Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida suv taʼminotini yaxshilash loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilingan xorijiy kredit va qarz mablagʻlariga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatishni taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (66-son)
07.03.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisining suv taʼminotini yaxshilashga yoʻnaltirilgan loyihalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan va uning kafolatlari ostida jalb qilingan qarzlar va kreditlar boʻyicha majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida suv taʼminoti tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlar 1-ilovaga muvofiq;
“Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida ichimlik suv taʼminoti tizimini takomillashtirish” loyihasining tuzatish kiritilgan texnik-iqtisodiy asoslanishining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 2-ilovaga* muvofiq;
*2-ilova berilmaydi.
Osiyo taraqqiyot bankining qarzi, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan Osiyo taraqqiyot bankining, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot bankining, Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasining va “Nateksis” (Fransiya) bankining ilgari jalb qilingan qarzlari va kreditlari yuzasidan asosiy qarzni va qarz boʻyicha foizlarni toʻlash xarajatlarini qoplash ulushlari 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*3-ilova berilmaydi.
2. Quyidagilar Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi va “Nateksis” (Fransiya) bankining jalb qilingan qarzlari va kreditlarini qoplash, shuningdek foizlarni toʻlash manbalari etib belgilansin:
respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablagʻlari, shu jumladan boʻsh qoldiqlar, yil mobaynida daromadlar prognozini oshirib bajarish, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va Xorazm viloyati budjeti xarajatlarini maqbullashtirish yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida boʻshab qoladigan mablagʻlar;
suv taʼminoti tashkilotlarining oʻz mablagʻlari.
3. Oʻzbekiston “Oʻzkommunxizmat” agentligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Xorazm viloyati hokimligiga:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati suv taʼminoti tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish boʻyicha kompleks tadbirlar oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;
Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi va “Nateksis” (Fransiya) bankining jalb qilingan qarzlari va kreditlari boʻyicha mablagʻlarni jamlash va qaytarish tartibi ishlab chiqilishi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlash;
tegishli suv taʼminoti tashkilotlari tomonidan Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Arab iqtisodiy taraqqiyot Quvayt jamgʻarmasi va “Nateksis” (Fransiya) bankining qarzlari va kreditlari boʻyicha asosiy qarzni qoplash va foizlarni toʻlash uchun zarur mablagʻlar oʻz vaqtida jamlanishini nazorat qilish masʼuliyati yuklansin.
4. “Oʻzkommunxizmat” agentligi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-mart,
66-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-martdagi 66-son qaroriga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyati suv taʼminoti tashkilotlarining ish samaradorligini oshirish boʻyicha
kompleks tadbirlar
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 11-son, 117-modda)
