Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash masalalari toʻgʻrisida (158-son)
01.06.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda futbolni rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2006-yil 1-maydagi PQ–338-son qarorini bajarish, shuningdek futbol klublari, Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi va uning hududiy boʻlinmalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Professional futbol klublari, Oʻzbekiston Futbol federatsiyasi va uning hududiy boʻlinmalari 2012-yil 1-iyundan boshlab 2018-yilning 1-yanvarigacha:
respublikada ishlab chiqarilmaydigan, stadionlarni rekonstruksiya qilish va futbol klublarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun zarur boʻlgan chetdan keltiriladigan jihozlar, asbob-uskunalar va materiallar uchun bojxona toʻlovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno);
soliqlar va yigʻimlarning barcha turlarini (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari) toʻlashdan ozod qilinsin, boʻshab qoladigan mablagʻlar futbolni rivojlantirishga maqsadli yoʻnaltirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi koʻrsatib oʻtilgan imtiyozlar berilishi munosabati bilan boʻshab qoladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qatʼiy nazoratni amalga oshirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 1-iyun,
158-son
