5-modda. Kichik tadbirkorlik subyektlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Kichik tadbirkorlik subyektlari quyidagilardir:
1) yakka tartibdagi tadbirkorlar;
2) ishlab chiqarish tarmoqlaridagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan yigirma kishi, xizmat koʻrsatish sohasidagi va ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa tarmoqlardagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan oʻn kishi, ulgurji, chakana savdo hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlaridagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan besh kishi boʻlgan mikrofirmalar;
3) quyidagi tarmoqlardagi:
qonunchilikda nazarda tutilgan yengil, oziq-ovqat sanoatidagi va qurilish materiallari sanoatidagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan ikki yuz kishi;
metallga ishlov berish va asbobsozlik, yogʻochsozlik, mebel sanoatidagi, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan yuz kishi;
mashinasozlik, metallurgiya, yoqilgʻi-energetika va kimyo sanoati, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish va ularni qayta ishlash, qurilish hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa sanoat-ishlab chiqarish sohalaridagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan ellik kishi;
fan, ilmiy xizmat koʻrsatish, transport, aloqa, xizmat koʻrsatish sohalari (sugʻurta kompaniyalaridan tashqari), savdo va umumiy ovqatlanish hamda ishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa sohalardagi, band boʻlgan xodimlarining oʻrtacha yillik soni koʻpi bilan yigirma besh kishi boʻlgan kichik korxonalar.
Kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarining oʻrtacha yillik soni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda belgilanadi. Bunda oʻrindoshlik, pudrat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xarakterdagi boshqa shartnomalar boʻyicha ishga qabul qilingan xodimlarning, shuningdek unitar korxonalarda, vakolatxonalar va filiallarda ishlayotganlarning soni ham hisobga olinadi.
Faoliyatning bir necha turini amalga oshiruvchi (koʻp tarmoqli) yuridik va jismoniy shaxslar yillik aylanma hajmida ulushi eng koʻp boʻlgan faoliyat turi mezonlari boʻyicha kichik tadbirkorlik subyektlariga kiradi.
