Ishlab chiqariladigan tabiiy gazga aksiz soligʻini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2310-son)
09.01.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 9-yanvarda 2310-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 22-dekabrdagi PQ-2455-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Ishlab chiqariladigan tabiiy gazga aksiz soligʻini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-dekabr,
79-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 12-dekabr,
2011-37-son
Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2011-yil 12-dekabrdagi 79, 2011-37-son qaroriga ILOVA
Ishlab chiqariladigan tabiiy gazga aksiz soligʻini toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
Nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tabiiy gazga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish va toʻlash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
tabiiy gaz — konlardan qazib olinadigan, gaz va neft qazib oluvchi, gazni qayta ishlovchi va utilizatsiya qiluvchi tashkilotlar tomonidan qayta ishlanadigan va utilizatsiya qilinadigan tabiiy gaz;
pirovard isteʼmolchilar — tabiiy gazdan ishlab chiqarish va/yoki maishiy maqsadlarda foydalanadigan tashkilotlar, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalari;
gaz bilan taʼminlovchi tashkilot — gazning pirovard isteʼmolchilarga yetkazib berilishi, uzatilishi va taqsimlanishini taʼminlovchi tashkilot.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 283 va 2893-moddalariga muvofiq respublikada ishlab chiqariladigan tabiiy gaz realizatsiyasiga aksiz soligʻi solinadi.
3. Tuzilgan Mahsulot taqsimotiga oid bitimda aksiz soligʻi toʻlanishi boʻyicha ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibdan boshqacha tartib belgilangan boʻlsa, unda Mahsulot taqsimotiga oid bitimda nazarda tutilgan tartib qoʻllaniladi.
II. Aksiz soligʻi toʻlovchilari va soliq solish obyekti
4. Quyidagi tabiiy gazga aksiz soligʻi solinadi:
ichki bozorda pirovard isteʼmolchiga realizatsiya qilinadigan;
gaz va neft qazib oluvchi, gazni qayta ishlovchi va utilizatsiya qiluvchi tashkilotlar, shuningdek gaz bilan taʼminlovchi tashkilot tomonidan oʻz ehtiyoji uchun foydalaniladigan;
gaz bilan taʼminlovchi tashkilotga gaz va neft qazib oluvchi, gazni qayta ishlovchi va utilizatsiya qiluvchi tashkilotlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan eng yuqori deklaratsiya qilinadigan narxdan oshadigan narx boʻyicha realizatsiya qilinadigan.
5. Tabiiy gazga aksiz soligʻi toʻlovchilari quyidagilardir:
a) gaz bilan taʼminlovchi tashkilot – oʻzi sotib olgan va ichki bozorda pirovard isteʼmolchilarga, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalariga realizatsiya qiladigan hajmlar boʻyicha, shuningdek oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan hajmlari boʻyicha;
b) tabiiy gazni qazib olishni, qayta ishlashni va utilizatsiya qilishni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan quyidagi hajmlar boʻyicha:
gaz bilan taʼminlovchi tashkilotga gaz va neft qazib oluvchi, gazni qayta ishlovchi va utilizatsiya qiluvchi tashkilotlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan eng yuqori deklaratsiya qilinadigan narxdan oshadigan narx boʻyicha realizatsiya qilinadigan hajmlar boʻyicha;
tabiiy gaz hajmini gaz bilan taʼminlovchi tashkilotga realizatsiya qilmagan holda ichki bozorda pirovard isteʼmolchilarga realizatsiya qilish hajmlari boʻyicha;
oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan hajmlari boʻyicha.
III. Soliq solinadigan baza
6. Realizatsiya qilinadigan tabiiy gazga aksiz soligʻini hisoblab chiqarish uchun soliq solinadigan baza boʻlib realizatsiya qilingan tabiiy gazning aksiz soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻini oʻz ichiga olmagan holdagi qiymati hisoblanadi.
7. Oʻz ehtiyojlari uchun foydalaniladigan tabiiy gaz boʻyicha soliq solinadigan baza uning tannarxidan kelib chiqib aniqlanadi.
V. Hisob-kitobni taqdim etish va aksiz soligʻini toʻlash
10. Aksiz soligʻining hisob-kitobi soliq boʻyicha hisobga olish joyidagi davlat soliq xizmati organlariga har oyda, soliq davridan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmay taqdim etiladi.
11. Aksiz soligʻini toʻlash hisob-kitoblarni topshirish muddatlaridan kechiktirmay amalga oshiriladi.
VI. Yakuniy qoidalar
12. Tabiiy gaz uchun aksiz soligʻining toʻgʻri hisoblab chiqarilishi va toʻlanishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
13. Ushbu Nizom “Oʻzbekneftegaz” MXK bilan kelishilgan.
“Oʻzbekneftegaz” MXK Boshqaruv raisi Sh. FAYZULLAYEV
2011-yil 12-dekabr
