Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda xorijiy valyutadagi mablagʻlardan foydalanish ustidan nazoratni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 13-martdagi 95-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida (329-son)
13.12.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Import operatsiyalarini yanada tartibga solish va ularning oʻz vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan nazoratni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda xorijiy valyutadagi mablagʻlardan foydalanish ustidan nazoratni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 13-martdagi 95-son qaroriga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari bir oy muddatda oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 13-dekabr,
329-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 13-dekabrdagi 329-son qaroriga ILOVA
Vazirlar Mahkamasining “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda xorijiy valyutadagi mablagʻlardan foydalanish ustidan nazoratni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 13-martdagi 95-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 1-bandning birinchi xatboshidagi “Davlat soliq qoʻmitasiga” soʻzlari “Davlat bojxona qoʻmitasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. 1-ilovaning 25-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“25. Tovarlarning respublikaga keltirilishi va erkin muomalaga chiqarish rejimiga rasmiylashtirilishi, import kontraktlari boʻyicha ishlarning bajarilishi va xizmatlar koʻrsatilishi yoki ular uchun toʻlangan pul mablagʻlarining qaytarilishi taʼminlanmaganligi quyidagi hollarda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida tuzilgan kontraktlar boʻyicha yoki kontraktlar Mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni amalga oshirish doirasida Boshqaruvchi qoʻmita tomonidan tasdiqlangan taqdirda — import kontraktlarida belgilangan tovarlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) muddatlari tugagandan keyin;
boshqa import kontraktlari boʻyicha — oldindan toʻlov amalga oshirilgan kundan boshlab 180 kalendar kun oʻtgandan keyin toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan debitor qarzdorlik hisoblanadi.
Oldindan toʻlov amalga oshirilgan sanadan keyin import qiluvchi korxona tomonidan ushbu bandning ikkinchi va uchinchi xatboshida belgilangan muddatlar mobaynida vakolatli bankka bojxona xizmatlarining tovarlarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga keltirilganligi toʻgʻrisida tegishli belgilari qoʻyilgan kartochka, bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha esa — invoyslar, schyot-fakturalar, bajarilgan ishlarning dalolatnomalari taqdim etilmagan taqdirda vakolatli banklar import qiluvchi korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan joydagi davlat soliq xizmati organlariga oʻn kun muddatda tegishli axborot yuboradilar”.
