39-modda. Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlarni cheklash
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlari tashabbusi bilan chiqish tegishli tadbirkorlik subyekti tomonidan qonunchilik buzilishi sodir etilishi xavfi darajasidan kelib chiqqan holda xavfni tahlil etish natijalari asosida nazorat qiluvchi organlar tomonidan belgilangan tartibida amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati tekshiruvlarini muvofiqlashtirish hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan amalga oshiriladi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan barcha tekshiruvlari Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olinishi shart, bundan kameral soliq tekshiruvlari mustasno.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining oʻtkazilgan tekshiruvlari natijalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar tugatilgandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatining Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimida roʻyxatga olmasdan oʻtkazilgan tekshiruvlari qonunga xilofdir.
Tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tekshiruvlarni oʻtkazish muddatlari oʻn kalendar kundan oshmasligi kerak.
Soliq tekshiruvlari Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.
Sayyor soliq tekshiruvini oʻtkazish uchun soliq organi rahbarining (rahbari oʻrinbosarining) buyrugʻi asos boʻladi. Sayyor soliq tekshiruvi oʻn kundan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
Tadbirkorlik subyektlarining soliq auditini oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan muddatlardan oshmasligi lozim.
Soliq organi soliq auditini oʻtkazishning boshlanishi toʻgʻrisida soliq auditi boshlanishidan kamida oʻttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik subyektini soliq auditini oʻtkazish muddatlari va predmetini koʻrsatgan holda yozma shaklda xabardor qilishi shart. Agar soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash belgilari mavjud boʻlsa, soliq organi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan holda tadbirkorlik subyektini oldindan xabardor etmasdan soliq auditini boshlashga haqlidir.
