Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (91-son)
29.03.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2011-yil 28-noyabrdagi PQ-1652-son qarorini bajarish yuzasidan va respublika tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shuningdek ularning faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2012 — 2015-yillarda kechiktirib boʻlmaydigan va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2012 — 2015-yillarda onkologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Xalqaro moliyaviy institutlarning grantlari va imtiyozli kreditlari hisobiga 2012 — 2015-yillarda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarini yuqori texnologiyali anjomlar bilan jihozlash (qoʻshimcha jihozlash) dasturi 3-ilovaga* muvofiq;
*3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Silga qarshi muassasalarni qayta jihozlash uchun sotib olinadigan yuqori texnologiyali anjomlar roʻyxati 4-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
*4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Jahon banki bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “Salomatlik-3” loyihasi doirasida shahar tibbiyot-profilaktik yordam birlamchi boʻgʻinini oilaviy tibbiyot tamoyili boʻyicha faoliyat koʻrsatishga oʻtkazishni 2016-yilga borib tugallash nazarda tutilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 5-ilovaga* muvofiq roʻyxat boʻyicha respublikaning 50 ming kishidan koʻp aholisi boʻlgan shaharlaridagi mavjud 169 ta poliklinika muassasasi negizida 155 ta oilaviy poliklinika tashkil etishga doir taklifiga rozilik berilsin.
*5-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi tahrirdagi Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazi Kengashi toʻgʻrisidagi nizomni hamda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari Kengashlarining tarkiblarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari xodimlarini, ularning pirovard moliyaviy natijalardagi mehnat ulushiga qarab, mehnat jamoasiga toʻlanadigan dividendlar hisobidan har yili moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
2012-yil 1-iyulgacha — Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikrojarrohlik markazini hamda Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini;
2013-yilda — Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya markazini hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazini hamda Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazini belgilangan tartibda aksiyalashtirishni taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi aksiyalashtirilayotgan respublika ixtisoslashtirilgan markazlari ustav fondlarida davlat nomidan aksiyador hisoblanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
2012 — 2015-yillarda, 6 va 7-ilovalarga* muvofiq 142 ta tuman (shahar) tibbiyot muassasasini va 45 ta silga qarshi muassasani ularning shoxobchalari maqbullashtirilishi munosabati bilan tugatish;
*6 va 7 ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
6 va 7-ilovalarga muvofiq tugatilishi kerak boʻlgan obyektlarni kelgusida ulardan oqilona foydalanish, shu jumladan ularni xususiylashtirish yoki keyinchalik boʻshaydigan yer uchastkalarini mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufiga bergan holda, belgilangan tartibda buzish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritib ularni texnik tekshiruvdan oʻtkazish;
8-ilovaga* muvofiq 2012 — 2015-yillarda budjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan statsionar muassasalardagi oʻrinlar fondini maqbullashtirish, shuningdek boʻshab qoladigan xodimlarni ishga joylashtirish boʻyicha zarur tashkiliy-texnik chora-tadbirlar koʻrsin.
*8- ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi:
budjetdan tashqari Taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga, asosan ijtimoiy soha obyektlarini qurishga ixtisoslashayotgan pudrat tashkilotlarini jalb etgan holda, sogʻliqni saqlash obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish yuzasidan loyiha-smeta hujjatlarini oʻz vaqtida ishlab chiqish va tanlov savdolari oʻtkazishni;
sogʻliqni saqlash obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni namunaviy loyihalarga qatʼiyan muvofiq ravishda hamda tasdiqlangan qurilish normalari va qoidalariga, shuningdek foydalanish xavfsizligi talablariga rioya etgan holda amalga oshirishni;
sogʻliqni saqlash obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishning tasdiqlangan parametrlari belgilangan muddatlarda oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasinlar.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 29-mart,
91-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-martdagi 91-son qaroriga 1-ILOVA
2012—2015-yillarda kechiktirib boʻlmaydigan va shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash
DASTURI
Jami xarajatlar:
milliy valyutada — 11,5 mlrd soʻm;
AQSH dollarida (xalqaro moliya institutlarining grantlari va imtiyozli kreditlari) — 5,98 mln AQSH dollari.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 29-martdagi 91-son qaroriga 2-ILOVA
2012 — 2015-yillarda onkologiya xizmatining moddiy-texnika bazasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash
dasturi
Jami xarajatlar:
milliy valyutada — 55,7 mlrd soʻm;
AQSH dollarida (xalqaro moliya institutlarining grantlari va imtiyozli kreditlari) — 38,0 mln AQSH dollari.
