“Mustahkam oila yili” davlat dasturi toʻgʻrisida (PQ-1717-son)
27.02.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jamiyatimizning asosi boʻlmish oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarni, ayniqsa yosh oilalarni huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish hamda qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish borasida olib borilayotgan barcha ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini oshirish, mustahkam, sogʻlom oilani shakllantirishda mahallaning mavqeyini mustahkamlash va rolini kuchaytirishga doir aniq maqsadga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida, shuningdek 2012-yil Oʻzbekiston Respublikasida “Mustahkam oila yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 13-dekabrdagi F-3760-son farmoyishi bilan tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan manfaatdor vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat hamda nohukumat tashkilotlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Oila sogʻlom ekan — jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan — mamlakat barqaror” degan insonparvar tamoyildan kelib chiqqan holda, quyidagilar “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirishning eng muhim yoʻnalishlari etib belgilansin:
bugungi kun talablarini hisobga olgan holda qonunchilik va normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, amaldagi qonun hujjatlariga oila institutini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan zarur oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, yangi qonunlar, qoida va normalarni ishlab chiqish, bu masalaga jamiyatimiz eʼtiborini yanada kuchaytirish;
yosh oilalarga eʼtibor va gʻamxoʻrlikni kuchaytirish, ularni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishni taʼminlash, moddiy va maʼnaviy jihatdan keng qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan qulay va shinam uy-joy bilan taʼminlash, zarur imtiyoz va afzalliklar berish;
jamiyatimiz va kundalik hayotimizda mahalla institutining rolini yanada kuchaytirish va maqomini oshirish, Mustahkam oila yili maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etishda mahalla va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari ahamiyatini, yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash hamda shakllantirishda ularning taʼsirini kuchaytirish, yosh oilalarga zarur koʻmak va yordam berish;
oila, birinchi navbatda, ehtiyojmand oilalarning muammolarini hal etishda davlat va jamiyat tomonidan gʻamxoʻrlikni yanada kuchaytirish, ularga moddiy yordam koʻrsatish va farzandlarni tarbiyalashda ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, bunda oilani mustahkamlashda asosiy yukni oʻz yelkasiga olgan ayollarga alohida eʼtibor qaratish;
“Sogʻlom ona – sogʻlom farzand” tamoyiliga muvofiq oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish;
jamiyatimizning maʼnaviy negizlarini yanada rivojlantirish, azaliy milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va mustahkamlash, jamiyatimizda yuksak maʼnaviy muhitni keng qaror toptirish, milliy mentalityetimizga mutlaqo yot boʻlgan va kuchayib borayotgan turli xil zararli taʼsirlarga qarshi turishda oilaning oʻrni va ahamiyatini oshirish;
jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalashda oilaning rolini kuchaytirish va shu maqsadda oila institutining taʼlim hamda tarbiya muassasalari bilan oʻzaro amaliy hamjihatligini mustahkamlash, ularning yaqin va samarali hamkorligini taʼminlash.
2. Respublika komissiyasi (Sh.M.Mirziyoyev) zimmasiga “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining amalga oshirilishini tashkillashtirish va monitoring qilish vazifalari yuklatilsin.
Respublika komissiyasi:
ikki hafta muddatda, “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining ustuvor yoʻnalishlari va tadbirlaridan kelib chiqqan holda, respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat tashkilotlari tomonidan har bir idora, viloyat, shahar, tuman va aholi punkti boʻyicha “Mustahkam oila yili”ning hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini taʼminlasin;
“Mustahkam oila yili” Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida bajarish boʻyicha respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar darajasida ishlar aniq-puxta muvofiqlashtirilishini tashkil etsin, Dastur amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;
Dasturning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi materiallarni yilning har choragida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislarida koʻrib chiqsin;
har chorak yakunlari boʻyicha “Mustahkam oila yili” Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlar bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berib borsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh.M.Mirziyoyev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlarda (shaharlarda) “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar, tumanlar hokimlari boshchiligida hududiy komissiyalar tuzilishini taʼminlasin, ularning zimmasiga Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar tegishli hududlarda ogʻishmay va toʻliq hajmlarda amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlikni yuklasin.
4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari:
aholi, ayniqsa yosh oilalar oʻrtasida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalarini, davlat tomonidan oilalarni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish hamda mustahkamlash boʻyicha unda belgilangan chora-tadbirlarni muntazam va keng koʻlamda tushuntirib borilishini;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarning Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga qoʻshgan aniq hissasini aks ettirgan holda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturining amalga oshirilishi toʻgʻrisida keng jamoatchilik doimo xabardor qilib turilishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 27-fevral,
PQ-1717-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 27-fevraldagi PQ-1717-son qaroriga ILOVA
“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi
Eslatma:
Normativ-huquqiy hujjat turlari qayta koʻrib chiqilishi yoki tegishli huquqiy munosabatlarni tartibga solish sohasi va predmetiga bogʻliq holda yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 10-son, 99-modda)
