35-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektining ishchanlik obroʻsini himoya qilish
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyekti oʻz ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlarga, agar bunday maʼlumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga toʻgʻri kelishini isbotlay olmasa, raddiya berilishini sud tartibida talab qilishga haqli.
Agar tadbirkorlik faoliyati subyektining ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida tarqatilgan boʻlsa, bu maʼlumotlarga raddiya ayni shu ommaviy axborot vositalarida berilishi lozim. Agar bunday maʼlumotlar tashkilotdan olingan hujjatda mavjud boʻlsa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak. Boshqa hollarda raddiya berish tartibi sud tomonidan belgilanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti oʻz ishchanlik obroʻsiga putur yetkazadigan maʼlumotlar tarqatilganda, bunday maʼlumotlarga raddiya berilishi bilan bir qatorda ularning tarqatilishi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini va maʼnaviy zarar kompensatsiya qilinishini talab etishga haqli.
