10-modda. Ustun mavqeni suiisteʼmol qilish
Raqobat toʻgʻrisida (O‘RQ-319-son) · Sana: 06.01.2012 · Amalda
Xoʻjalik yurituvchi subyektning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) isteʼmolchilarning, boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va manfaatlarini kamsitishga olib keladigan taqiqlangan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari:
muomalada boʻlgan tovarlarning hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga olib keladigan tarzda qisqartirishi;
tovarning monopol yuqori yoki monopol past narxlarini belgilashi;
shartnoma predmetiga taalluqli boʻlmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablagʻlarni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni oʻzga shaxsga oʻtkazishga doir asossiz talablarni, shuningdek raqobatning cheklanishiga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin boʻlgan boshqa harakatlarni sodir etish talablarini majburan qabul qildirishi;
shartnomaga kamsituvchi shartlarni kiritishi, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar (raqobatchilar) tomonidan ishlab chiqariladigan tovarlarni olishini yoki realizatsiya qilishini taqiqlashi yoxud cheklashi;
kontragent tomonidan boshqa tovarlarni olish yoki realizatsiya qilish yoxud kontragentning tovarlarni oʻzga xoʻjalik yurituvchi subyektlardan olishdan yoki boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarga realizatsiya qilishdan oʻzini tiyishi sharti bilangina shartnoma tuzishga rozilik berishi;
tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati boʻla turib, shartnoma tuzishdan asossiz ravishda bosh tortishi;
tovar yoki moliya bozoriga boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarning kirishiga toʻsiqlar qoʻyishi tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiisteʼmol qilish deb eʼtirof etiladi.
