45-modda. Tadbirkorlikni rivojlantirishning davlat tomonidan ragʻbatlantirilishi
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan ragʻbatlantirish:
tadbirkorlik sohasiga investitsiyalarni (shu jumladan chet el investitsiyalarini), zamonaviy texnologiyalar va uskunalarni jalb etish, shuningdek bozor infratuzilmasi institutlarini rivojlantirish uchun sharoitlar yaratish;
eksport-import operatsiyalari, xalqaro koʻrgazmalar va yarmarkalarda, tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi dasturlar va loyihalarni amalga oshirishda tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlarini koʻrish;
tadbirkorlik faoliyati subyektlarini ularning samarali faoliyat koʻrsatishi uchun zarur boʻlgan huquqiy, iqtisodiy, statistik, ishlab chiqarish-texnologik, ilmiy-texnik va boshqa axborot bilan taʼminlash;
soliqlar, boshqa majburiy toʻlovlar va tariflar boʻyicha imtiyozlar hamda preferensiyalar belgilash orqali amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan ragʻbatlantirish qonunchilikka muvofiq boshqa yoʻllar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
