Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi prezidentining “osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish” loyihasini koʻp martalik transh boʻyicha moliyalashtirish dasturini amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 11-yanvardagi PQ-1683-son qarori”) (68-son)
12.03.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish” loyihasini koʻp martalik transh boʻyicha moliyalashtirish dasturini amalga oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2012-yil 11-yanvardagi PQ-1683-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar ikki hafta muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi qurilishi tugallanmagan obyektlarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va qurilishi tugallanmagan obyektlar garovini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni bir oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
4. “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha qurilayotgan yakka tartibdagi uy-joy ipotekasi toʻgʻrisidagi namunaviy shartnomani bir oy muddatda ishlab chiqsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Bosh vazir oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 12-mart,
68-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 12-martdagi 68-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-maydagi 148-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 5-son, 40-modda) bilan tasdiqlangan Tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
uchinchi xatboshiga “shuningdek xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlar mablagʻlari” soʻzlari qoʻshilsin;
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“imtiyozli davr — kredit boʻyicha asosiy qarzni qaytarish muddati kechiktirilgan davr”;
yettinchi xatboshidagi “hamda uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari) soʻzlari “qarz oluvchining yaqin qarindoshlari (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari) va boshqa jismoniy shaxslar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-banddagi “qarz oluvchining yaqin qarindoshlari” soʻzlari “qarz oluvchining yaqin qarindoshlari yoki boshqa jismoniy shaxs” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 14-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“14. Bankning kredit komissiyasi (qoʻmitasi) qarori asosida ipoteka kreditini qoʻshimcha taʼminlash sifatida qarz oluvchi (birgalikda qarz oluvchilar)ning mulki boʻlgan boshqa koʻchmas mulk, va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning kafilligi ham qabul qilinishi mumkin”;
g) 39-banddagi “teng ulushlardagi” soʻzlari chiqarib tashlansin;
d) 2-ilovada:
2.1-bandda:
beshinchi xatboshidagi “qarz oluvchining ipoteka krediti va kredit boʻyicha foizlarning har oydagi toʻlovlarida qatnashadigan, shuningdek ipoteka krediti yuzasidan birgalikda javob beradigan eri (xotini) hamda uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari)” soʻzlari “qarz oluvchining ipoteka krediti va kredit boʻyicha foizlarning har oydagi toʻlovlarida qatnashadigan, shuningdek ipoteka krediti yuzasidan birgalikda javob beradigan eri (xotini) hamda uning yaqin qarindoshlari (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, farzandlari) va boshqa jismoniy shaxslar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn oltinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“imtiyozli davr — kredit boʻyicha asosiy qarzni qaytarish muddati kechiktirilgan davr”;
4.2-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“4.2. Ipoteka kreditidan foydalanganlik uchun foiz stavkasi yiliga 7 foiz miqdorida belgilanadi”;
6.1-banddagi “olti oydan” soʻzlari “bir yildan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
8.1-bandning 8.1.2-kichik bandidagi “5.8” raqamlari “5.7” raqamlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 26-oktabrdagi 280-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2009-y., 9-10-son, 68-modda) bilan tasdiqlangan “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 2-bandda:
toʻrtinchi xatboshidagi “tanlab olish” soʻzlari “tanlov savdolari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshiga “shuningdek xalqaro va xorijiy moliyaviy institutlarning mablagʻlari” soʻzlari qoʻshilsin;
yettinchi xatboshidagi “yoki yuridik shaxs — qarz oluvchi ish beruvchisining” soʻzlari “yuridik shaxs — qarz oluvchining ish beruvchisi yoki boshqa shaxslarning” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 8-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qoʻshilsin:
“Yakka tartibda imorat quruvchiga yer uchastkasi ajratish Yakka tartibda imorat quruvchi bilan injiniring kompaniyasi filiali oʻrtasida tayyor holda topshirish sharti bilan uy-joy qurishga injiniring kompaniyasi tomonidan buyurtmachi funksiyalari amalga oshirilishiga shartnoma tuzilgandan keyin tuman (shahar) hokimining qarori asosida rasmiylashtiriladi.
Bunda ushbu bandning ikkinchi xatboshida nazarda tutilgan shartnoma bekor qilingan taqdirda namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibda uy-joy qurish uchun berilgan yer uchastkasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda olib qoʻyiladi. Koʻrsatib oʻtilgan shart tuman (shahar) hokimining yer uchastkasi berish toʻgʻrisidagi qarorida va Yakka tartibda imorat quruvchi bilan injiniring kompaniyasi filiali oʻrtasida tuzilgan shartnomada qayd etilishi kerak”;
v) 12-bandning ikkinchi xatboshiga “(namunaviy shakli ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq)” soʻzlari qoʻshilsin;
g) 13-bandning uchinchi xatboshiga “(namunaviy shakli ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq)” soʻzlari qoʻshilsin;
d) 17-bandda:
“(namunaviy shakli 1-ilovaga muvofiq)” soʻzlari “(namunaviy shakli ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq)” soʻzlari bilan almashtirilsin;
e) 18-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“18. Yer uchastkasi bilan birgalikda qurilayotgan uy-joyning ipotekasi ipoteka kreditini qaytarish boʻyicha qarz oluvchining majburiyatlari taʼminlanishi hisoblanadi. Bunda uy-joy qurilishi tugallangandan keyin unga boʻlgan ipoteka toʻxtatilmaydi va ipoteka toʻgʻrisidagi shartnomaning kuchda qolishini saqlab qolish uchun unga ipoteka predmetining tavsifiga hamda uni baholashga hamda ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazishga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish talab etilmaydi. Biroq tomonlarning roziligi boʻyicha qurilgan uy-joyga garovni qayta rasmiylashtirish mumkin.
Agar tomonlarga bogʻliq boʻlmagan sabablar boʻyicha qurish davrida ipoteka krediti boʻyicha taʼminlash rasmiylashtirilmagan boʻlsa, qurilish tugallangandan keyin ushbu uy-joyning ipotekasi rasmiylashtiriladi.
Bankning kredit komissiyasi (qoʻmitasi) qarori asosida qarz oluvchining mulkida, va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning kafilligida boʻlgan boshqa koʻchmas mulk ham ipoteka kreditini qoʻshimcha taʼminlash sifatida qabul qilinishi mumkin”;
j) quyidagi mazmundagi 181, 182, 183-bandlar qoʻshilsin:
“181. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni baholash qarz oluvchi bilan bank oʻrtasidagi bitim boʻyicha amalga oshiriladi hamda garovga qoʻyilgan koʻchmas mulk qiymatini kelishish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Bunda qurilayotgan uy-joyni baholash oʻtkazilgan tanlov savdolari natijalariga muvofiq amalga oshiriladi.
182. Qarz oluvchi kredit shartnomasi tuzilgandan keyin kredit shartnomasi amal qilish muddatida sugʻurta tashkiloti bilan ipoteka predmetining yoʻqotilishi va shikastlanishi xavflaridan sugʻurta shartnomasi tuzishi shart.
183. Kredit shartnomasida nazarda tutilgan hollarda kredit shartnomasi muddatidan oldin bekor qilinganda qurilayotgan (qurilgan) uy-joy navbatdagi Yakka tartibda imorat quruvchiga sotiladi.
Bunda ushbu uy-joyni sotib olish uchun bank uning tomonidan belgilanadigan tartibda va shartlarda xaridorga ipoteka krediti (takroriy ipoteka krediti) berishga haqlidir”;
z) 19-banddagi “Tanlash” soʻzi “Tanlov savdolari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
i) 20-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“20. Tanlov savdolarini tashkil etish va oʻtkazish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi”;
k) 21 — 27-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
l) oʻzbek tilidagi matnning 30-bandidagi “90” raqami “95” raqami bilan almashtirilsin;
m) 31-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Bunda dastlabki badal mablagʻlarini, ipoteka krediti mablagʻlarini, shuningdek qurilayotgan uy-joy qiymatining qolgan qismiga teng miqdorda omonat qoʻyilma hisob raqamida toʻplangan mablagʻlarni 22626-son “Korxonalar va tashkilotlarning maqsadli mablagʻlari” injiniring kompaniyasining moliyalashtirish maxsus depozit hisob raqamiga oʻtkazish bank filiali tomonidan yakka tartibdagi quruvchi bilan injiniring kompaniyasi filiali oʻrtasida tuzilgan shartnomada nazarda tutilgan tartibda qarz oluvchining yozma topshirigʻi asosida amalga oshiriladi”;
n) 36-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“36. Uy-joy qabul qilish-topshirish dalolatnomasi boʻyicha injiniring kompaniyasi tomonidan Yakka tartibda imorat quruvchiga berilgandan keyin Yakka tartibda imorat quruvchi bir oy muddatda qurilgan uy-joyga mulk huquqini Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi organlarida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlashi, shundan keyin bankka uy-joyga mulk huquqi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatning nusxasini taqdim etishi shart”;
o) 37-bandda:
quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Yer mavzesi hududiga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan suv taʼminoti obyektlari qurishni moliyalashtirish respublika budjeti hisobiga amalga oshiriladi”;
ikkinchi va uchinchi xatboshilar tegishli ravishda uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
p) quyidagi mazmundagi X boʻlim qoʻshilsin:
“X. Yakunlovchi qoida
“44. Zaruriyat boʻlganda ushbu Nizomda keltirilgan namunaviy shartnomalar shartlari tegishli ravishda bank yoki injiniring kompaniyasi tomonidan qayta qoʻrib chiqilishi mumkin”;
r) 1 — 3-ilovalar quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi ishtirokida yakka tartibda uy-joy qurilishini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 11-son, 119-modda)
