“13-modda. Sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining firma nomiga doir talablar
“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-323-son) · Sana: 11.04.2012 · Amalda
Sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining firma nomida ilgari tashkil etilgan sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining firma nomi bilan adashtirib yuborish darajasida bir xil yoki ularga aynan oʻxshash boʻlgan belgilar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi, bundan sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining filiallari, shuningdek unitar korxona shaklida boshqa sugʻurtalovchilar tomonidan tashkil etilgan sugʻurtalovchilarning va sugʻurta brokerlarining firma nomlari mustasno”;
15) 22-moddaning matnidagi “Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlmish” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
16) 24-moddaning ikkinchi qismidagi “Sugʻurtalovchilar va sugʻurta vositachilariga” degan soʻzlar “Sugʻurta bozorining professional ishtirokchilariga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
17) 25-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar, tibbiyot, seysmologiya, veterinariya, gidrometeorologiya tashkilotlari hamda boshqa tashkilotlar sugʻurtalovchilarning va adjasterlarning soʻroviga koʻra sugʻurta hodisalarining roʻy berishi sabablari hamda holatlarini, shuningdek sugʻurta tovoni (sugʻurta puli) miqdorlarini sugʻurtalovchi va adjaster tomonidan aniqlash uchun zarur boʻlgan tegishli axborot va hujjatlarni taqdim etishi shart”;
ikkinchi qismidagi “sugʻurtalovchilar yoki sugʻurta brokerlaridan” degan soʻzlar “sugʻurta bozorining professional ishtirokchilaridan” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
18) 26-modda:
beshinchi qismi “surishtiruv va tergov organlariga” degan soʻzlardan keyin “sudning undiruvni sugʻurta qildiruvchining mol-mulkiga qaratish yoki bu mol-mulkni xatlash haqidagi qonuniy kuchga kirgan qarori mavjud boʻlgan taqdirda, sud ijrochilariga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Tuzilgan sugʻurta shartnomalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kredit byurolariga taqdim etiladi”;
19) 27-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududida chet el sugʻurta tashkilotlari tomonidan sugʻurta amalga oshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi”.
