Davlat kadastrlari toʻgʻrisida (171-II-son)
15.12.2000
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat kadastrlarini yuritish, kadastrga doir axborotni toʻplash va undan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
2-modda. Davlat kadastrlari toʻgʻrisidagi qonunchilik
Davlat kadastrlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat kadastrlari toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Davlat kadastri tushunchasi
Davlat kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda u davlat kadastri yuritiladigan tabiiy, xoʻjalik obyekti yoki boshqa obyekt muayyan turining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor, sifat tavsiflari va bahosi toʻgʻrisidagi yangilanib turiladigan maʼlumotlar va hujjatlar tizimidan iborat boʻladi.
4-modda. Davlat kadastrlari yagona tizimi
Davlat kadastrlarining yagona tizimi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida (bundan buyon matnda Milliy geografik axborot tizimi deb yuritiladi) shakllantiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va uning ayrim hududlari tabiiy-iqtisodiy salohiyatining yagona umumdavlat hisobi yuritilishini, baholanishini taʼminlash uchun moʻljallangan.
Davlat kadastrlarining axborotini Milliy geografik axborot tizimiga taqdim etish axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda, faqat telekommunikatsiya tarmoqlari orqali amalga oshiriladi. Bunda davlat sirlari jumlasiga kiritilgan davlat kadastrlarining axborotini taqdim etish davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Davlat kadastrlarining yagona tizimiga kiritish uchun davlat kadastrlari axborotini taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
5-modda. Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibi
Davlat kadastrlari yagona tizimiga quyidagilar kiradi:
davlat yer kadastri;
foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri;
davlat suv kadastri;
davlat oʻrmon kadastri;
oʻsimliklar dunyosi obyektlari davlat kadastri;
hayvonot dunyosi obyektlari davlat kadastri;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat kadastri;
binolar va inshootlar davlat kadastri;
davlat shaharsozlik kadastri;
gidrotexnika inshootlari davlat kadastri;
moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri;
avtomobil yoʻllari davlat kadastri;
temir yoʻllar davlat kadastri;
transport quvurlari davlat kadastri;
aloqa obyektlari davlat kadastri;
energetika obyektlari davlat kadastri;
chiqindilarni koʻmib tashlash va utillashtirish joylari davlat kadastri;
tabiiy xavfi yuqori boʻlgan tegralar davlat kadastri;
texnogen xavfi yuqori boʻlgan tegralar davlat kadastri;
kartografiya-geodeziya davlat kadastri;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga qonun bilan belgilanadigan boshqa davlat kadastrlari ham kirishi mumkin.
6-modda. Davlat kadastrlari obyektlari
Yer, foydali qazilma konlari, belgilari va texnogen hosilalar, suvlar, oʻrmonlar, oʻsimliklar va hayvonot dunyosi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, tabiiy va texnogen xavfi yuqori boʻlgan tegralar, ishlab chiqarish va isteʼmol chiqindilarini koʻmib tashlash va utillashtirish joylari, binolar va inshootlar, geodeziya punktlari, avtomobil yoʻllari va temir yoʻllar, transport va muhandislik kommunikatsiyalari davlat kadastrlarining obyektlari hisoblanadi.
Qonunda davlat kadastrlarining boshqa obyektlari ham nazarda tutilishi mumkin.
7-modda. Davlat kadastrlarini yuritishning asosiy prinsiplari
Davlat kadastrlarini yuritishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
kadastr obyektlarining har bir turi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining butun hududini toʻla qamrab olish;
fazoviy koordinatalarning yagona tizimini qoʻllash;
kadastrga doir axborotni shakllantirish uslubiyatining yagonaligi;
kadastrga doir axborotning aniqligi;
kadastrga doir axborotning hamma uchun ochiqligi.
8-modda. Davlat kadastrlarini yuritish sohasida davlat boshqaruvi
Davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi davlat boshqaruvi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, maxsus vakolatli organ va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
davlat kadastrlarining yagona davlat siyosatini amalga oshiradi, ularni takomillashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi, moliyalashtirish va investitsiya masalalarini hal qiladi;
Davlat kadastrlari yagona tizimini Milliy geografik axborot tizimida yuritish tartibini belgilaydi;
Davlat kadastrlarining yagona tizimiga kiritish uchun davlat kadastrlari axborotini taqdim etish tartibini belgilaydi;
kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kadastrga doir axborotni foydalanuvchilarga taqdim etish tartibini belgilaydi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
10-modda. Maxsus vakolatli organning davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi vakolatlari
Kadastr agentligi Milliy geografik axborot tizimini va davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi maxsus vakolatli organ hisoblanadi.
Kadastr agentligi:
vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Davlat kadastrlari yagona tizimini Milliy geografik axborot tizimida yuritadi;
vazirliklar va idoralarni tegishli davlat kadastrlarini yuritish uchun zarur boʻlgan kartografiya materiallari bilan belgilangan tartibda taʼminlaydi;
davlat kadastrlari yuritilishiga doir normativ hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlaydi;
mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
11-modda. Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining davlat kadastrlarini yuritish sohasidagi vakolatlari
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni tashkil etadilar;
davlat yer kadastrini, binolar va inshootlar davlat kadastrini yuritish ishlarini qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy budjet hisobidan moliyalashtiradilar;
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradilar.
12-modda. Davlat kadastrlarini yuritish
Davlat kadastrlarini yuritish tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat kadastrlarini yuritishga quyidagilar kiradi:
kadastr obyektlariga boʻlgan mulk huquqi va boshqa huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
kadastr obyektlarining miqdor va sifat tavsiflarini hisobga olish;
kadastr obyektlarini sifat va qiymat jihatidan baholash;
kadastrga doir axborotni tizimga solish, saqlash va yangilab borish;
kadastr obyektlarining holati haqida hisobotlar tuzish;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritish uchun tegishli axborot taqdim etish;
foydalanuvchilarni qonunchilikda belgilangan tartibda kadastrga doir axborot bilan taʼminlash.
Kadastr obyektlarining mulkdorlari hamda kadastr obyektlariga doir boshqa huquqlarning egalari tegishli vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga kadastr obyektlarining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor, sifat tavsiflari va bahosi toʻgʻrisida, shuningdek ularning holatidagi joriy oʻzgarishlar haqida axborot taqdim etishlari shart.
Davlat kadastrlarini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat kadastrlari yuritilishini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
13-modda. Kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Koʻchmas mulk hisoblangan kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlar qonunchilikda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim.
Kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuridik va jismoniy shaxslarning kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlari davlat tomonidan eʼtirof etilishi hamda tasdiqlanishining yuridik hujjatidir.
Kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hujjatlar bilan tasdiqlangan axborotni davlat reyestrlariga kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Koʻchmas mulk hisoblangan kadastr obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish kadastr obyektlarining barcha mulkdorlari va kadastr obyektlariga doir boshqa huquqlarning egalari uchun majburiydir.
Koʻchmas mulk boʻlgan kadastr obyektlariga doir huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni amalga oshiruvchi organlar koʻchmas mulk obyekti boʻyicha bitimni insofli ravishda tuzgan taraflar Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat reyestridagi notoʻgʻri axborot oqibatida koʻrgan zararlar uchun javobgar boʻladi. Zararning oʻrni sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida qoplanishi lozim.
14-modda. Kadastr obyektlarini hisobga olish
Kadastr obyektlarini hisobga olish vazirliklar, idoralarning tegishli boʻlinmalari tomonidan kadastr obyektlarining chegaralari doirasida, shuningdek aholi punktlari, tumanlar, mintaqalar, tabiiy va iqtisodiy tegralar hamda butun Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha ularning amaldagi holati va ulardan foydalanilishiga koʻra olib boriladi.
15-modda. Kadastr obyektlarini baholash
Kadastr obyektlarini baholash sifat va qiymat jihatidan baholashni oʻz ichiga oladi.
Kadastr obyektlarini sifat jihatidan baholash ularning tabiiy va jismoniy tavsiflari asosida amalga oshiriladi.
Kadastr obyektlarini qiymat jihatidan baholash ularning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
16-modda. Kadastr hujjatlari
Kadastr obyektiga boʻlgan mulk huquqini va boshqa huquqlarni tasdiqlovchi hujjatlar, obyektning kadastr yigʻmajildi, kadastr xaritasi (plani), kadastr kitobi, kadastr obyektlarining holati haqidagi hisobot kadastr hujjatlarining asosiy turlaridir.
Kadastr yigʻmajildi kadastr obyektiga boʻlgan huquqni shakllantirish, hisobga olish va keyinchalik davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur boʻladigan kadastr obyektini kadastr suratiga olish, texnik inventarizatsiya qilish va pasportlashtirishning, maxsus tekshirish va izlanishlarning, sifat va qiymat jihatidan baholashning hujjatlari, materiallari va maʼlumotlaridan iborat boʻladi.
Kadastr xaritasi (plani) kadastr obyektlari joylashgan yerni, ularning chegaralari, muhofaza tegralari, baholash, miqdor va sifat tavsiflarini aks ettiruvchi grafik chizma hujjati boʻlib, u qogʻozda, magnit va boshqa vositalarda tuziladi.
Kadastr kitobi kadastr obyektlarini roʻyxatdan oʻtkazish va hisobga olishning asosiy hujjati hisoblanib, u kadastr obyektlarining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor hamda sifat jihatdan tavsiflari va bahosi haqidagi maʼlumotlardan iborat boʻladi.
Kadastr obyektlarining holati toʻgʻrisidagi hisobot davlat kadastrining har bir turi boʻyicha belgilangan tartibda tuziladi hamda kadastr obyektlarining alohida hududlar va butun Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha miqdor va sifat holati, bahosi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.
17-modda. Davlat kadastrlariga doir axborotni taqdim etish
Davlat kadastrlariga doir axborot davlat hokimiyati organlariga bepul, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga esa belgilangan tartibda haq evaziga taqdim etiladi.
Davlat siri hisoblangan davlat kadastrlariga doir axborotdan foydalanish qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
18-modda. Davlat kadastrlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Davlat kadastrlari toʻgʻrisidagi qonunchilikning buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 15-dekabr,
171-II-son
