Koʻmir shaxtalarining oʻt oʻchirish suv taʼminotini markazlashgan tarzda nazorat qilish va boshqarish boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (378-son)
30.12.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan, 2011-yil 5-yanvar 6/24/10-12643/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari)ning toʻplami, 2004-yil, 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Koʻmir shaxtalarining oʻt oʻchirish suv taʼminotini markazlashgan tarzda nazorat qilish va boshqarish boʻyicha yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Boshliq B. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2010-yil 30-dekabr,
378-son
Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 30-dekabrdagi 378-sonli buyrugʻiga ILOVA
Koʻmir shaxtalarining oʻt oʻchirish suv taʼminotini markazlashgan tarzda nazorat qilish va boshqarish boʻyicha
Yoʻriqnoma
“Koʻmir shaxtalarining oʻt oʻchirish suv taʼminotini markazlashgan tarzda nazorat qilish va boshqarish boʻyicha yoʻriqnoma” Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) talablarini hisobga olgan holda ishlab chiqildi.
1. Umumiy qoidalar
1. Har bir shaxtadagi suvni olish, suvni saqlash hamda uni avariya sodir boʻlgan joyga yetkazib berish uchun moʻljallangan va yoyilgan tarzda alohida joylashtirilgan muhandislik-texnik inshootlarning kompleksidan iborat boʻlgan oʻt oʻchirish suv taʼminotini boshqarish oʻt oʻchirish suv taʼminoti va nazoratining markazlashgan tizimi (keyinchalik matnda— SMN tizimi) yordamida amalga oshirilishi lozim.
2. SMN tizimi shaxtadagi operativ-dispetcherlik boshqaruv tizimining (ODBT) tashkiliy qismi hisoblanib, shaxtada mehnat muhofazasining avtomatlashtirilgan boshqaruvi tizimi rivojlanishi davomida esa, keyinchalik ODBT tarkibiga kirishi lozim.
3. SMN tizimining asosiy vazifasi— yer usti va yer osti obyektlarining oʻt oʻchirish suv taʼminoti tizimi ishlashi uchun optimal sharoitlarni yaratish va oʻt oʻchirish-sugʻorish quvuri (OʻSQ) tarmogʻidagi nuqsonlarni tezkor aniqlash va yongʻin sodir boʻlguniga qadar nuqsonlarni tuzatish yoʻli bilan shaxtada yuz bergan avariyani bartaraf qilish maqsadida tizimni tayyor holda ushlab turishdan iborat.
4. SMN tizimi quyidagi elementlardan iborat boʻlishi lozim: OʻSQ tarmogʻi parametrlarini oʻlchovchi va signal beruvchi qurilmaning oʻrnatma qiymatlari boʻyicha uzoqdan yetkaziladigan signallarni kommutatsiyalovchi (yoʻnalishlarini oʻzgartiruvchi) priborlar; tizimdagi elementlarning bir-biriga signal uzatishi uchun aloqa liniyasi; axborotni dastlabki qayta ishlash va uzatishning texnik vositalari; axborotni shakllantirish va taqdim etishning texnik vositalari.
5. SMN tizimi avtomatik boshqaruvning mustaqil konturiga, yaʼni— mashina va mexanizmlar, shu jumladan tasmali konveyerlar bir vaqtda ishga tushirilishi va ishlashini taʼminlovchi tizimga (blokirovkasiga) ega boʻlishi mumkin.
6. SMN tizimining boshqaruv tuzilmasi markazlashtirilgan boʻlishi mumkin, yaʼni: bir bosqichli— oʻt oʻchirish suv taʼminotini boshqarish va nazorat qilish boshqaruvning markaziy pultidan amalga oshiriladi; ikki bosqichli— nazorat va boshqarish, asosiy boʻlmagan bir qator funksiyalarni shaxtaning uzoqdagi sanoat maydonchalarida joylashgan boshqaruv punktlariga oʻtkazgan holda, markaziy pult orqali amalga oshiriladi.
nomarkazlashtirilgan— oʻt oʻchirish suv taʼminotini nazorat qilish va boshqarish shaxta boshqarmasining tarkibiga kiruvchi shaxtalarda joylashtirilgan bir nechta mustaqil dispetcherlik boshqaruv punktlaridan amalga oshiriladi.
7. SMN tizimidagi axborotni tanlab olish, uzatish va taqdim etishning texnik vositalari obyektning elektr, portlash va yongʻin xavfsizligini taʼminlashi lozim.
8. Shaxtaning SMN tizimi bilan jihozlanishi loyihalovchi guruhlar yoki tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan yongʻinga qarshi (YoQ), avtomatizatsiya va signalizatsiya, ODBT loyihalari asosida amalga oshirilishi kerak.
9. SMN tizimining ekspluatatsiyasi davomida gorizont, qanot, uchastka, qazish joyini kiritish (soʻndirish) yoki OʻSQ tarmogʻida boshqa oʻzgarishlar sodir boʻlgan hollarda shaxta xodimlari uch sutka ichida ushbu loyihalarga tuzatishlar kiritishi va markazlashgan nazoratni tashkil qilishlari kerak.
2. SMN tizimidagi axborot
10. SMN tizimidagi dispetcherlik nazoratining hajmi shaxtaning yer usti va yer osti obyektlaridagi oʻt oʻchirish suv taʼminoti toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotga ega boʻlish uchun yetarli boʻlishi lozim.
11. Dispetcherlik qurilmalarining boshqaruv punktidagi axborot jadvalda (1-ilova) keltirilgan hajmda berilishi kerak.
12. SMN tizimidagi axborot hajmi va boshqaruv tuzilmasi shaxtaning amaldagi (loyihalashtirilayotgan) yer usti va oʻt oʻchirish suv taʼminoti bilan belgilanadi.
13. SMN tizimida bilvosita axborotni (masalan, oʻt oʻchirish suv taʼminoti amalga oshiriluvchi qiyalikdagi (bremsbergdagi) suvning hisoblangan bosimi boʻyicha, tozalash qazish joyi va tayyorlov qazish joyining oʻt oʻchirish-sugʻorish quvuri tarmogʻidagi hisoblangan bosim borligi yoki oʻt oʻchirish nasosining holati boʻyicha kollektorda hisoblangan bosim borligi haqida xulosa chiqarish) tashkil qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
14. Yongʻindan himoya qilish loyihasida (boʻlimida) quyidagilar belgilanadi: SMN tizimidagi axborot hajmi, oʻt oʻchirish-sugʻorish quvuri tarmogʻidagi oʻlchov asboblarining joylashuvi, ularning turlari, oʻlchov chegaralari va signal beruvchi moslamasining oʻrnatma qiymatining hisoblangan kattaligi.
15. SMN tizimidagi yongʻindan himoya qilish loyihasi (boʻlimi) amalga oshirilishi davomida kon lahimlarining sxemasi (rejasi)da va avariyani bartaraf qilish rejasiga (ABR) asoslangan yer yuzasi rejasida 3-Ilovada keltirilgan shartli belgilarga muvofiq oʻlchov asboblari oʻrnatilgan joylar koʻrsatilishi lozim.
3. Oʻlchov asboblari oʻrnatiladigan joylar
16. SMN tizimidagi oʻlchov asboblarini oʻrnatish joylari statsionar (oʻt oʻchirish-sugʻorish quvurining magistral tarmoqlarida) va koʻchma (oʻt oʻchirish-sugʻorish quvurining uchastka tarmoqlarida) boʻlishi mumkin.
17. Koʻchma oʻlchov asboblari joylashuvini oʻzgartirish uchastka qayta ishlanganidan keyin, statsionar oʻlchov asboblarining joylashuvi esa— OʻSQ tarmogʻi oʻzgarishi davomida amalga oshiriladi.
18. Oʻrnatilish joylaridagi oʻlchov asboblari oʻt oʻchirish suv taʼminoti quvuriga bevosita yoki avtomatik oʻt oʻchirish qurilmasining harakatga keltiruvchi liniyasi (tarmogʻi) orqali ulanishi mumkin.
19. SMN tizimidagi oʻlchov asboblarini joylashtirish uchun avtomatik oʻt oʻchirish qurilmasining harakatga keltiruvchi liniyasi (tarmogʻi)dan foydalanish cheklangan boʻlishi lozim, sababi undan olinadigan axborot (OʻSQ tarmogʻidagi suv bosimi nazorati, avtomatik oʻt oʻchirish qurilmasining ish rejimi, yongʻin va hk.) koʻp funksiyali boʻladi.
20. Yongʻindan himoya qilish loyihalarida (boʻlimlarida) OʻSQ tarmogʻida oʻlchov asboblarining oʻrnatilish joylari 3 va 4-ilovalarga muvofiq OʻSQ tarmogʻining gidravlik hisob-kitobi sxemalarida koʻrsatiladi, matnda esa-ularning parametrlari (jadval koʻrinishida) beriladi.
21. Obyektlarda oʻlchov asboblari jadvalga muvofiq joylashtiriladi (2-ilova)
4. Axborotni taqdim etish usuli
22. SMN tizimidagi dispetcherlik qurilmalarida axborot foydalanuvchi uchun qulay boʻlgan “och rang” yoki “toʻq rang” shchit boʻyicha yorugʻlik va tovush signallar koʻrinishida shakllantiriladi.
23. Kelayotgan axborot shaxtaning oʻt oʻchirish suv taʼminoti obyektining “norma” va “avariya” kabi ikki holatlarini tavsiflab berishi lozim.
24. Obyektning “norma” holatida— dispetcherlik qurilmalarining “och rang” shchitidagi signallar qizil rangdan boshqa istalgan, koʻproq, yashil rangda bir tekisda yonib turadi; “avariya” holatida, shu jumladan axborot kanalida buzilish roʻy berganida— “och rang” va “toʻq rang” shchitlar boʻyicha qizil rangli signallar lipillab yona boshlaydi.
25. “Avariya” yorugʻlik signali dispetcherlik qurilmalarida kvitirlanishi* 1 mumkin boʻlgan tovushli signal bilan birga berilishi lozim.
* 1 kvitirlanish— oʻz-oʻzidan qaytariluvchi qurilma yordamida signalning oʻchirilishi.
26. Avariya signalining, nuqson bartaraf qilinguniga qadar bir maromda yonib turishi shartida, lipillab yonishini kvitirlashga yoʻl qoʻyiladi.
27. Dispetcherlik qurilmalaridagi simvollarning aniqlanib olinishi obyektning mnemosxemasi yoki shildiklardagi* yozuvlar yordamida amalga oshirilishi kerak.
*Shildik— maʼlumot tushirilgan koʻrsatkich oʻrnatilgan ramka.
28. Agar dispetcherlik qurilmalari bitta xona (dispetcherlik punkti)da joylashtirilgan boʻlsa, u holda maʼlumot ikki yoki undan koʻproq dispetcherlik qurilmalarida koʻrsatilishi mumkin.
29. Dispetcherlik qurilmalarida maʼlumotning taqdim etilish usuli ODBT loyihasi (boʻlimi) yoki shaxtaning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi (ABT) bilan belgilanadi.
30. Boshqaruv punkti (BP) apparatini SMN tizimining dispetcherlik qurilmasi sifatida ishlatishga yoʻl qoʻyiladi.
31. Joriy axborot ABTning chiqarish qurilmalariga foydalanuvchi tomonidan berilgan soʻrov boʻyicha beriladi. Ogohlantirish signalizatsiyasi avtomatik ravishda shakllanib, avariya signali EHM ga tushganida koʻrsatilishi lozim.
32. Shaxtaning ODBT va ABT tizimlarida axborot real vaqt masshtabida koʻrsatilishi kerak.
33. Shaxtaning SMN va oʻt oʻchirish suv taʼminoti tizimlarida yuzaga kelgan barcha buzilishlar shakli 5-Ilovada keltirilgan Kitobda roʻyxatga olinishi lozim.
5. Axborotni tanlab olish, uzatish va taqdim etishning texnik vositalari
34. SMN tizimidagi axborotni tanlab olish, uzatish va taqdim etish boʻyicha texnik vositalarning turlari ODBT, ABT, avtomatizatsiya va signalizatsiya loyihasi (boʻlimi)da, shaxtaning YoQ loyihasi (boʻlimi)da qabul qilingan yechimlar asosida belgilanadi.
35. Axborotni qayta ishlash, shakllantirish va taqdim etish vositalari sifatida “Sanoatgeokontexnazorat” DI tomonidan belgilangan tartibda koʻmir shaxtalarida ishlatishga ruxsat berilgan dispetcherlik qurilmalari qabul qilinishlari lozim.
36. SMN tizimi elementlari oʻrtasida signallarning uzatilishi telemexanika qurilmalari orqali va ruxsat berilgan joylarda toʻgʻri fizik chiziqlar boʻyicha amalga oshirilishi zarur.
37. Elektr zanjirlarni birlashtirish va ulash normativ hujjatlarning talablariga va uskunaning tegishli ekspluatatsion hujjatlariga muvofiq bajarilishi kerak.
38. SMN tizimida portlashdan saqlash darajasi va turi “portlashdan oʻta himoya qilingan elektr uskuna”, “uchqun chiqarishdan xavfsiz elektr zanjiri”, portlashdan himoya qilinish markirovkasi ROI boʻlgan va bir-biri bilan bogʻlanmagan ikkita elektr zanjirli “signal beruvchi manometr”dan (keyinchalik— manometr) oʻlchov asbobi sifatida foydalanish tavsiya etiladi.
39. Oʻlchov diapazonining tanlanishi va signal beruvchi qurilmaning oʻrnatma qiymatini hisoblash 6-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
40. Obyektda manometrning OʻSQ tarmogʻi bilan loyiha va ekspluatatsiya hujjatlari talablariga muvofiq ulanadi.
6. Mashina va mexanizmlar blokirovkasi
41. Mashina va mexanizmlarni boshqarish tizimini jihozlash boʻyicha talablarni bajarish uchun OʻSQ tarmogʻidagi suv bosimini nazorat qiluvchi datchik sifatida 39-bandda keltirilgan talablarga mos boʻlgan manometrni qoʻllash tavsiya etiladi.
42. Manometrdagi signal beruvchi qurilmaning konstruksiyasi uni nazorat va boshqaruv tizimlari diskretli kirishga ega boʻlgan ikkita mustaqil zanjirda ishlatilishini taʼminlashi lozim.
43. OʻSQ tarmogʻida suv boʻlmaganida yoki bosim tushib ketganida manometrning signal beruvchi qurilmasining kontaktlari tasmali konveyerni boshqarish blokidagi favqulodda tormozlash hamda lahim qazish va chiqarib olish uskunalarini boshqarish stansiyalarini toʻxtatishning elektr zanjirlariga taʼsir koʻrsatishi kerak.
44. Obyektdagi oʻt oʻchirish suv taʼminotining normal holati tiklanganida mashina va mexanizmlar boshqaruvi zanjirlarining bir-biridan ajratilishi aynan shu manometr yordamida bajarilishi kerak.
45. Yongʻinga qarshi himoya loyihasi (boʻlimi)da OʻSQ tarmogʻida suv bosimi hisoblangan qiymatdan pasaygan holatlarda mashina va mexanizmlarni ishga tushirish va ishlashini blokirovkalashni amalga oshiruvchi manometrlar belgilab berilishi lozim.
46. “Avtomatizatsiya” loyihasi (boʻlimi)da manometrning signal beruvchi qurilmasini mashina va mexanizmlarning boshqaruv bloklariga ulanish sxemalari ishlab chiqiladi.
47. Manometrni boshqaruv bloklariga ulash uchun koʻmir shaxtalarida qoʻllanishga ruxsat berilgan sim ishlatiladi.
7. Yakuniy holat
48. “Koʻmir shaxtalarining oʻt oʻchirish suv taʼminotini markazlashgan tarzda nazorat qilish va boshqarish boʻyicha Yoʻriqnoma” Oʻzbekkoʻmir OAJ bilan kelishilgan.
Oʻzbekkoʻmir OAJ bosh direktori X. Xursanov
Ilovalar
1-ILOVA
2-ILOVA
3-ILOVA
SMN tizimidagi manometrlarning shartli belgilanishi
Suratida — manometrning tartib raqami. Maxrajida — bevosita oʻt oʻchirish quvuriga oʻrnatilgan manometr.
Suratida — manometrning tartib raqami. Maxrajida — avtomatik oʻt oʻchirish qurilmasining harakatga keltiruvchi liniyasida oʻrnatilgan manometr.
1. Aylana diametri 5 mm dan kam boʻlmasligi kerak.
2. Harflarning balandligi 3 mm dan kam boʻlmay, ular qizil boʻyoq bilan yozilishi lozim.
4-ILOVA
SMN tizimining oʻt oʻchirish quvuri tarmogʻida manometrlarning joylashuvi
5-ILOVA 34 b. uchun shakl
Kitobni yuritish boʻyicha tushuntirish
Kitobda shaxtaning oʻt oʻchirish suv taʼminoti va SMN tizimlarida roʻy bergan avariyalar va reja boʻyicha bajariladigan ishlar qayd etiladi.
Kitob ip bilan tikib bogʻlanishi, muhrlanishi va sahifalari raqamlangan boʻlishi kerak.
Kitob kon dispetcheri tomonidan toʻldiriladi va dispetcherlik punktida saqlanadi.
Kitobni toʻgʻri yuritish va oʻz vaqtida toʻldirish masʼuliyati shaxtaning texnik direktori (bosh muhandisi)ga yuklanadi.
6-ILOVA
Oʻlchov diapazonini tanlash va oʻrnatma qiymatlarni hisoblash metodikasi
1. Manometrning oʻlchov diapazoni berilgan uchastkaning OʻSQ tarmogʻidagi mumkin boʻlgan maksimal bosimdan kattaroq boʻlgan oʻlchov chegarasi boʻyicha belgilanadi.
Manometrning oʻlchov diapazoning tanlash 1-jadval boʻyicha amalga oshiriladi.
2. OʻSQ tarmogʻining berilgan nuqtasidagi signal beruvchi qurilma manometrining oʻrnatma qiymatini hisoblash ushbu uchastkadagi oʻt oʻchirish suv taʼminotining gidravlik parametrlariga asoslangan holda bajariladi. Oʻrnatma qiymat kattaligi quyidagi ifoda orqali aniqlanadi:
Rust = Rcm -Rmaxm..n-0,025Diz, bu yerda
Rst — suv taʼminotining barcha variantlari uchun OʻSQ tarmogʻining ushbu uchastkasidagi suvning maksimal bosimi, MPa (kg/sm2);
Rmaxm..n — texnologik ehtiyojlar uchun suvning maksimal sarflanishida manometr oʻrnatilishidan keyingi OʻSQ tarmogʻining ushbu uchastkasidagi bosimning kamayishi, MPa (kg/sm2);
Diz - manometr oʻlchov diapazonining chegaraviy qiymati, MPa (kg/sm2).
Texnologik ehtiyojlar uchun suvning maksimal sarflanishidagi bosimning kamayishi (Rmaxm.n.) hisoblash orqali aniqlanadi: ushbu uchastkadagi texnologik ehtiyojlar uchun suvning maksimal sarflanishi (m3/s), OʻSQ tarmogʻining ushbu uchastkasidagi toʻliq gidravlik qarshilik (sm2/m5) va mahalliy qarshiliklar tufayli yoʻqotiladigan bosim (10%) boʻyicha.
3. Misol.
Tarmoqning gidravlik hisoblash sxemasi boʻyicha diapazonni va manometrning oʻrnatma qiymati hisoblanishini tanlash (4-Ilova).
Berilgan dastlabki maʼlumotlar:
Manometr oʻrnatilgan joy— yoʻldagi qiyalik etagi;
Manometrning tartib raqami— 4.
OʻSQ tarmogʻining manometr oʻrnatilgan joyidagi suvning maksimal hisoblangan bosimi
Rst = 150 m (15 kgs/sm2,1,5 MPa).
Texnologik ehtiyojlar uchun suvning maksimal sarflanishi tufayli bosimning yoʻqotilishi
Rmaxm.n. = 10 m (1.0 kgs/sm, 0,1 MPa).
1-Jadvalga muvofiq manometrning oʻlchov chegarasi 1,87 MPa (18,7 kgs/sm2) qilib tanlab olinadi va ushbu qiymat boʻyicha manometrning oʻlchov diapazoni— 2,5 MPa (25 kgs/sm2) belgilanadi.
Manometrning signal beruvchi qurilmasidagi oʻrnatma qiymat kattaligi
Rust = (15,0 - 1,0) - 0,025x25,0 = 13,375 kgs/sm2.
Manometrning signal beruvchi qurilmasining koʻrsatgichi shkala boʻyicha 13 kgs/sm2 ga teng boʻlgan belgi yoniga oʻrnatiladi.
4. YoQH loyihasi (boʻlimi)da SMN tizimida qoʻllaniladigan har bir manometrning oʻlchov diapazonini tanlash va signal beruvchi qurilmasining oʻrnatma qiymatining hisob-kitoblari boʻyicha natijalar (jadval koʻrinishida) koʻrsatilishi lozim.
