“6-modda. Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
“Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida (O‘RQ-318-son) · Sana: 05.01.2012 · Amalda
Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolar davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi”;
3) 27-modda ikkinchi qismining oʻzbekcha matnidagi “hissa” degan soʻz “barobari” degan soʻz bilan almashtirilsin;
4) 31-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Pensiyani hisoblab chiqarish uchun, ishdagi mavjud tanaffuslardan qatʼi nazar, oxirgi oʻn yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yildagi (pensiya soʻrab murojaat etgan kishining tanlovi boʻyicha) ish haqi olinadi.
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan ish haqi oʻtgan yillardagi ish haqlarini pensiya tayinlanadigan kundagi ish haqi darajasiga keltirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda qayta hisoblanadi.
Pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqi ketma-ket ishlangan oltmish kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi. Bunda pensiya soʻrab murojaat etgan kishining xohishiga koʻra, ishga qabul qilish yoki mehnat shartnomasini bekor qilish munosabati bilan ish kunlari soni toʻliq boʻlmagan oylar toʻliq ishlangan kalendar oylar sifatida hisobga olinadi.
Pensiya soʻrab murojaat etgan kishi besh yildan kam ishlagan hollarda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqi ishlangan kalendar oylar uchun qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini shu oylar soniga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
Mavsumiy ishlarda band boʻlgan xodimlarga pensiyalar tayinlashda pensiyani hisoblab chiqarish uchun olinadigan oʻrtacha oylik ish haqi istalgan ketma-ket besh mavsumdagi qayta hisoblangan ish haqining umumiy miqdorini oltmishga boʻlish yoʻli bilan aniqlanadi.
Pensiyani hisob-kitob qilish uchun eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan ortiq boʻlmagan miqdordagi oʻrtacha oylik ish haqi olinadi.
