50-modda. Davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik subyektlari davlat organlari va boshqa organlarning qonunga xilof qarorlari, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan oʻz xohishiga koʻra boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga yoxud bevosita sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Boʻysunuv tartibida yuqori turuvchi organga yoki mansabdor shaxsga shikoyat berilganligi shunday shikoyatni sudga berish huquqini istisno etmaydi.
Soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari boʻyicha qabul qilingan qarorlari ustidan faqat yuqori turuvchi soliq organiga ular ustidan shikoyat qilinganidan keyin sud tartibida shikoyat qilish mumkin. Mazkur qoida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining qarori ustidan shikoyat qilishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Tadbirkorlik subyektlari davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida sudga murojaat qilganida davlat boji toʻlashdan ozod etiladi.
