Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyundagi “Oʻquvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz respublika sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 181-son qarori toʻgʻrisida (143-son)
10.07.2009
Toshkent viloyati hokimining
Qarori
Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablaridan kelib chiqib joriy etilgan uch bosqichli yagona sport oʻyinlari tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” musobaqalari yosh avlodni sogʻlom turmush tarzi tamoyillari asosida tarbiyalash, ularning sportga qiziqishini, milliy gʻurur va iftixor tuygʻusini oshirish borasida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Yoshlarda sportga boʻlgan havas va intilishni, jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzi tamoyillarini kuchaytirish, oʻquvchi va talaba yoshlarni sportga jalb etish tizimini takomillashtirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyundagi “Oʻquvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz respublika sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 181-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 29-iyundagi “Oʻquvchi va talaba yoshlarni sportga jalb qilishga qaratilgan uzluksiz respublika sport musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi 181-son qarori rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining “Umid nihollari”, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilarining “Barkamol avlod” hamda oliy taʼlim muassasa talabalarining “Universiada” Respublika sport musobaqalarining final bosqichlarini davriy ravishda oʻtkazish tizimi shakllanganligi hamda oʻtkazish rejasi tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalarning viloyat bosqichlarini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Tashkiliy qoʻmitaga mazkur sport musobaqalarini oʻtkazish yuzasidan alohida dasturlar ishlab chiqish va tasdiqlash vazifasi yuklatilsin.
Ushbu dasturlarda quyidagilar nazarda tutilsin:
sport musobaqalari viloyat Xalq taʼlimi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi boshqarmalariga hamda oliy oʻquv yurtlariga sport va jismoniy tarbiya tadbirlariga ajratilgan mablagʻlar doirasida, shuningdek homiylarning mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlarni jalb etgan holda oʻtkazilishi;
sport musobaqalarining viloyat bosqichlari boʻlib oʻtadigan hududlar va u yerda joylashgan infratuzilma obyektlarini talab darajasida tayyorlash va zamonaviy asosda jihozlash;
sport musobaqalari davomida har qaysi ishtirokchining qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini kamol toptirish, buyuk ajdodlarimizning mardlik va jasurlik anʼanalarini munosib davom ettirishga qodir insonlar boʻlib etishishiga xizmat qiladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar dasturini amalga oshirish.
5. Viloyat hokimligi Moliya (K. Umarxonov) boshqarmasi sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish, oʻquvchilarni qatnashishlari uchun tegishli yil budjet parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
6. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga (Mullajonov) sport musobaqalari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar oʻtadigan hamda qatnashchilar yashaydigan joylarda jamoat va transport harakati xavfsizligini taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
7. Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi (A. Axmedov) sport musobaqalari ishtirokchilarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va musobaqalar davrida tibbiy xizmat koʻrsatishni tashkil etsin, sportchilarning dam olish, ovqatlanish joylarida sanitariya va gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasin.
8. Viloyat hokimi matbuot kotibi (R. Aripov) ommaviy axborot vositalarida mazkur sport musobaqalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish jarayonini keng yoritib borilishini taʼminlasin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari S. Abdullayev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyul,
143-son
Toshkent viloyati hokimining 2009-yil 10-iyuldagi 143-sonli qaroriga ILOVA
“Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va “Universiada” sport musobaqalarining viloyat bosqichlarini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
tarkibi
