Oʻzbekiston Respublikasining Mulkni baholash milliy standarti (12-son MBMS) “Soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan koʻchmas mulk qiymatini baholash”ni tasdiqlash toʻgʻrisida (2359-son)
08.05.2012
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 8-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2359 ]
Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 208-modda) Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-sonli “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 145-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Mulkni baholash milliy standarti (12-son MBMS) “Soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan koʻchmas mulk qiymatini baholash” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatiga olingan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Rais v.b. A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 25-mart,
01/19-18/06-son
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini boshqarish Davlat qoʻmitasining 2012-yil 25-martdagi 01/19-18/06 - sonli qaroriga ILOVA
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIning MULKNI BAHOLASh MILLIY STANDARTI (12-SON MBMS)
“SOLIQ SOLISh MAQSADIDA YaLPI BAHOLASh USULLARI BILAN KOʻChMAS MULK QIYMATINI BAHOLASh”
Mazkur Mulkni baholash milliy standarti (12-son MBMS) Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 208-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 24-apreldagi PQ-843-sonli “Baholovchi tashkilotlar faoliyatini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati uchun ularning masʼuliyatini oshirish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 18-son, 145-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasidagi baholash faoliyatining normativ jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. 12-son MBMSning maqsadi koʻchmas mulk obyektlarini yalpi baholashdan oʻtkazish tartibini belgilashdan iborat.
2. 12-son MBMSning asosiy vazifalari:
baholovchilar va koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organning mazkur standart va baholash faoliyatini tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan koʻchmas mulk qiymatini baholashdan oʻtkazish tushunchalari va qoidalaridan foydalanishlaridagi harakatlarining hamjihatligini taʼminlash;
baholashning xolisligi va sifatini oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan tartib-taomillarni belgilash;
boshlangʻich axborot, baholash toʻgʻrisidagi hisobot mazmuni va materialni bayon etishga nisbatan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar har xil talqin qilinishini istisno etadigan yagona talablarni belgilash;
mulkni baholashning samarali milliy tizimini shakllantirishga koʻmaklashishdan iborat.
3. 12-son MBMSda nazarda tutilgan yalpi baholash usullaridan obyektlar tavsiflari miqdori cheklangan koʻchmas mulk obyektlarining guruhlari uchun foydalaniladi.
II bob. Atamalar va tushunchalar
4. 12-son MBMSda quyidagi atamalar va tushunchalar qoʻllaniladi:
analog — asosiy iqtisodiy, jismoniy va boshqa tavsiflarga koʻra baholash obyektiga oʻxshash, narxi oʻxshash shartlarda tuzilgan bitimdan yoki raqobatli bozorda qilingan taklifdan maʼlum boʻlgan boshqa obyekt;
bazaviy qiymat — yalpi baholashning nazarda tutilgan usullaridan foydalanilgan holda olingan baholash obyektining unga nisbatan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllashdan avvalgi qiymati;
buyurtmachi — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organ;
konstruktiv tarkib — koʻchmas mulk obyektining qurilish materiallari turi koʻrsatilgan qurilish elementlari (poydevor, devorlar, pollar, pardevorlar, tomi va hokazo) tarkibi;
yalpi baholash — baholashning qabul qilingan standart yondashuvlaridan foydalangan holda oʻxshash tavsiflarga ega boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarini guruhlashtirish asosida baholash obyektining qiymatini aniqlash jarayoni;
bozor (inventarizatsiya) qiymati — baholash obyektining 12-son MBMSga muvofiq aniqlangan qiymati;
narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar — baholash obyektining bazaviy qiymatiga nisbatan narxni shakllantiruvchi omillarni inobatga olib qoʻllanadigan koeffitsiyentlar;
narxni shakllantiruvchi omillar — narxning tuzilishi va darajasi shakllanadigan shart-sharoitlar. Baholash obyektlarining qiymatiga jiddiy taʼsir qiluvchi va ishonchli tarzda aniqlash va xolisona oʻlchash mumkin boʻlgan koʻrsatkichlar.
III bob. Qoʻllanish sohasi
5. Koʻchmas mulk qiymatini yalpi baholash usullari bilan aniqlashda quyidagilar umumiy maydonining 1 kvadrat metri baholash obyekti hisoblanadi:
jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan noturar joy maqsadidagi koʻchmas mulklar;
turar joy maqsadidagi koʻchmas mulklar (kvartiralar, yakka tartibdagi uy-joylar, fuqarolarning doimiy yashashi uchun moʻljallangan boshqa turar joy binolari).
6. 12-son MBMS baholovchi tashkilotlar, baholovchilar va baholash xizmatlari buyurtmachilari uchun moʻljallangan va koʻchmas mulkni yalpi baholash usullari bilan baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatilishida majburiy qoʻllanilishi lozim.
7. 12-son MBMS normalari va talablari, shuningdek ular asosida olingan natijalardan ushbu standartda belgilanmagan maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi, agarda qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa.
8. 12-son MBMSni qoʻllashda mazkur 12-son MBMS ilovasida keltirilgan Uslubiy koʻrsatmalarga rioya qilish lozim.
IV bob. Buxgalteriya hisobi standartlari bilan aloqadorligi
9. Yalpi baholashdan oʻtkazishda buxgalteriya hisobining milliy va xalqaro standartlaridan foydalanilmaydi. Shuningdek, moliyaviy hisobotlarni tuzish maqsadlari uchun koʻchmas mulk qiymatini baholash tartib-taomillari koʻchmas mulkni yalpi baholash tartib-taomillari bilan bogʻliq boʻlishi mumkin emas.
10. Koʻchmas mulkning soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan aniqlangan qiymati shu koʻchmas mulkning moliyaviy hisobotlar uchun belgilangan tartibda aniqlangan qiymatidan jiddiy farq qilishi mumkin.
11. Baholash amaliyotidagi “eskirish” atamasi taʼrifini buxgalteriya hisobida foydalaniladigan (hisoblangan amortizatsiya) oʻxshash atamadan maʼno jihati boʻyicha farqlash zarur. Shu munosabat bilan baholovchilar “eskirish” yoki “hisoblangan eskirish” atamalarini Oʻzbekiston Respublikasining Mulkni baholash milliy standarti (1-son MBMS) “Baholashning umumiy tushuncha va prinsiplari”da (roʻyxat raqami 1604, 24-iyul. 2006-y.) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 30-son, 302-modda) aks ettirilgan mol-mulkni baholashning umumiy tushuncha va prinsiplaridan kelib chiqib qoʻllashlari lozim.
V. bob. Standart talablari
12. Baholovchi uchun 12-son MBMSning talabi yalpi baholashning quyidagi bosqichlariga rioya qilishdan iborat:
baholash toʻgʻrisidagi vazifani belgilash va baholash obyektining qiymatini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
axborot yigʻish va uni tahlil qilish;
baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash;
hisoblashni oʻtkazish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish.
13. Buyurtmachi uchun 12-son MBMSning talabi quyidagilardan iborat:
baholovchi bilan birgalikda baholash toʻgʻrisidagi vazifani belgilash va baholash obyektining qiymatini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish;
baholovchiga zarur dastlabki axborotni taqdim qilish;
muayyan koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymatini baholash obyektining baholovchi tomonidan aniqlangan bazaviy qiymatiga narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash orqali hisoblash.
1-§. Baholash toʻgʻrisidagi vazifani belgilash va baholash obyektining qiymatini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish
14. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa buyurtmachi tomonidan baholovchi tashkilot bilan birgalikda tuziladi va baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa quyidagilardan iborat boʻlishi lozim:
koʻchmas mulk obyektining nomi va qisqacha tavsifi;
geografik jihatdan joylashgan yeri (maʼmuriy tumani);
buyurtmachining nomi va uning rekvizitlari;
baholovchi tashkilotning nomi va uning rekvizitlari;
baholashni oʻtkazish uchun asoslar;
baholash maqsadi (vazifasi) va baholash natijalaridan foydalanish moʻljali;
baholash sanasi;
baholash maqsadiga muvofiq boʻlgan aniqlanayotgan qiymat turi;
ehtimollar va cheklovchi shartlar (mavjud boʻlganda);
buyurtmachi tomonidan taqdim qilinishi lozim boʻlgan dastlabki axborot roʻyxati;
baholash ishlarini oʻtkazish muddatlari.
Baholash toʻgʻrisidagi vazifa qoʻshimcha shartlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
15. 12-son MBMS maqsadlari uchun baholash obyektining baholovchi tomonidan 12-son MBMSga muvofiq aniqlangan bazaviy qiymatiga nisbatan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash orqali hisoblangan bozor (inventarizatsiya) qiymati aniqlanadi.
2-§. Axborot yigʻish va uni tahlil qilish
16. Axborotni yigʻish va uni tahlil qilish quyidagilarni olish va oʻrganishdan iborat:
namunaviy va yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha qurilgan koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha hujjatlar;
koʻchmas mulk obyektlarining tuzilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
koʻchmas mulk obyektlarining konstruktiv tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
koʻchmas mulk obyektlaridan foydalanish turi haqidagi axborot;
koʻchmas mulk obyekti mansub boʻlgan bozorning holati va dinamikasi haqidagi axborot;
boshqa axborot.
17. Yalpi baholashni oʻtkazish jarayonida buyurtmachi tomonidan quyidagilardan iborat barcha dastlabki axborot taqdim qilinadi:
koʻchmas mulk obyektining texnik va konstruktiv (konstruktiv elementlar tarkibi, qurilish turi, qavatlari va boshqalar) tavsiflarini oʻz ichiga oluvchi hujjatlar;
koʻchmas mulk obyektining geografik jihatdan joylashgan yeri toʻgʻrisidagi (iqtisodiy zonasi toʻgʻrisidagi) maʼlumotlar;
binolar va inshootlarning miqdor va texnik tavsiflari, hududlarning obodonchiligi va muhandislik kommunikatsiyalari toʻgʻrisidagi axborot;
koʻchmas mulk obyektining yoshi va oxirgi qayta tiklanishi (kapital va/yoki joriy taʼmirlanishi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
koʻchmas mulk obyekti tarkibida baholanishi lozim boʻlgan mulk toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (mavjud boʻlganda);
koʻchmas mulk obyektidan foydalanish turi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek turar joy koʻchmas mulk obyektining namunaviy parametrlari toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga oluvchi hujjatlar;
yakka tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan, shuningdek, noturar joy maqsadidagi koʻchmas mulk obyektlari ostida joylashgan yer uchastkalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (oʻlchami, shakli va h.k.).
18. Koʻchmas mulkning barcha guruhlari uchun, shuningdek, koʻchmas mulk obyektlari bilan bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni (sanasi, narxi, narxni shakllantiruvchi omillari, axborot manbasi va boshqalarni) yigʻish amalga oshiriladi.
19. Baholanishi lozim boʻlgan barcha obyektlar boʻyicha qoʻshimcha axborotni yigʻish baholovchi tomonidan bozorni hamda koʻchmas mulk obyektlarining jismoniy va huquqiy tavsiflariga doir axborot manbalarini oʻrganish asosida amalga oshiriladi.
20. Obyektni baholashda quyidagilardan foydalanilishi mumkin:
buyurtmachidan olingan dastlabki axborot;
ishlarni bajarishga jalb qilingan uchinchi shaxslardan olingan, ularning imzolari bilan tasdiqlangan axborot;
ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning (tarmoq, tahliliy sharhlar, koʻchmas mulk bozori sharhlari), shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet tarmogʻida chop etilgan statistika maʼlumotlari;
boshqa axborot (soʻrov, intervyu natijalari boʻyicha va boshqa manbalardan olingan), bunda ushbu axborotdan foydalanganlik uchun javobgarlik baholovchiga yuklanadi.
21. Baholash jarayonida foydalaniladigan axborot baholovchi tomonidan baholash uchun zarur boʻlgan narxni shakllantiruvchi omillarni aniqlash uchun ishonchli va yetarli boʻlishi lozim.
Buyurtmachi tomonidan taqdim qilingan, shuningdek ishlarni bajarishga jalb qilingan uchinchi shaxslardan olingan axborot, agarda u axborotni taqdim qilgan tashkilotning rahbari tomonidan imzolangan va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan taqdirda ishonchli hisoblanadi, tegishli manbalar havolasiga ega boʻlishi lozim boʻlgan baholovchi tomonidan ommaviy axborot vositalari, Internet tarmogʻi, soʻrov, intervyu natijalari boʻyicha va boshqa oʻxshash manbalardan olingan axborot bundan mustasno.
22. Baholovchi, agarda buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan dastlabki axborot hajmi va sifati 12-son MBMS talablariga muvofiq baholashni amalga oshirish va baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlash uchun yetarli boʻlmasa, baholash boʻyicha ishlarni bajarishdan bosh tortishga haqli.
23. Baholashni oʻtkazishda baholovchiga maʼlum boʻlgan barcha axborot va hujjatlardan sir tutish shartlari bilan qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda foydalanilishi lozim.
3-§. Baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash
24. Yalpi baholash usullaridan foydalanib baholash obyektining qiymatini aniqlashda koʻchmas mulk obyektlari bozori toʻgʻrisidagi axborot, narxni shakllantiruvchi omillar tarkibi hamda har bir turdagi obyektlar uchun baholash obyektlarining narxni shakllantiruvchi omillari ahamiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish asosida barcha koʻchmas mulk obyektlari guruhlarga boʻlinadi.
25. Baholash obyektining qiymatini yalpi baholash usullari bilan hisoblash yalpi baholash prinsiplari va usullarini qoʻllagan holda qiyosiy va xarajat yondashuvlaridan foydalanilgan tarzda amalga oshiriladi.
Biror-bir yondashuvdan foydalanishning imkonsizligi yoki cheklanganligini baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tegishli dalillarni keltirgan holda asoslab berishi lozim.
26. Qiyosiy yondashuv bitimlarning bozor narxlarini va (yoki) agarda ular mavjud boʻlmaganda baholash obyekti bilan solishtirilayotgan (oʻxshash boʻlgan) obyektlarga taklif qilingan narxlarni taqqoslashga asoslangan.
Analoglarni tanlash ularning baholash obyekti bilan jismoniy va iqtisodiy tavsiflari boʻyicha oʻxshashligi asosida amalga oshiriladi.
27. Yalpi baholashda qiyosiy yondashuv oʻrtacha olingan qiymat usuli yordamida amalga oshiriladi.
Usulni qoʻllash asosiy narxni shakllantiruvchi omillari boʻyicha oʻxshash boʻlgan koʻchmas mulk obyektlarining muayyan guruhi uchun oʻrtacha olingan qiymatni aniqlashdan iborat.
28. Koʻchmas mulk obyektlarini qiyosiy usul bilan yalpi baholashda analoglarning narxi sifatida baholash obyektining hisob birligi, yaʼni obyekt umumiy maydonining birligi uchun narxdan foydalaniladi.
29. Analog obyektlarning umumiy maydoni birligi uchun narx baholash obyektidan ularning farqlanishiga qarab tuzatilishi lozim.
30. Baholash obyektini yalpi baholashda xarajat yondashuvi jamlangan eskirish hisobiga qadrsizlanishini inobatga olib ekvivalent obyektning tiklanishi uchun zarur boʻlgan xarajatlarni aniqlashga asoslangan.
31. Baholash obyektini yalpi baholashda bazis-indeks usulini qoʻllash bilan xarajat yondashuvi amalga oshiriladi.
32. Baholash obyektini bazis-indeks usuli bilan baholash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
koʻchmas mulk obyektining tiklanish qiymati binolar va inshootlarni tiklanish qiymatining yiriklashtirilgan koʻrsatkichlari yoki baholash sanasidagi narxlarni qayta hisoblashdagi loyiha-smeta hujjatlari asosida aniqlanadi;
koʻchmas mulk obyektining iqtisodiy hayoti asosida jamlangan eskirishning kattaligi aniqlanadi;
koʻchmas mulk obyektining qayta tiklanish qiymatidan jamlangan eskirish qiymati koʻrsatkichini ayirish va keyinchalik koʻchmas mulk obyektining 1 kvadrat metrini hisoblash orqali baholash obyektining xarajat yondashuvi bilan aniqlangan qiymati hisoblanadi.
4-§. Turli yondashuvlar doirasida olingan baholash natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlash
33. Baholash obyektining bazaviy qiymati baholashda turli yondashuvlar (usullar) bilan olingan natijalarni muvofiqlashtirish orqali qiymatning yagona miqdori koʻrinishida ifodalanadi.
34. Muvofiqlashtirish baholashning turli yondashuvlari bilan olingan natijalarga ushbu 12-son MBMSning Uslubiy koʻrsatmalarida belgilangan tartibda aniqlanadigan tegishli oʻlchov koeffitsiyentlarini qoʻyish orqali amalga oshiriladi.
35. Turli yondashuvlardagi hisob-kitoblar yakunlari boʻyicha olingan baholash natijalarida jiddiy (30 foizdan ortiq) tafovutlar mavjud boʻlganda baholashning eng yuqori natijasidan ushbu tafovutning sabablari tahlil qilinadi, va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi hamda muvofiqlashtirish uchun baholovchining fikriga koʻra eng ishonchli natijalar tanlab olinadi.
Baholovchi qoʻllanilgan baholash yondashuvlari (usullari) natijalarini muvofiqlashtirishdan bosh tortishga va bazaviy qiymat sifatida yondashuvlardan birining natijasini tavsiya etishga haqli. Oʻzining rad javobini baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirishi va asosli dalillarni keltirishi lozim.
36. Yalpi baholash individual baholashdan koʻra baholash obyektining qiymatini aniqlashning uncha aniq boʻlmagan vositasi boʻlganligi sababli baholash obyektining bazaviy qiymatiga nisbatan, shuningdek ushbu 12-son MBMS ning Uslubiy koʻrsatmalarida keltirilgan diskontlash koeffitsiyentini (yalpi baholashdagi xatoliklarni inobatga oluvchi qiymatni pasaytirish koeffitsiyenti) qoʻllash zarur.
5-§. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
37. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchining professional fikridan iborat va baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan ishning hujjatli tasdigʻi hisoblanadi.
38. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchi tomonidan oʻtkazilgan hisob-kitoblarning butun ketma-ketligi mantigʻini undan foydalanuvchi tushuna oladigan va takrorlay oladigan tarzda tuzilishi lozim. Shuningdek, baholash toʻgʻrisidagi hisobotning foydalanuvchisi zarur hollarda mustaqil ravishda obyektning qiymatini hisobotda keltirilgan maʼlumotlardan kelib chiqqan holda hisoblay olish imkoniga ega boʻlishi lozim.
39. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholash obyekti toʻgʻrisidagi barcha axborotlar, baholash jarayonida foydalanilgan barcha axborotlar tavsifi, oʻtkazilgan tahlil va hisob-kitoblarning bosqichlari, olingan natijalarning asoslanishi, 1 kvadrat metrning bazaviy qiymati, baholash bazasining tasdigʻi, baholashning maqsadi, shuningdek baholash natijalarini toʻliq va bir xil talqin qilinishini taʼminlovchi barcha ehtimollar va cheklovchi shartlar boʻlishi lozim.
40. Hisobot faqat baholash jarayonidagi hisob-kitoblar va tahlil qilishda foydalanilgan axborot va maʼlumotlardan iborat boʻlishi lozim.
Baholashni oʻtkazishda hisob-kitoblar natijasida foydalanilgan yoki olingan axborot oʻz ichiga axborot manbasiga havolalar bilan birga keltirilishi lozim.
41. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot quyidagi tuzilishga ega boʻlishi lozim:
titul varagʻi;
mundarija;
kuzatuv xati (umumlashtiruvchi qism);
qisqartmalar, shartli belgilar, simvollar, birliklar va atamalar roʻyxati;
kirish;
asosiy qism;
xulosa;
foydalanilgan manbalar roʻyxati;
ilovalar.
42. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot raqamlangan va baholovchi (baholovchilar) tomonidan sahifama-sahifa imzolangan, tikilgan, shuningdek baholovchi tashkilot rahbarining imzosi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlangan boʻlishi lozim.
43. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ilovasi baholovchi tomonidan foydalanilgan va baholash obyektining miqdor va sifat tavsiflarini belgilovchi hujjatlarning nusxalaridan iborat boʻlishi lozim.
44. Ilovada baholovchi tashkilot litsenziyasi, baholovchilarning malaka sertifikatlari va fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisining nusxalari ham keltirilishi lozim.
45. Baholashni oʻtkazishdagi ayrim hisob-kitoblar ilovaga baholash toʻgʻrisidagi hisobotdagi ushbu hisob-kitoblarga havolalarni koʻrsatgan holda chiqarilishi mumkin.
46. Baholovchi tashkilot baholashning baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilgan natijalari uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Baholovchi tashkilot koʻrilgan zararlar yoki baholash obyektining sud tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilgan qiymat ishonchli emas deb topilganligi uchun, agar ular baholash buyurtmachisi yoki uchinchi shaxslar tomonidan ishonchsiz axborot berilishi oqibatida vujudga kelgan boʻlsa, javobgar boʻlmaydi.
VI bob. Koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymatini hisoblash
47. Muayyan koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymati koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan multiplikativ model asosida baholash obyektining baholash toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatilgan bazaviy qiymatiga nisbatan ushbu 12-son MBMS ning Uslubiy koʻrsatmalari ilovasida keltirilgan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash bilan aniqlanadi.
48. Narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlardan koʻchmas mulk obyektining turiga qarab qoʻllaniladi.
VII bob. Axborotni oshkor etishga qoʻyiladigan talablar
49. Baholash jarayonida foydalanilgan barcha axborot (maxfiy xususiyatga ega boʻlgani bundan mustasno) baholash toʻgʻrisidagi hisobotda, ular baholovchi tomonidan qanday yoʻsinda toʻplangan boʻlsa, shunday koʻrinish va tarkibda ochib beriladi.
50. Maxfiy tusdagi axborot baholovchi tomonidan faqat buyurtmachi va (yoki) bunday axborotni taqdim qilgan shaxslar bilan kelishuv boʻyicha yoki sudning tegishli hal qiluv qaroriga binoan oshkor etiladi. Foydalanilayotgan axborotning maxfiylik darajasi buyurtmachi va (yoki) bunday axborotni taqdim etuvchi yoki unga bevosita aloqador boʻlgan shaxslar tomonidan belgilanadi.
51. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda barcha ehtimollar va cheklovchi shartlar, shuningdek axborotni oshkor etishga qoʻyiladigan har qanday talablar ochib beriladi.
52. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot, shuningdek baholovchining baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalariga, mazkur standartga va qabul qilingan boshqa mulkni baholash standartlariga rioya qilinganligi haqidagi bayonotdan iborat boʻlishi, standartlarning talablaridan har qanday chetga chiqish koʻrsatilishi va bunday chetga chiqishga tushuntirish berilishi lozim.
VIII bob. Standartdan chetga chiqish shartlari
53. 12-son MBMSning normalari va talablarini qoʻllashdagi har qanday chetga chiqishlarga yoʻl qoʻyilmaydi, bunday chetga chiqishlar qonun hujjatlarida alohida holatlar uchun va/yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
54. Baholovchi qonun hujjatlariga muvofiq ushbu 12-son MBMSning talablariga qisman yoki toʻliq rioya qilishga qodir boʻlmasa, baholovchi baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlash boʻyicha mos keluvchi hisoblarni va baholashning tegishli tartib-taomillarini amalga oshirishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda belgilanishi lozim boʻlgan qiymatni koʻrsatish va aniqlash bilan bir qatorda 12-son MBMSning talablaridan chetga chiqishlarning sabablarini dalillar bilan isbotlashi va asoslab berish zarur.
55. Yalpi baholash usullarida hisoblangan muayyan koʻchmas mulk obyektining qiymatiga oid vujudga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasini oʻtkazish yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Mulkni baholash milliy standarti (10-son MBMS) “Koʻchmas mulk qiymatini baholash”ga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 47-son, 511-modda) muvofiq amalga oshirilgan ushbu koʻchmas mulkni individual baholash asosida hal qilinishi mumkin.
56. Mazkur Mulkni baholash milliy standarti Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati va Oʻzbekiston baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2012-yil 25-mart,
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
2012-yil 25-mart,
Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S. ARABOV
2012-yil 25-mart,
Oʻzbekiston baholovchilar jamiyati raisi N. MIRZARAXIMOVA
2012-yil 25-mart,
Oʻzbekiston baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi raisi v.v.b. A. ISLAMOV
2012-yil 25-mart,
Oʻzbekiston Respublikasining Mulkni baholash milliy standarti (12-con MBMS) “Soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan koʻchmas mulk qiymatini baholash”ga ILOVA
12-son MBMS “Soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan koʻchmas mulk qiymatini baholash”ni qoʻllash boʻyicha
Uslubiy koʻrsatmalar
Mazkur 12-son MBMSni qoʻllash boʻyicha Uslubiy koʻrsatmalar (keyingi oʻrinlarda uslubiy koʻrsatmalar deb yuritiladi) 12-son MBMSni amalda qoʻllash maqsadida ishlab chiqilgan.
I bob. Atamalar va tushunchalar
1. Uslubiy koʻrsatmalarda quyidagi atamalar va tushunchalardan foydalaniladi:
geografik joylashgan yeri — koʻchmas mulk guruhlarini maʼmuriy tumanga kiritish;
jamlangan eskirish — koʻchmas mulk obyekti qiymatining, ushbu koʻchmas mulkdan foydalanish davri mobaynida toʻplangan eskirishi bilan bogʻliq umumiy yoʻqotilishi (qadrsizlanishi);
solishtirish elementlari va birliklari — koʻchmas mulk obyektlari (analoglar) bilan tuziladigan bitimlar narxlariga eng muhim tarzda taʼsir qiluvchi xolisona nazorat qilinuvchi omillar;
iqtisodiy zonasi — hudud (mintaqa)ni hududlarning iqtisodiy rivojlantirilishini rejalashtirishda shaharsozlik tusidagi obyektlar narxlari darajasi va ulardan foydalanishdagi cheklovlar boʻyicha zonalarga belgilangan boʻlinishi.
II bob. Baholash toʻgʻrisidagi vazifani belgilash va baholash obyektining qiymatini baholash toʻgʻrisida shartnoma tuzish
2. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa buyurtmachi tomonidan baholovchi tashkilot bilan birgalikda aniqlanadi va tuziladi. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa baholash obyektini baholashning asosiy shartlarini, shuningdek baholashdan oʻtkazishning cheklovchi shartlarini oʻz ichiga oladi.
3. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa quyidagi shaklda tuziladi:
Baholash obyektining xususiyatlariga hamda buyurtmachining talablariga qarab baholash toʻgʻrisidagi vazifa qoʻshimcha shartlarga ega boʻlishi mumkin.
4. Baholash toʻgʻrisidagi vazifa buyurtmachi va baholovchi tashkilot rahbari tomonidan imzolanadi, taraflarning muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi va baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga ilova tariqasida rasmiylashtiriladi.
III bob. Axborotni yigʻish va uni tahlil qilish
5. Axborotni yigʻish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
zarur maʼlumotlar tarkibi aniqlanadi;
axborot manbalari roʻyxati shakllantiriladi;
zarur axborotni yigʻish amalga oshiriladi;
yigʻilgan axborot tizimlanadi, qayta ishlanadi va tahlil qilinadi;
barcha yigʻilgan axborot mazmuni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tavsiflanadi.
6. Baholovchi baholashni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni yigʻishni amalga oshiradi, koʻchmas mulk obyektining miqdor va sifat koʻrsatkichlarini oʻrganadi, baholash obyektining qiymatini aniqlash uchun muhim boʻlgan axborotni, shu jumladan:
geografik joylashgan yeri va iqtisodiy zonasi toʻgʻrisidagi axborot;
koʻchmas mulk obyekti toʻgʻrisidagi axborot, shu jumladan foydalanish turi (turar joy/noturarjoy boʻlgan koʻchmas mulk) haqidagi maʼlumotlar, obyektdan joriy foydalanish haqidagi, obyektning jismoniy xususiyatlari, uning texnik va foydalanishga oid tavsiflari, qurilgan yili, qavatlari, yer uchastkasi (yer uchastkasi mavjud boʻlganda), qadrsizlanishi va eskirishi haqidagi axborot;
baholash obyekti mansub boʻlgan bozordagi talab va taklif toʻgʻrisidagi axborot;
baholanayotgan obyekt (uning analoglari)ga doir bitimlar haqidagi axborotni baholashni oʻtkazishda qoʻllanilishi lozim boʻlgan yondashuvlar va usullar yordamida tahlil qilishni amalga oshiradi.
7. Buyurtmachi tomonidan taqdim qilinadigan dastlabki axborotga 12-MBMSda koʻrsatilgan maʼlumotlar kiritiladi. Baholovchi tashkilotning soʻrovi boʻyicha buyurtmachi tomonidan baholash uchun zarur boʻlgan boshqa axborot taqdim qilinadi.
8. Baholovchi yigʻilgan (buyurtmachidan olingan) dastlabki axborotga ega boʻlgan holda buyurtmachining vakili bilan taqdim qilingan hujjatlar tahlil qilinishini amalga oshiradi.
9. Baholash jarayonida foydalaniladigan axborot turlicha sharhlanadigan boʻlishi mumkin emas, baholovchiga eng muhim narxni shakllantiruvchi omillarni aniqlash va baholash obyektining bazaviy qiymati toʻgʻrisida asosli xulosa qilish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
10. Baholovchi hujjatlarni oʻrganish mobaynida buyurtmachining vakili bilan birgalikda obyektlarni tanlov asosida saralash orqali baholanayotgan koʻchmas mulk obyektlarining koʻzdan kechirilishini amalga oshirishga haqli.
11. Baholovchining soʻrovi boʻyicha hujjatlarni taqdim qilgan shaxs tomonidan tegishli maʼlumotlarga qoʻshimcha maʼlumotnomalar koʻrinishida aniqliklar (izohlar) rasmiylashtiriladi.
12. Baholovchi axborotning yetarli va ishonchli ekanligini buning uchun oʻzida mavjud vositalar va usullardan foydalangan holda tahlildan oʻtkazishi lozim.
Toʻplangan axborotni, agarda qoʻshimcha axborotdan foydalanish baholash obyekti qiymatining bazaviy miqdorini jiddiy oʻzgarishiga olib kelmasa, baholash maqsadlari uchun yetarli deb hisoblash mumkin. Axborot yetishmovchiligi baholash obyekti qiymatini baholashning yakuniy natijasiga taʼsir qilgan taqdirda, bu holat baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilishi lozim.
13. Baholash jarayonida bevosita foydalaniladigan axborotdan tashqari, shuningdek baholash obyekti mansub boʻlgan koʻchmas mulk bozoriga oid axborotni toʻplash amalga oshiriladi. Koʻchmas mulk bozori segmenti toʻgʻrisidagi axborot baholash obyektini tahlil qilishning boshqa koʻrsatkichlari bilan bir qatorda baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltiriladi.
14. Tegishli axborotni oʻrganish davomida baholovchi yoki buyurtmachiga ayrim baholash obyektlarining biror-bir avariyaviy holati alomatlari maʼlum boʻlib qolgan hollarda, bunday axborot baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirilishi lozim.
IV bob. Baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash
15. Yalpi baholashdan oʻtkazish jarayoni va koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymatini hisoblash ikki bosqichda amalga oshiriladi:
baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlash — baholovchi tashkilotlar tomonidan 12-MBMSga va ushbu uslubiy koʻrsatmalarga muvofiq baholashning tegishli yondashuvlari va usullarini qoʻllash orqali amalga oshiriladi;
koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymatini hisoblash — koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini amalga oshiruvchi organlar tomonidan baholash obyektining bazaviy qiymatiga nisbatan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlarni qoʻllash orqali amalga oshiriladi.
16. Koʻchmas mulk obyekti umumiy maydonining 1 kvadrat metri bozor qiymatini yalpi baholash usullari bilan baholash qiyosiy va xarajat yondashuvlarini qoʻllash yordamida amalga oshiriladi.
1-§. Qiyosiy yondashuv
17. Koʻchmas mulk obyektlarini yalpi baholashda qiyosiy yondashuvni oʻrtacha qiymat usuli bilan amalga oshiriladi.
18. Ushbu yondashuvni qoʻllash quyidagi ketma-ketlikda amalga oshiriladi:
koʻchmas mulk bozorini oʻrganish va analoglarni sotish boʻyicha bitimlar yoki takliflar toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish;
solishtirish elementlarini tanlash va asoslash;
baholash obyekti uchun xos boʻlgan solishtirish birliklarini aniqlash;
taqqoslanayotgan analoglar bilan baholash obyektini solishtirish birligi boʻyicha solishtirish va zarur boʻlganda baholash obyektiga nisbatan har bir analog obyektning narxiga tuzatishlar kiritish;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar qiymatini hisoblash (yer uchastkasi mavjud boʻlganda);
analoglar narxlarining tuzatilgan qiymatlarini yagona qiymatga keltirish.
19. Baholovchi tomonidan analoglarni sotish boʻyicha bitimlar va/yoki takliflar toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish buyurtmachi tomonidan belgilangan va baholash toʻgʻrisidagi vazifada koʻrsatilgan hududiy (mintaqa, shahar, tuman, shaharcha, qishloq va hokazo) zona doirasida amalga oshiriladi.
Agarda baholash toʻgʻrisidagi vazifada maʼmuriy jihatdan boʻlinishi mumkinligini nazarda tutadigan hududiy zona koʻrsatilgan boʻlsa, axborotni yigʻishda baholovchi maʼmuriy jihatdan boʻlinmaydigan hududlar darajasidagi (shaharlar, tumanlar, shaharchalar va hokazo) analoglarni baholash toʻgʻrisidagi vazifada koʻrsatilgan zona doirasida saralab olishni amalga oshiradi.
20. Solishtirish elementlari sifatida quyidagilar orasidan faqat narxni shakllantiruvchi va analoglar narxiga taʼsir koʻrsata oluvchi hisoblanadiganlari qabul qilinadi:
geografik joylashgan yeri (maʼmuriy tuman);
iqtisodiy zonasi;
hajmli-rejalashtirishga oid va konstruktiv tavsiflar;
qavatlik;
qurilgan yili (kapital rekonstruksiya);
yer uchastkasining tavsiflari (yer uchastkasi mavjud boʻlganda).
21. Ushbu usul bilan baholashdan oʻtkazishda baholovchi baholash obyektining yakuniy qiymatiga taʼsir koʻrsatuvchi solishtirishning boshqa elementlarini ham koʻrib chiqishi mumkin. Baholovchi buni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirishi va baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlashda inobatga olishi lozim.
22. Oʻrtacha qabul qilingan qiymat usulini qoʻllashda analoglarning eng kam soni baholash obyektining geografik joylashgan yeriga qarab turli birliklardan iborat boʻladi. Sotuv va/yoki taklif narxlari toʻgʻrisidagi axborotning eng kam hajmi analoglar boʻyicha joylashgan yeriga qarab quyidagi tartibda taqsimlanadi:
agar baholash obyekti qishloq joyida, togʻli tumanlarda, boshqa uzoq va borish qiyin boʻlgan tumanlarda joylashgan boʻlsa (shu jumladan har xil turdagi shaharchalar) — kamida 4 ta analoglar;
agar baholash obyekti tuman markazida yoki tumanga boʻysunadigan shaharda joylashgan boʻlsa — kamida 6 ta analoglar;
agar baholash obyekti viloyat markazida yoki viloyatga boʻysunadigan shaharda joylashgan boʻlsa — kamida 8 ta analoglar;
agar baholash obyekti Toshkent shahrida joylashgan boʻlsa — kamida 10 ta analoglar.
23. Yalpi baholash standart va but holatda boʻlgan baholash obyektlarining bazaviy qiymatini aniqlashni nazarda tutadi. Shu munosabat bilan analoglarni standart holatlardan chetga chiqqan holda tanlash hollarida (masalan, koʻchmas mulk tarkibida qoʻshimcha uskuna mavjudligi yoki qoʻshimcha qurilishlarning mavjudligi, namunaviy planirovkalaridagi oʻzgarishlar va h.k.) baholovchi analoglar boʻyicha bitimlar va/yoki takliflarning narxlariga tegishli tuzatishlar kiritishi lozim.
24. Tuzatishlar foiz va qiymat oʻlchamlari koʻrinishida kiritiladi.
Foizli tuzatishlar analogning sotuv (yoki taklif) narxini analog va baholash obyektining tavsiflaridagi tafovutlar darajasini aks ettiruvchi tuzatuv koeffitsiyentiga koʻpaytirish yoʻli bilan kiritiladi.
Qiymatli tuzatishlar analogning sotuv (yoki taklif) narxini analog va baholash obyektining tavsiflaridagi tafovutlari baholanayotgan muayyan summaga oʻzgartirish yoʻli bilan kiritiladi. Qiymatli tuzatishlar solishtirish birligi narxiga yoki analogning yaxlit narxiga kiritiladi.
Solishtirilayotgan obyektlarning tuzatilgan sotuv narxlari yakuniy qiymati bir-biriga mos kelmasligi mumkin. Shu sababli, tuzatilgan sotuv narxini tanlash tuzatishlar qiymati yoki miqdori eng kam boʻlgan analogning (analoglarning) tuzatilgan narxidan foydalanishga asoslanadi.
Tuzatishlar har bir solishtirish elementi boʻyicha analog narxining oldingi tuzatilgan qiymatiga nisbatan alohida kiritiladi. Bunda foizli tuzatishlar birinchi boʻlib, keyin esa qiymatli tuzatishlar kiritiladi.
25. Koʻchmas mulk obyektlarini yalpi baholashda analog va baholash obyekti uchun solishtirish birligi sifatida koʻchmas mulkning 1 kvadrat metridan foydalaniladi.
Koʻchmas mulkning 1 kvadrat metridan farq qiladigan analog obyektlarning sotuv va/yoki taklif narxlari boʻyicha solishtirish birliklari (obyekt, uy, kvartira, xona uchun narx, 1 kub metr uchun va h.k.) tegishlicha qayta oʻzgartirilishi lozim.
26. Analoglar narxlariga tuzatishlar kiritilishi yakunlari boʻyicha har bir analog boʻyicha solishtirish birligining tuzatilgan narxi aniqlanadi va barcha olingan (tuzatilgan) natijalar yagona qiymat bahosiga keltiriladi.
27. Yer uchastkasidan foydalanish huquqlari qiymati kapitalizatsiya stavkasi baholash sanasida amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalash stavkasining 1/4 ga barobar boʻlganda tegishli yer soligʻi stavkasini kapitallashtirish yoʻli bilan aniqlanadi.
Keyinchalik yer uchastkasidan foydalanish huquqlarining hisoblangan qiymati, mulkdor tomonidan analogning narxi yer uchastkasidan foydalanish huquqlarini inobatga olgan holda belgilanishi sharti bilan, analog obyektlarning narxi va/yoki taklifidan ayriladi.
28. Analoglarning tuzatilgan narxlari qiymatini va 1 kv.m.ning bazaviy qiymatini yagona birlikdagi qiymatga keltirish sotuv yoki taklif narxlariga nisbatan ularga kiritilgan tuzatishlarning miqdorini inobatga olgan holda solishtirma oʻlchovlarni berish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
2-§. Xarajat yondashuvi
29. Soliq solish maqsadida baholash obyektlarini yalpi baholashda xarajat yondashuvi bazaviy-indeks usulini qoʻllash vositasida amalga oshiriladi.
30. Bazaviy-indeks usulini qoʻllash jarayonida quyidagi harakatlar tartibiga rioya qilish zarur.
Koʻchmas mulk obyektining tiklanish qiymati koʻchmas mulk tiklanish qiymatining yiriklashtirilgan koʻrsatkichlariga asosan aniqlanadi.
Namunaviy qurilishdagi obyektlarning tiklanish qiymati loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha qurilish qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida ham aniqlanishi mumkin.
Koʻchmas mulk obyektining tiklanish qiymati yiriklashtirilgan koʻrsatkichlar asosida quyidagi formulalarga muvofiq aniqlanadi:
noturar joy maqsadidagi koʻchmas mulk uchun:
S t.q. = S * Ss.e. * K1 * K2 * K3 * … Kn * I1 * I2 * I3 * … In, bu yerda:
S t.q.— koʻchmas mulk obyektining tiklanish qiymati;
S — koʻchmas mulk obyektini oʻlchash birligi (hajmi, maydoni, pogon metri (uzunasi) va h.k.);
Ss.e. — tiklanish qiymatining yiriklashtirilgan koʻrsatkichi;
K1, K2, K3, … Kn — tuzatuv koeffitsiyentlari (kapitallik guruhi, tumanning seysmiklik, hududiy koeffitsiyent va h.k.);
I1, I2, I3, … In — statistika organlari tomonidan aniqlangan qurilish materiallari narxlarining qimmatlashish indekslari.
turar joy maqsadidagi koʻchmas mulk uchun:
St.q. = V * Cs.e. * [ (K1 + K2 + K3 + . . .+ Kn) – (n – 1) ] * I1, * I2, * I3, * … * In, bu yerda:
S t.q. — koʻchmas mulk obyektining amaldagi narxlardagi tiklanish qiymati;
V — baholanayotgan obyektning m3 dagi hajmi;
Ss.e. — koʻchmas mulk obyekti qiymatining 2011-yildagi narxlar asosidagi yiriklashtirilgan koʻrsatkichi;
K1, K2, K3, … Kn — tuzatuv koeffitsiyentlari (kapitallik guruhi, tumanning seysmiklik, hududiy koeffitsiyent va h.k.);
n — tuzatish koeffitsiyentlarining miqdori;
I1, I2, I3, … In — statistika organlari tomonidan aniqlangan qurilish materiallari narxlarining qimmatlashish indekslari (kelgusi davrlarda qayta hisoblash uchun qoʻllanadi).
Koʻchmas mulk obyektining tiklanish qiymatini qurilishlar hajmiga nisbatan yiriklashtirilgan koʻrsatkichlar asosida aniqlashda ushbu qiymatni maydonga nisbatan hisoblanishini amalga oshirish zarur. Hisoblashlar tiklanish qiymatini standart balandlikka boʻlish orqali olib boriladi. Standart balandligi miqdori belgilanmagan koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha standart balandlik miqdori 3 metr miqdorida qabul qilinadi.
Koʻchmas mulk obyektining tiklanish qiymati amaldagi narxlardagi smeta qiymati asosida baholash obyektining loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha qurilish smeta qiymatiga nisbatan smeta hujjatlari tuzilgan paytdan eʼtiboran qurilish materiallari narxlarining tegishli qimmatlashish indekslarini qoʻllash yoʻli bilan aniqlanadi:
Ca.t.q. = Cc * K * I1 * I2 * I3 * … In, bu yerda:
Sa.t.q. — koʻchmas mulk obyektining amaldagi narxlardagi tiklanish qiymati;
Cs — loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha koʻchmas mulk obyektining qurilish smetasi qiymati;
K — hududiy koeffitsiyent (yiriklashtirilgan koʻrsatkichlar asosida koʻchmas mulkning tiklanish qiymatini aniqlashda foydalaniladigan koeffitsiyent);
I1, I2, I3, … In — statistika organlari tomonidan aniqlangan qurilish materiallari narxlarining qimmatlashish indekslari.
Koʻchmas mulkning tiklanish qiymatiga koʻchmas mulk tiklanish qiymatining amaldagi narxlardagi 10 foizi miqdoridagi tadbirkorlik foydasi summasi qoʻshiladi.
31. Jamlangan eskirish qiymati iqtisodiy yosh usuli bilan quyidagi formula boʻyicha hisoblanadi:
Ej = (HYo / IXM) * 100, bu yerda:
Ej — jamlangan eskirish;
HYo — koʻchmas mulkning haqiqiy yoshi;
IXM — iqtisodiy xizmati muddati, oʻrnatilgan normalarga muvofiq.
Bunda jamlangan eskirish koʻrsatkichi 40 foizdan oshmasligi lozim. Hisob koʻrsatkichi 40 foizdan oshgan hollarda jamlangan eskirish 40 foiz miqdorida qabul qilinadi.
32. Koʻchmas mulk obyektlarini yalpi baholashda jamlangan eskirish bir nechta diapazonda aniqlanadi:
10 foizgacha (shu jumladan);
10 foizdan 20 foizgacha (shu jumladan);
20 foizdan 30 foizgacha (shu jumladan);
30 foizdan 40 foizgacha (shu jumladan).
Jamlangan eskirish koʻrsatkichlari (foiz va qiymat ifodasida) baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tegishli jadvalda keltiriladi.
33. Baholash obyektining qiymati bazaviy-indeks usuli bilan xarajat yondashuvi doirasida tiklanish qiymati va jamlangan eskirishning qiymat koʻrsatkichi oʻrtasidagi farq sifatida keyinchalik koʻchmas mulk obyekti 1 kvadrat metrining bazaviy qiymatini hisoblash bilan aniqlanadi.
Koʻchmas mulk obyekti 1 kvadrat metrining qiymati baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tegishli jadvalda jamlangan eskirishning tegishli diapazonlarida keltiriladi:
3-§. Qoʻllanilgan yondashuvlar doirasida olingan baholash natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining bazaviy qiymatini aniqlash
34. Baholash obyektining bazaviy qiymati turli yondashuvlar bilan olingan baholash natijalarini muvofiqlashtirish orqali aniqlangan koʻchmas mulk obyektining 1 kvadrat metri qiymati yagona koʻrsatkichi (yagona birligi) koʻrinishida ifoda etiladi. Qiyosiy yondashuv bilan aniqlangan koʻchmas mulk obyektining 1 kvadrat metri qiymati jamlangan eskirishning barcha diapazonlarini inobatga olgan holda xarajat yondashuvi bilan aniqlangan koʻchmas mulk obyektining 1 kvadrat metri qiymatlari bilan alohida-alohida muvofiqlashtiriladi (bazaviy qiymatning 4 ta muvofiqlashtirilgan birligi kelib chiqadi).
35. Baholovchi muvofiqlashtirishni oʻtkazishdan bosh tortishga haqli va baholash obyektining bazaviy qiymati sifatida baholash yondashuvlaridan birining natijasini tavsiya qilishi mumkin. Baholovchi muvofiqlashtirishdan bosh tortganligini dalillar bilan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslashi lozim.
36. Muvofiqlashtirish turli yondashuvlardagi hisob-kitoblar natijalariga tegishli oʻlchov koeffitsiyentlarini berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Oʻlchov koeffitsiyentlar miqdorlari quyidagi formulalar boʻyicha aniqlanadi:
xarajat yondashuvi uchun: Kx = Sx / (Sx + Sq)
qiyosiy yondashuv uchun: Kq = Sq / (Sx + Sq), bu yerda:
Kx, Kq — yondashuvlar natijalariga nisbatan qoʻllanadigan tegishli oʻlchov koeffitsiyentlari;
Sx — xarajat yondashuvi bilan olingan koʻchmas mulk obyekti 1 kvadrat metrining qiymati;
Sq — qiyosiy yondashuv bilan olingan koʻchmas mulk obyekti 1 kvadrat metrining qiymati.
37. Baholash obyektining bazaviy qiymatining muvofiqlashtirilgan birligi turli yondashuvlar bilan tegishlicha olingan hisob-kitoblar natijalariga tegishli oʻlchov koeffitsiyentlarini qoʻllangandan keyin yondashuvlar natijalarini qoʻshish orqali aniqlanadi:
S = γx * Kx + γq * Kq , bu yerda:
S — koʻchmas mulk obyekti 1 kvadrat metrining muvofiqlashtirilgan birligi;
γx, γq — baholash obyekti 1 kvadrat metrining qiymatini xarajat va qiyosiy yondashuvlar bilan hisoblash natijalari.
Bazaviy qiymatni muvofiqlashtirish va aniqlash yakunlari jadval shaklida keltiriladi:
38. Bazaviy qiymatning muvofiqlashtirilgan birligiga yalpi baholash xatoliklarini inobatga olish maqsadida 0,85 miqdorida diskontlash koeffitsiyenti (depressiya koeffitsiyenti) qoʻllanadi.
V bob. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish
39. Baholovchining baholash obyektining bazaviy qiymatiga taalluqli xulosasi yigʻilgan axborot va tegishli hisob-kitoblar natijasi tasdigʻidan iborat boʻlgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim etiladi.
40. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishda quyidagi qoidalarga rioya qilish lozim:
baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun muhim boʻlgan barcha axborotni oʻz ichiga olishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan, foydalanilgan yoki baholashdan oʻtkazishdagi hisob-kitoblar natijasida olingan axborot tasdiqlangan boʻlishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning mazmuni baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchilarni chalgʻitmasligi, shuningdek har xil maʼnoda talqin qilinishiga yoʻl qoʻymasligi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim qilingan materiallarning va baholash jarayoni taʼrifining tarkibi va ketma-ketligi qiymatning hisoblanishini takrorlashga va oʻxshash natijalarga olib kelishga imkon berishi lozim;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholash jarayonida foydalanilmagan axborotni oʻz ichiga olmasligi lozim, agarda bunday axborotni ilova qilish baholash faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlariga muvofiq majburiy hisoblanmasa.
41. Koʻchmas mulk obyektlarini baholash toʻgʻrisidagi hisobotning tuzilishi quyidagi boʻlimlar va ularning qismlaridan iborat boʻlishi lozim:
a) I boʻlim “Titul varagʻi” — baholash toʻgʻrisidagi hisobotning birinchi sahifasi hisoblanadi va hujjatni izlash uchun zarur boʻlgan birlamchi axborot manbasi boʻlib xizmat qiladi.
Titul varagʻida quyidagi maʼlumotlar keltiriladi:
baholovchi tashkilotning nomi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobotning roʻyxat raqami;
ish nomi;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana.
Agarda baholash toʻgʻrisidagi hisobot ikki yoki undan ortiq kitobdan iborat boʻlsa, har bir kitob birinchi kitobning titul varagʻiga mos keluvchi hamda ushbu kitobga doir maʼlumotlardan iborat oʻzining titul varagʻiga ega boʻlishi lozim. Kitobning raqami titul varagʻiga qoʻyiladi.
b) II boʻlim “Mundarija” — barcha boʻlimlar, kichik boʻlimlar, bandlar (agar ular nomiga ega boʻlsa), tegishli sahifalari raqamlari koʻrsatilgan ilovalardan tashkil topadi.
Ikki va undan ortiq kitobdan iborat boʻlgan baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzishda ularning har birida oʻz mundarijasi boʻlishi lozim. Bunda birinchi kitobda butun baholash toʻgʻrisidagi hisobotning mundarijasi kitoblar raqamlari koʻrsatilgan holda joylashtiriladi, keyingi kitoblarda — faqat tegishli kitobning mundarijasi boʻladi. Birinchi kitobda keyingi kitoblarning mundarijalari oʻrniga faqat ularning nomini koʻrsatishga yoʻl qoʻyiladi;
v) III boʻlim “Kuzatuv xati (umumlashtiruvchi qism)” buyurtmachiga baholashni amalga oshirish natijalari haqidagi erkin shaklda (ish uslubida) bayon etilgan xabarni oʻz ichiga oladi. Xatda quyidagilar koʻrsatiladi:
baholashni amalga oshirish uchun asos;
baholash obyektining nomi va joylashgan manzili;
bajarilgan ishlarning qisqacha bayoni;
qiymat aniqlangan sanaga qadar boʻlgan holatga koʻra baholash obyektining qiymati haqida xulosa;
baholash toʻgʻrisidagi hisobot qaysi qonun hujjatlariga muvofiq tayyorlangan boʻlsa, shu hujjatlarga havola;
kuzatuv xati baholash toʻgʻrisidagi hisobotga asosan tayyorlangani va faqatgina hisobotning toʻliq matniga bogʻliq ravishda, yaʼni hisobotda qabul qilingan barcha farazlar va cheklashlarni hisobga olgan holda talqin qilinishi mumkinligiga koʻrsatma.
Kuzatuv xati baholovchi tashkilotning firma blankasida rasmiylashtiriladi, rahbari tomonidan imzolanadi va muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.
g) IV boʻlim “Qisqartmalar, shartli belgilar, simvollar, birliklar va atamalar roʻyxati” baholash toʻgʻrisidagi hisobotda qabul qilingan kam tarqalgan qisqartmalar, shartli belgilar, simvollar, birliklar, spetsifik (professional) atamalardan iborat boʻlib, ularning taʼriflari koʻrsatilgan boʻlishi.
Agarda qisqartmalar, shartli belgilar, simvollar, birliklar va atamalar baholash toʻgʻrisidagi hisobotda ikki martadan kam takrorlansa, alohida roʻyxat tuzilmaydi va bevosita matnda ilk eslatishdanoq uning maʼnosi ochib beriladi;
d) V boʻlim “Kirish” asosiy faktlar va xulosalarning qisqacha bayonidan iborat boʻlishi lozim. Bu boʻlimga quyidagi qismlar kiritilgan boʻlishi lozim:
asosiy faktlar va xulosalar, unda quyidagilar koʻrsatiladi:
baholash obyekti toʻgʻrisidagi umumiy axborot;
baholash toʻgʻrisidagi shartnoma nomi, raqami va tuzilgan sanasi, taraflarning toʻliq nomi, vakolatli organning qarori (hukumat qarorlari, baholashni oʻtkazish uchun asos hisoblanadigan boshqa hujjatlar);
baholash toʻgʻrisidagi hisobotda oxirgi marta oʻzgartirish kiritilgan sanaga hamda taqdim qilingan koʻrinishda rasmiylashtirilgan hisobotning kalendar sanasiga mos keluvchi baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana;
hisobotning tartib raqami;
ushbu Uslubiy koʻrsatmalar talablariga muvofiq boʻlgan axborotni oʻz ichiga olishi lozim boʻlgan baholash toʻgʻrisidagi vazifa;
baholashning buyurtmachisi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (nomi, yuridik manzili);
baholovchi tashkilot (toʻliq nomi, yuridik manzili, fuqarolik javobgarligining sugʻurtalanishi, baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning raqami, berilgan sanasi va amal qilish muddati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar) va baholovchi tashkilotda mehnat shartnomasi asosida ishlaydigan baholovchi (familiyasi, ismi, otasining ismi, baholashni oʻtkazish huquqini tasdiqlovchi hujjatning raqami va berilgan sanasi) toʻgʻrisida maʼlumotlar. Shuningdek, baholashdan oʻtkazish va baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tayyorlash uchun jalb qilinadigan tashkilotlar va mutaxassislar toʻgʻrisida, ularning baholash obyektini baholashdan oʻtkazishdagi malakasi va ishtirok etish darajasi koʻrsatilgan axborot;
baholash natijalariga taʼsir koʻrsatgan ehtimollar va cheklovlar (mavjud boʻlganda);
e) VI boʻlim “Asosiy qism” quyidagi majburiy qismlardan iborat boʻlishi lozim:
baholovchi bosqichma-bosqich u tomondan bajarilgan ishlarning ketma-ketligini tavsiflaydigan baholash jarayonining bosqichlari. Har bir bosqichda baholash obyektini baholash boʻyicha qilingan ishlar toʻgʻrisida umumiy maʼlumotlar (oddiy roʻyxatni keltirishga ruxsat beriladi) keltiriladi. Oʻtkazilgan tahlil va qilingan hisob-kitoblarning yanada batafsil yoritib berilishi baholash obyektining xususiyatlari, baholash vazifasi va mavjud axborot hajmiga muvofiq quyidagi qismlarda keltiriladi;
baholash obyektining miqdor va sifat tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi baholash obyektining tavsifi.
Baholovchi tomonidan baholashni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni olish jarayoni baholash toʻgʻrisidagi hisobotida ham axborotni olishning aniq manbalari, hujjatni aniqlovchi nomi, raqami, sanasi va boshqa maʼlumotlari koʻrsatilgan holda tavsiflanadi.
Agar buyurtmachining soʻralgan axborotni taqdim etishdan bosh tortganligi baholash natijalarining aniqligi va/yoki ishonchliligiga jiddiy taʼsir koʻrsatgan boʻlsa, u holda bu holat baholash toʻgʻrisidagi hisobotda qayd etiladi.
Baholash obyektining tavsifi baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchida baholanayotgan mulkning qadr-qimmatiga taʼsir qiladigan barcha jihatlarda baholash obyekti toʻgʻrisidagi obyektiv tasavvurni shakllantirishi lozim.
Baholash obyekti bozorining tahlili baholash obyektiga bevosita daxli boʻlmagan, lekin uning qiymatiga taʼsir qiluvchi barcha omillarning tahlilini oʻz ichiga olishi lozim. Boʻlimda baholash obyektining qiymatini aniqlashda foydalanilgan barcha narxni shakllantiruvchi omillar boʻyicha axborot va ularning ahamiyati asoslari taqdim etilgan boʻlishi lozim.
Baholovchiga, shuningdek baholash toʻgʻrisidagi hisobotda barcha foydalanilgan qonun hujjatlarini aks ettirishi lozim.
Baholash jarayonining tavsifi baholash toʻgʻrisidagi hisobotdan foydalanuvchiga baholash jarayonining mantigʻini va baholovchi tomonidan baholash obyektining qiymatini belgilash uchun qoʻyilgan qadamlarining muhimligini tushunish imkonini beruvchi baholash obyektining qiymatini aniqlashning ketma-ketligidan iborat boʻlishi lozim.
Har bir yondashuv doirasida baholovchi u tomondan qilingan barcha tahlillar, hisob-kitoblar, mulohazalarni keltiradi. Baholovchining qabul qilingan yondashuvlar doirasida baholash usullarini qoʻllashdagi har bir harakati tegishli tarzda asoslangan boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda mavjud boʻlgan barcha axborot tekshirila oladigan boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobot baholovchining fikriga koʻra u tomondan baholash obyektining qiymatini hisoblashdagi qoʻllanilgan usulni aks ettirishi uchun muhim hisoblangan har qanday maʼlumotlarni ham oʻz ichiga olishi mumkin;
j) VII boʻlim “Xulosa” quyidagi qismlardan iborat boʻlishi lozim:
baholash obyektini muvofiqlashtirish tartib-taomilining tavsifi keltirilgan holda turli yondashuvlarni qoʻllash bilan olingan baholash natijalarini muvofiqlashtirish;
har bir yondashuvda olingan natijalarning sezilarli farqlari ehtimoliy farqlar sabablariga taalluqli daliliy sharhlar bilan bayon etilishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning xulosa qismi sifat toʻgʻrisidagi bayonot — baholovchining baholash toʻgʻrisidagi hisobot qonun hujjatlari va foydalanilayotgan baholash standartlari talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi rasmiy eʼlonini oʻz ichiga olishi lozim;
z) VIII boʻlim “Foydalanilgan manbalar roʻyxati” baholash obyektini baholashdan oʻtkazishda foydalanilgan, ularning olingan manbalari koʻrsatilgan holdagi maʼlumotlar roʻyxatini oʻz ichiga olishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda foydalanilayotgan adabiyotlar va manbalarga havolalar hisobot matnida boʻlishi lozim, manbalarning toʻliq nomlari koʻrsatilgan roʻyxat esa hisobotning alohida boʻlimida (ilovasida) keltiriladi.
Manbalar sirasiga quyidagilar kiradi: qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, maʼlumotnoma va uslubiy adabiyotlar, uslubiy tavsiyalar, xizmatga oid adabiyotlar, maʼlumotlar bazasi, Internet tarmogʻidan olingan maʼlumotlar va h.k.;
i) IX boʻlim “Ilovalar” chop etilgan koʻrinishda baholashdan oʻtkazishda foydalanilgan barcha axborotdan, shuningdek hisob-kitoblar va hisob-kitoblar jadvalidan iborat boʻlishi lozim. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ilovalarida boshqa tashkilotlarga yuborilgan soʻrovlar va bunday soʻrovlarga javoblar nusxalari mavjud boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilova qilingan barcha hujjatlar tegishli tarzda rasmiylashtirilgan boʻlishi (unga vakolatlangan shaxs tomonidan imzolangan va belgilangan tartibda hujjatlarni taqdim etuvchi organlar va tashkilotlar tomonidan tasdiqlangan boʻlishi, Internet tarmogʻidan yoki boshqa ommaviy axborot vositalaridan olingan axborot bundan mustasno) lozim.
Hisob-kitoblar qilinishiga asos boʻlgan hujjatlarning yoʻqligi baholash toʻgʻrisidagi hisobotni ishonchli emas deb eʼtirof etish uchun bevosita asos hisoblanadi.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotga ilovalar, shuningdek baholovchi tashkilotning litsenziyasi, baholovchi tomonidan baholashni oʻtkazishi uchun huquqini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalarini, fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisining nusxasini oʻz ichiga olishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda ilova hujjatlarining toʻliq roʻyxati mavjud boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning nusxasi baholovchi tashkilotda baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sanadan boshlab qonun hujjatlarida belgilangan muddat mobaynida saqlanishi lozim.
VI bob. Koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymatini hisoblash
42. Koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymatini hisoblash koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar tomonidan narxni shakllantiruvchi omillardan kelib chiqqan holda analoglarning narxlariga tuzatishlar kiritishda multiplikativ modelni qoʻllash orqali aniqlanadi.
43. Multiplikativ modelning umumiy koʻrinishi quyidagicha:
V = S * K1 * K2 * … * Kn, bu yerda:
V — koʻchmas mulk obyektining bozor (inventarizatsiya) qiymati;
S — baholash hisobotida keltirilgan bazaviy qiymat;
K1, K2,…Kn— narxni shakllantiruvchi omillardan kelib chiqib qoʻllanadigan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar.
44. Baholash obyektining bazaviy qiymatiga nisbatan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar foydalanilayotgan narxni shakllantiruvchi omillardan kelib chiqib qoʻllanadi va quyidagi toifalar bilan belgilanadi:
mintaqa ichidagi iqtisodiy zonasi;
qurilgan yili;
qavatlik (kvartira qaysi qavatda joylashganligi, not urarjoy binosi);
baholash obyektining koʻpqavatli uyda joylashganligi (uyning qisqa yon tomoni ekanligi yoki qisqa yon tomoni emasligi);
yer uchastkasining hajmi (yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha qurilgan koʻchmas mulk obyektlarini baholashda foydalaniladi).
45. Qoʻllanilayotgan yondashuv va koʻchmas mulk obyektining turiga qarab narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar quyidagi ketma-ketlikda:
namunaviy qurilishdagi koʻchmas mulk obyektini baholashda: mintaqa ichidagi iqtisodiy zonasi, qurilgan yili, qavatlik (kvartira, noturarjoy binosi qaysi qavatda joylashganligi), baholash obyektining koʻpqavatli uyda joylashganligi (uyning qisqa yon tomoni ekanligi yoki qisqa yon tomoni emasligi) koeffitsiyentlari qoʻllaniladi;
yakka tartibdagi loyiha boʻyicha qurilgan koʻchmas mulk obyektini baholashda: mintaqa ichidagi iqtisodiy zonasi, qurilgan yili va yer uchastkasining hajmi (yakka tartibdagi loyihalar boʻyicha qurilgan koʻchmas mulk obyektlarini baholashda foydalaniladi) koeffitsiyentlari qoʻllaniladi.
46. Narxni shakllantiruvchi omillarga mos keluvchi narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar bazaviy qiymat 1 kv.m. ning har bir koʻrsatkichiga nisbatan jamlangan eskirishning diapazonidan kelib chiqib qoʻllaniladi.
47. Yakka tartibda qurilgan turar joy koʻchmas mulk obyektlari qiymatini baholashda yordamchi maqsaddagi qurilishlarning (bostirmalar, uy issiqxonalari, ochiq oshxonalar, molxonalar, qoʻyxonalar, yengil konstruksiyadagi yordamchi maqsaddagi boshqa qurilishlar) bazaviy qiymatiga nisbatan bunday qurilishlarning mavjudligiga qarab 0,80 miqdorida pasaytirish koeffitsiyenti qoʻllanadi.
48. Narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlarning birliklari ushbu Uslubiy koʻrsatmalarning ilovasiga muvofiq qabul qilinadi.
“Soliq solish maqsadida yalpi baholash usullari bilan koʻchmas mulk qiymatini baholash” 12-con MBMSni qoʻllash boʻyicha Uslubiy koʻrsatmalarga ILOVA
Baholash obyektining bazaviy qiymatiga nisbatan qoʻllanadigan narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar
1. Mintaqa ichida baholash obyekti joylashgan yerning iqtisodiy zonasidan kelib chiqib narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar.
Toshkent shahridagi obyektlar uchun qoʻllanadigan koeffitsiyentlar
Viloyatlardagi obyektlar uchun qoʻllanadigan koeffitsiyentlar
2. Asosiy imoratning qurilgan (kapital qayta qurilgan) yiliga qarab narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar.
3. Qavatlar soniga (xonadon, noturar joy qaysi qavatda joylashganligi) qarab narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar.
4. Koʻpqavatli uylardagi baholash obyektining joylashgan yeriga qarab narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar.
5. Baholash obyekti yer uchastkasi oʻlchamiga qarab narxni shakllantiruvchi koeffitsiyentlar.
Izoh:
1. 1 va 2-bandlardagi koeffitsiyentlar ikkala turga (koʻpqavatli uyga hamda yakka tartibda qurilgan uylarga) nisbatan ham qoʻllaniladi.
2. 3 va 4-bandlardagi koeffitsiyentlar faqat koʻpqavatli uylardagi (xonadonlardagi) baholash obyektlari uchun qoʻllaniladi.
3. 5-banddagi koeffitsiyentlar faqat yakka tartibda qurilgan obyektlar uchun qoʻllaniladi.
