Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2344-son)
20.03.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 20-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2344]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda), “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 37-38-son, 369-modda) qonunlariga muvofiq, Markaziy bank Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. Mullajonov
Toshkent sh.,
2012-yil 10-mart,
8/1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2012-yil 10-martdagi 8/1-sonli qaroriga ILOVA
Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Mikromoliyalash toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, chorvachilik, yilqichilik, tuyachilik baliqchilik, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, quyon boqish va yetishtirish, issiqxonalar tashkil etish, shuningdek urugʻ va koʻchatlar sotib olish uchun mikrokreditlar berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mikrokreditlar qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadli foydalanish shartlari asosida beriladi.
Shaxsiy yordamchi xoʻjalik deganda, shaharcha, qishloq, ovullarda yashovchi fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi asosida uy-joy qurish uchun berilgan uchastkalarning bir qismi – tomorqada oila aʼzolarining shaxsiy mehnati asosida oila ehtiyojlari uchun dehqonchilik va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish hamda oila ehtiyojidan ortiqchasini dehqon bozorlarida sotish bilan shugʻullanadigan oilaviy xoʻjalik tushuniladi.
2. Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, chorvachilik, yilqichilik, tuyachilik baliqchilik, parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish, quyon boqish va yetishtirish, issiqxonalar tashkil etish, shuningdek urugʻ va koʻchatlar sotib olish uchun eng kam ish haqining 100 baravarigacha miqdorda mikrokreditlar beriladi.
3. Mikrokreditlar shartnoma asosida qaytarish muddatini uzaytirish huquqisiz:
mevali daraxtlar va uzum koʻchatlarini sotib olish, baliqchilik va parrandachilikni rivojlantirish uchun — 1 yillik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha;
chorvachilik, yilqichilik, tuyachilik, asalarichilikni rivojlantirish, quyon boqish va yetishtirish, uchun — 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha;
urugʻliklar, mineral oʻgʻitlar va oʻsimliklarni kimyoviy himoya qilish vositalarini sotib olish hamda issiqxonalar tashkil etish uchun — 6 oylik imtiyozli davr bilan 2 yilgacha;
limon yetishtirishga moʻljallangan issiqxonalar tashkil etish, unabi va grek yongʻogʻi yetishtirish uchun — 3 yillik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha boʻlgan muddatga beriladi.
4. Imtiyozli davr oʻrnatilgan holda berilgan kreditlar boʻyicha asosiy qarzni toʻlash imtiyozli davr tugagandan keyingi oydan boshlanadi.
Imtiyozli davrda kredit boʻyicha foizlar hisoblanadi va undiriladi. Bunda foizlar qarz oluvchiga kredit boʻyicha qarzdorlikning amaldagi qoldigʻiga kunlik hisoblab boriladi va har oyda bir marta undiriladi.
5. Mikrokreditlardan foydalanganlik uchun foiz stavkasi miqdori Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi darajasidan yuqori boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
II. Mikrokreditlar berishni rasmiylashtirish
6. Shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxslar mikrokredit olish uchun, qoida tariqasida, oʻzlari istiqomat qiladigan joydagi tijorat banklari filiallaridan biriga mikrokredit berishni soʻrab ariza bilan murojaat etishlari mumkin.
7. Mikrokredit olish uchun shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxs tomonidan tijorat bankiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
mazkur Nizomning 2-bandida nazarda tutilgan maqsadlar uchun mikrokredit berish soʻralgan ariza;
fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) tomonidan imzolangan, belgilangan tartibda berilgan sanasi va raqami qayd etilgan hamda muhr bilan tasdiqlangan tavsiyanoma va mikrokredit oluvchi shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxsda tomorqa uchastkasi mavjudligi hamda uning maydoni koʻrsatilgan maʼlumotnoma.
8. Shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxs mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan tegishli hujjatlarni topshirishda oʻzining shaxsini tasdiqlovchi hujjatini koʻrsatadi hamda undan nusxa taqdim etadi.
81. Qarz oluvchilar mikrokredit olish boʻyicha arizalarni elektron tizim orqali taqdim etishi mumkin.
Qarz oluvchi boʻyicha Kredit axborotining davlat reyestri va kredit byurolariga taqdim etilayotgan kredit axboroti maʼlumotlari tijorat bankining kredit yigʻmajildidagi kredit axborotiga mos boʻlishi lozim.
82. Shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxs tomonidan zarur hujjatlar taqdim qilingandan soʻng, uning arizasi mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi “Arizalarni roʻyxatga olish kitobi”ga qayd qilinadi va bir vaqtning oʻzida qarz oluvchiga ariza tijorat banki tomonidan qabul qilinganligi toʻgʻrisida mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda “Maʼlumotnoma” beriladi. Bunda “Maʼlumotnoma”ning birinchi qismi tijorat bankida qoldiriladi, ikkinchi qismi esa, qarz oluvchiga taqdim etiladi. Qarz oluvchi “Maʼlumotnoma”ning birinchi qismini uni olganligi toʻgʻrisidagi sanani koʻrsatgan holda imzolaydi, ariza elektron tizim orqali qabul qilingan hollar bundan mustasno.
Arizalar elektron tizim orqali qabul qilinganda, u “Arizalarni roʻyxatga olish kitobi”ga qayd qilinadi va arizaga “Elektron tizim orqali qabul qilindi” deb yozib qoʻyiladi va bir vaqtning oʻzida qarz oluvchiga ariza tijorat banki tomonidan elektron tizim orqali qabul qilinganligi toʻgʻrisida elektron shaklda “Maʼlumotnoma” yuboriladi hamda tijorat bankida qolgan “Maʼlumotnoma”ga uning elektron shaklda yuborilganligi toʻgʻrisida yozuv kiritiladi va sana koʻrsatilgan holda imzolanadi.
83. “Maʼlumotnoma”lar tushunarli, toʻgʻri va aniq koʻrinadigan holda toʻldirilishi lozim. “Maʼlumotnoma”dagi yozuvlarni qisqartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
9. Qarz oluvchilar mikrokreditlar qaytarilishining taʼminoti sifatida tijorat banki filialiga quyidagi taʼminot turlaridan birini taqdim etishlari lozim:
mol-mulk garovi;
bank yoki sugʻurta kompaniyasining kafolati;
uchinchi shaxs kafilligi;
qarz oluvchi tomonidan olingan kreditni qaytarmaslik xatarining bank foydasiga sugʻurta qilinganligi toʻgʻrisidagi sugʻurta polisi.
10. Kreditning taʼminoti sifatida mol-mulk garovi boʻyicha tuziladigan shartnomalar qonunda nazarda tutilgan hollarda notarial tasdiqlanishi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
11. Kafillik bank foydasiga kafil va qarz oluvchi oʻrtasida yozma shaklda 3 (uch) nusxada tuziladigan kafillik shartnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu shartnomaning oxirgi betida kafil va qarz oluvchi imzolaridan kafillik qabul qilinganligi toʻgʻrisida tijorat bank filiali boshqaruvchisi tomonidan imzolangan va dumaloq muhr qoʻyilgan yozuv kiritiladi.
12. Mikrokredit soʻrab, mazkur Nizomning 7-bandida belgilangan barcha zarur hujjatlar ilova qilingan holda berilgan ariza bankka kelib tushgan kundan boshlab, tijorat banki filiali kredit qoʻmitasi tomonidan ushbu ariza boʻyicha qaror qabul qilish muddati 3 ish kunidan oshmasligi lozim.
13. Tijorat banki filialining kredit qoʻmitasi qarori mikrokreditlarni berish yoki bermaslik uchun asos boʻlib hisoblanadi.
14. Mikrokredit berish asoslantirilgan holda rad etilgan taqdirda, tijorat bank arizachiga bu haqda keyingi ish kunidan kechiktirmagan holda yozma shaklda maʼlum qilishi shart.
15. Tijorat banki filiali kredit qoʻmitasining mikrokredit berish toʻgʻrisidagi ijobiy qarori qabul qilingan taqdirda, qarz oluvchi bilan kredit shartnomasi tuzilishi hamda ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan, kreditning taʼminoti sifatida qarz oluvchi tomonidan taqdim etilayotgan taʼminot turlaridan biri qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilishi lozim.
16. Tijorat banki va qarz oluvchi oʻrtasida tuziladigan kredit shartnomasida quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
kredit summasi;
kredit muddati;
kredit uchun foiz stavkasi miqdori;
kreditning maqsadi;
kredit taʼminotiga oid maʼlumotlar;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
tomonlarning javobgarligi;
qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa shartlar.
17. Kredit shartnomasi tuzilib, kreditning taʼminotiga oid hujjatlar toʻliq rasmiylashtirib boʻlingan kunning ertasidan kechiktirmagan holda tijorat banki tomonidan qarz oluvchiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ssuda hisobvaragʻi ochiladi.
III. Kreditlash va kreditni qaytarish
18. Mikrokreditlar qarz oluvchining ssuda hisobvaragʻidan uning toʻlov topshiriqnomasiga asosan, kredit shartnomasida belgilangan maqsadlar uchun tegishli tashkilotlarning bankdagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻiga pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
19. Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga berilgan mikrokreditlar hisobi 14900-sonli “Jismoniy shaxslarga berilgan uzoq muddatli kreditlar” balans hisobvaraqlarida yuritiladi.
20. Shaxsiy yordamchi xoʻjalik yurituvchi jismoniy shaxs tomonidan mikrokredit hamda unga hisoblangan foizlarni toʻlash tijorat bank kassasiga naqd pul topshirish yoki qarz oluvchining omonat hisobvaragʻidan pul oʻtkazib berish yoxud bank plastik kartochkalari orqali amalga oshiriladi.
21. Tijorat banklari tomonidan mikrokreditdan foydalanishning butun muddati davomida fuqarolar yigʻini xodimi ishtirokida mikrokreditdan samarali hamda maqsadli foydalanilayotganligini aniqlash boʻyicha bevosita joyiga chiqib doimiy monitoring oʻtkaziladi.
22. Olingan mikrokreditdan boshqa maqsadda foydalanilganligi aniqlangan taqdirda, tijorat banki kredit shartnomasida belgilangan tartibda kreditning maqsadga nomuvofiq ishlatilgan qismini qarz oluvchidan muddatidan ilgari undirib olish huquqiga ega.
23. Mikrokredit boʻyicha qarzdorlikni undirishda birinchi navbatda mikrokreditdan foydalanganlik uchun foizlar undiriladi.
24. Mikrokredit belgilangan muddatlarda qaytarilmagan taqdirda, tijorat banki undiruvni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mikrokreditning qaytarilish taʼminoti sifatida taqdim etilgan taʼminot shakliga qaratadi.
IV. Yakuniy qoida
25. Ushbu Nizom qoidalarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Arizalarni roʻyxatga olish KITOBI 201__ yil uchun
T/r Ariza bergan shaxsiy yordamchi xoʻjalik Ariza raqami va sanasi Ariza topshirilgan sana Arizaning qisqacha mazmuni (Mikrokredit maqsadi, muddati, summasi, ustama foizi, manbasi, taʼminot turi) Arizada koʻrsa-tilgan mikrokredit miqdori (ming soʻm) Arizachiga hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnomaning raqami va sanasi Ariza boʻyicha Kredit qoʻmita tomonidan qabul qilingan qarorning raqami, sanasi Arizachiga mikrokredit ajratish toʻgʻrisida ijobiy qaror qabul qilinganligi haqida berilgan yozma javob xatining raqami va sanasi Ariza rad qilingan taqdirda, arizachiga berilgan yozma javob xatining raqami va sanasi Bank kredit qoʻmitasi tomonidan maʼqullangan kredit miqdori (ming soʻm) va kredit ajratish boshlanganligining dastlabki sanasi Imzo 0 1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 1. 2.
Tijorat banklari tomonidan shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun mikrokreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
