Toshkent shahrida pasport tizimini takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida (212-son)
20.04.2010
Toshkent shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4117-sonli Farmoni talablarini va Toshkent shahar hokimining 2009-yil 9-iyuldagi 342-sonli qarorini oʻz vaqtida bajarish, fuqarolarning doimiy va vaqtincha yashash uchun Toshkent shahriga kelib-ketish jarayonlarini tartibga solish, ularga bu borada qulayliklar yaratish maqsadida hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Mahalla jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimining 2010-yil 13-apreldagi qoʻshma murojaatlarini inobatga olib qaror qilaman:
1. Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Mahalla jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimining Toshkent shahridagi barcha mavjud mahalla fuqarolar yigʻinlari shtat jadvaliga fuqarolarning pasport tizimi masalasi bilan shugʻullanuvchi bittadan shtat birligi kiritish hamda jamgʻarma tomonidan ularning oylik ish maoshini taʼminlashni belgilash haqidagi takliflari maqullansin.
2. Fuqarolarning pasport tizimi masalasi bilan shugʻullanuvchi xodimning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Mavjud koʻp qavatli hamda yakka tartibdagi uylarda fuqarolarning kelib-ketish nazoratini olib borish;
Roʻyxatga qoʻyilayotgan (doimiy va vaqtincha) fuqarolar tahlilini yuritish, aniqlangan har bir noqonuniy holat yuzasidan tegishli IIB XChK va FBlarga axborot berish;
F-4, F-5 hisob-varaqalarini yuritish, ularni umumlashtirish va saqlanishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasidagi Pasport tizimi qoidalari yuzasidan hududdagi aholi orasida tegishli tushuntirishlarni olib borish;
Aniq belgilangan kun va vaqtda mahalla fuqarolari tomonidan pasport tizimi masalasida toʻplanib topshirilgan hujjatlarni tuman IIB XChK va FBlarga oʻz vaqtida taqdim etish va ularning natijalari boʻyicha hujjatlarni fuqarolarga oʻz vaqtida topshirish;
Mahalla, tuman va shahar hududi miqyosida oʻtkaziladigan pasport tizimi tadbirlarida faol ishtirok etish va salbiy holatlar yuzasidan maʼlumotlarni tegishli idoralarga muntazam taqdim etib borish;
Tuman IIB XChK va FBlari rahbari tomonidan pasport tizimi bilan bogʻliq berilgan boshqa qoʻshimcha topshiriqlarni bajarish.
3. Ichki ishlar bosh boshqarmasi (Q. Nakibov), Mahalla jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimi (T. Sobitov), IIBB Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar (A. Agzamov) va tuman boʻlinmalari bilan birgalikda:
3.1. Pasport tizimini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq olib borilayotgan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida har bir mahalla boʻyicha fuqarolarning pasport tizimi masalasi bilan shugʻullanuvchi xodimning qabul kunlari va vaqtlari yuzasidan aniq rejalar belgilansin va har bir mahalla fuqarolari yigʻini binosi peshtaxtalariga ushbu rejalar qoʻyilishi taʼminlansin.
3.2. Alohida eʼtibor, xodim tomonidan alohida muhrlangan fuqarolarni qabul qilish kitobi tutgan holda, fuqarolardan olingan hujjatlarning tuman IIB XChK va FBlarga oʻz vaqtida topshirilishiga, ular tomonidan hujjatlar koʻrib chiqilgach, natijalarning fuqarolarga oʻz vaqtida yetkazilishiga, ariza va shikoyatlarning “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga asosan koʻrib chiqilishining taʼminlanishiga qaratilsin.
3.3. Mazkur xodimlarning oʻz xizmat vazifalarini toʻlaqonli bajarishi uchun sharoit yaratish maqsadida birgalikdagi Harakat va Xizmat Yoʻriqnomasi ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlansin.
3.4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra mazkur xodim oʻz xizmat vazifalarini qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda bajarishi uchun bir yilda bir marotaba yoʻriqnomada belgilangan tartibda Toshkent shahar IIBB XChK va FB qoshida tuzilgan komissiyada shahodatdan (attestatsiya) oʻtkazib borilsin.
4. Yangi kiritilayotgan shtatga nomzodlarning Mahalla fuqarolar yigʻini raislari tomonidan, tuman Ichki ishlar boshqarmasi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolik boʻlimlari boshliqlari bilan kelishilgan holda ushbu qarorning 3.4-bandida nazarda tutilgan shahodatdan (attestatsiya) oʻtgandan soʻng, lavozimga tayinlanishi va lavozimdan ozod etilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Belgilab qoʻyilsinki, pasport tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan mazkur chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan masʼuliyat tuman IIB boshliqlari va tuman “Mahalla” jamgʻarmasi raislari zimmalariga yuklatiladi.
6. Ichki ishlar bosh boshqarmasi (Q. Nakibov), Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati uyushmasi (A. Nabiyev), Mahalla jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimi (T. Sobitov):
Hozirgi kunda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlaridagi fuqarolarni roʻyxatga olish xodimida mavjud boʻlgan fuqarolarning pasport tizimi masalasidagi murojaatlari boʻyicha toʻplangan hujjatlarning oʻrnatilgan tartibda shu hududdagi mahalla fuqarolar yigʻiniga topshirilishi taʼminlansin.
7. Mahalla jamgʻarmasining Toshkent shahar boʻlimi (T. Sobitov), Xorijga chiqish-kelish va Fuqarolik boshqarmasi (A. Agzamov), Moliya bosh boshqarmasi (M. Mirmahmudov), Iqtisodiyot bosh boshqarmasi (S. Nasreddinov):
Pasport tizimini takomillashtirish bilan bogʻliq tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha, taqdim etilgan hisob-kitoblarga asosan yangi kiritilayotgan xodim ish haqini va uning normal ish faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun moliyalashtirish manbasi yuzasidan taklif kiritilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R.J. Usmonov va Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi Q.U. Nakibov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 20-aprel,
212-son
