Mexanika sexlari uchun gigiyenik talablar (metallarga kesish orqali ishlov berish) (0229-07-son)
10.04.2007
«TASDIQLAYMAN» Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bosh sanitar vrachi B.I. NIYOZMATOV 2007-yil 10-aprel, 0229-07-son
Oʻzbekiston Respublikasining sanitariya qoidalari va meʼyorlari, gigiyena normativlari
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu Sanitariya qoidalari xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlaridagi yangi mexanika sexlarini loyihalashda, mavjudlarini qayta qurish va ulardan foydalanishda majburiydir.
1.2. Ushbu Qoidalarda koʻzda tutilgan talablar yangi loyihalanayotgan va faoliyat yuritayotgan korxonalarda tasdiqlangan kundan boshlab amalga oshirilishi lozim.
1.3. Mexanika sexlarida ishlovchilarning sogʻligʻini muhofaza qilish va sanitariya talablarini tartibga solish boʻyicha amaldagi tarmoq standartlari, qoidalari va boshqa idoraviy hujjatlar ushbu Qoidalar tasdiqlangan kundan boshlab bir yil ichida ularga muvofiqlashtirishi zarur.
1.4. Ushbu Qoidalarning bajarilishi uchun javobgarlik metall kesuvchi dastgohlar va metallarga kesib ishlov berish texnologik jarayonlarini ishlab chiquvchilar, metall kesuvchi uskunalardan foydalanuvchi korxona va tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklanadi.
2. HUDUDLARNING BOSH REJALARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
2.1. Mexanika sexlarini atmosferaga bugʻ, gazlar (aerozollar) chiqaradigan ishlab chiqarish jarayonlari boʻlgan bino va inshootlarga, ochiq qurilmalarga nisbatan ustun yoʻnalishdagi shamollar uchun shamol esadigan tomondan joylashtirish zarur.
2.2. Suv havzalarining yuza oqova suvlari bilan ifloslanishining oldini olish maqsadida zavod va sanoat uzeli hududida moylash-sovitish suyuqliklari (MSS) va texnik moylash materiallari (TM) qoʻllanilgan holda ishlaydigan dastgohlardan hosil boʻlgan qirindilarni tashish, yigʻish va qayta ishlash uchun maxsus joylar nazarda tutilishi lozim. Bu maydonlar tuproqni ifloslantirmaydigan qoplamaga, sel oqimlariga va moy ushlagichlarga ega boʻlishi shart.
3. ISHLAB CHIQARISH BINO VA INSHOOTLARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
3.1. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining hajmiy-rejaviy yechimlari sanoat korxonalarini loyihalashning sanitariya meʼyorlari talablariga toʻliq javob berishi kerak. Xonalar maydoni har bir ishchi uchun kamida 4,5 m², xona hajmi esa kamida 15 m³ boʻlishi lozim. Bunda uskunalar va kommunikatsiyalar, shu jumladan oʻtish joylari va yoʻllar egallaydigan maydon va hajmlar chegirib tashlanadi.
3.2. Pollarni qurish uchun issiqlik oʻzlashtirish koeffitsiyenti 6 kkal/m²·soat dan oshmaydigan yogʻ va namlikka chidamli materiallar qoʻllanilishi zarur.
3.3. MSS va TM ishchi eritmalarini tayyorlash xonalari «Sovitish-moylash suyuqliklari va texnologik moylar bilan ishlashda sanitariya qoidalari» talablariga toʻliq muvofiq boʻlishi shart.
3.4. Mexanika sexlarining chang va shovqin chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan charxlash uchastkalari boshqa uchastkalardan alohida ajratilgan holda joylashtirilishi lozim.
3.5. Ishlab chiqarish xonalarining sanitariya holatini taʼminlash moylar, sovutuvchi-moylash suyuqliklari va texnik suyuqliklar bilan ifloslangan pollarni har kuni nam latta bilan artish va har hafta yuvish, shuningdek har chorakda yoritish qurilmalari va oynalarni foydalanishga ruxsat etilgan yuvish vositalari yordamida tozalashni oʻz ichiga olishi kerak.
4. TEXNOLOGIK JARAYON VA USKUNALARGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
4.1. Umumiy talablar
4.1.1. Mexanika sexlarining ishlab chiqarish jarayonlari va jihozlari xodimlarning xavfsizligini va sogʻlom mehnat sharoitlarini taʼminlashi lozim. Bu boradagi aniq masalalarni hal etish uchun «Texnologik jarayonlarni tashkil etishning sanitariya qoidalari va ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan gigiyenik talablar»ga amal qilish zarur.
4.1.2. Mavjud texnologik jarayonlar va uskunalarni loyihalash va modernizatsiya qilishda xodimlarga taʼsir qiluvchi shovqinni «Ish joylarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya meʼyorlari»ga muvofiq ruxsat etilgan qiymatlardan oshmaydigan darajagacha pasaytirish usullari va vositalaridan foydalanish lozim. Bunda shovqin paydo boʻlish manbalari va tarqalish yoʻllarida uni kamaytiruvchi jamoaviy himoya vositalarini qoʻllash zarur.
4.1.3. Ishlayotgan uskunalarda kesuvchi asboblar, buyumlarni puflash va dastgohlarni tozalash uchun siqilgan havoni qoʻllashga faqat zarur hollarda, pnevmotizimdagi bosim 1,5 atmosferadan oshmaganda ruxsat etiladi. Yangi uskunalarda buyumlarni (detallarni) siqilgan havo bilan puflashni loyihalash faqat mahalliy soʻrish ventilyatsiyasi oʻrnatilgan maxsus kameralarda (shkaflarda) amalga oshirilishi mumkin. Buyumlarni pnevmotransportda tashishga faqat shovqin boʻyicha meʼyorlarning bajarilishini taʼminlaydigan havo chiqarish soʻndirgichlari mavjud boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
4.1.4 Moylash-sovitish suyuqliklarini (MSS) saqlash, tashish, tayyorlash, qoʻllash, sifatini nazorat qilish, almashtirish davriyligi, qayta ishlash va yoʻq qilish « Moylash-sovitish suyuqliklari va texnologik moylar bilan ishlashda sanitariya qoidalari» talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
4.1.5. Ish oʻrinlari va dastgohlardan qirindilarni mexanizatsiyalashtirilgan usulda olib tashlash kerak.
4.1.6. Ish xonalari havosiga zararli moddalar ajratib chiqaruvchi texnologik operatsiyalar bajariladigan dastgohlar mahalliy soʻrgʻichlar bilan jihozlangan himoya qoplamalari bilan taʼminlanishi lozim. Dastgoh pasportida meʼyoriy talablarni taʼminlaydigan ventilyatsiya parametrlari haqidagi maʼlumotlar boʻlishi shart; qoplama ostidagi zaruriy siyraklanish, tegishli rejimlarda soʻrib olinadigan havo hajmi koʻrsatilishi kerak.
4.1.7. Abraziv asboblar bilan ishlaydigan dastgohlarning individual changsizlantiruvchi qurilmalari havoni maksimal darajada samarali tozalashni taʼminlashi lozim.
4.1.8. MSS qoʻllaniladigan dastgohlar «MSS va TS bilan ishlashda sanitariya qoidalari» talablariga muvofiq jihozlanishi shart.
4.1.9. Qoʻlda ishlaydigan koʻchma tozalash mashinalari bilan ishlashda abraziv changning tarqalishini oldini olish (qoplamalar, soʻrgʻichlar) hamda ishchilarni shovqin va tebranish taʼsiridan himoya qilish (shaxsiy himoya vositalari) choralari koʻrilishi lozim.
4.1.10. Detallarni yuvish mashinalarida yuvish va ularni puflash kamerasiga uzatish jarayoni toʻliq mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi shart.
4.1.11. Yuvish vositalari sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlangan moddalar qoʻllanilishi kerak.
4.2. Ergonomik talablar.
4.2.1. Yangi mexanika sexlarini loyihalashda va amaldagilarini qayta qurish chogʻida sanoat uskunalari va ish oʻrinlarini tashkil etishga qoʻyiladigan ergonomik talablarga rioya qilish zarur.
4.2.2. Uskunalar konstruksiyasi va ish oʻrinlari tashkili ishchilarning uzoq vaqt (ish vaqtining 25% dan ortiq) gavdani 30° dan koʻproq egib, majburiy ish holatida boʻlishini istisno etishi kerak.
4.2.3. Ishlab chiqarish uskunalarining texnologik jarayoni va konstruksiyasi statik va dinamik mushak kuchlanishlarini almashtirib turish imkoniyatini taʼminlashi lozim.
4.2.4. Dastgoh uskunalarida ishlashda mehnat ogʻirligini kamaytirish maqsadida sermehnat jarayonlarni mexanizatsiyalash, ogʻir zagotovkalar va turli dastgoh moslamalarini koʻchirish vositalarini koʻzda tutish lozim. Dastgohchi qoʻlda koʻtaradigan va siljitadigan yukning (zagotovka, moslama va boshqalar) ogʻirligi erkaklar uchun 15 kg dan, ayollar uchun esa 6 kg dan oshmasligi kerak. Bu ogʻir yuklarni koʻtarish va siljitish doimiy ravishda, butun ish smenasi davomida, ayollar uchun qoʻlda ogʻir yuklarni koʻtarish va siljitishda yoʻl qoʻyiladigan chegaraviy yuklamalar meʼyorlariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
4.2.5. Texnologik jarayonning borishini uzoq vaqt kuzatish zarur boʻlganda, stanokchining tik turib ishlashga moʻljallangan ish oʻrni yordamchi ish oʻrindiq (stul, qayriladigan oʻrindiq va boshqalar) bilan jihozlangan boʻlishi shart.
4.3. Boshqaruv organlari va axborotni aks ettirish vositalariga qoʻyiladigan talablar.
4.3.1. Boshqaruv organlari va axborotni aks ettirish vositalari «Axborotni aks ettirish vositalaridan foydalanuvchilarning yagona sanitariya meʼyorlari va qoidalari»ga muvofiq texnologik uskunalarda ularning funksional vazifasi, ahamiyati va foydalanish chastotasini hisobga olgan holda joylashtirilishi lozim.
4.3.2. Tugmalarning pastki qatori 700 mm dan kam boʻlmagan va 900 mm dan koʻp boʻlmagan balandlikda joylashgan dastgoh uskunalarini boshqarish pultlari vertikal tekislikka nisbatan 30 — 46° qiyalikka ega boʻlishi kerak. Tugmalar soni 5 tadan oshmaydigan pultlar uchun ishchi yuzaning vertikal joylashishiga ruxsat etiladi.
4.3.3. Boshqaruv organlariga qoʻllaniladigan kuchlar miqdori harakatlanish usuli va foydalanish chastotasiga qarab belgilanadi hamda amaldagi meʼyoriy hujjatlarga mos boʻlishi shart.
4.4. Tashkiliy-texnik jihozlarga qoʻyiladigan talablar.
4.4.1. Ish joyining tashkiliy-texnik jihozlari ergonomika, texnik estetika, mehnat xavfsizligi talablariga, amaldagi standartlarga, texnik shartlarga va ushbu Sanitariya qoidalariga toʻliq javob berishi lozim.
4.4.2. Ish oʻrnidagi stellajlar va asbob-uskuna javonlarining joylashuvi ishchi harakatlarni bajarishga, jihozlardan foydalanish va ularga texnik xizmat koʻrsatish jarayonida xodimlarning erkin harakatlanishiga xalaqit bermasligi kerak.
4.4.3. Stellajlar va asbob-uskuna javonlarining tuzilishi sodda boʻlishi va ularning barqarorligini taʼminlashi zarur.
4.5. Mehnat va dam olish tartibiga qoʻyiladigan fiziologik talablar.
4.5.1. Dastgoh operatorlarining ish qobiliyatini smena davomida optimal darajada saqlash maqsadida oqilona mehnat va dam olish tartibi oʻrnatiladi. Ish va dam olish davrlarining almashib turishi mehnat xususiyati, uning ogʻirligi va zoʻriqishi, ishlab chiqarish sharoitlari hamda charchoqning rivojlanish darajasiga qarab belgilanadi.
4.5.2. Mehnat va dam olishning oqilona tartibi mehnatning ogʻirligi va zoʻriqishi darajasiga, shuningdek, ish joyidagi mehnat sharoitlariga qarab belgilanadi. Tushlik tanaffusi smena boshlanganidan 3,0 — 4,0 soat oʻtgach, 45 — 60 daqiqa davomiylikda tayinlanadi. Smena davomida ikkita tanaffus nazarda tutilishi tavsiya etiladi: birinchisi — smena boshlanganidan 2,0 — 2,5 soat oʻtgach, 5 daqiqa davomiylikda, ikkinchisi — smena tugashidan 1,5 — 2,0 soat oldin, 10 daqiqa davomiylikda. Tik turib ishlanganda birinchi tanaffus passiv dam olish uchun, ikkinchi tanaffus esa maxsus gimnastika mashqlari majmuasini bajarish uchun foydalaniladi.
4.5.3. Barcha turdagi ishlarda dam olish uchun mikropauzalar (20 — 40 soniya) koʻzda tutilishi lozim. Mikropauzalar ish vaqtining asosiy qismi hisoblanib, mehnat meʼyorlariga kiritiladi.
4.5.4. Dam olish sharoitlarini optimallashtirish uchun maxsus xonalar va psixofiziologik boʻshashish xonalari nazarda tutilishi kerak.
5. DASTLABKI MATERIALLAR, TAYYOR MAHSULOTLAR VA ISHLAB CHIQARISH CHIQINDILARINI SAQLASH VA TASHISHGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
5.1. Ishlab chiqarish materiallari, texnologik suyuqliklar va boshqa kimyoviy mahsulotlarni sexga yetkazib berish va saqlash jarohatlanish, jismoniy zoʻriqish, tana va maxsus kiyim, xonalar va havoning ifloslanishi xavfini istisno etishi lozim.
5.2. Kuchli zaharli xususiyatlarga ega boʻlgan materiallarga (berilliy, magniy qotishmalari, qoʻrgʻoshinli bronzalar va boshqalar) ishlov berish uchastkalarida dastgohlarni yuklash uchun avtomatik manipulyatorlar yoki sanoat robotlaridan foydalanish majburiydir.
5.3. Magniy qotishmalarining qirindilari va changlari yopiq metall idishlarda saqlanishi shart. Maxsus xonalar mavjud boʻlgan hollarda magniy qotishmalarining qirindi va changlarini ochiq idishlarda saqlashga ruxsat etiladi.
5.4. Toza va ishlatilgan artish materiallari (lattalar, eski matolar va boshqalar) zich yopiladigan metall idishlarda, maxsus ajratilgan joylarda alohida saqlanishi lozim. Ishlatilgan artish materiallari toʻplanib qolganda, ammo har smenada kamida bir marta, idish tozalanishi kerak. Artish materiallari yetarli miqdorda berilishi va teri uchun xavfsiz boʻlishi shart.
5.5. Sexlarda zagotovkalar va detallarni saqlash uchun stellajlar, ustunlar, stollar va koʻtarish-tashish vositalari bilan jihozlangan maxsus maydonchalar ajratilishi lozim. Dastgohlar va ish oʻrinlari yonidagi materiallar, zagotovkalar va mahsulotlar poldan balandligi 1700 mm dan oshmaydigan stellajlarga joylashtirilishi kerak.
6. ISITISH VA SHAMOLLATISHGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
6.1. Mexanika sexlarining ishlab chiqarish xonalarini isitish va shamollatish tizimlarini loyihalash ushbu Qoidalar talablariga toʻliq muvofiq boʻlishi shart.
6.2. Mexanika sexlarining isitish va shamollatish tizimlarini loyihalashda asosiy zararli ishlab chiqarish omillari sifatida metallarni dastgohlarda kesish va silliqlash jarayonida hosil boʻladigan aerozollar, moylash-sovitish suyuqliklari (MSS) va texnologik moylar (TM) bugʻlari, abraziv va metall changlari hisobga olinishi lozim.
6.3. Isitish va shamollatish tizimlari ishlab chiqarish xonalarining ish zonasida GOST «Ish zonasi havosiga qoʻyiladigan umumiy sanitariya-gigiyena talablari»ga muvofiq havoda zararli moddalar miqdorini taʼminlashi shart.
6.4. Havo muhitining mikroiqlim koʻrsatkichlari ishning tegishli ogʻirlik toifasida ruxsat etilgan harorat oraligʻi uchun «Ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimining sanitariya meʼyorlari» talablariga toʻliq mos kelishi lozim.
6.5. Mexanik sexlarni isitishni, odatda, havo bilan, keluvchi ventilyatsiya tizimi bilan birgalikda loyihalash kerak. Navbatchi isitish tizimini suv va bugʻ bilan ishlaydigan isitish qurilmalari bilan taʼminlash zarur.
6.6. Mexanika sexlarida keluvchi havoni toʻplangan turbulent oqimlar bilan tarqatishga yoʻl qoʻyiladi.
6.7. Dastgohlardan quruq chang va moylash-sovitish suyuqligi (MSS) aerozolini chiqarib tashlaydigan mahalliy soʻrish tizimlari alohida-alohida boʻlishi shart.
6.8. MSS bugʻlarini chiqarib tashlaydigan mahalliy soʻrish tizimlarining havo quvurlari drenaj moslamalari bilan jihozlanishi, aerozollar va moy bugʻlari oʻtadigan havo quvurlari esa yongʻin xavfsizligi talablarini inobatga olgan holda oʻrnatilishi lozim.
6.9. Dastgohlardan aerozol va moy bugʻlarini, quruq va nam changlarni chiqarib tashlaydigan mahalliy soʻrish tizimlari havoni atmosferaga chiqarishdan oldin tozalash qurilmalari bilan jihozlanishi shart. Charxlash dastgohlari uchun qayta aylanma changsizlantiruvchi agregatlardan (ZIL-900 turidagi) foydalanish mumkin.
6.10. Mahalliy va umumiy almashinuv ventilyatsiya tizimlarining ishlashini nazorat qilish korxonalarning tegishli xizmatlari hamda ixtisoslashtirilgan sozlash tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi lozim.
7. SUNʼIY YORITISHGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
7.1. Yoritish qurilmalarini loyihalash, oʻrnatish va ulardan foydalanish «Tabiiy va sunʼiy yoritish. Loyihalash meʼyorlari» QMQ talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
7.2. Odamlar doimiy ravishda boʻladigan xonalarning umumiy sunʼiy yoritilishi gaz-razryadli yorugʻlik manbalari yordamida taʼminlanadi.
7.3. Metall kesish dastgohlarida ishlar bajarilayotganda kombinatsiyalashgan yoritish tizimini qoʻllash zarur.
7.4. Yaltiroq metall yuzalar bilan aniq ishlar bajarishda mahalliy yoritish uchun yorugʻlik tarqatgichlar bilan jihozlangan chiroqlar hamda KCh va SOCh turidagi lyuminessent lampalardan foydalanish lozim.
7.5. Korxonalarning ishlab chiqarish xonalaridagi ish yuzalarining yoritilganlik darajasi 3-ilovada keltirilgan qiymatlardan kam boʻlmasligi shart.
7.6. Koʻprikli kranlar choʻgʻlanma lampalardan foydalangan holda kran osti yoritish qurilmalari bilan jihozlanishi kerak. Bu qurilmalar soya zonasida umumiy yoritishdan meʼyorlangan darajadan kam boʻlmagan, kranlar soya tushiradigan zonalarda esa 150 lk dan ortiq boʻlmagan yoritilganlikni taʼminlashi lozim.
7.7. Ishlab chiqarish xonalaridagi umumiy yoritish chiroqlarining koʻzni qamashtiruvchi taʼsirini cheklash uchun (qabul qilingan yoritish tizimidan qatʼi nazar) koʻzni qamashtirish koʻrsatkichi R 3-ilovada keltirilgan qiymatdan yuqori boʻlmasligi kerak.
7.8. Bir xonada turli aniqlikdagi ishlar bajarilganda, ular uchun pulsatsiya koeffitsiyenti va koʻzni qamashtirish koʻrsatkichining turli qiymatlari belgilangan boʻlsa, bunda eng aniq ishlar xona umumiy maydonining kamida 25 foizida bajarilsa, ushbu koʻrsatkichlarning eng past belgilangan qiymatlari qabul qilinadi.
7.9. Metall kesuvchi dastgohlarda ishlar bajariladigan xonalarda yorugʻlik tuynuklari yiliga kamida 2 marta, yoritgichlar esa kamida 4 marta tozalanishi lozim.
8. TAʼMIRLASH ISHLARINI TASHKIL ETISH VA BAJARISHGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
8.1. Har bir taʼmirlovchi-chilangar uchun uskunani taʼmirlash paytida uning harakatlariga xalaqit bermaydigan qulay ish joyi taʼminlanishi kerak. Ish joylarida taʼmirlash asbob-uskunalari, taʼmirlanishi kerak boʻlgan va taʼmirlangan qismlarni joylashtirish uchun yetarli maydon boʻlishi, shuningdek, stellajlar, stollar, qutilar va koʻtarish-tashish vositalari bilan jihozlanishi lozim.
8.2. Taʼmirlanishi kerak boʻlgan qism va detallarni yuvish taʼmirlash uchastkalarida oʻrnatilgan mexanizatsiyalashtirilgan mashinalar yordamida amalga oshirilishi kerak.
8.3. Taʼmirlash xizmatlari taʼmirlanayotgan dastgohning ishlatilgan moyini almashtirish, dastgoh gidrotizimini yuvish va uni yangi moy bilan toʻldirish uchun maxsus sigʻimli uskunalar (elektrokarlar) bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
9. ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH
9.1. Mexanika sexlarini loyihalashda amaldagi sanitariya meʼyorlari, qoidalari va texnik hujjatlarga muvofiq chiqarib tashlanadigan havoni chang, bugʻlar, aerozol, sovituvchi-moylash suyuqliklari va texnik suyuqliklardan tozalash tizimlari koʻzda tutilishi kerak.
9.2. Faoliyat koʻrsatayotgan korxonalarda metall kesish dastgohlari va yuvish qurilmalaridan mahalliy soʻrma ventilyatsiya tizimlari chiqarib yuborilayotgan havoni chang, bugʻlar, MSS va TM aerozollaridan tozalash uchun tozalash inshootlari, shuningdek oqova suvlarni moylar va kimyoviy birikmalardan tozalash tizimlari bilan jihozlangan boʻlishi shart.
9.3. MSS va TM qoʻllanilgan holda ishlaydigan dastgohlardan qirindilarni yigʻish va qayta ishlash uchun mexanik sexlar va hududiy maydonchalariga kirish yoʻllari qattiq moybardosh materiallar bilan qoplangan, suv havzalari va tuproqning neft mahsulotlari bilan ifloslanishini oldini oladigan yomgʻir oqimlari va moytutgichlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
10. NAZORAT USULLARI
10.1. Mexanika sexlarining ish zonasi havosini nazorat qilish «Moylash-sovitish suyuqliklari va texnologik moylash materiallari uchun umumiy sanitariya-gigiyena talablari» GOSTi talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
10.2. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari hamda zararli moddalarning tavsifi ushbu qoidalarning 1-ilovasida keltirilgan.
10.3. Dastgohlarning shovqin xususiyatlari loyihalash bosqichida «MXST. Shovqin. Statsionar mashinalarning shovqin tavsiflari qiymatlarini aniqlash usullari» GOSTiga muvofiq belgilanishi va quyidagicha aniqlanishi lozim:
a) sinov bosqichida GOST 31172-2003 (ISO 1172:1995) «Mashinalar shovqini. Ish joyida va boshqa nazorat nuqtalarida nurlanishning tovush bosimi darajalarini oʻlchash. Tovush qaytaruvchi tekislik ustidagi sezilarli darajada erkin tovush maydonidagi texnik usul» boʻyicha;
b) GOST 31169-2003 (ISO 11202:1995) «Mashinalar shovqini. Ish joyida va boshqa nazorat nuqtalarida nurlanishning tovush bosimi darajalarini oʻlchash. Oʻrnatish joyida yoʻnaltirilgan oʻlchash usuli» boʻyicha qabul qilish sinovlarida.
Shovqin xususiyatlarini nazorat qilish va olingan natijalarni baholash «Ish joylarida ruxsat etilgan shovqin darajasining sanitariya meʼyorlari»ga muvofiq oʻtkazilishi lozim.
10.4. Yangi va qayta qurilgan yoritish qurilmalarini ishga tushirishda yoritilganlikni majburiy nazorat qilish amalga oshirilishi shart. Amaldagi yoritish qurilmalarini nazorat qilish yiliga kamida 1 marta oʻtkazilishi kerak. Yoritilganlikning sanitariya meʼyorlari 3-ilovada keltirilgan.
10.5. Mikroiqlim koʻrsatkichlarini oʻlchash ishlab chiqarish xonalari mikroiqlimining sanitariya meʼyorlari talablariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
11. SANITARIYA-MAISHIY TAʼMINOT
11.1. Mexanika sexlari uchun sanitariya-maishiy va yordamchi xonalar ishlab chiqarish jarayonlari va kasblarning sanitariya tavsifi guruhlarini hisobga olgan holda «Korxonalarning maʼmuriy va maishiy binolari» QMQga muvofiq tashkil etilishi lozim (2-ilova).
12. SHAXSIY HIMOYA VOSITALARI VA SHAXSIY PROFILAKTIKA CHORALARI
12.1. Ishchilar namunaviy tarmoq meʼyorlariga muvofiq maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlanishlari shart.
12.2. Maxsus kiyimlarni yuvish, taʼmirlash va zararsizlantirish markazlashtirilgan holda amalga oshirilishi lozim. Maxsus kiyimni ishlab chiqarishdan olib chiqish va uy sharoitida yuvish taqiqlanadi.
12.3. Stanok ishlayotganda moylash-sovituv suyuqligi (MSS) sachrashining oldini olish uchun ekranlar, toʻsiqlar va boshqa himoya moslamalaridan foydalanish zarur.
12.4. Zararli va xavfli mehnat sharoitlarida (MSS qoʻllash, shovqin taʼsiri ostida ishlash) ishga kirayotgan va ishlayotgan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining buyrugʻiga muvofiq ishga kirishda majburiy dastlabki va keyinchalik davriy tibbiy koʻriklardan oʻtishlari shart.
12.5. MSS bilan ishlashda «Sovituvchi-moylash suyuqliklari va texnologik surkov moylari bilan ishlashda sanitariya qoidalari»ga muvofiq himoyalovchi surtmalar va pastalardan foydalanish lozim.
1-ILOVA
Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarining tavsifi
2-ILOVA
QMQ 2.09.04-98 ga muvofiq ishlab chiqarish jarayonlari guruhlarini koʻrsatgan holda mexanik sexlarning kesib ishlov berish boʻyicha ishchi kasblar
ROʻYXATI
3-ILOVA
Metall kesish dastgohlarining yoritilganligi va yoritilganlik sifat koʻrsatkichlari meʼyorlari
Eslatma: Kombinatsiyalangan yoritishning yoritilganlik meʼyorlari umumiy yoritish stanok ishchi zonasi sathida 300 lk yoritilganlik hosil qiluvchi yoritgichlar va gaz-razryadli lampalar bilan taʼminlanganda berilgan.
