Toshkent shahrida jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida (277-son)
04.04.2012
Toshkent shahar hokimining
Qarori
Toshkent shahrida huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan jinoyatchilikni oldini olish, jamoat tartibini saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarda mulkchilik shakli va boʻysunuvidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot va muassasalar, oʻzini oʻzi boshqarish idoralari va fuqarolar ishtirokini keng jalb etish, ularning tezkor-qidiruv ishlardagi oʻzaro hamkorligini yoʻlga qoʻyish va shu orqali jamoatchilik nazoratini oʻrnatib, uning roli va taʼsirini oshirish, aholi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman hokimlari, Ichki ishlar bosh boshqarmasi (A.Ibragimov):
1.1. Tegishli mutasaddi idoralar, shuningdek “Mahalla” xayriya jamoat fondi shahar (J.Inogʻomov) va tuman boʻlimlari rahbarlari bilan birgalikda, shahar hududida faoliyat yuritayotgan mulkchilik shakli va boʻysunuvidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlariga, shuningdek jismoniy shaxslarga ularga tegishli boʻlgan noturar, obyektlarga tashqi video-kuzatuv kamera uskunasini oʻrnatishni tavsiya etish ishlari tashkil etilsin.
1.2. Bu maqsadda, hududda faoliyat yuritayotgan mulkchilik shakli va boʻysunuvidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot va muassasa rahbarlariga, shuningdek jismoniy shaxslarga oʻz mablagʻlari hisobidan oʻzlariga tegishli boʻlgan noturar obyektlarga tashqi video-kuzatuv kamera uskunasini oʻrnatishni tashkil etish yuzasidan keng tushuntirish ishlari olib borilsin.
1.3. Video-kuzatuv kameralarining jinoyatlar (oʻgʻrilik, talonchilik, bezorilik va boshqa jinoyatlar) koʻp sodir boʻlayotgan va sodir etilishi ehtimoli katta boʻlgan hududlarga, mavzelar ichkarisiga, koʻchalarga, aholi gavjum joylarga qaratib oʻrnatilishiga eʼtibor berilsin.
2. Bino-inshootlarga oʻrnatilgan video-kuzatuv kameralari uskunalari yozuv tasmalaridan zaruratga qarab belgilangan tartibda, jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash maqsadida foydalanish mumkinligi koʻrsatib oʻtilsin.
3. Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi (A.Tadjiyev), Arxitektura va qurilish nazorati inspeksiyasi (T.Nabiyev), tuman hokimlari:
Yangi qurilayotgan noturar joy obyektlari, shuningdek oʻz hududlarida noturar joy qayta qurilish ishlarini amalga oshirayotgan subyektlarga meʼmoriy loyihalarni ishlab chiqishda va qurilishni boshlashga ruxsat olish hamda topshirish jarayonida bino-inshootlarga tashqi video-kuzatuv kameralarini oʻrnatishni tavsiya etsinlar.
4. Ichki ishlar bosh boshqarmasi (A.Ibragimov):
Hudud profilaktika inspektorlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish idoralari yordamida belgilangan tartibda shahar hududida tashqi video-kuzatuv kamera uskunalari oʻrnatilishi rejalashtirilayotgan hamda oʻrnatilgan obyektlar hisobi yuritilsin.
5. Mazkur qaror tasdiqlash uchun xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi sessiyasiga kiritilsin.
6. Qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari B.Raxmonov va Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi A.Ibragimov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim R. USMONOV
Toshkent sh.,
2012-yil 4-aprel,
277-son
