Qutqaruv xizmati va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni amalga kiritish toʻgʻrisida (45-son)
23.01.2010
Toshkent viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 10-dekabrdagi “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-yanvardagi “Qutqaruv xizmati va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi 2-sonli qarori talablarini bajarish, Toshkent viloyati hududida joylashgan korxona, tashkilot va muassasalar hamda oʻzini oʻzi boshqarish organlari fuqaro muhofazasi tuzilmalarini viloyat hududida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir boʻlganda oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 10-dekabrdagi “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 5-yanvardagi “Qutqaruv xizmati va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi 2-sonli qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. “Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Korxona, tashkilot, muassasalar hamda oʻzini-oʻzi boshqarish organlari fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibining malakasini oshirish maqsadida, ular bilan muntazam ravishda amaliy oʻquv mashqlari oʻtkazilsin hamda qoʻmondon-shtab va maxsus-taktik oʻquv mashqlariga keng jalb etilsin.
4. Shahar va tuman hokimlari, viloyat hududida joylashgan korxona, tashkilot, muassasalar va iqtisodiyot obyektlari rahbarlariga:
fuqaro muhofazasi tuzilmalarini qutqaruv ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan asbob-anjomlar, shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh va texnikalar bilan taʼminlash choralari koʻrilsin;
sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilish, tezkor shtabining funksiyalari va ushbu ishlarga jalb etilgan qutqaruv xizmatlari hamda tuzilmalarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish oʻrnatilgan tartibda belgilab qoʻyilsin;
favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jalb qilingan kuch va vositalarni moddiy va moliyaviy taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqilsin va ijrosi taʼminlansin;
joriy yilning yanvar-fevral oylarida joylarda fuqaro muhofazasi xizmatlari va iqtisodiyot obyektlari rahbarlari hamda mutaxassislari ishtirokida “Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisida”gi qarorning mohiyatini oʻrganish yuzasidan uslubiy-amaliy seminar (yigʻilish)lar oʻtkazilsin;
fuqaro muhofazasi holatini va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga tayyorgarlik holatini tekshiruvlari davomida oʻta muhim va toifalangan obyektlarda tuzilgan qutqaruv tuzilmalarining shayligiga alohida eʼtibor qaratilsin;
favqulodda vaziyatlar sodir boʻlganda uni bartaraf etish shtabi hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilingan qutqaruv xizmatlari bilan uzviy aloqa va axborot almashinuvi muntazam ravishda taʼminlansin;
sodir boʻlgan favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tezkor shtabining funksiyalari va favqulodda vaziyatni bartaraf etishga jalb etilgan qutqaruv xizmatlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish oʻrnatilgan tartibda belgilab qoʻyilsin;
5. Ushbu qaror barcha shahar va tuman hokimlariga, korxona, tashkilot, muassasalar hamda iqtisodiyot obyektlari rahbarlariga ijro uchun yetkazilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari S.Ilxamov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2010-yil 23-yanvar,
45-son
Viloyati hokimining 2010-yil 23-yanvardagi 45-sonli qaroriga ILOVA
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlar bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda qutqaruv ishlarini (keyingi oʻrinlarda “Qutqaruv xizmatlari” deb ataladi) amalga oshirishga qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini jalb qilish sohasida huquqiy tartibga solishni belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qutqaruv xizmatlarini jalb qilish — qutqaruv ishlarini amalga oshirishda boshqaruv organlarining, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish vazifalarini hal etish uchun zarur boʻlgan kuch va vositalarning qatnashishini tashkil etish;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish — favqulodda vaziyatlar roʻy berganda oʻtkaziladigan hamda odamlarning hayotini asrab qolish va sogʻligʻini saqlashga, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talafotlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar roʻy bergan zonalarning kengayishiga yoʻl qoʻymaslikka hamda xavfli omillar taʼsirini tugatishga qaratilgan qutqaruv ishlari va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar kompleksi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda kechiktirib boʻlmaydigan ishlar — bu qutqaruv ishlarini har tomonlama taʼminlash, favqulodda vaziyatlarda jabrlangan aholiga tibbiy va boshqa yordam koʻrsatish, odamlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash uchun eng kam zarur boʻlgan shart-sharoitlarni yaratish, ularning ish qobiliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faoliyat;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbari — favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etilgan kuchlar va vositalarga bevosita rahbarlik qiladigan hamda oʻz vakolatlariga muvofiq ularning oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradigan mansabdor shaxs;
favqulodda vaziyatni bartaraf etish shtabi — favqulodda vaziyatning xususiyatini baholash, uni lokalizatsiya qilish va bartaraf etish, bevosita ofat yuz bergan tumanda aholi, hududlar va atrof muhitni himoya qilish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish uchun favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari rahbarining qarori bilan tashkil etiladigan organ.
II. Qutqaruv xizmatlarini jalb qilish tartibi
3. Qutqaruv xizmatlarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish:
xizmat koʻrsatilayotgan obyektlar va hududlarda favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishga doir harakatlar rejasiga muvofiq;
favqulodda vaziyatlar roʻy bergan va ularning koʻlami kengaya boshlagan taqdirda belgilangan tartibda;
mazkur qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari faoliyatiga rahbarlik qilayotgan yoki buning uchun qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlarga ega boʻlgan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlar, shu jumladan jamoat birlashmalari mansabdor shaxslarining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
4. Yirik koʻlamli tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlar roʻy berganda shoshilinch qutqaruv ishlarini bajarish va jabrlangan aholiga yordam koʻrsatish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining muhandislik-sapyorlik boʻlinmalari, kimyoviy himoya boʻlinmalari va boshqa harbiy boʻlinmalari, harbiy-transport aviatsiyasi va harbiy-tibbiy xizmat muassasalari jalb etilishi mumkin.
5. Qutqaruv xizmatlarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etish vakolatiga ega boʻlgan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, tashkilotlarning, shu jumladan jamoat birlashmalarining mansabdor shaxslari qarori bilan qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan obyektlar va hududlarning favqulodda vaziyatlardan himoyalanganligi darajasini taʼminlaydigan chora-tadbirlar majburiy tartibda qurilishi bilan birga olib borilishi kerak.
6. Qutqaruv xizmatlarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshiriladi.
III. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilish
7. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilingan qutqaruv xizmatlari ishiga rahbarlik qilish va ularning oʻzaro hamkorligini tashkil etish favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
8. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlariga rahbarlik qilish:
lokal favqulodda vaziyatlarda — davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar va obyektlarning rahbarlari tomonidan;
transchegaraviy va respublika miqyosidagi favqulodda vaziyatlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi rahbari tomonidan amalga oshiriladi.
Qutqaruv xizmatlarini jalb etish toʻgʻrisidagi qaror ushbu Nizom ilovaga muvofiq shakl boʻyicha yozma ravishda rasmiylashtiriladi.
9. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarining vakolatlari:
transchegaraviy va respublika miqyosidagi favqulodda vaziyatlarda — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
mahalliy miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda — mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan;
lokal favqulodda vaziyatlarda — davlat boshqaruvi organlari va tashkilotlar tomonidan belgilanadi.
10. Odamlarning hayoti va sogʻligʻiga bevosita tahdid boʻlganda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari mustaqil ravishda quyidagi qarorlarni qabul qilishga haqlidir:
evakuatsiya tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlar zonalaridagi obyektlarda va hududlarda qutqaruv ishlarini olib borish toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlar zonalariga kirishni cheklash toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun favqulodda vaziyatlar zonalaridagi tashkilotlarning moddiy resurslaridan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish toʻgʻrisida;
shtatdan tashqari qutqaruv tuzilmalari va jamoat qutqaruv tuzilmalarini, shuningdek qutqaruv ishlari olib borishga boʻlgan huquqlarini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlgan taqdirda, mazkur tuzilmalar tarkibiga kirmagan qutqaruvchilarni favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini olib borishga jalb qilish toʻgʻrisida;
qutqaruvchi boʻlmagan ayrim fuqarolarni kechiktirib boʻlmaydigan qutqaruv ishlarini olib borishga ixtiyoriylik asosida jalb qilish toʻgʻrisida;
favqulodda vaziyatlar koʻlamining kengayib borishi va ularni bartaraf etish ishlarining borishi taqozo etgan boshqa zarur choralarni koʻrish toʻgʻrisida.
11. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarining rahbarlari qutqaruv ishlarini bajarishga:
lokal favqulodda vaziyatlarda — favqulodda vaziyatlar roʻy bergan joydagi tashkilotlar yoki obyektlarning qutqaruv tuzilmalarini, shuningdek Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va xizmat qilish davlat tizimining shaharlar va tumanlar hududiy kichik tizimlarining yigʻma qutqaruv tuzilmalarini;
mahalliy miqyosdagi favqulodda vaziyatlarda — Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining hududida favqulodda vaziyatlar roʻy bergan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududiy kichik tizimlarining qutqaruv xizmatlarini;
transchegaraviy va respublika miqyosidagi favqulodda vaziyatlarda — Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining hududida favqulodda vaziyatlar roʻy bergan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar hududiy kichik tizimlarining qutqaruv xizmatlarini jalb etish huquqiga ega.
12. Agar favqulodda vaziyat koʻlamlarini mavjud kuch va vositalar bilan lokalizatsiya qilish va bartaraf etish imkoni boʻlmasa, favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari rahbari yordam soʻrab davlat yoki xoʻjalik boshqaruvining yuqori organiga yoki roʻy bergan favqulodda vaziyat tasnifini hisobga olgan holda zarur yordam koʻrsatishi yoki favqulodda vaziyatni bartaraf etishga rahbarlik qilishni oʻz zimmasiga olishi mumkin boʻlgan mahalliy davlat hokimiyati organiga murojaat qiladi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi tegishli organlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning kuch va vositalari yetarli boʻlmaganda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuchlari va vositalari jalb etiladi.
13. Favqulodda vaziyatlarning xususiyatlarini baholash, ularni lokalizatsiya qilish va bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, bevosita ofat yuz bergan tumanlarda aholi, hududlar va atrof tabiiy muhitni himoya qilish uchun tegishli rahbarlarning qarorlari bilan operativ shtablar tashkil etilishi mumkin. Operativ shtablarning boshliqlari favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish rahbarlarining oʻrinbosarlari hisoblanadi. Ularning tarkibiga esa manfaatdor davlat yoki xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlarning mutaxassislari kiritiladi.
IV. Favqulodda vaziyatni bartaraf etish tezkor shtabining funksiyalari
14. Quyidagilar favqulodda vaziyatni bartaraf etish tezkor shtabining funksiyalari hisoblanadi:
favqulodda vaziyatni bartaraf etishga jalb qilinadigan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining qutqaruv xizmatlari oʻzaro hamkorligini tashkil etish;
qutqaruv ishlarini rejalashtirish va amalga oshirishni tashkil etish;
qutqaruv xizmatlari qutqaruv ishlarini amalga oshirishga jalb qilish;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boʻlimlari davlat va xoʻjalik yurituvchi organlari qutqaruv xizmatlari, shuningdek mahalliy davlat hokimiyati organlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish.
15. Shtab boshligʻining qabul qilinadigan barcha qarorlari, buyruqlari va farmoyishlari roʻyxatdan oʻtkaziladi hamda belgilangan tartibda ijrochilarga yetkaziladi.
V. Favqulodda vaziyatni bartaraf etishga jalb qilingan qutqaruv xizmatlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish
16. Favqulodda vaziyatlarning turi va koʻlamlariga qarab qutqaruv xizmatlarining oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtirish:
respublika darajasida — Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tuzilmasida qutqaruv xizmatlari mavjud boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari bilan birgalikda;
mahalliy va obyekt darajasida — mahalliy davlat hokimiyati organlari va favqulodda vaziyatlar boʻyicha hududiy boshqarmalar tomonidan idoraviy mansub hududlardagi tashkilotlar va obyektlarning qutqaruv xizmatlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
17. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilinadigan va unda qatnashadigan qutqaruv xizmatlari favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari tegishli rahbarining tezkor boʻysunishiga jalb qilinadi.
VI. Jalb qilingan kuch va vositalarni moddiy va moliyaviy taʼminlash
18. Taʼminlash turlari boʻyicha hamkorlik qilish jalb qilingan qutqaruv xizmatlarining ehtiyojlarini imkoni boricha toʻliq qondirish va jabrlangan aholini zarur moddiy va texnik vositalar bilan taʼminlash maqsadida tashkil qilinadi.
19. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlarini hamda amalga oshirilayotgan qutqaruv ishlarini moddiy va moliyaviy taʼminlashni tashkil etadilar.
Koʻrsatib oʻtilgan tashkilotlarning rahbarlari va xodimlari ishlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishi uchun belgilangan tartibda javob beradilar.
20. Qutqaruv xizmatlari favqulodda vaziyatlar roʻy bergan joyga qutqaruv ishlarini avtonom rejimda kamida 72 soat taʼminlash moʻljali bilan butlangan malakali mutaxassislar va jihozlangan maxsus texnika, asbob-uskunalar, anjomlar va boshqa qutqaruv vositalari bilan keladilar.
21. Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish tadbirlarini moddiy va moliyaviy taʼminlash favqulodda vaziyatlar zonasidagi obyektlar va tashkilotlarning mablagʻlari, ushbu obyekt va tashkilotlar mansub boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari mablagʻlari, shuningdek mahalliy budjet mablagʻlari va boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
22. Mablagʻlar yetarli boʻlmaganda yoki koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlar mavjud boʻlmaganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan Mablagʻ ajratiladi.
VII. Qutqaruv ishlarini toʻxtatish
23. Qutqaruv xizmatlari qutqaruv ishlarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari rahbarlarining qarorlari asosida toʻxtatadilar.
24. Favqulodda vaziyatlarning ikkilamchi omillari yuzaga kelishi xavfi mavjud boʻlgan ayrim uchastkalarda qutqaruv ishlarini toʻxtatish favqulodda vaziyatlarni tugatishda aholi va hududlarning xavfsizligini taʼminlash sohasida bajarilgan ishlar natijalari toʻgʻrisida ekspert komissiyasining tegishli xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda favqulodda vaziyatni bartaraf etish ishlari rahbarining qarori asosida amalga oshiriladi.
25. Ekspert komissiyasini tashkil etish, uning shaxsiy tarkibini, vazifalari va faoliyat koʻrsatishini belgilash masalalari roʻy bergan favqulodda vaziyat tasnifi hisobga olingan holda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organi, mahalliy davlat hokimiyati organining tegishli rahbari qarori bilan tartibga solinadi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
