Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi toʻgʻrisida (169-son)
12.06.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish faqat xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida badiiy filmlarni kino va video tasvirga olishga ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
3. “Oʻzbekkino” milliy agentligi xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olishga ruxsatnoma berish boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 12-iyun,
169-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-iyundagi 169-son qaroriga ILOVA
Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibini belgilaydi.
2. Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish faqat xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olishga berilgan ruxsatnomalar (keyingi oʻrinlarda ruxsatnoma deb ataladi) asosida amalga oshiriladi.
Filmni ishlab chiqarish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va “Oʻzbekkino” Milliy agentligi huzuridagi Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga Oʻzbekiston kinemotografistlari jalb etilgan holda amalga oshirilgan taqdirda, ruxsatnoma olish talab etilmaydi.
3. “Oʻzbekkino” milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda Agentlik deb ataladi) ruxsatnoma berish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
film — original ssenariy yoki adabiy asarni ekranlashtirish asosida tasvirga olinadigan audiovizual asar (badiiy toʻliq metrajli, badiiy qisqa metrajli, hujjatli-xronikal, ilmiy-ommabop filmlar va ijtimoiy videoroliklar);
kino va video tasvirga olish — oʻzaro bogʻliq tasvirlarni kinotasma (tselluloid asosida) yoki raqamli vositalarga ovoz yoki ovozsiz qayd etish yoʻli bilan kinematografik tasvirlarni yaratish jarayoni;
film ssenariysi — film epizodlaridagi koʻrish va ovozli tasvirlar matnda ifoda etiladigan, film ishlab chiqarish talablariga muvofiq boʻlgan filmni tasvirga olishning ijodiy va ishlab chiqarish-texnik loyihasi;
ariza beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmni kino va video tasvirga olish niyatidagi xorijiy kinokompaniya yoxud boshqa tashkilot;
ruxsatnoma — Oʻzbekiston Respublikasi hududida kino va video tasvirga olish uchun ariza beruvchining huquqini tasdiqlaydigan hujjat;
ekspert kengash — ariza beruvchiga ruxsatnoma berish masalalari boʻyicha xulosa chiqarish vakolatiga ega boʻlgan “Oʻzbekkino” Milliy agentligining xorijiy kinokompaniyalar murojaatlarini koʻrib chiquvchi ishchi komissiyasi;
II. Ruxsatnoma berish tartibi
5. Ariza beruvchi ruxsatnoma olish uchun Agentlikka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ruxsatnoma berish uchun ariza;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida tasvirga olish rejalashtirilayotgan film ssenariysining davlat tilidagi yoki rus tilidagi bosma (yoki elektron) varianti;
Ariza beruvchidan ushbu Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Hujjatlar ariza beruvchi tomonidan Agentlikka bevosita, pochta xizmati vositasida yoxud Internet jahon axborot tarmogʻi orqali elektron shaklda yetkazib beriladi.
6. Ekspert kengashi ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va ruxsatnoma berish masalalari boʻyicha ekspert xulosasini tayyorlash hamda xorijiy kinokompaniyalarga ishlab chiqarish, texnik va texnologik xizmatlar koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni jalb qilishga koʻmaklashuvchi doimiy ishchi komissiya hisoblanadi.
Ekspert kengashi tarkibi kinoshunoslar, malakali kinorejissorlar, kino sanʼati sohasida faoliyat koʻrsatuvchi davlat va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillaridan shakllantiriladi.
Ekspert kengashi Agentlikka taqdim etilgan hujjatlarni ariza qabul qilingan kundan boshlab oʻn besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda koʻrib chiqadi. Hujjatlarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha ijobiy xulosaga kelgan taqdirda, ruxsatnoma berish toʻgʻrisida Agentlik rahbariga bildirishnoma kiritadi va bu haqda ariza beruvchini ikki kundan kechiktirmasdan xabardor qiladi.
7. Ekspert kengashining ijobiy xulosasi asosida Agentlik rahbari tomonidan ruxsatnoma berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
9. Quyidagi hollarda:
a) agar film ssenariysida:
milliy, irqiy, etnik yoki diniy dushmanlikni targʻib etuvchi;
fuqarolarning milliy mansubligi, diniy eʼtiqodlari munosabati bilan ularning qadr-qimmatini kamsituvchi, haqorat qiluvchi yoki axloq normalariga va milliy mentalitetga zid boʻlgan;
Oʻzbekiston Respublikasi xalqlarining tarixi, madaniyati, anʼanalari va urf-odatlarini nohaqqoniy yoki buzib aks ettiruvchi;
ekstremizm va terrorizm gʻoyalarini, zoʻravonlik va shafqatsizlikni targʻib qiluvchi;
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq jinoiy yoki boshqa javobgarlikka olib keluvchi pornografik va boshqa xususiyatga ega boʻlgan sahnalar mavjud boʻlsa;
b) ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda ishonchsiz yoki buzilgan maʼlumotlar mavjud boʻlsa;
v) ruxsatnoma berilganligi uchun yigʻim toʻlash shartlariga rioya etilmasa ruxsatnoma berish rad etilishi mumkin.
10. Agentlik rahbarining ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi qarori asosida ariza beruvchiga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha ruxsatnoma beriladi.
Ruxsatnoma ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma berilganligi uchun belgilangan toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan keyin bir ish kuni muddatda beriladi.
11. Ekspert kengashi ruxsatnoma berishni rad etish toʻgʻrisida xulosaga kelgan taqdirda, Agentlik rad etishning aniq sabablari va ruxsatnoma talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib takroran koʻrib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etishga yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan yozma bildirishnomani ariza beruvchiga yuboradi (topshiradi).
12. Ariza beruvchi tomonidan ruxsatnoma berish rad etilishi uchun asos boʻlib xizmat qilgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda ariza olingan kundan boshlab besh kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda Ekspert kengash hujjatlar takroran koʻrib chiqilgandan keyin ikki kun mobaynida ular boʻyicha ekspert xulosasini tayyorlaydi.
Agentlik Ekspert kengashning xulosasi olingandan keyin bir kundan ortiq boʻlmagan muddatda ruxsatnoma berish yoki ruxsatnoma berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ruxsatnoma berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat tamom boʻlgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza deb hisoblanadi.
13. Ruxsatnoma ariza beruvchining arizasida koʻrsatilgan muddatga beriladi.
14. Agar tasvirga olish jarayoni davomida ariza beruvchida filmni tasvirga olish kunlariga oʻzgartirishlar kiritish zarurati yuzaga kelsa (koʻrib chiqilgan film ssenariysi mazmuniga oʻzgartirish kiritmasdan), u holda xorijiy kinokompaniyaning arizasi boʻyicha Ekspert kengashi uch kundan ortiq boʻlmagan muddatda moʻljallanayotgan oʻzgartirishlar toʻgʻrisida Agentlik rahbariga iltimosnoma kiritadi. Agentlik rahbari iltimosnomani olganidan keyin bir ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda ruxsatnoma muddatini uzaytiradi.
III. Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va uni bekor qilish
15. Ruxsatnomaning amal qilishi, agar:
kino va videotasvirga olish jarayonida tasvirga olinayotgan materialning haqiqiy mazmuni bilan Ekspert kengashi tomonidan koʻrib chiqilgan film ssenariysi oʻrtasida tafovutlar aniqlangan;
filmni tasvirga olish ishlari ruxsatnomada belgilangan kunlardan ortiq amalga oshirilgan;
Agentlikning ariza beruvchiga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi bildirishnomasi xorijiy kinokompaniya tomonidan bajarilmagan hollarda Agentlik rahbari tomonidan toʻxtatib turiladi.
Xorijiy kinokompaniya tomonidan ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar bartaraf etilgan taqdirda, Ekspert kengashi koʻrsatib oʻtilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida tasdiqnomani olgan kunning oʻzida Agentlik rahbariga iltimosnoma kiritadi. Agentlik rahbari Ekspert kengashining iltimosnomasi asosida ruxsatnomaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
16. Ruxsatnomaning amal qilishi:
xorijiy kinokompaniya ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan;
xorijiy kinokompaniya tugatilgan;
ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlar Agentlik tomonidan belgilangan muddatda xorijiy kinokompaniya tomonidan bartaraf etilmagan;
Ekspert kengashning xulosasi hamda Agentlikning ruxsatnoma berish toʻgʻrisidagi qarori noqonuniyligi aniqlangan;
ruxsatnomaning amal qilish muddati tugagan hollarda Agentlik tomonidan toʻxtatiladi.
Agentlikning ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori xorijiy kinokompaniyaga qaror qabul qilingan kundan boshlab bir sutka mobaynida yuboriladi.
17. Ruxsatnomani bekor qilish, agar:
qalbaki hujjatlardan foydalangan holda ruxsatnoma olish holati aniqlangan;
ariza beruvchi ruxsatnoma berish uchun qaror qabul qilish toʻgʻrisidagi bildirishnomani qabul qilib olgan paytdan boshlab bir oy mobaynida Agentlikka ruxsatnoma berilganligi uchun belgilangan toʻlov toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etmagan;
ariza beruvchi ruxsatnomani bekor qilish toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qilgan hollarda Agentlik tomonidan bekor qilinadi.
18. Agentlikning ruxsatnoma amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori ustidan Oʻzbekiston Respublikasi sudlariga shikoyat qilish mumkin. Ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish yoki uni bekor qilish sud tomonidan asossiz deb eʼtirof etilgan taqdirda Agentlik xorijiy kinokompaniya oldida yetkazilgan zarar miqdorida javob beradi.
IV. Ariza koʻrib chiqilganligi uchun toʻlov va ruxsatnoma berish
20. Ruxsatnoma berilganligi uchun ariza beruvchidan Agentlik hisobraqamiga Oʻzbekistonda boʻlib turgan vaqtidan qatʼi nazar, qonun hujjatlarida toʻlov kunida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdoriga teng summada milliy valyutada bir martalik toʻlov undiriladi.
Bunda ariza beruvchi Oʻzbekiston brendini ilgari surish sharti bilan, shu jumladan kirish (sarlavha) va (yoki) yakuniy titrda tasvirga olish mamlakati hamda joyini (obyekti) alohida kadrlar bilan koʻrsatish orqali moddiy-madaniy meros obyektlarida tasvirga olish uchun ushbu yigʻin va ijara toʻlovlarini toʻlashdan ozod etiladi.
21. Filmni tasvirga olish kunlariga oʻzgartirishlar kiritilishi munosabati bilan Agentlik tomonidan ruxsatnomaning muddati uzaytirilgan taqdirda, kiritilgan oʻzgartirishlar hisobga olingan holda qoʻshilgan tasvirga olish kunlaridan kelib chiqib qoʻshimcha toʻlov undiriladi.
Bunda, filmni tasvirga olish kunlariga davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda ariza beruvchiga tasvirga olish uchun sharoit yaratib beruvchi boshqa mahalliy tashkilotlar tomonidan harakat yoki harakatsizlik natijasida kiritilgan oʻzgartirishlar hisobga olingan holda qoʻshilgan tasvir kunlari bundan mustasno.
Agentlik tomonidan ruxsatnomaning amal qilishini toʻxtatish yoki uni bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda toʻlangan toʻlov summasi qaytarilmaydi.
V. Ruxsatnomalar blankalarini roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish
22. Agentlik tomonidan ariza beruvchilarga beriladigan ruxsatnomalar blankalari qatʼiy hisobot beriladigan blankalar hisoblanadi.
23. Ruxsatnomalarning beriladigan blankalarini roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olish Agentlik tomonidan maxsus jurnalda yuritiladi. Jurnalga tartib raqami qoʻyilgan va u ip oʻtkazib tikilgan boʻlishi kerak. Jurnalning oxirgi sahifasida varaqlarning ip oʻtkazib tikilgan joyiga Agentlik muhrining izi aks ettiriladi va Agentlik rahbarining tasdiqlovchi imzosi qoʻyiladi.
Film ssenariysining ekspert kengash tomonidan koʻrib chiqilgan uzil-kesil varianti nusxasi Agentlikda saqlanishi kerak.
VI. Ushbu Nizom talablari va shartlariga rioya etilishi uchun javobgarlik va nazorat qilish
24. Xorijiy kompaniya Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq ushbu Nizom talablariga rioya etilishi uchun javob beradi.
25. Ushbu Nizom talablariga rioya etish ustidan nazorat qilish Agentlik tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-avgustdagi 661-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2019-y., 09/19/661/3571-son)
Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va video tasvirga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi 499-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.06.2019-y., 09/19/499/3301-son)
Xorijiy kinokompaniyalar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida filmlarni kino va videotasvirga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-avgustdagi 614-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 06.08.2018-y., 09/18/614/1618-son)
