11-modda. Jurnalistni akkreditatsiya qilish
Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida (402-I-son) · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Jurnalist davlat organi, jamoat birlashmasi va tashkilot huzurida akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining jurnalisti xorijiy davlatda akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Chet el jurnalisti Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Akkreditatsiya qilingan jurnalist:
boʻlib oʻtadigan ochiq hayʼat majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar toʻgʻrisida oldindan axborot olish;
akkreditatsiya qiluvchi organning binolariga (xonalariga) va boshqa obyektlariga akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda kirish;
ochiq hayʼat majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda hozir boʻlish;
akkreditatsiya qiluvchi organning masʼul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni soʻrash hamda olish, ommaviy tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish hamda ulardan koʻchirma nusxalar olish;
olingan yozuvlardan ommaviy axborot vositalari materiallarini tayyorlashda foydalanish huquqiga ega.
Akkreditatsiya qilingan jurnalist qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
