Chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida (2328-son)
16.02.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 16-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2328]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 561-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2012-yil 3-fevral,
12-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 3-fevral,
2012-7-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2012-yil 3-fevraldagi 12, 2012-7-son qaroriga ILOVA
Chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 52-son, 561-modda) muvofiq chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini (keyingi oʻrinlarda zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi deb yuritiladi) hisoblab chiqarish va toʻlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2012-yil 1-yanvardan boshlab chakana savdo tarmogʻida oltindan ishlangan zargarlik buyumlarini sotishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda aksiz soligʻi toʻlaydi.
2. Mazkur Nizom qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chakana savdo tarmogʻida oltindan ishlangan zargarlik buyumlarini sotishni (keyingi oʻrinlarda chakana savdo deb yuritiladi), shu jumladan davlat daromadiga oʻtkazilgan oltindan ishlangan zargarlik buyumlarini sotishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslarga tatbiq etiladi.
3. Mazkur Nizom maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
zargarlik buyumlarining chakana savdosi — zargarlik buyumlarini ixtisoslashgan zargarlik doʻkonlari, firma doʻkonlari, univermag, savdo markazlari va komplekslarining boʻlimlari, seksiyalari orqali chakana savdo tarmogʻida (shu jumladan vositachilik savdosi) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotish;
zargarlik buyumlari — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tamgʻalanishi lozim boʻlgan va asillik darajasiga ega boʻlgan oltin buyumlar;
zargarlik buyumining ogʻirligi — zargarlik buyumining tamgʻalangan yorliqda koʻrsatilgan (biriktirilgan (tabiiy, sunʼiy yoki rekonstruksiya qilingan) qimmatbaho va yarim qimmatbaho tosh ogʻirligini inobatga olgan holda) grammdagi yaxlitlanmagan massasi.
II. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi toʻlovchilari, soliq solish obyekti, soliq solinadigan baza
4. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi toʻlovchilari boʻlib zargarlik buyumlari chakana savdosini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar (keyingi oʻrinlarda toʻlovchilar deb yuritiladi) hisoblanadi.
5. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi solish obyekti boʻlib zargarlik buyumlari chakana savdosi hisoblanadi.
6. Soliq solinadigan baza zargarlik buyumining ogʻirligi hisoblanadi.
III. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi stavkalari
7. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi stavkasi 1 gramm ogʻirlikdagi zargarlik buyumi uchun 10 AQSh dollari ekvivalenti miqdorida belgilanadi.
8. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi stavkasining soʻmdagi ekvivalentini aniqlash uchun zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi hisoblab chiqarilayotgan oydan oldin keluvchi oyning soʻnggi kunida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs qoʻllaniladi.
IV. Hisobot davri. Soliq davri
9. Soliq va hisobot davri yil choragidir.
V. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqish
10. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻining summasi soliq solinadigan baza va belgilangan stavkadan kelib chiqib quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
S = (V x A), bunda:
S — zargarlik buyumlariga aksiz soligʻining summasi;
V — zargarlik buyumining ogʻirligi;
A — zargarlik buyumlariga aksiz soligʻining stavkasi.
11. Sotilgan zargarlik buyumlari boʻyicha soliq solinadigan bazani aniqlash uchun toʻlovchilar Sotilgan zargarlik buyumlari reyestrini yuritadilar.
Davlat daromadiga oʻtkazilib sotilgan zargarlik buyumlari boʻyicha alohida Sotilgan zargarlik buyumlari reyestri yuritiladi.
Sotilgan zargarlik buyumlari reyestrining shakli ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan.
VI. Chegirma summasini aniqlash
12. Toʻlovchilar budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarishda tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda zargarlik buyumlari boʻyicha ham Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olingan, ham ularni olib kirishda toʻlangan aksiz soligʻi summasini chegirish huquqiga ega.
13. Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha aksiz soligʻi toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlar quyidagilardir:
hisobvaraq-faktura;
bojxona yuk deklaratsiyasi.
14. Chegirilishi lozim boʻlgan aksiz soligʻi summasini aniqlash uchun toʻlovchilar ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestrini yuritishlari lozim.
Bunda, Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestriga faqat aksiz soligʻi ajratib koʻrsatilgan hisobvaraq-fakturalar kiritiladi.
15. Toʻlovchilar, shuningdek quyida keltirilgan hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yuridik shaxslardan sotib olingan import zargarlik buyumlari boʻyicha aksiz soligʻini chegirish huquqiga ega:
sotilgan zargarlik buyumlariga hisobvaraq-faktura;
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga zargarlik buyumlarini olib kirishda aksiz soligʻi haqiqatda toʻlanganligini tasdiqlovchi bojxona yuk deklaratsiyasi.
Zargarlik buyumlarini import qiluvchi — yetkazib beruvchilardan (keyingi oʻrinlarda import qiluvchi — yetkazib beruvchilar deb yuritiladi) olingan hisobvaraq-fakturalar boʻyicha chegirilishi lozim boʻlgan aksiz soligʻi summasi toʻlovchi tomonidan hisob-kitob yoʻli bilan taqdim etilgan hujjatlar asosida Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestrida quyidagi tartibda koʻrsatiladi:
1 gramm ogʻirlikdagi zargarlik buyumi uchun aksiz soligʻi summasi aniqlanadi — aksiz soligʻining umumiy summasini bojxona yuk deklaratsiyasida koʻrsatilgan zargarlik buyumining umumiy ogʻirligiga boʻlish orqali;
chegirilishi lozim boʻlgan zargarlik buyumiga aksiz soligʻi summasi aniqlanadi — 1 gramm ogʻirlikdagi zargarlik buyumi uchun aksiz soligʻi summasi import qiluvchi — yetkazib beruvchi hisobvaraq-fakturasida koʻrsatilgan zargarlik buyumining umumiy ogʻirligiga koʻpaytiriladi.
Masalan, toʻlovchi qimmatbaho toshlar biriktirilgan (umumiy ogʻirligi 60 gramm boʻlgan 15 dona) bir partiya tilla uzuklarini import qiluvchi — yetkazib beruvchidan sotib oldi. Bojxona yuk deklaratsiyasi boʻyicha oltindan ishlangan zargarlik buyumlarining umumiy ogʻirligi 180 grammni tashkil etib, ular boʻyicha 3 231 000 soʻm aksiz soligʻi toʻlandi. Shu tariqa, 1 gramm ogʻirlikdagi zargarlik buyumiga toʻgʻri keluvchi zargarlik buyumining import qiluvchi — yetkazib beruvchisiga toʻlangan aksiz soligʻi summasi quyidagicha: 3 231 000/180 = 17 950 soʻm. Mos ravishda, toʻlovchi tomonidan chegirilishi lozim boʻlgan zargarlik buyumiga aksiz soligʻi summasi quyidagicha: 17 950 x 60 = 1 077 000 soʻm.
16. Soliq davri uchun zargarlik buyumlariga aksiz soligʻining chegirish summasi sotib olingan zargarlik buyumlariga toʻlangan aksiz soligʻi summasidan, biroq ushbu soliq davri uchun zargarlik buyumlariga hisoblangan aksiz soligʻi summasidan oshmagan summadan kelib chiqib aniqlanadi.
Masalan, Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestrida koʻrsatilgan sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha aksiz soligʻining umumiy summasi 8 900 ming soʻmni tashkil etadi.
Soliq davrida umumiy ogʻirligi 100 gramm, umumiy summasi 14 450 ming soʻm boʻlgan zargarlik buyumlari sotildi. Zargarlik buyumlariga hisoblangan aksiz soligʻi summasi = 100 x 10 = 1 000 AQSh dollari yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan avvalgi oyning soʻnggi kuniga belgilangan kurs boʻyicha 1 795 ming soʻmni tashkil etadi (1 AQSh dollari = 1 795 soʻm).
Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi boʻyicha chegirish summasi ham 1 795 ming soʻmni tashkil etadi, chunki soliq davrida zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi boʻyicha chegirish summasi zargarlik buyumlariga hisoblangan aksiz soligʻi summasidan oshmasligi lozim. Chegirilishi lozim boʻlgan aksiz soligʻining qolgan summasi 7 105 ming soʻm (8 900 – 1 795) kelgusi soliq davrida chegirilishi lozim va mos ravishda ushbu soliq davrida budjetga toʻlanishi lozim boʻlgan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻining summasi “0”ga teng.
Agar soliq davrida chegirish summasi zargarlik buyumlariga hisoblangan aksiz soligʻi summasidan kam boʻlsa, chegirish haqiqatdagi summadan kelib chiqib qoʻllaniladi.
VII. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi hisob-kitobini taqdim etish va toʻlovi
17. Toʻlovchilar soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi hisob-kitobini yilning har choragida, hisobot choragidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay, ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shaklda taqdim etadi.
18. Toʻlovchilar Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi hisob-kitobi bilan birga ushbu Nizomning 11 va 14-bandlarida koʻrsatilgan Sotilgan zargarlik buyumlari reyestri va Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha hisobvaraq-faktura-fakturalar reyestrini taqdim etadilar.
19. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi har oyda, hisobot oyidan keyingi oyning 25-kunidan kechiktirmay budjetga toʻlanadi.
20. Zargarlik buyumlariga aksiz soligʻi summasi sotish narxida hisobga olinadi va yagona soliq toʻlovi boʻyicha soliq solinadigan bazaga kiritilmaydi.
21. Qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda sud ijrochilari boʻlimlarining maxsus hisobvaragʻiga oʻtkazilishi lozim boʻlgan davlat daromadiga oʻtkazilgan sotilgan zargarlik buyumlari boʻyicha pul mablagʻlari summasi aksiz soligʻi va savdo chegirmasi summasiga kamaytiriladi.
VIII. Yakunlovchi qoidalar
22. Soliq toʻlovchilar ushbu Nizom talablarini hisobga olgan holda zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini toʻgʻri hisoblab chiqarilishiga va qonun hujjatlariga muvofiq oʻz vaqtida toʻlanishiga javobgardirlar.
23. Davlat soliq xizmati organlari qonun hujjatlariga muvofiq zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini toʻgʻri hisoblab chiqarilishi va toʻlanishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
Chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
* Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 20__ yil “___” __________ga oʻrnatilgan kurs: 1 AQSh dollari = ___________ soʻm.
Izoh: mikrofirma va kichik korxonalar soliq davrining har bir oyi uchun alohida Sotilgan zargarlik buyumlari reyestrini yuritadilar.
Chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
* Import qiluvchi — yetkazib beruvchilardan olingan hisobvaraq-fakturalar boʻyicha aksiz soligʻi hisob-kitob yoʻli bilan ushbu Nizomning 15-bandida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi. Reyestrni toʻldirishda zargarlik buyumlarini olib kirish amalga oshirilgan bojxona yuk deklaratsiyasining raqami va sanasi koʻrsatiladi.
Izoh: mikrofirma va kichik korxonalar soliq davrining har bir oyi uchun alohida Sotib olingan zargarlik buyumlari boʻyicha hisobvaraq-fakturalar reyestrini yuritadilar.
Chakana savdo tarmogʻida sotiladigan oltindan ishlangan zargarlik buyumlariga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
* Hisobot kalendar yilning 3-ustuni “020”-satriga avvalgi kalendar yilning 5-ustuni “050”-satrining qiymati koʻchirib oʻtkaziladi.
