Yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilarga tariflar joriy qilinishi toʻgʻrisida (330-son)
22.05.2008
Toshkent shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Shahar yoʻlovchilar transporti toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻz-oʻzini moliyalashtirish, aholiga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, shuningdek yoʻlovchi tashish transporti samaradorligini oshirish maqsadida Moliya vazirligining 2008-yil 31-martdagi YOT/15-04-18-11/28-1014 va YOT/15-04-18-11/29-1015-sonli xatlariga asosan qaror qilaman:
1. Toshkent shahri xududida 2008-yil 20-maydan yunalishli taksida bitta yoʻlovchi tashish chegaralangan tarifi 1 km masofa uchun 30 soʻm miqdorida (Qoʻshimcha qiymat soligʻi bilan) belgilansin va bunda shahar yulovchi avtobus yoʻnalishlaridagi chegaralangan narxdan (300 soʻmdan) kam boʻlmasin.
2. Yoʻlovchilarga yoʻl kira haqini toʻlashni qulaylashtirish maqsadida yoʻnalishli taksilarda yoʻl kira haqi miqdorini 50 soʻmgacha yaxlitlashtirilsin.
3. Yoʻnalishsiz taksilarda yoʻlovchilarni tashishda yoʻl kira haqining chegaralangan narxi bosib oʻtilgan masofaning 1 km uchun 335 soʻmgacha mikdorida belgilansin.
4. Toshkent shahar hokimligining yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish Departamenti boshligʻi (Y.A. Aripdjanov):
4.1. bir oy muddatda yoʻnalishli taksilarning yoʻnalishlari 10 km dan kam boʻlgan masofalarini uzaytirish boʻyicha belgilangan tartibda tegishli choralar koʻrilsin;
4.2. ushbu qaror talablaridan kelib chiqqan holda bir oy muddatda qonunchilik doirasida yoʻlovchilarni tashuvchi tashkilotlar va korxonalar bilan tuzilgan tender shartnomalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Toshkent shahar monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash hududiy boshqarmasi (N.Q. Xolmurodov) va Toshkent shahar hokimligining yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish departamenti (Y.A. Aripdjanov) belgilangan tariflarni oshib ketmasligi yuzasidan doimiy monitoring yuritilishini taʼminlansin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari, “Toshshahartransxizmat” uyushmasi raisi Sh.Sh. Muhamedjonov va Toshkent shahar hokimligining yoʻlovchi transportining barcha turlari harakatini litsenziyalash va muvofiqlashtirish Departamenti boshligʻi Y.A. Aripdjanov zimmalariga yuklatilsin.
Hokim A. TOʻXTAYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 22-may,
330-son
