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab etish;
axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;
taqdim etgan xabarining mazmunini ommaviy axborot vositasi buzib eʼlon qilishi oqibatida oʻziga yetkazilgan maʼnaviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish;
jamoat birlashmalariga, shu jumladan jurnalistlarning xalqaro tashkilotlariga kirish huquqlariga ega.
Jurnalist oʻziga qonunchilik bilan berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.
