33-modda. Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) foydalanish kafolatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Yuridik shaxs boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyekti firma nomiga boʻlgan huquqqa ega, bu nomni uning oʻzi mustaqil ravishda belgilaydi va oʻz taʼsis hujjatlarida koʻrsatadi.
Taʼsis hujjatlarida koʻrsatilgan firma nomiga boʻlgan huquq tadbirkorlik faoliyati subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran yuzaga keladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ilgari roʻyxatdan oʻtkazilgan firma nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki oʻxshash boʻlgan, tegishli tadbirkorlik subyektlarini aynan bir deb hisoblashga olib kelishi mumkin boʻlgan firma nomi roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin emas.
Tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) foydalanish huquqi uning roʻyxatdan oʻtkazilganligiga asoslanib beriladi. Tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) yuridik yoki jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik faoliyati subyekti nomiga roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) foydalanish, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritishga boʻlgan mutlaq huquq ushbu nomning (belgining) egasiga tegishli boʻladi.
Firma nomi, tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) nashr etilganda, omma oldida ijro etilganda yoki ulardan oʻzgacha tarzda foydalanilganda firma nomining, tovar belgisining (xizmat koʻrsatish belgisining) oʻziga ham, ularning belgilariga ham biror-bir oʻzgartishlar kiritishga faqat ular egasining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi.
Firma nomi, tovar belgisi (xizmat koʻrsatish belgisi) daxlsizligiga boʻlgan huquq firma nomining, tovar belgisining (xizmat koʻrsatish belgisining) egasiga tegishlidir.
Firma nomidan, tovar belgisidan (xizmat koʻrsatish belgisidan) foydalanish huquqi ularning egasi tomonidan boshqa shaxsga qonunchilikka muvofiq ular oʻrtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi yoki kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi asosida berilishi mumkin.
