Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2327-son)
16.02.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 16-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2327]
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52 (I)-son), Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 232-modda) 7-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 561-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 20-yanvar,
4-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 20-yanvar,
2012-1-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2012-yil 20-yanvardagi 4, 2012-1-son qaroriga ILOVA
Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52 (I)-son), Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi, 1997-y., 9-son, 232-modda) 7-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ–1675-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 561-modda) muvofiq paxta tolasini respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 29-avgustdagi PQ-456-son “Paxta tolasini sotish va uning uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 36-son, 359-modda) 1-bandiga muvofiq paxta tolasini qayta ishlovchi respublika korxonalariga (bundan buyon matnda respublika ichki isteʼmolchilari deb yuritiladi) paxta tolasini realizatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining tashqi savdo kompaniyalari (bundan buyon matnda TIAISV kompaniyalari deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi (bundan buyon matnda OʻzRTXB deb yuritiladi) orqali erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi.
Respublikaning alohida ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlaridagi korxonalarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra paxta tolasi “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalari (bundan buyon matnda “Paxtasanoat” HAB deb yuritiladi) bilan toʻgʻridan toʻgʻri tuziladigan shartnomalar asosida realizatsiya qilinishi mumkin.
2. Paxta tolasini respublika ichki isteʼmolchilariga TIAISV kompaniyalari va OʻzRTXB orqali realizatsiya qilish va paxta tolasi uchun hisob-kitoblar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 29-avgustdagi PQ-456-son “Paxta tolasini sotish va uning uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
II bob. Paxta tolasini “Paxtasanoat” HABga realizatsiya qilishda paxta tozalash zavodlari tomonidan hisobvaraq- fakturalarda qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini aks ettirish
3. Paxta tozalash zavodlari tomonidan respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilish uchun moʻljallangan paxta tolasini “Paxtasanoat” HABga realizatsiya qilish konditsion ogʻirlikda ulgurji preyskurant narxlarda qoʻshilgan qiymat soligʻining 20 foiz stavkasi qoʻllanilgan holda amalga oshiriladi.
4. Hisobvaraq-fakturalar paxta tozalash zavodlari tomonidan paxta tolasi boʻyicha “Paxtasanoat” HABning naryadlari asosida yoziladi.
Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilish uchun moʻljallangan paxta tolasi boʻyicha hisobvaraq-fakturalarni paxta tozalash zavodlari tomonidan toʻldirish shakli va misoli mazkur Nizomning 1-ilovasida keltirilgan.
III bob. Respublika ichki isteʼmolchilariga paxta tolasini realizatsiya qilishda “Paxtasanoat” HAB va TIAISV kompaniyalari tomonidan hisobvaraq-fakturalarda qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini aks ettirish
5. Paxta tolasini respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda “Paxtasanoat” HAB qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini oʻz ichiga oluvchi vositachilik haqidan kelib chiqqan holda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqaradi.
6. Paxta tolasini OʻzRTXB orqali va toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalari boʻyicha respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda, shuningdek paxta tolasini TIAISV kompaniyalari orqali respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda “Paxtasanoat” HAB tomonidan yozib beriladigan hisobvaraq-fakturalarni toʻldirish shakllari va misollari mazkur Nizomning 2 va 2a-ilovalarida keltirilgan.
“Paxtasanoat” HAB yozib berilayotgan hisobvaraq-fakturada paxta tolasi qiymatini va qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini tegishincha ajratib koʻrsatgan holda vositachilik haqi summasini alohida satrlarda ajratib koʻrsatadi.
Bunda, hisobvaraq-fakturalar mazkur Nizomga muvofiq qatʼiy amal qilgan holda maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
7. TIAISV kompaniyalari paxta tolasini respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda hisobvaraq-fakturada “Paxtasanoat” HAB hisobvaraq-fakturalarida koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini, shuningdek kompaniyaning vositachilik haqidagi qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini ajratib koʻrsatadilar.
Paxta tolasini respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda TIAISV kompaniyalari tomonidan hisobvaraq-fakturalarni toʻldirish shakli va misoli mazkur Nizomning 2b-ilovasida keltirilgan.
IV bob. Paxta tolasi boʻyicha hisobga olinadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi
8. “Paxtasanoat” HAB va TIAISV kompaniyalari tomonidan yozib beriladigan hisobvaraq-fakturada ajratib koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 218-moddasida nazarda tutilgan tartibda respublika ichki isteʼmolchilari tomonidan hisobga olinadi.
9. Agar respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinayotgan paxta tolasining jahon bahosi (15 foiz miqdoridagi chegirmani chiqarib tashlagan holda), preyskurant bahosidan (qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olgan holda) past boʻlsa, hisobga olinishi lozim boʻlgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi preyskurant bahosidan emas, haqiqatda realizatsiya qilish bahosidan kelib chiqib, hisob-kitob yoʻli bilan quyidagi formula orqali aniqlanadi:
Qoʻshilgan qiymat soligʻi = Jahon bahosi (chegirmani hisobga olgan holda) x 20/120
Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Paxta tolasini keyinchalik respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilish uchun “Paxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmalariga realizatsiya qilishda paxta tozalash zavodlari tomonidan hisobvaraq-fakturani toʻldirish
MISOLI
Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Paxta tolasini OʻzRTXB orqali va toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar boʻyicha respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda “Paxtasanoat” HAB tomonidan hisobvaraq-fakturani toʻldirish
MISOLI
* Agar ushbu xizmatlar QQS toʻlovchisi boʻlgan korxonalar tomonidan koʻrsatilgan boʻlsa va hisobvaraq-fakturalarda QQS summasi ajratib koʻrsatilgan boʻlsa, QQS aks ettiriladi.
Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2a-ILOVA
Paxta tolasini TIAISV kompaniyalari orqali respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilishda “Paxtasanoat” HAB tomonidan hisobvaraq-fakturani toʻldirish
MISOLI
* Agar ushbu xizmatlar QQS toʻlovchisi boʻlgan korxonalar tomonidan koʻrsatilgan boʻlsa va hisobvaraq-fakturalarda QQS summasi ajratib koʻrsatilgan boʻlsa, QQS aks ettiriladi.
Respublika ichki isteʼmolchilariga realizatsiya qilinadigan paxta tolasiga qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2b-ILOVA
TIAISV kompaniyalari orqali paxta tolasini respublika korxonalariga realizatsiya qilishda hisobvaraq-fakturani toʻldirish
MISOLI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 7-son, 74-modda)
