Tibbiyot muassasalarini yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun Yaponiya Hukumatining grantini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (122-son)
26.04.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yaponiya Hukumatining tibbiy muassasalarni yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun ajratilgan grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2012-yil 1-fevraldagi PQ-1695-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Yaponiyaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Elchixonasining 2012-yil 7-fevraldagi notasiga muvofiq Yaponiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish uchun Yaponiya Hukumati tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga beriladigan maqsadli grantning aniqlashtirilgan miqdori Yaponiyadagi moliyaviy vaziyat tufayli ilgari rejalashtirilgan 300 mln Yaponiya yeni (3,9 mln AQSh dollariga teng) oʻrniga 250 mln Yaponiya yenini (3,0 mln AQSh dollariga teng) tashkil etishi;
2012-yil 20-martda Yaponiyada ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish uchun maqsadli grant berish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Yaponiya Hukumati oʻrtasida Ayirboshlash notalari imzolanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda imzolangan Ayirboshlash notalari qoidalarini zarur tarzda ijro etish boʻyicha zarur tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Yaponiya Hukumatining granti mablagʻlari hisobiga hisob-kitoblar boʻyicha operatsiyani amalga oshiruvchi xizmat koʻrsatuvchi bank etib belgilansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 26-aprel,
122-son
