Toshkent shahrida joylashgan shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish tartibi toʻgʻrisida (135-son)
10.03.2011
Toshkent shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlarga va boshqa toponimik obyektlarga nom berish ishlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 383-sonli qarori ijrosi boʻyicha olib borilayotgan ishlar koʻlamining sifatini yanada oshirish hamda manfaatdor tashkilotlarning taklif va istaklarini inobatga olib, Toshkent shahridagi shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish ishlarini tartibga solish maqsadida qaror qilaman:
1. “Toshkent shahrida joylashgan shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish tartibi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin
2. Tuman hokimliklari:
Oʻz tasarrufidagi shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va binolarga koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish ishlarida ushbu tartibga qatʼiy amal qilsin.
3. Obodonlashtirish bosh boshqarmasi (A.Rizashov):
Tuman Obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan shaxsiy uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va binolarga koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish yuzasidan olib boradigan ishlarni ushbu tartib asosida muvofiqlashtirsin.
4. Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi (R.Hikmatullayev), Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasi (A.Nabiyev): Koʻp qavatli turar joy binolarini tartibli raqamlash ishlarini ushbu tartib talablariga moslashtirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish Davlat qoʻmitasining Toshkent shahar boshqarmasi (I.Nusurov), Yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi (B.Toʻlaganov), “Toshgiprogor” OAJ (S.Azizov), Toshkent bosh reja loyihalash va ilmiy Tadqiqot instituti (A.Haydarov), “Mahalla” jamgʻarmasining shahar boʻlimi (B.Ismanov):
Oʻz vakolati doirasida bino va inshootlarning tartib raqamiga oid masalalarni hal etishda ushbu tartibga asoslanishni nazarda tutsinlar.
6. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Toshkent shahar hokimining oʻrinbosari F.T.Ziyayev zimmasiga yuklansin.
Hokim vazifasini bajaruvchi R. USMONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-mart,
135-son
Toshkent shahar hokimining 2011-yil 10-martdagi 135-sonli qaroriga ILOVA
Toshkent shahrida joylashgan shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish
tartibi
Ushbu tartibni amalga joriy etishdan asosiy maqsad, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 11-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasidagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlarga va boshqa toponimik obyektlarga nom berish ishlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 383-sonli qarori ijrosi boʻyicha olib borilayotgan ishlar koʻlamining sifatini yanada oshirish hamda manfaatdor tashkilotlarning taklif va istaklarini inobatga olib, Toshkent shahridagi shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish ishlarini tartibga solishdan iborat.
Mazkur tartibda Toshkent shahrida joylashgan shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy binolar, korxona va tashkilotlar, madaniy-maishiy muassasalar, sport majmualari, tadbirkorlik subyektlari, savdo va umumovqatlanish maskanlari joylashgan binolarni raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish tartibi izohlangan.
Amalda foydalanish uchun taklif etilayotgan ushbu tartib koʻcha yoʻnalishiga talab darajasida koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish, shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy binolar, korxona va tashkilotlar, muassasalar, tadbirkorlik subyektlari, savdo va umumovqatlanish maskanlari, muassasalar joylashgan binolarni tartibli raqamlash, bu boradagi ishlarni izchil yoʻlga qoʻyish, mavjud chalkashliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish borasida dastur amal boʻlib xizmat qiladi.
1. Shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy binolar, korxona va tashkilotlar, muassasalar, biznes subyektlari, savdo va umumovqatlanish maskanlari, muassasalar joylashgan binolarning tartibli raqami asosiy talabga, yaʼni manzilni tez va oson topishga xizmat qilishi lozim.
2. Yangi shaxsiy turarjoy uchastkalari va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy binolar, korxona va tashkilotlar, madaniy-maishiy muassasalar, sport majmualari, tadbirkorlik subyektlari, savdo va umumovqatlanish maskanlari hamda shu kabi boshqa inshootlar bunyod etilishi, Toshkent shahriga viloyatdan qoʻshilgan maʼmuriy-hududiy birliklar munosabati bilan joylarda tartibli raqamlash amallari bajariladi.
3. Mahalliy hududlarda fuqarolarga tegishli boʻlgan yangi shaxsiy uy-joy uchastkalarini tartibli raqamlash Toshkent shahar hokimligi tomonidan joydagi koʻchalarga nom berilgandan soʻng amalga oshiriladi.
Yangi koʻchalarga nom berilmasdan fuqarolarga maʼlumot berilishi zarur holatlarda fuqaroga yer boʻlagi ajratish toʻgʻrisidagi qarorda qayd etilgan tartib raqamidan vaqtincha foydalanish mumkin.
4. Uy-joylarga tartibli raqam berilishi barcha turdagi (shox koʻcha, koʻcha, tor koʻcha, berk koʻcha) koʻchalarning boshlanish tarafidan amalga oshiriladi. Koʻchaning boshlanish tarafini shartli ravishda shahardan tashqariga qarab yoki asosiy koʻchadan kirish yoʻnalishi asos qilib olinadi. Koʻcha boshidan boshlab chap tomonga toq, oʻng tomonga juft raqamlari beriladi.
5. Koʻcha yoʻnalishidagi uy-joy va maʼmuriy binolar oraligʻida paydo boʻlgan yangi inshootga yondosh binoning tartib raqamidan kelib chiqib, misol tariqasida 1a, 16, 1v, 1g shaklda harflanadi yoki 1/1, 1/2, 1/3,1/4 koʻrinishda droblanadi.
6. Bir hovlida keyingi oila uchun uy-joy qilinib, unga alohida darvoza ochilsa, uy egasining boʻlinish toʻgʻrisidagi asosli hujjatlari ilova qilingan arizasiga asosan unga darvoza ochilgan koʻcha tomondan shu koʻchadagi qoʻshni raqamlarining oshib borishi tartibi boʻyicha kichik raqam oldiga a,b, v harfi bilan tegishli tartib raqam beriladi.
7. Koʻchaning nomi oʻzgarishi hamda bir yoʻnalishdagi bir necha koʻcha nomlarining yaxlitlanishi munosabati bilan joydagi bino va inshootlarning tartib raqamlari qayta koʻrib chiqilib, takror tartib raqamlari mavjud boʻlsa, ularni talab darajasida qayta raqamlash talab etiladi.
Yuqoridagi amallar bajarilishi jarayonida qayta takrorlikka yoʻl qoʻymaslik qatʼiy talab etiladi.
Takror tartib raqamlarini tartibga keltirish jarayoni bino egalariga ortiqcha muammo tugʻdirmasligi, aksincha ularning manzili aniq boʻlishiga xizmat qilishi lozim.
8. Toshkent shahar hokimligining koʻchalar nomini oʻzgartirishga oid qarorlari yoʻnalishdagi mavjud tartib raqamlariga taʼsir etmaydi,
9. Koʻcha koʻrsatkichlari shartli ravishda asosiy koʻchadan kirib kelishda toʻgʻri koʻrinadigan holda binoga 2,5 metr balandlikka oʻrnatiladi.
Oʻrnatiladigan koʻcha koʻrsatkichlari maʼlum masofadan aniq koʻzga tashlanishi lozim. Koʻcha koʻrsatkichlarining aniq koʻrinishiga xalaqit beradigan holatlar mavjud boʻlganida, koʻcha koʻrsatkichi binoning boshqa tarafiga oʻrnatilishi mumkin.
10. Koʻcha koʻrsatkichlari shoh va asosiy koʻchalarda har 200 — 250 metr, tor koʻchalarda har 50 — 100 metr, berk koʻchalarda har 50 metr uzunlik oraligʻida oʻrnatiladi.
11. Barcha turdagi koʻchalar, jumladan tor va berk koʻchalar kesishmasida koʻcha koʻrsatkichlari boʻlishi shart.
12. Toshkent shahar hokimligining joy nomlarini oʻzgartirishga oid qarorlari asosida barcha turdagi koʻchalarga tegishli koʻcha koʻrsatkichlarini tayyorlash va oʻrnatish hamda koʻcha yoʻnalishida joylashgan shaxsiy turar joy uchastkalarini tartibli raqamlash hamda yoʻnalishdagi korxona va tashkilotlar, muassasalar, savdo va umumovqatlanish maskanlari, restoranlar, toʻyxonalar, dorixonalar va boshqa madaniy-maishiy va ijtimoiy tashkilotlar maʼmuriyati va tadbirkorlik subyektlari arizasiga binoan ularni tartibli raqamlash tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
13.Shaxsiy turar joy uchastkalarini raqamlash birlamchi tarzda joydagi mahalla raisi yoki uning faollari ishtirokida olib boriladi.
Shaxsiy turar-joy uchastkalariga, madaniy, maʼrifiy, ijtimoiy va maishiy inshootlarga berilgan tartib raqamlari surguchlangan va betlari raqamlangan alohida kitobda qayd etiladi.
14. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi shaxsiy uy-joylar, madaniy, maʼrifiy, ijtimoiy va maishiy inshootlarning tartib raqami boʻyicha mahallani, yozma ravishda murojaat etgan fuqaroni hamda bino yoki inshoot egasini xabardor etadi.
Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi oʻz vakolati doirasida tegishli davlat tuzulmalarining shaxsiy uy-joylar hamda tegishli bino va inshootlarning tartibli raqami boʻyicha kiritgan soʻrovnomasiga javob beradi.
15. Shaxsiy uy-joy uchastkalariga va mavjud madaniy, maʼrifiy, ijtimoiy va maishiy inshootlarga berilgan tartibli raqamni darvozaga yoki binoga oʻrnatish ishlari uy va bino egalari tomonidan amalga oshiriladi.
16. Shaxsiy turar joy uylarining darvozalari yoki eshiklarida tartib raqami boʻlishiga oid ishlarni joydagi Fuqarolarni oʻzini oʻzi boshqarish yigʻini, yaʼni mahalla raislari muvofiqlashtirib boradi.
17. Tuman hokimligi tomonidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi orqali koʻchalarga koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish, shaxsiy turar joy uylariga, madaniy, maʼrifiy va maishiy binolarga tartibli raqamlar berish ishlari nazorat qilinadi.
18. Yangidan bunyod etilgan koʻp qavatli turar joy binolarini tartibli raqamlash loyihalash institutlari, buyurtmachi tashkilotlar, tuman arxitektori va boshqa tegishli tashkilotlarning tavsiyasiga binoan hududiy tuman hokimligining qarori bilan amalga oshiriladi. Bunda tartibli raqamlarning ketma-ketligi taʼminlanishi shart.
19. Mavzelarda va koʻcha yoʻnalishida joylashgan koʻp qavatli turar-joy binolarining tartibli raqamlanishi Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi tomonidan Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari bilan hamkorlikda muvofiqlashtiriladi.
20. Koʻp qavatli binolarga oʻrnatiladigan tartib raqami hajmi kamida 30x40 sm koʻrinishida boʻlishi kerak.
21. Koʻp qavatli uylardagi mavjud raqamlar chalkashligi tegishli xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va mahalla raislarining tavsiyasiga binoan tuman hokimi tomonidan tartibga solinadi.
Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari oʻz tasarruflaridagi koʻp qavatli uylarning tartib raqami boʻyicha fuqarolarga tegishli maʼlumotlar hamda davlat tuzulmalarining soʻrovnomalariga javoblar beradi.
*Izoh. Ushbu tartib Toshkent shahar Adliya boshqarmasi, Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmasi va tegishli mutaxassislar bilan kelishgan holda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toponimiya komissiyasi va Obodonlashtirish bosh boshqarmasining Toponimiya va tashqi bezash boʻlimi tomonidan tayyorlangan.
