13-modda. Insofsiz raqobatni taqiqlash
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Insofsiz raqobat, shu jumladan:
boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektga zarar keltirishi yoki uning ishchanlik obroʻsiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan notoʻgʻri taqqoslashlar. Bunda xoʻjalik yurituvchi subyektning tovarini xolisona tasdiqqa ega boʻlgan tavsiflarni yoki taqqoslash parametrlarini koʻrsatmagan holda tovarning ustunligi haqida taassurot hosil qiluvchi soʻzlardan yoki belgilardan foydalanish orqali boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) oʻzga tovari bilan taqqoslash yoxud koʻrsatilgan soʻzlarni yoki belgilarni oʻz ichiga olgan tasdiqlar yolgʻon, noaniq boʻlgan yoki buzib koʻrsatilgan hollar notoʻgʻri taqqoslashdir;
yuridik shaxsning intellektual faoliyati natijalaridan va ularga tenglashtirilgan individuallashtirish vositalaridan, tovarni individuallashtirish vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda tovarni realizatsiya qilish, shu jumladan tovarni xoʻjalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovar belgisiga, firma nomiga oʻxshash boʻlgan yoxud adashtirib yuborish darajasida u bilan oʻxshash boʻlgan belgidan uni tovarlarda, etiketkalarda, oʻrovlarda joylashtirish yoʻli bilan yoki sotilayotgan yoxud fuqarolik muomalasiga oʻzgacha tarzda kiritilayotgan tovarlarga nisbatan tovar belgisidan boshqacha tarzda foydalanish yoʻli bilan, shuningdek ushbu belgidan domen nomida foydalanish orqali qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda realizatsiya qilish;
tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, isteʼmol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida isteʼmolchilarni chalgʻitish, xoʻjalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamgʻalanishini, etiketkasini, oʻrovini, ranglar uygʻunligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xoʻjalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa koʻchirish orqali qalbakilashtirish;
fan-texnikaga, ishlab chiqarishga yoki savdoga oid axborotni, shu jumladan tijorat sirini egasining roziligisiz olish, undan foydalanish, uni oshkor etish;
tovar yoki moliya bozoriga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektning kirishiga toʻsiq qoʻyish taqiqlanadi.
Yuridik shaxsni individuallashtirish vositalariga, tovarni individuallashtirish vositalariga boʻlgan mutlaq huquqni olish, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan avval fuqarolik muomalasiga kiritilgan tovarga nisbatan belgi bilan aynan oʻxshash yoki adashtirib yuborish darajasida oʻxshash boʻlgan tovar belgisini roʻyxatdan oʻtkazish bilan bogʻliq insofsiz raqobatga yoʻl qoʻyilmaydi.
