23-modda. Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlari kafolatlari
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-328-son) · Sana: 02.05.2012 · Amalda
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining mulki daxlsizdir va qonun bilan muhofaza qilinadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti mulk huquqi asosida oʻziga tegishli boʻlgan mol-mulkka nisbatan qonunga zid boʻlmagan har qanday harakatlarni bajarishga haqli. Bunda tadbirkorlik faoliyati subyektining oʻz mulkdorlik huquqlarini amalga oshirishi boshqa shaxslarning huquqlarini buzmasligi va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga putur yetkazmasligi kerak. Tadbirkorlik faoliyati subyekti qonunda nazarda tutilgan hollarda, shartlarda va doirada boshqa shaxslar uning mol-mulkidan cheklangan tarzda foydalanishiga yoʻl qoʻyishi shart.
Tadbirkorlik faoliyati subyektidan mulkni olib qoʻyishga, uning boshqa ashyoviy huquqlarini bekor qilishga, shuningdek ularni cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti boshqa shaxsning qonunga xilof egaligida boʻlgan oʻz mol-mulkini talab qilib olishga, shuningdek oʻz mulk huquqining har qanday buzilishi, garchi bunday huquqbuzarlik egalik qilishdan mahrum etish bilan bogʻliq boʻlmasa ham, bartaraf etilishini talab qilishga haqli.
Mulk huquqini bekor qiladigan qonunchilik hujjati qabul qilingan taqdirda, ushbu hujjatni qabul qilish natijasida mol-mulkning mulkdori boʻlgan tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararning oʻrni, shu jumladan mol-mulkning qiymati davlat tomonidan qoplanadi. Zararning oʻrnini qoplash bilan bogʻliq nizolar sud tomonidan hal qilinadi. Mulk huquqi bekor qilinganda olib qoʻyilayotgan mol- mulkning qiymati, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, mulk huquqi bekor qilingan paytdagi holatga koʻra baholovchi tashkilot tomonidan belgilanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining ashyoviy huquqlari qonunda nazarda tutilgan tartibda himoya qilinadi.
