Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2325-son)
06.02.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 6-fevralda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2325]
Oʻzbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-yil, 1-son, 1-modda) muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Rais N. UMAROV
Toshkent sh.,
2012-yil 5-yanvar,
3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining 2012-yil 5-yanvardagi 3-sonli qaroriga ILOVA
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 1-son, 1-modda) muvofiq, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni (keyingi oʻrinlarda METH) boshqarish rejalarini ishlab chiqish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, METHni boshqarish rejalari tabiiy obyektlar va majmualarni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish boʻyicha barcha tashkiliy, tabiatni muhofaza qilish yoʻnalishidagi, texnikaviy va boshqa tadbirlardan iborat.
2. METHni boshqarish rejasi mazkur Nizom ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq tuziladi va tasarrufida METH boʻlgan davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslarda, uning nusxasi esa — tegishli Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida saqlanadi.
3. Tasarrufida METH boʻlgan davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar har bir shunday hudud boʻyicha mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq shaklda boshqarish rejasini tuzadilar.
II. Boshqarish rejasining mazmuni
4. Ilovaga muvofiq METHni boshqarish rejasi quyidagi qismlardan iborat boʻladi:
a) kirish qismi;
b) METHni tavsifi;
v) METHni baholash;
g) METHni boshqarish strategiyasi;
d) tezkor reja;
e) ilovalar.
Boshqarish rejasini tuzishda quyidagilar inobatga olinishi lozim:
oʻtgan besh yil davr uchun tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarning oʻzgarishi tahlili;
oʻtgan besh yil davrdagi METH faoliyatini baholash tahlili;
METHning har bir turida tabiat muhofazasi, ekologik-maʼrifiy, ilmiy, turistik, rekreatsion hamda cheklangan xoʻjalik faoliyati boʻyicha keyingi besh yillik davr uchun amalga oshiriladigan tadbirlar;
davlat oʻrmon fondi yerlarida tashkil qilingan METHlar uchun, oʻtgan besh yillik davrda oʻrmon xoʻjaligini yuritish hamda oʻrmondan foydalanishni kompleks baholash va keyingi besh yillik davr uchun ushbu oʻrmon uchastkalarini muhofaza etish, himoya qilish, qayta tiklash hamda parvarishlash boʻyicha tadbirlar ishlab chiqish toʻgʻrisidagi boʻlim;
boshqarish tuzilmasi, normativ-huquqiy bazasi, kadrlar bilan taʼminlash va ularning malakasini oshirish, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro aloqalarni takomillashtirish yoʻli bilan amalga oshirish boʻyicha mexanizmlar.
5. Boshqarish rejasining mazmuni METH toifasi, tartibi (rejimi), maqsadi va vazifalariga bogʻliq boʻladi (qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadigan suvni muhofaza qilish hamda yer osti chuchuk suvlari shakllanadigan hududlarni boshqarish tartibi bundan mustasno).
III. Boshqarish rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash
6. Boshqarish rejasini ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar Ekologiya va iqlim oʻzgarishi bosh boshqarmalari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari amaliy yordam beradilar.
7. Boshqarish rejasi tasarrufida METH boʻlgan davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar mablagʻlari hisobiga hamda homiylar mablagʻlarini jalb qilgan holda besh yillik muddatga ishlab chiqiladi.
8. METH boshqarish rejalari tasarrufida METH boʻlgan davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan tasdiqlanadi. Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarining loyihalari davlat ekologiya ekspertizasidan oʻtkazilishi kerak.
9. METHni boshqarish rejasi yangilanganda, METHni avvalgi boshqarish rejasi yoʻq qilinmaydi. Bunda METHni yangilangan boshqarish rejasi mazkur Nizomning 2-bandiga muvofiq saqlanadi.
METHning faoliyat koʻrsatishi toʻxtatilganda, METHning barcha rejalari METH faoliyatiga masʼul boʻlgan tashkilotlarning arxiviga topshirilishi lozim.
IV. Yakuniy qoidalar
10. METHni boshqarish rejasi METHni muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat nazoratini olib boruvchi davlat organlariga taqdim etilishi majburiydir.
11. METHni boshqarish rejasiga kiritilgan maʼlumotlarning haqiqiyligiga, shuningdek uning oʻz vaqtida yangilanishi uchun javobgarlik tasarrufida METH boʻlgan davlat idoralari, yuridik va jismoniy shaxslar zimmasiga yuklanadi.
12. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi Bosh boshqarmasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi, Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi boshqarmasi va Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan kelishilgan.
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻrmon xoʻjaligi Bosh boshqarmasi boshligʻi S. ERGASHEV
2011-yil 26-dekabr
Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi raisi v. b. I. TURAMURATOV
2011-yil 27-dekabr
Ugam-Chotqol davlat milliy tabiat bogʻi Bosh direktori A. ABDUJAMILOV
2011-yil 28-dekabr
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri Z. ROʻZIYEV
2011-yil 29-dekabr
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejalarini ishlab chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish rejasining
SHAKLI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 6-son, 67-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 19.08.2024-y., 10/24/3552/0630-son; 16.03.2026-y., 10/26/3788/0242-son; 05.08.2026-y., 10/26/3916/0819-son)
