Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan zoʻrlab ishlatish yoki majburiy mehnat toʻgʻrisidagi konvensiyani hamda bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisidagi konvensiyani 2012-2013-yillarda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida (82-son)
26.03.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqaro mehnat tashkilotining ratifikatsiya qilingan konvensiyalarini amalga oshirishni davom ettirish, zoʻrlab ishlatishga yoki majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, shuningdek bolalar mehnatining ogʻir shakllarini yoʻqotish boʻyicha qonun hujjatlarini takomillashtirish va qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Zoʻrlab ishlatish yoki majburiy mehnat toʻgʻrisidagi Konvensiyani hamda Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisidagi Konvensiyani 2012-2013-yillarda amalga oshirish boʻyicha Qoʻshimcha tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda Tadbirlar rejasi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarning koʻrsatib oʻtilgan konvensiyalardan va Tadbirlar rejasidan kelib chiqadigan vazifalarning bajarilishini taʼminlash boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, shuningdek jismoniy shaxslar tomonidan bolalarni zoʻrlab ishlatishga yoʻl qoʻymaslik hamda ularning voyaga yetmaganlar mehnatining qonunchilikda belgilangan norma va shart-sharoitlariga rioya etishi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsinlar va amaliy nazoratni taʼminlasinlar.
4. Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyasi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlar rahbarlari tomonidan koʻrsatib oʻtilgan konvensiyalardan va Tadbirlar rejasidan kelib chiqadigan vazifalarning bajarilishini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi muntazam ravishda koʻrib chiqilishini taʼminlasin.
