Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari xavfsizligi qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (181-son)
10.08.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2011-yil 16-avgust, 6-24/13-8885/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari xavfsizligi qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Inspeksiya boshligʻi B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 10-avgust,
181-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 10-avgustdagi 181-son buyrugʻiga ILOVA
Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari xavfsizligi
Qoidalari
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 19-son, 191-modda) muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari xavfsizligi talablarini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar foydalaniladi.
Avariyaga qarshi himoya — gazni avariya yuz bergan vaqtda oʻchirish moslamasi.
Blokirovka — xodimlar tomonidan xavfsizlik talablari buzilgan holatlarda yoki texnologik rejim buzilgan vaqtlarda gazni yoki texnologik qurilmani ishga tushirish imkonini bermaydigan uskuna.
Gaz isteʼmol qilish tizimlari — gazdan foydalanuvchi jihozlarda yonilgʻi sifatida gazdan foydalanish hamda uni yetkazib berishda tashkiliy va iqtisodiy oʻzaro bogʻliq obyektlardan tashkil topgan ishlab chiqarish hamda texnologik majmua.
Gaz isteʼmoli tarmogʻi — bir ishlab chiqarish hududi (maydoni)da joylashgan ichki gaz quvurlari tarmoqlari, gaz jihozlari, xavfsizlik hamda gaz yonishi jarayonini boshqaradigan avtomatika tizimi, gazdan foydalanuvchi jihozlar, binolar va inshootlarni oʻz tarkibiga kiritadigan gaz isteʼmoli tizimining ishlab chiqarish va texnologik majmui.
Gaz taqsimlash tarmogʻi — gaz taqsimlash tizimining aholi yashash joylari (shahar, qishloq va boshqalar)dagi, shu jumladan qishloqlararo tashqi gaz quvurlaridan iborat, gaz taqsimlash stansiyasi (GTS)ning chiqishdagi oʻchirish qurilmasidan yoki gazning boshqa tarmogʻidan gaz isteʼmoli obyektidagi kiruvchi gaz quvurigacha boʻlgan texnologik majmuasi. Gaz taqsimlash tarmogʻiga gaz quvuridagi inshootlar, elektro kimyoviy himoya vositalari, gaz tartiblash punktlari (GTP) va shkafli gaz tartiblash punktlari (ShGTP) kiradi.
Gaz taqsimlash tarmogʻining himoyalanadigan hududi — foydalanish uchun normal sharoitlarni taʼminlash va uning shikastlanishi imkoniyatini istisno etish maqsadida gaz quvurlari trassasi hamda gaz taqsimlash tarmogʻining boshqa obyektlari atrofida oʻrnatiladigan, alohida foydalanish sharoitlari mavjud boʻlgan hudud.
Gaz taqsimlash tizimi — gazni bevosita isteʼmolchilarga yetkazib berish va uzatish uchun moʻljallangan tashkiliy va iqtisodiy jihatdan oʻzaro bogʻliq obyektlardan iborat ishlab chiqarish majmuasi.
Gaz tartiblash punkti (GTP) va qurilmasi (GTQ) — gaz taqsimlash tarmoqlarida gaz bosimini pasaytirish va uni belgilangan darajada saqlab turish uchun moʻljallangan texnologik qurilma.
Gazdan foydalanuvchi jihoz (qurilma) — texnologik jarayonda gazdan yoqilgʻi sifatida foydalanuvchi jihoz. Gazdan foydalanuvchi jihoz sifatida qozonlar, turbinalar, pechlar, gaz-porshenli dvigatellar, texnologik tizimlar va boshqa jihozlarni qoʻllash mumkin.
Gazdan xavfli ishlar — gazlangan muhitda yoki gaz chiqish ehtimoli mavjud joylarda bajariladigan ishlar.
Gazning xavfli konsentratsiyasi — gazning alangalanish eng pastki chegarasining 20 foizidan oshadigan, havo miqdoridagi konsentratsiyasi (gazning hajmli ulushi).
Diagnostika — obyektlar (gaz quvurlari va inshootlari)ning texnik holatini aniqlash boʻyicha nazariya, usullar va vositalarni qamrab olgan bilim sohasi.
Kirish gaz quvuri — taqsimlovchi gaz tarmogʻiga ulanish joyidagi kiruvchi gaz quvuridan oʻchiruvchi moslamagacha yoki binoning kirish joyidagi yer ostidan oʻtkazilgan gʻilofgacha boʻlgan gaz quvuri.
Kiruvchi gaz quvuri — binoning kirish joyidagi oʻchirish moslamasining tashqarisida, shu jumladan, ichki gaz quvurigacha, bino devori orqali tashqaridan gʻilofda oʻrnatiladigan gaz quvuri boʻlagi.
Qishloqlararo gaz quvuri — gaz tarmoqlarining aholi yashash joylaridan tashqarida oʻtkazilgan gaz quvuri.
Maydoncha ichidagi gaz quvuri — korxonaning ishlab chiqarish hududi ichkarisidagi sanoat isteʼmolchisiga gaz taʼminoti manbaidan gaz uzatishni taʼminlaydigan taqsimlovchi gaz quvuri boʻlagi (kirish qismi).
Maydoncha tashqarisidan oʻtkazilgan gaz quvuri — korxonaning ishlab chiqarish hududidan tashqaridagi sanoat isteʼmolchisiga gaz taʼminoti manbaidan gaz uzatishni taʼminlaydigan taqsimlovchi gaz quvuri.
Olov bilan bogʻliq ishlar — ochiq olovdan foydalangan holda bajariladigan ishlar.
Putur yetkazmaydigan nazorat — materiallar xususiyatlarini buzmasdan yoki namuna olmasdan aniqlash usuli bilan texnologik qurilmalarning texnik holatini nazorat qilish.
Saqlash berkitish klapani (SBK) — gaz uzatilishini toʻxtatishda ish holatini yopiq holatga keltirish tezligi 1 soniyadan oshmasligini taʼminlaydigan qurilma.
Saqlash chiqarish klapani (SChK) — gaz jihozlarini tarmoqdagi gaz bosimi ruxsat berilmaydigan darajasigacha oshib ketishidan himoyalaydigan qurilma.
Signalizatsiya — nazorat qilinadigan parametrlarning yuqori va quyi oʻlchamlarga yetish hollarida ovozli yoki yorugʻlik yordami bilan xabar berilishini taʼminlaydigan uskuna.
Taqsimlovchi gaz quvuri — gaz taqsimlash tarmogʻidagi gaz manbaidan kiruvchi gaz quvurigacha gaz isteʼmolchilariga gaz yetkazib beruvchi gaz quvuri.
Tashqi gaz quvuri — kiruvchi gaz quvuridan oldinda oʻrnatilgan oʻchiruvchi moslamagacha boʻlgan yer osti va yer ustidan yoki binoning kirish joyidagi gʻilofgacha boʻlgan yer ostidan oʻtkazilgan gaz quvuri.
Taʼmirlash — mahsulotlar (gaz quvurlari va inshootlar)ning sozligi yoki ish qobiliyatini tiklash hamda uning resurslarini yoki asosiy qismlarini tiklash boʻyicha bajariladigan operatsiyalar majmui.
Texnik xizmat koʻrsatish — mahsulot (texnik qurilma)dan maqsadli foydalanish, saqlash va yetkazib berishda uning ish qobiliyatini yoki sozligini saqlab turish boʻyicha bajariladigan operatsiyalar majmui yoki yakka operatsiya.
Shkafli gaz tartiblash punkti (ShGTP) — gaz taqsimlash tarmoqlarida gaz bosimini pasaytirish va uni belgilangan darajada saqlab turish uchun moʻljallangan shkaf koʻrinishida tayyorlangan texnologik qurilma.
1-§. Amal qilish sohasi va qoʻllash tartibi
2. Mazkur Qoidalar quyidagilarga nisbatan amal qiladi:
aholi yashash joylaridagi, jumladan qishloqlararo tashqi gaz quvurlari;
gaz bosimi 1,2 MRa gacha boʻlgan tashqi (maydon ichidagi), ichki gaz quvurlari hamda sanoat, qishloq xoʻjaligi va boshqa ishlab chiqarishlardagi gaz jihozlari (texnik qurilmalar);
gaz tartiblash punktlari (GTP), gaz tartiblash qurilmalari (GTQ) va shkafli gaz tartiblash punktlari (ShGTP);
poʻlat gaz quvurlarini elektro-kimyoviy korroziyadan himoyalash vositalari;
gaz taqsimlash va isteʼmol qilish boʻyicha texnologik jarayonlarni avtomatik boshqarish tizimlari va vositalari;
gaz quvurlaridagi bino va inshootlar.
3. Mazkur Qoidalar quyidagilarga nisbatan amal qilmaydi:
avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalari (AGTKS);
texnologik (maydon ichidagi) gaz quvurlari va metallurgiya ishlab chiqarishidagi gaz jihozlari;
bosimi 1,2 MRa dan yuqori boʻlgan magistral va kiruvchi gaz quvurlari;
texnologik (maydon ichidagi) gaz quvurlari hamda tabiiy gazdan xomashyo sifatida foydalanadigan kimyo, neftkimyo, neft qazib chiqarish va neftni qayta ishlab chiqarish sanoatlaridagi gaz jihozlari;
texnologik (maydon ichidagi) gaz quvurlari hamda gaz qazib chiqarishga va ishlab chiqarishlaridagi gaz jihozlari;
suyultirilgan uglevodorodli gazlar (propan-butan)ni saqlash, yetkazib berish va foydalanish obyektlari;
gazdan foydalanuvchi koʻchma qurilmalar hamda avtomobil, temir yoʻl transporti, uchuvchi apparatlar, daryo va dengiz kemalari gaz jihozlari;
maxsus, harbiy maqsaddagi gaz va gazdan foydalanuvchi jihozlar;
tajriba gaz quvurlari hamda gaz jihozlarining tajribaviy namunalari;
gaz-havo aralashmasining portlash energiyasidan foydalanuvchi yoki himoya gazlarini olish uchun moʻljallangan qurilmalar.
II. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmol qilish tizimlari
1-§. Umumiy talablar
4. Aholi yashash joylaridagi gaz taqsimlash va ishlab chiqarishlardagi gaz isteʼmoli tizimlari mazkur Qoidalar, amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalari hamda boshqa meʼyoriy hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.
5. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmol qilish tizimlari, xavfsiz gaz uzatish va zarur hollarda tezkorlik bilan gaz tarmogʻidan toʻxtatishini taʼminlashi lozim.
6. Gaz taqsimlash tarmogʻidagi gaz quvurining tuzilishi gaz quvurlaridan xavfsiz va ishonchli foydalanilishi, gazni bosim va sarf boʻyicha belgilangan koʻrsatkichlarga muvofiq yetkazib berishi, shuningdek kondensatli tiqilmalar shakllanishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
7. Texnik shartlarda, rejasida gaz taqsimlash tarmogʻidagi ulanish nuqtasi, undagi gaz bosimi, quvur diametri va tayyorlangan material, elektro-kimyoviy himoya vositalari (poʻlat gaz quvurlari uchun), shuningdek tuproqning emirilishga faolligi va daydi toklar manbai mavjudligi koʻrsatilgan maʼlumotlar boʻlishi lozim.
2-§. Gaz taqsimlash tarmoqlari
8. Gaz quvurlarini yotqizish shartlari, gaz quvuri atrofidagi gorizontal va vertikal yoʻnalishda oʻtkazilgan muhandislik kommunikatsiyalar, shuningdek binolar, inshootlar, tabiiy va sunʼiy toʻsiqlarga nisbatan masofalarni belgilashda amaldagi Qurilish meʼyorlari va qoidalari (QMQ) talablari hisobga olinishi lozim.
9. Gaz quvurlari konstruksiyasining mustahkamlik va turgʻunlik hisob-kitoblari, shuningdek gaz quvurlarining gidravlik hisob-kitoblari tegishli hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
10. Gaz quvurlarining hisob-kitoblari unga taʼsir etadigan turli kuchlanishlar, jumladan taʼsir vaqti, yoʻnalishi, shuningdek tuproq va tabiiy sharoitlar (choʻkishlar, seysmik taʼsirlar, hududlarda bajariladigan ishlar va boshqalar) keltirib chiqaradigan kuchlanishlardan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi lozim.
Gaz quvuriga taʼsir etadigan kuchlanishlarni hisob-kitob qilishda quvur va armatura vazni, gaz quvurining dastlabki kuchlanish ostidagi holati, haroratning keskin oʻzgarishi, koʻchmalar va yogʻingarchiliklardagi qoʻshimcha kuchlanishlar taʼsirini inobatga olish lozim.
11. Yer ustidan oʻtkazilgan gaz quvurlari uchun, tebranma kuchlanishlar mavjud boʻlgan hollarda yoki gaz quvurining seysmik hududda joylashishida gaz quvurining harakatlanishini taʼminlaydigan va shu bilan birga uning ustunlardan tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan mahkamlanishini koʻzda tutish lozim.
12. Gaz quvurini yer ustidan oʻtkazishda standart harakatlanuvchi va harakatlanmaydigan tayanch qismlar oʻrnatilishi koʻzda tutilishi lozim.
Ustunlar oraligʻidagi masofani, ustunlarning tabiiy taʼsir keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan deformatsiyasini hisobga olgan holda belgilash lozim. Tuproqning deformatsiyalanishi istiqbolidan kelib chiqib, ustun konstruksiyasi, odatda gaz quvurining tiklanishi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
13. Yer usti gaz quvurlari yonmaydigan materialdan tayyorlangan ustunlar, estakadalar va oʻtkazgichlar orqali oʻtkazilishi lozim.
Gaz quvurlarining ustunlari orasidagi masofa, gaz quvurlaridan chiqadigan kuchlanish, ustunlarga tuproqlarning taʼsiri, shuningdek tabiiy taʼsirdan kelib chiqib belgilanishi lozim. Oʻtkazish balandligi amaldagi Qurilish meʼyorlari va qoidalari (QMQ)ga muvofiq tanlanishi lozim.
14. Yer ustidagi gaz quvurlarining turgʻun ustunlar orasidagi uchastkalarini joylashtirishda, ularga quvur devori harorati va bosimi oʻzgarishining taʼsirini hisobga olish lozim. Ushbu taʼsirlarni kompensatsiya qilish uchun gaz quvurlarining trassa burilishlaridagi burchaklari oʻz-oʻzidan kompensatsiyalanishi yoki zavodda tayyorlangan kompensatorlar (linzali, silfonli)dan foydalanish mumkin.
15. Gaz isteʼmoli tizimlari hamda texnik qurilmalar uchun foydalaniladigan quvurlar, armaturalar, ulash detallari va mahsulotlari materiallarini tanlashda gaz bosimi, hisoblangan harorat va boshqa sharoitlarni hisobga olish lozim.
16. Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarini quyidagi joylarda oʻtkazish mumkin:
aholi yashash joylarida bosimi 0,3 MRa gacha boʻlgan holda;
aholi yashash joylaridan tashqarida (qishloqlararo) bosimi 0,6 MRa gacha boʻlgan holda.
Mustahkamlik zaxiralarining koeffitsiyenti kamida 2,5 ga teng boʻlishi lozim.
17. Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarini quyidagi joylarda oʻtkazish mumkin emas:
foydalanish jarayonida quvur devorining harorati minus 15° S dan pasayib ketishi mumkin boʻlgan hollarda;
tarkibida aromatlashtirilgan va xlorlangan uglevodorodlar mavjud boʻlgan gazlar, shuningdek suyultirilgan uglevodorodli gazlarning suyuq fazasi boʻlgan gazlarni yetkazib berishda;
seysmiklik darajasi 7 balldan yuqori boʻlgan hududlardagi aholi yashash joylarida mustahkamlik zaxirasi koeffitsiyenti oʻlchanadigan uzunlikning 2,8 dan past boʻlganda, payvandlanadigan birikma ulanishlarini ultratovushli usulda 100 foiz nazorat qilinmasdan;
erdan, yer ustidan, bino ichidan, shuningdek tonnellar, kollektorlar va kanallardan oʻtkazishda;
sunʼiy va tabiiy toʻsiqlar (temir yoʻllarning umumiy tarmoqlari va 1-Sh toifa avtomobil yoʻllari) orqali tezkor yoʻllar ostidan, umumiy maqsaddagi magistral koʻchalar va yoʻllar orqali, shuningdek kengligi 25 metrdan katta boʻlgan suv toʻsiqlari va III toifa botqoqliklar orqali oʻtkazishda, mustahkamlik zaxirasi koeffitsiyenti 2,8 dan past boʻlgan va quvur tashqi diametrining nominal nisbati, quvur devorining nominal qalinligiga nisbatan 11 dan yuqori boʻlgan hollarda.
18. Yer osti gaz quvurlarining boshqa kommunikatsiyalar bilan kesishgan joylarida gazning ushbu kommunikatsiyalarga kirishi va ular boʻylab harakatlanishining oldini olishga qaratilgan himoya choralari koʻrilishi lozim.
19. Yer ustidagi gaz quvurlari yuqori kuchlanishga ega boʻlgan elektr uzatgich simlari bilan kesishgan joylarida, elektr simlarining uzilish hollarida gaz quvurlari ustiga tushishining oldini olishga qaratilgan himoya choralari koʻrilgan boʻlishi lozim.
Gaz quvurining yerlashtirilgan qarshiligi va uning himoya qurilmasi 10 om dan oshmasligi lozim.
20. Gaz quvurlari va elektr oʻtkazgich simlari kesishgan joylarida hamda ularni bir-biriga nisbatan parallel oʻtkazishda ular orasidagi masofa “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasining 2005-yil 19-sentabrdagi 177-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Elektr qurilmalarini oʻrnatish qoidalari”ga (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2005-yil 12-oktabrdagi 20-15-206/22-son xulosasiga muvofiq ushbu hujjat texnik hujjat deb topilgan) muvofiq boʻlishi lozim.
21. Gaz quvurlarini devor orasidan oʻtkazishda ularni poʻlat gʻiloflar orasidan oʻtkazish lozim. Gʻilofning ichki diametri bino va inshootlarning deformatsiyalanishini hisobga olgan holda, biroq gaz quvuri diametridan 10 mm dan yuqori boʻlmasligi lozim. Gaz quvurlari va gʻilof oraligʻidagi boʻshliq elastik materiallar bilan zichlanishi lozim.
22. Berkituvchi armaturalar va kompensatorlar joylashtiriladigan quduqlarning kengligi, ularni montaj qilish va ularga xizmat koʻrsatishni taʼminlashi lozim.
Quduqlarning konstruksiyasi yer osti suvlariga nisbatan chidamli darajada tayyorlangan boʻlishi lozim.
3-§. Tashqi gaz quvurlarini elektro-kimyoviy emirilishdan himoyalash
23. Yer osti poʻlat gaz quvurlarini qurish boʻyicha texnik topshiriqda, uni elektro-kimyoviy emirilishdan himoyalash boʻlimi kiritilgan boʻlishi lozim.
24. Yer osti poʻlat gaz quvurlari, polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlaridagi poʻlat oʻrnatmalar, ochiq oʻtkazilgan gʻiloflarni elektro-kimyoviy emirilishdan himoyalash, ancha kuchaytirilgan himoya izolatsiya qoplamalari orqali amalga oshirilishi, emirish faolligi yuqori boʻlgan tuproqlarda yoki daydi toklarning xavfli harakatlari mavjud joylar esa, qoʻshimcha ravishda elektro-kimyoviy himoya vositalari (EKH) bilan amalga oshirilishi lozim.
25. Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarining binoga kirish (bevosita binodan oldin va kirish joyida elektrdan himoya qiluvchi oʻrnatmalar boʻlishi zarur) joyidagi poʻlat oʻrnatmali qismlarida uzunligi 10 metrdan oshmaydigan poʻlat oʻrnatmalar uchun EKHni koʻzda tutish shart emas.
Ushbu hollarda transheya butun uzunligi va chuqurligi boʻyicha qumli tuproq bilan koʻmilishi lozim.
26. Yer ustidagi gaz quvurlari qurilish olib borilayotgan hudud havo haroratidan kelib chiqib sariq rangga ikki qatlam qilib boʻyalishi lozim.
4-§. Berkitish, rostlash armaturasi hamda saqlash moslamalari
27. Gaz quvurlaridan xavfsiz foydalanishni taʼminlash maqsadida berkitish, rostlash armaturasi hamda saqlash moslamalari blokirovka va oʻlchash vositalari bilan jihozlanadi.
28. Berkitish, rostlash armaturalari hamda saqlash moslamalari blokirovka va oʻlchov vositalarining soni va oʻrnatish joylari, gazdan foydalanish jihozlaridan foydalanish jarayonida xizmat koʻrsatish xodimlarining aralashuvisiz xavfsiz foydalanishni taʼminlashi, shuningdek gaz quvurlari va jihozlari (texnik qurilmalar)ga xizmat koʻrsatilishining qulayligini hisobga olgan holda joylashtirilishi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
29. Tashqi gaz quvurlarida oʻchirish artamaturasi quduqlarda yoki yer ustida oʻrnatilishi mumkin.
30. Oʻchirish, rostlash armaturasi, himoya moslamalari, elektr zanjirini himoya qilish uskunalari, xavfsizlik, blokirovka va oʻlchov avtomatikasi konstruksiyalari texnik hujjatlarga muvofiq boʻlishi lozim.
31. Oʻchirish va rostlash armaturasi gaz muhitiga moʻljallangan boʻlishi lozim.
Boshqa muhit uchun moʻljallangan armaturadan, undagi germetiklik gaz muhitiga moʻljallangan armatura germetikligidan past boʻlmagan hollarda foydalanish mumkin emas.
32. Armatura materiali iqlim sharoitlari va gazning ish bosimidan kelib chiqqan holda tanlanishi lozim.
33. Armatura maxoviklarida uning ochilishi va yopilishida aylantirish yoʻnalishi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
34. Gaz quvurlarida oʻrnatiladigan armaturalar boshqarish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun qulay holda oʻrnatilishi lozim.
35. Armaturalarni gaz quvurlarida minimal darajada bukish va aylantirish kuchlanishi sarflanadigan uchastkalarda oʻrnatish lozim.
Vazni 500 kg dan ortiq boʻlgan armaturalarni gaz quvurlarining gorizontal uchastkalarida oʻrnatish hamda ular uchun maxsus tayanch ustunlar yoki osma moslamalar oʻrnatilishi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
36. Poʻlat gaz quvurlarida tiqinlarning qulay oʻrnatilishi uchun, flanetslarni siqish moslamasi bilan buriladigan yoki yaxlit (listovoy) tiqin oʻrnatilishi, echib olinuvchi ulanish va tok oʻtkazuvchi ulanish koʻzda tutilishi lozim.
Tiqinlar gaz quvuridagi maksimal bosimga moʻljallangan boʻlishi, flanetslardan chiqib turadigan uchdan iborat boʻlib, bunda tamgʻali (bosimi va diametri koʻrsatilgan) yozuvi boʻlishi lozim.
37. Saqlash, chiqarish klapanlari (SChK) belgilangan maksimal ish bosim koʻpi bilan 15 foiz ga oshgan hollarda oʻz-oʻzidan ochilishini taʼminlashi lozim.
Klapan toʻliq yopilishi sodir boʻladigan bosim oʻlchami tegishli standartlar yoki klapanlarni tayyorlash boʻyicha texnik shartlar bilan belgilanadi.
Prujinali PSKlar ularni majburan ochuvchi moslamalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Past bosimli gaz quvurlarida majburan ochilishini taʼminlaydigan moslamalarsiz SChKlar oʻrnatilishi mumkin.
38. Filtrda gaz bosimi pasayishining ruxsat berilgan oʻlchamlari ishlab chiqaruvchi tashkilot tomonidan belgilanadi. Filtrlarda difmanometrlar yoki filtrdagi bosim keskin oʻzgarishini aniqlovchi boshqa moslamalarni ulash uchun moʻljallangan shtutserlar boʻlishi lozim.
5-§. Gaz sozlash punktlari va qurilmalari
39. Gaz bosimini pasaytirish va uni belgilangan parametrlarda saqlab turish uchun, gaz taqsimlash tarmoqlarida gaz tartiblash punktlari (GTP), shu jumladan shkafli gaz tartiblash punktlari (ShGTP) va gaz tartiblash qurilmalarini (GTQ) oʻrnatish koʻzda tutiladi.
40. GTP va ShGTP larni amaldagi Qurilish meʼyorlari va qoidalari (QMQ)ga muvofiq joylashtirish lozim.
41. GTPlarni turar joy, jamoat, maʼmuriy va maishiy binolari (ishlab chiqarish binolaridan tashqari) ichiga yoki ularga tutash holda, shuningdek ularni binoning yertoʻla va poydevor xonalariga joylashtirish mumkin emas.
42. GTP binolari olovga chidamlilik boʻyicha I-II daraja, SO toifali, bir qavatli, yertoʻlasiz boʻlishi hamda tomi tutash boʻlmasligi lozim.
GTPlarni bir qavatli gazlashtiriladigan ishlab chiqarish binolari, ushbu binolarga tutash qurilgan qozonxonalar, ishlab chiqarish maqsadidagi maishiy binolar, olovga chidamlilik darajasi I-II ga teng boʻlgan, SO toifali gazlashtiriladigan ishlab chiqarish binolarining qoplamalarida, yonmaydigan issiqlik qoplamali va ochiq joydagi toʻsilgan maydonchalarda oʻrnatish mumkin.
GTP larni tutash va ichiga oʻrnatish mumkin boʻlgan binolarning olovga chidamlilik darajasi I-II ga teng, SO toifali boʻlishi, xonalarining toifasi “G” va “D” ga tenglashtirilgan boʻlishi lozim. GTP joylashtiriladigan binolarning qurilish konstruksiyalari (tutash chegaralarda) I tip yongʻinga qarshi, gaz oʻtkazmaydigan boʻlishi lozim.
GTP binolarining tom qoplamasining konstruksiyasi (tutash tom) yengil, vazni 120 kg/m2 dan kam boʻlishi lozim.
Umumiy hajmi xonaning 1 m3 ichki hajmiga nisbatan kamida 500 sm2 dan iborat romlar, yorugʻlik fonuslari yoki yengil ochiladigan panellar oʻrnatish hollarida vazni 120 kg/m2 dan yuqori boʻlgan konstruksiyalardan foydalanish mumkin.
43. Gaz tartiblash qurilmalari (GTQ), shuningdek alohida va tutash oʻrnatilgan GTP lar joylashgan xonalar toifasi “A” boʻlishi lozim.
GTP xonalaridagi pol materiallari, rom va eshiklarning joylashishi uchqun chiqishi hollarini istisno etishi lozim.
44. “A” toifa xonalarini boshqa xonalardan ajratib turuvchi devorlar va toʻsiqlar yongʻinga qarshi I tipli, gaz oʻtkazmaydigan holda tayyorlanishi koʻzda tutilgan boʻlib, ular poydevorga tayangan boʻlishi lozim. GTP oʻrnatilgan barcha xonalardagi devor va poydevorlardagi choklari bogʻlangan boʻlishi lozim. Gʻishtdan qurilgan ajratuvchi devorlarning ikkala tomoni suvalgan boʻlishi lozim.
45. Yordamchi xonalarda texnologik xonalarga bogʻliq boʻlmagan holda, alohida chiqish joylari boʻlishi lozim.
GTP eshiklari yongʻinga qarshi ravishda, tashqariga ochiladigan boʻlishi lozim.
46. Ajratuvchi devorlar (ichki toʻsiqlar)da, shuningdek GTPga tutash qurilgan binolarning ichida (tutashgan chegaralarda) dudburon va shamollatish tizimlari qurilmasligi lozim.
47. GTP xonalarini isitish zarurati iqlim sharoitlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Issiqlik eltuvchi tizimning maksimal harorati 130° S dan oshmasligi lozim.
Mustaqil isitish apparatini oʻrnatish hollarida, uni izolatsiyalangan, alohida chiqish joyi boʻlgan xonaga oʻrnatish lozim.
Gaz uzatish va isitish tizimi quvurlari, shuningdek GTP xonasi devori orqali oʻtkaziladigan boshqa kommunikatsiyalarning gaz oʻtkazilishini istisno etadigan zichlagichlari boʻlishi lozim.
GTP xonalarini, bevosita ushbu xonalarda joylashtirilgan va portlash xavfi istisno etilgan holda tayyorlangan elektr uskunalari yordamida isitish mumkin.
48. GTP xonalarida tabiiy va (yoki) sunʼiy' yoritish hamda bir soatda havoni kamida 3-marta almashishini taʼminlaydigan tabiiy muntazam ishlaydigan ventilatsiya koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
49. Jihozlar, gaz quvurlari, armaturalar va asbob-uskunalar xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun qulay oʻrnatilishi lozim.
Xonalardagi asosiy oʻtish joyining kengligi kamida 0,8 metr boʻlishi lozim.
50. GTP, ShGTP va GTQlarda, odatda filtr, saqlash bekitish klapani (SBK), gaz bosimini rostlovchi, saqlash chiqarish klapani (SChK), oʻchirish armaturasi, nazorat-oʻlchov asboblari (NOʻA), gaz sarfini oʻlchash asbobi (zarur hollarda), shuningdek jihozlarni taʼmirlash hollarini hisobga olgan holda, ketma-ket ikkita oʻchirish moslamasi va ular oraligʻida tozalovchi quvur oʻtkazgich oʻrnatgan holda aylanma gaz quvuri (baypas) oʻrnatilishi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
Gaz yurishi boʻyicha ikkinchi oʻchirish moslamasi uni bir maromda sozlash imkonini berishi lozim.
Sanoat korxonalarida, ishlab chiqarish shartlaridan kelib chiqqan holda, gaz uzatishda uzilishlarga yoʻl qoʻyilmaydigan hollarda, gaz quvurining GTPdan chiqish joyidagi mustahkamligi kirish bosimiga koʻra hisoblangan hollarda GTPlarda SBKlarni oʻrnatish koʻzda tutilmagan boʻlishi mumkin.
Ushbu hollarda gaz bosimining yoʻl qoʻyiladigan chegaralardan oshib ketishi yoki pasayib ketishi haqida ogohlantiruvchi signalizatsiya oʻrnatilishi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
51. SBK bosim sozlagichdan oldin oʻrnatilishi lozim.
SBKlar aholi yashash joylari hamda alohida isteʼmolchilarda oʻrnatilgan gaz jihozlari va gazdan foydalanuvchi qurilmalarni, roslagichdan keyin bosimning meʼyoriy oʻlchamlardan oshib ketishidan himoyalashni taʼminlashi lozim.
SChKlarni bosim sozlagichlardan keyin, sarf oʻlchagich mavjud hollarda esa, undan keyin oʻrnatilishi lozim.
SChKda bosim qisqa muddatga oshib ketishi hollarida, isteʼmolchilardagi gaz jihozlarining normal holda ishlashiga taʼsir etmagan holda, gazni atmosferaga chiqarishni taʼminlashi lozim.
SChKlar oʻtkazuvchanlik qobiliyatining hisob-kitoblari amaldagi meʼyorlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
SChKlardan oldin ochiq holatda plombalangan oʻchirish moslamasi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
52. Bosim sozlagich isteʼmolchilar tomonidan isteʼmol qilinadigan gazning maksimal miqdori hamda bosimning zarur boʻlgan keskin oʻzgarishlari hisob-kitoblariga muvofiq tanlanishi lozim. Bosim sozlagichning oʻtkazuvchanlik qobiliyati gaz sarfining maksimal miqdoriga nisbatan 15 — 20 foiz ortiqroq, chiqish bosimi esa nominal oʻlchovdan 10 foizdan ortiq boʻlmagan oʻlchamda qabul qilish lozim.
53. GTPlarda, gazni xavfsiz ravishda tarqalib ketishini taʼminlaydigan holda tashqariga chiqaruvchi havo bilan tozalovchi va chiqaruvchi quvurlar koʻzda tutilgan boʻlishi lozim. Bunda ushbu quvurlar bino karnizi yoki parapetidan kamida 1 m balandroqqa chiqarilishi lozim.
Gaz oʻtkazish quvvati 400 m3/h gacha boʻlgan ShGTPlar uchun SChKdan gaz chiqaruvchi gaz quvurini shkafning orqa devoriga chiqarish hamda gaz quvurini koʻzda tutilgan oʻchiruvchi moslamalari boʻlgan shtutserlar orqali, xavfsiz joyga chiqarilgan shlanglar yordamida sozlagichdan oldin va keyin shamollatish koʻzda tutilishi mumkin.
54. Gazni mexanik aralashmalardan tozalovchi filtrlarda foydalaniladigan filtrlovchi materiallar gaz bilan aralashish natijasida kimyoviy birikmalarni shakllantirishi hamda uning taʼsirida emirilmasligi lozim.
55. Har bir manometr oldida uch tomonli kran yoki manometrni tekshirish va oʻchirish uchun moʻljallangan shu kabi moslama oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
56. GTQlarni bevosita gazdan foydalanuvchi qurilma oldida oʻrnatish mumkin.
57. GTP binosining ichki hajmi 500 m3 dan oshiq hollarda ichki yongʻinni oʻchirish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
58. Elektr jihozlari portlash xavfiga qarshi holatlarni hisobga olgan holda tayyorlangan boʻlishi lozim.
59. GTPlarda ish va avariyaviy yoritish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
60. GTP va ShGTP binolarining chaqmoqqa qarshi himoyasi amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
61. ShGTP jihozlarini ishonchli berkitiladigan metall shkaflarga joylashtirish lozim. Shkafni issiqlik bilan taʼminlash qurilish maydonchasi joylashgan iqlim sharoitlari hamda ShGTP jihozlarini ishlab chiqargan zavod maʼlumotlaridan kelib chiqqan holda hal etiladi.
62. ShGTPni isitish tizimi va jihozlarning normal ishlashini taʼminlashi lozim.
6-§. Gaz isteʼmol qiluvchi tizimlar
63. Noishlab chiqarish maqsadlaridagi binolarda oʻrnatilgan gaz jihozlarida yonish natijasida chiqariladigan mahsulotlarni atmosferaga chiqarish hamda muntazam ish holatida, havoni ish vaqtida kamida 3-marta, ishdan holi vaqtda kamida bir marta almashtirish imkoni boʻlgan oqimli tortuvchi shamollatgich koʻzda tutilishi lozim.
64. Shu kabi binolarni issiqlik bilan taʼminlash uchun issiqlik quvvati 360 kW gacha boʻlgan gazda isitish jihozini xona ichiga yoki tutash holda qurilgan xonaga oʻrnatish koʻzda tutiladi.
65. Gazda isitish jihozini oʻrnatish uchun moʻljallangan xona quyidagicha boʻlishi lozim:
balandligi kamida 2,5 metr;
tabiiy shamollatgichi, bunda tortuvchi va oqimli qurilmalarning oʻlchamlari hisob-kitoblarga asosan belgilanadi;
xona hajmining har 1 m3 maydoniga 0,03 m2 oynalangan romlar hamda tutash xonalardan toʻsiq konstruksiyalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
66. Xonalarni mavsumiy isitish uchun zavod sharoitlarida tayyorlangan, yonish mahsulotlari chiqarilishi koʻzda tutilgan konvektiv va radiatsion taʼsirli (kaminlar, kaloriferlar, issiqlik bloklari) jihozlarni oʻrnatish koʻzda tutiladi.
67. Umumiy issiqlik quvvati 360 kW dan ortiq boʻlgan gazda isitiladigan jihozlarni, qozonxonalarga nisbatan belgilangan talablarga rioya etgan holda oʻrnatish lozim.
68. Bino va xonalarni issiqlik bilan taʼminlash uchun ularni qoʻllash sohasidan kelib chiqib, infraqizil nur taratuvchi yondirish uskunalaridan foydalanish mumkin.
69. Gaz quvurlari odatda ochiq holda oʻtkaziladi. Gaz quvurlarini yopiq holda oʻtkazishda, zarur hollarda unga xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun uning oldiga oʻtilishi taʼminlanishi lozim.
Binolarning qurilish konstruksiyalari kesishgan joylardagi gaz quvurlari gʻiloflar orqali oʻtkazilishi lozim.
Gaz quvurlarini monolit konstruksiyali pollardan oʻtkazishda ularning uchi poldan kamida 30 mm chiqib turgan gʻiloflar orqali oʻtkazish lozim.
70. Gaz quvurlarini odamlar oʻtish joyidan oʻtkazishda ushbu joylarda gaz quvurlari kamida 2 metr balandlikdan oʻtkazilishi lozim.
71. Asoslangan hollarda, gaz quvurlarini mavjud binolar, binolarning ishlab chiqarish xonalari ichiga qurilgan jamoaviy maqsadlardagi xonalar orqali ochiq holda tranzit sifatida, ajralishsiz oʻtkazish mumkin. Bunda, ushbu xonalarga tunu-kun erkin kirib chiqish taʼminlangan boʻlishi lozim.
72. Gaz quvurlarida oʻchiruvchi moslamalarni quyidagi joylarda oʻrnatish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim:
gaz quvurining xonaga kirish joyida;
sanoat gaz hisoblagichlaridan oldin (hisoblagichni oʻchirish uchun kirishdagi oʻchirish moslamasidan foydalanish imkoni boʻlmagan hollarda);
gaz jihozlari, gazdan foydalanuvchi qurilmalar va nazorat-oʻlchov asboblari (NOʻA)dan chiqqan shoxobchalarda;
gazdan foydalanuvchi qurilmalarning sanoat va oʻt oldirgichi himoyalangan yondirish uskunalarida;
havo bilan shamollatuvchi gaz quvurlarida;
gaz quvurining qozonxona yoki ishlab chiqarish binosiga kirish joyida xona ichida, bunda GTQ yoki gaz hisoblagich, kirish joyidan 10 metrdan ortiq masofada joylashgan boʻlishi lozim.
Gaz quvurlari yopiq holda yoki tranzit sifatida oʻtkazilgan hollarda ularga oʻchirish uskunasi oʻrnatilmaydi.
73. Binolardagi gazlashtirilgan xonalarning shamollatish tizimi, u yerda joylashtirilgan ishlab chiqarish texnologiyasiga tegishli amaldagi Qurilish meʼyorlari va qoidalari (QMQ) ga muvofiq boʻlishi lozim.
74. Gaz quvurlari hamda aloqa va simli oʻtkazgichlar xabar berish inshootlari orasidagi masofa amaldagi qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
75. Gaz quvurlari hamda elektr taʼminoti inshootlari orasidagi masofa va ularning kesishgan joylari “Oʻzdavenergonazorat” inspeksiyasining 2005-yil 19-sentabrdagi 177-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Elektr qurilmalarini oʻrnatish qoidalari”ga (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2005-yil 12-oktabrdagi 20-15-206/22-son xulosasiga muvofiq ushbu hujjat texnik hujjat deb topilgan) muvofiq boʻlishi lozim.
76. Gaz yondirgich uskunalaridan binoning toʻsiq konstruksiyalari orasidagi masofa kamida 1 metrdan iborat boʻlishi lozim.
III. Gaz taqsimlash tizimlarini qurish, qurilish-montaj ishlari olib borilishini tashkil etish
1-§. Umumiy talablar
77. Qurilish jarayonida qurilish-montaj ishlarini olib borish texnologiyasiga rioya etilishi, gaz quvurini qurish boʻyicha texnik hujjatlarida koʻzda tutilgan ishlarning bajarilishi, shuningdek tegishli material va mahsulotlardan foydalanilishi taʼminlanishi lozim.
78. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmol qilish tizimlarining qurilishi texnik hujjatlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
79. Yer ostidan oʻtkazilgan poʻlat gaz quvurlari trassasi boʻylab ogohlantiruvchi belgilar oʻrnatilishi lozim.
Ogohlantiruvchi belgilarda gaz quvurining ulanish joylari, oʻrnatilgan chuqurlik va avariya-dispetcherlik xizmati (ADX) telefon raqami koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
80. Gaz quvuridan binolar va inshootlargacha boʻlgan oraliq masofa ShNK 2.07.01-03 “Shaharsozlik. Shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishini rejalashtirish” talablariga muvofiq belgilanishi lozim.
81. Gaz taqsimlash tarmoqlari atrofidagi qoʻriqlash hududi va qoʻriqlash hududiga kiritilgan xoʻjalik faoliyati chegaralangan yer uchastkalari belgilanishi lozim.
82. Gaz quvurlari elementlarining ulanishlari payvandlash orqali bajarilishi lozim. Armaturalar oʻrnatiladigan joylarda flanetslar orqali ulanish mumkin.
Tashqi past va oʻrta bosimli poʻlat gaz quvurlaridagi armatura oʻrnatish joylarida rezbali ulanishlarni amalga oshirish mumkin.
Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarida rezbali ulanishlar (sedyelkadagi zaglushka)dan foydalanish, mahsulot konstruksiyasi ish bosimida xavfsizlikni taʼminlashi lozim.
Rezbali va flanetsli ulanishlar montaj qilish, vizual kuzatib turish, xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun qulay boʻlgan ochiq joylarda oʻrnatilishi lozim. Yuzasi silliq zichlantiruvchisi boʻlgan flanetsli ulanishlardan foydalanish mumkin emas.
Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarining ulanishlari qizdirilgan asboblar bilan aniq biriktirilib, payvandlash yordamida yoki yopishtiruvchi elektr qizdiruvchilar bilan ulanish detallari yordamida bajarilgan boʻlishi lozim.
83. Gaz quvurining ulanish detallari davlat standartlariga yoki texnik shartlarga muvofiq tayyorlangan boʻlishi lozim.
84. Gaz quvurini qurish va montaj qilishda, jihozlarni tayyorlashda payvand sifatini taʼminlaydigan payvandlash texnologiyalari va payvandlash jihozlaridan foydalanish lozim.
85. Gaz quvuriga armaturalar, uskunalar va jihozlarni ulashda foydalaniladigan flanetslar va mahkamlovchi detallar, shuningdek ulanishlarning germetik zichligini taʼminlashda zichlantiruvchi va moylovchi sifatida qoʻllaniladigan materiallar davlat standartlari yoki texnik shartlarga muvofiq boʻlishi lozim.
86. Elektrodlar, payvandlash simlari, flyuslar payvandlanayotgan poʻlat markasi va payvandlash texnologiyasiga, shuningdek gaz quvuri qurilayotgan atrofdagi havo haroratiga mos ravishda tanlanishi lozim.
87. Gaz quvurlarini qurishda barcha turdagi payvandlash ishlari QMQ 3.05.02-96 “Gaz taʼminoti Ishlarni tashkil etish, ishlab chiqarish va qabul qilish” talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
Payvand ulanishining sifati uning asosiy metall mustahkamligiga teng mustahkamligini taʼminlashi lozim.
88. Yer osti gaz quvurlaridagi payvand ulanishlarda, payvand ishlarini bajargan payvandchining markirovkasi (tamgʻasi) boʻlishi lozim. Tamgʻalash usuli tamgʻaning gaz quvuridan foydalanish muddatida saqlanishini taʼminlashi lozim. Ulanishni bir necha payvandchi bajargan hollarda tamgʻalar payvandlanayotgan uchastkalarning chegaralariga qoʻyilishi lozim.
89. Poʻlat gaz quvurlarida payvandlashda ildirmalar asosiy ulanish uchun moʻljallangan materiallardan bajarilishi lozim.
90. Gaz quvurlarini joylashtirish texnologiyasi quvur yuzasi, izolatsiya qoplamalari va ulanishlarning saqlanishini taʼminlashi lozim.
91. Ichki gaz quvurlarida, shuningdek GTP va GTQ larda, diametri 50 mm gacha boʻlgan shoxobchalar (shu jumladan impuls liniyalari)ni ulashda ulanayotgan shtutserlar choklaridan asosiy gaz quvurining halqalangan choklarigacha boʻlgan masofa kamida 50 mm boʻlishi lozim.
92. Gaz quvurlarining payvand va rezbali ulanishlarini devor ichida qoldirib ketish mumkin emas.
93. Gaz jihozlarini oʻrnatish, zavod tomonidan berilgan montaj qilish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq bajarilishi lozim.
2-§. Qurilish-montaj ishlarini tashkil qilish va gaz quvurlarini sinash
94. Gaz quvurlarini qurish, montaj qilish va taʼmirlash ishlarini bajaradigan tashkilotlar qurilish va montaj qilish tashkilotlar tomonidan ishlar bajarilishining barcha bosqichlarida belgilangan tartibda bajarilishi lozim.
95 Gaz quvurlarini qurish ishlari sifatini tekshirishda qoʻllaniladigan jihozlar meʼyoriy hujjatlarda belgilangan muddatlarda tekshirib turilishi lozim.
96. Gaz quvurlari montaj qilingandan keyin buyurtmachi va gaz taqsimlash tashkilotining ishtirokida, qurilish-montaj tashkiloti tomonidan sinalishi lozim. Sinov natijalari qurilish pasportiga yozib qoʻyiladi. Gaz quvurlarining elementlari va gaz armaturasi, zavodda tayyorlangan hollarda sinaladi.
97. Armatura, jihozlar va uskunalar sinov bosimiga moʻljallanmagan hollarda gʻaltaklar yoki tiqinlar oʻrnatiladi.
98. Gaz quvurlarini sinash ishlari payvandlash va izolatsiya ishlari bajarilgandan soʻng, armatura va elektro kimyoviy himoya vositalari oʻrnatilgandan keyin amalga oshirish lozim.
Gaz quvurlari va GTPdagi gaz jihozlari ular toʻliq montaj qilinishi, armaturalar, avtomatika vositalari va nazorat-oʻlchov asboblari (NOʻA) oʻrnatilishidan keyin sinalishi lozim.
Sinov bosimiga moʻljallanmagan armatura, jihozlar va uskunalar sinovlar oʻtkazilgandan keyin oʻrnatilishi lozim. Sinov vaqtida ularning oʻrniga gʻaltaklar yoki tiqinlar oʻrnatilishi lozim.
99. Ishga tushiriladigan gaz quvurlarini, ularni taqsimlovchi gaz quvuri bilan alohida qurilishi hollarida bino va inshootlardan oldin oʻrnatilgan oʻchiruvchi moslamalargacha boʻlgan uchastkalarda sinalishi lozim.
100. Barcha turdagi bosim ostidagi gaz quvurlari hamda ularda oʻrnatilgan jihozlar amaldagi Qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq sinaladi.
101. Gaz quvurida germetik zichligini sinash ishlari yakunlangandan keyin gaz quvuridagi bosimni atmosfera bosimigacha pasaytirish, avtomatika, armatura, jihozlar, nazorat-oʻlchov asboblarini oʻrnatish hamda gaz quvurini 10 minut davomida ish bosimida ushlab turish lozim.
102. Ajraluvchi ulanishlarning germetik zichligi sovun emulsiyasi yoki sezgirligi yuqori boʻlgan asboblar (gaz izlovchilar) yordamida tekshiriladi.
103. Gaz quvurini sinash vaqtida aniqlangan nuqsonlarni, undagi bosimni atmosfera bosimigacha pasaytirgan holda bartaraf etish lozim.
104. Nuqsonlar bartaraf etilgandan keyin gaz quvurining germetik zichligi takroran sinalishi lozim.
105. Gaz quvurlariga havo toʻldirilgandan keyin, sinovlar boshlanishidan oldin, yer osti va ustidagi gaz quvurlaridagi havo haroratini tuproq haroratiga (obvalovka qilish), yer usti va yuqoridan oʻtkazilgan gaz quvurlari haroratini atmosfera haroratiga tenglashtirish (obvalovkasiz) uchun zarur boʻlgan vaqt davomida sinov bosimi berib turish lozim.
106. Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarini oxirgi birikma payvandlangandan keyin kamida 24 soat oʻtkazib sinovlarni amalga oshirish mumkin.
107. Sinovlarni amalga oshirish uchun gaz quvuriga havo uzatishda kompressor yordamida bosimni koʻtarish tezligi soatiga 0,3 MRa dan oshmasligini koʻzda tutish lozim.
IV. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari obyektlaridan foydalanish
1-§. Umumiy talablar
108. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlaridagi obyektlardan foydalanuvchi tashkilot quyidagilarni bajarishi lozim:
gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari obyektlarini soz va xavfsiz holatda saqlanishini taʼminlaydigan, shu jumladan ularga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajarishni koʻzda tutadigan chora-tadbirlar majmuasini bajarishi, mazkur Qoidalariga rioya etishi lozim;
zarur hollarda gaz quvurlari va texnik qurilmalarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini bajaruvchi tashkilotlar bilan, texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash hajmlari koʻrsatilgan hamda obyektlarda xavfsiz va ishonchli foydalanish sharoitlarini taʼminlashi lozim.
109. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmoli tizimlari obyektlaridan foydalanuvchi tashkilot xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanishning butun muddati davomida (tugatilgunga qadar) texnik va ijro hujjatlarini saqlashi lozim.
110. Har bir tashqi gaz quvuri, elektr kimyoviy himoya qurilmasi, GTP (GTQ) ga egalik qiluvchi tashkilot tomonidan, obyektning asosiy texnik xususiyatlari, shuningdek bajarilgan mukammal taʼmirlash ishlari boʻyicha maʼlumotlar koʻrsatilgan foydalanish pasporti tuziladi.
2-§. Tashqi gaz quvurlari va inshootlari
111. Isteʼmolchilarga uzatiladigan tabiiy gaz davlat standartlari va (yoki) texnik shartlarga muvofiq boʻlishi lozim.
Nazorat punktlari, sinovlar uchun namunalar olish davriyligi, shuningdek gaz hidining intensivligi (odorizatsiyasi) gaz taqsimlovchi tashkilotlar tomonidan, gaz hidining intensivligini aniqlash boʻyicha davlat standartlariga muvofiq, natijalarini jurnalga qayd etgan holda belgilanishi lozim.
112. Gaz taqsimlash stansiyalari (GTS)dan chiqayotgan gazning bosimi va sifati nominal oʻlchovlar darajasida saqlab turilishi lozim.
Aholi yashash joylaridagi gaz quvurlari ichidagi gaz bosimi, gazdan maksimal darajada foydalanish vaqtlarida, gaz taqsimlash tashkiloti tomonidan belgilanadigan gaz taʼminoti rejimining eng ogʻir nuqtalarida kamida har 12 oyda bir marta (qishki vaqtlarda) oʻlchash orqali amalga oshirilishi lozim.
113. Gaz quvurlarida oʻrnatilgan oʻchirish armaturasi va kompensatorlarga har yili texnik xizmat koʻrsatilishi va zarur hollarda ular taʼmirlanishi lozim.
Gaz quvuriga texnik xizmat koʻrsatilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar jurnaliga, mukammal taʼmirlash (almashtirish) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa gaz quvuri pasportiga yozib qoʻyiladi.
114. Ishlatilayotgan tashqi gaz quvurlari davriy ravishda tekshirib turilishi, asboblar yordamida texnik koʻrikdan oʻtkazilishi, texnik holatining diagnostikasi amalga oshirilishi, shuningdek joriy va mukammal taʼmirlab turilishi lozim.
115. Yuqoridan oʻtkazilgan gaz quvurlarini tekshirishda gaz sizib chiqish, gaz quvurlarining ustunlardan chetga qiyshayishi, tebranishlar, pachoqlanish, yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan darajada egilishi, ustunlarining choʻkishi, qiyshayishi va shikastlanishi, oʻchirish moslamalari va izolatsiyalovchi flanetsli ulanishlarning holati, elektr simlari ustiga tushib ketishidan himoyalanganligi, mahkamlovchilar va boʻyoqlarining holati, avtotransport oʻtadigan joylarda elektro kimyoviy himoya moslamalari va gabarit belgilarining butligi aniqlanadi.
Aniqlangan nosozliklar oʻz vaqtida, belgilangan tartibda bartaraf etilishi lozim.
116. Yer usti gaz quvurlarini tekshirib chiqishda, gaz quvuri trassasida gaz sizib chiqish hollari, obvalovkaning qiyaliklardagi koʻtarma (otsipka)lari va odernovkalari yaxlitligining buzilganligi, oʻchirish moslamalari hamda avtotransport vositalari oʻtish joylarining holati aniqlanadi.
Aniqlangan nosozliklar oʻz vaqtida belgilangan tartibda bartaraf etilishi lozim.
117. Gaz quvuri trassasini tekshirib chiqishda, trassa yotqazilgan hududlarda mavjud jarliklar, balkalar, soylar, daryolar qirgʻoqlari holatiga eʼtibor qaratish zarur boʻlib, erozion, koʻchki va boshqa holatlar aniqlanganda gaz quvuri saqlanishini taʼminlaydigan choralar koʻrilishi lozim.
Gaz quvuri poydevoridagi toʻldirilgan chuqurliklardagi tuproqlar saqlanishida, ustunlar va (yoki) poydevor tagidagi tuproqli mustahkamlovchining koʻchishida buzilish holatlari aniqlangan hollarda, ularning mustahkamligini taʼminlovchi tegishli chora-tadbirlar (mustahkamlash, yer osti suvlarini chetlatish, suv toʻsiqlaridagi suv oqimlarini oʻzgartirish va boshqalar)ni bajarish lozim.
Ushbu choralar yetarli boʻlmagan hollarda, gaz quvuridan bundan keyin foydalanish yoki uni koʻchirish (yangidan yotqizish) boʻyicha tegishli qaror qabul qilish lozim.
118. Yer osti gaz quvurlari trassalarini tekshirib chiqish davriyligi ularning texnik holati, elektr himoya vositalarining mavjudligi va uning ishonchliligi, gaz quvurining bosim boʻyicha toifasi; shishib qolganligi, choʻkkanligi, tuproq shishishi darajasi, togʻ hududidagi qoʻshimcha qiyinchiliklar, hududning seysmikligi, yil fasli va boshqa faktorlardan kelib chiqqan holda belgilanib, belgilangan davriylikdan kam boʻlmasligi lozim.
119. Tashqi gaz quvurlarini tekshirib chiquvchilarda gaz quvurining har ikki tomonidan 15 metrgacha boʻlgan masofada gazlanish holati tekshirilishi zarur boʻlgan gaz quvuri trassasi, elektr himoya chizmasi, gaz va boshqa inshootlar (kommunikatsiyalar), quduqlar, bino yertoʻlalari koʻrsatilgan marshrut xaritalari boʻlishi lozim.
Tekshirib chiquvchilar mustaqil ishlarni boshlashidan oldin hududdagi gaz quvuri trassasi bilan tanishib chiqishlari lozim.
120. Gaz quvuri trassasidagi inshootlarda tashqi belgilarga koʻra gazlanish yoki gaz sizib chiqish holatlari aniqlangan hollarda, tekshirib chiqayotgan ishchilar zudlik bilan avariya-dispetcherlik xizmatiga bu haqida xabar berishlari hamda brigada yetib kelishiga qadar atrofdagilar (uyda yashovchilar, oʻtib ketayotganlar)ni hudud gazlanganligi va ochiq olovdan, elektr uskunalardan foydalanish mumkin emasligi va xonalarni shamollatish zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirishlari lozim.
Qoʻshimcha ravishda asboblar yordamida tekshiruv va gaz quvurining har ikki tomonidagi 50 metr atrofidagi masofasida joylashgan binolarning gazlangan yertoʻlalari, poydevor va birinchi qavatlari, quduqlar hamda yer osti inshootlari (kommunikatsiyalar)ning kameralarini shamollatilishi tashkil etilishi lozim.
121. Gaz quvurlarini tekshirib chiqish natijalari jurnalga qayd etilishi lozim.
122. Gaz quvuri tranzit sifatida tashkilot hududidan oʻtkazilgan tashkilot rahbari gaz taqsimlash ( foydalanish) tashkilotining gaz quvurini tekshirib turish va unga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash, avariya hollarining oldini olish hamda bartaraf etish uchun ushbu hududga kirishiga sharoit yaratishi lozim.
123. Binolar egalari muhandislik kommunikatsiyalarning yertoʻlalarga hamda texnik pol osti joylariga kirish va chiqish joylarining germetikligini taʼminlashi lozim.
124. Tashqi gaz quvurlari tarkibiga quyidagilarni kiritgan holda, davriy ravishda maxsus texnik asboblar yordamida tekshirib turilishi lozim:
poʻlat gaz quvurlari uchun — izolatsiya qoplamasining shikastlangan joylarini hamda gaz sizib chiqish hollarini aniqlash;
polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlaridan gaz sizib chiqish hollarini aniqlash ishlari.
125. Izolatsiya qoplamasi shikastlangan joylar, shuningdek asboblardan industrial xalaqit beruvchilar mavjudligi sababli foydalanish qiyinchilik keltirib chiqaradigan uchastkalarda, vizual ravishda tekshirib chiqish uchun, uzunligi kamida 1,5 metr boʻlgan nazorat shurflari ochilishi lozim.
Industrial xalaqit beruvchilar mavjud zonalaridagi shurflarning soni taqsimlovchi gaz quvurlarining har 500 metrida hamda kiruvchi gaz quvurlarining har 200 metrida kamida bitta qazilishi lozim.
126. Yer osti gaz quvurining germetikligi ( zichligi)ni yoki gaz sizib chiqish hollarini aniqlash maqsadida qaziladigan (burgʻulanadigan) quduqlar gaz quvuri devoridan kamida 0,5 metr masofada, har 2 metrda, chuqurligi qish vaqtida muzlashi mumkin boʻlgan yer chuqurligidan kam boʻlmagan chuqurlikda, qolgan davrlarda quvur yotqazilishi chuqurligida joylashishi lozim.
127. Qazilgan quduqlarda gaz mavjudligini tekshirish gaz analizatori yordamida amalga oshirilishi lozim. Quduqlarda gaz mavjudligini tekshirish maqsadida ochiq olovdan foydalanish mumkin emas.
128. Gaz quvurlarida asboblar yordamida texnik tekshirish vaqtida gaz sizib chiqish hollari aniqlanganda, avariyaviy holatda bartaraf etilishi lozim.
129. Asboblar yordamida texnik koʻrikdan oʻtkazilishi natijalariga koʻra tegishli dalolatnoma tuzilishi lozim.
3-§. Gaz quvurlarini texnik diagnostika qilish
130. Texnik diagnostika qilish gaz quvurining texnik holatini hamda undan keyinchalik foydalanish resurslarini aniqlash maqsadlarida amalga oshiriladi.
131. Yer osti gaz quvurlarini texnik koʻrikdan oʻtkazish, undan foydalanish muddati 25 yilgacha boʻlganda, kamida har 5 yilda, bir marta, 25 yildan oshiq muddatda foydalanish hollarida esa, har 3 yilda bir marta oʻtkaziladi. Mukammal taʼmirlash rejasiga kiritilgan gaz quvurlari kamida har 1 yilda bir marta tekshirib turilishi lozim.
Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlarini texnik koʻrikdan oʻtkazishda foydalanuvchi tashkilot gaz quvurini yuqori sezgirli gaz qidiruvchi yordamida germetik zichligi tekshirilishi (qurilish mavjud uchastkalarda kamida 1 yilda bir marta, imkon qadar bahor faslida, qurilish boʻlmagan uchastkalarda kamida 5 yilda bir marta) lozim.
Gaz quvurlarini muddatidan oldin texnik koʻrikdan oʻtkazish, poʻlat gaz quvurlarining korroziya sababli emirilishi oqibatidagi avariya hollarida, payvand birikmalarining mustahkamligi susaygan hollarda (yorilishi), shuningdek poʻlat gaz quvurlarini korroziya faolligi yuqori boʻlgan tuproqlarda, elektr kimyoviy himoyasiz meʼyoriy muddatlardan uzoqroq muddatlarda qurilishi hollarida belgilanadi,
Gaz quvurini diagnostika qilish yoki almashtirish toʻgʻrisidagi qarorni gaz taqsimlash tarmogʻining mulkdori qabul qiladi.
132. Poʻlat gaz quvurlarini diagnostika qilishda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan 2008-yil 2-dekabrdagi 273-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Yer osti poʻlat gaz quvurlarining texnik holatini diagnostika qilish boʻyicha yoʻriqnoma” (Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2008-yil 18-dekabrdagi 20-15-447/12-son xulosasiga muvofiq mazkur hujjat texnik hujjat deb topilgan) qoʻllaniladi.
133. Gaz quvuridan foydalanish resursini uzaytirish hamda uni texnik diagnostika qilishning keyingi muddati tashkilot tomonidan belgilanadi.
134. Diagnostika natijalariga koʻra, gaz quvuridan xavfsiz foydalanish resursi hamda uni taʼmirlash yoki almashtirish koʻrsatilganligi toʻgʻrisida xulosa tuziladi.
4-§. Gaz tartiblash punktlari
135. Gaz tartiblash punktlari (GTP), shkafli gaz tartiblash punktlari (ShGTP) va gaz tartiblash qurilmalari (GTQ) amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq oʻrnatilishi lozim.
136. Shaharlar va aholi yashash punktlaridagi maishiy isteʼmolchilar uchun GTP larning rostlagichlarini sozlash parametrlarining maksimal chiqish bosimi 0,003 MRa gacha oʻlchamda boʻlishi lozim.
137. Saqlash chiqarish klapanlari, shu jumladan bosim rostlagichlarga oʻrnatilganlari, rostlagichdan keyin nominal ish bosimi 15 foizdan ortiq oshib ketgan hollarda gaz chiqarib tashlanishini taʼminlashi lozim; saqlash berkitish klapanlari (SBK) ishlab ketishining yuqori chegarasi rostlagichdan keyin gazning nominal ish bosimini 25 foizdan oshib ketmasligini taʼminlashi lozim.
138. Gazning GTPdan chiqish joyidagi bosimining oʻzgarishi 10 foiz chegaralarida boʻlishi mumkin. Ish bosimining oshib ketishi yoki pasayib ketishini keltirib chiqaradigan rostlagichlarning nosozligi, saqlash klapanlari ishidagi nosozliklar, shuningdek gaz sizib chiqish hollari avariyaviy holatda bartaraf etilishi lozim.
139. Gaz yetkazib berish toʻxtatilgandan keyin, saqlash berkitish klapanlari (SBK) ishlab ketishi sababi aniqlanib, nosozlik bartaraf etilgandan soʻng, bosim rostlagichini ishga tushirish mumkin.
140. Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan GTPlardan foydalanishda, ishlab chiqaruvchi tomonidan alohida ishlar istisno etilmagan yoki ushbu ishlarni amalga oshirish davriyligi oshirilgan hollarda quyidagi ishlarni bajarish lozim:
ishlab chiqarish yoʻriqnomasida belgilangan muddatlarda texnik holatini koʻrikdan oʻtkazish (tekshirib chiqish);
saqlash berkitish va chiqarish klapanlari ishlab ketishi parametrlarini kamida bir oyda bir marta, shuningdek jihozlar taʼmirlangandan keyin tekshirib turish;
kamida har 6 oyda bir marta texnik xizmat koʻrsatish;
kamida har 12 oyda bir marta joriy taʼmirlash;
jihozlar, oʻlchash vositalarini almashtirish, texnik koʻrikdan oʻtkazish va joriy taʼmirlash natijalariga koʻra tuzilgan nuqson vedomostlari asosida amalga oshirilgan binoning alohida elementlari, isitish, shamollatish, yoritish tizimlarini mukammal taʼmirlash.
141. Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan GTPlarni texnik koʻrikdan oʻtkazish va joriy taʼmirlash ishlari foydalanuvchi tashkilotning texnik rahbari tasdiqlagan jadvallarga asosan, foydalanish xavfsizligi va ishonchliligini taʼminlaydigan muddatlarda amalga oshirilishi lozim.
142. Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan GTPlarni texnik koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilar bajarilishi lozim:
asboblarga koʻra rostlagichdan oldin va keyingi bosimni, filtrdagi bosimning keskin oʻzgarishlarini, ularni isitish koʻzda tutilgan boʻlsa, xona (shkaf) dagi havo haroratini, sovun emulsiyasi yoki asboblar yordamida gaz sizib chiqish hollari yoʻqligini tekshirish;
saqlash berkitish klapanida bolgʻachaning toʻgʻri turganligi va richag ulanishining ishonchliligini nazorat qilish;
elektr yoritish, ventilatsiya, isitish tizimlari holati va ishini tekshirish, GTP larning asosiy va yordamchi xonalarini ajratib turuvchi devorlardagi darz ketish va zichlanmagan joylarini vizual tekshirish;
GTP binolarini tashqi va ichki koʻrikdan oʻtkazish, zarur hollarda GTP xonalari va jihozlarini ifloslanishlardan tozalash.
143. Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan GTPlarga texnik xizmat koʻrsatishda texnik koʻrikdan oʻtkazishda koʻzda tutilgan ishlar, shuningdek quyidagilar bajarilishi lozim:
berkitish armaturasi va saqlash klapanlarining ish qobiliyati va germetik zichligini tekshirish;
barcha ulanishlar va armaturaning zichligini tekshirish, gaz sizib chiqish hollarini bartaraf etish, filtrlarni tekshirish va tozalash;
bosim rostlagich va boshqarish moslamasi membranasining zichligi va sezgirligini aniqlash;
nazorat-oʻlchov asboblari, saqlash berkitish klapani va bosim rostlagichga tortilgan impuls trubkalarini havo puflab tozalash;
berkitish va chiqaruvchi klapanlarni sozlash parametrlarini tekshirish.
144. Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan GTPlarda har yili amalga oshiriladigan joriy taʼmirlashda texnik xizmat koʻrsatishda koʻzda tutilgan ishlar, shuningdek quyidagilar bajarilishi lozim:
bosim rostlagichlar, saqlash klapanlarini qismlarga ajratgan holda, korroziya va ifloslanishdan tozalash, klapanlarning egarga nisbatan zichligini, membranalarning holatini, ishqalanuvchi qismlarning moylanishini tekshirish, yaroqsiz holga kelgan detallarni taʼmirlash yoki almashtirish, qismlarga ajralmaydigan konstruksiya qismlarining mahkamlanishi ishonchli ekanligini tekshirish;
germetik zich yopilmaydigan berkitish armaturasini qismlarga ajratish;
qurilish konstruksiyalarini taʼmirlash;
GTPdagi dudburonlarni, har yili isitish mavsumi boshlanishi oldidan bir marta tekshirish va tozalash;
GTP isitish tizimlarini, har yili isitish mavsumi boshlanishi oldidan bir marta taʼmirlash.
Ishlab chiqargan zavod tomonidan bajariladigan ishlarning boshqa tarkibi va davriyligi belgilangan hollarda, ishlar ishlab chiqarilgan zavod tomonidan berilgan foydalanish yoʻriqnomasiga muvofiq bajariladi.
145 Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan GTPlarda bajariladigan mukammal taʼmirlash ishlari quyidagilardan iborat:
bino (konstruktiv elementlari) va uning muhandislik jihozlari (yoritish, shamollatish, isitish tizimlari)ni taʼmirlash;
eskirgan va yaroqsiz holga kelgan jihozlar, ularning alohida boʻgʻin va qismlarini taʼmirlash va almashtirish.
146. Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan ShGTPlardan foydalanishda quyidagi ishlarni bajarish lozim:
texnik holatini, unga texnik xizmat koʻrsatish bilan birga koʻrikdan oʻtkazish har 12 oyda kamida bir marta amalga oshiriladi;
joriy va mukammal taʼmirlash ishlari zaruratga koʻra amalga oshiriladi.
147 Rostlagichning nominal oʻtkazish quvvati 50 m3/h dan ortiq boʻlgan ShGTPlarga texnik xizmat koʻrsatishda, ishlab chiqaruvchi tomonidan boshqa tartib oʻrnatilmagan hollarda quyidagi ishlarni bajarish lozim:
jihozlarni tashqi koʻrikdan oʻtkazish, zarur hollarda ifloslanishlardan tozalash;
rostlagichdan keyingi bosim koʻrsatkichini asboblar yordamida tekshirish, filtr ifloslanishi holatini tekshirish, zarur hollarda uni tozalash;
saqlash berkitish klapani ishlab ketishi parametri oʻlchamini tekshirish;
gaz sizib chiqish hollarini tekshirish, aniqlanganda bartaraf etish.
148. Gazni aylanma gaz quvuri (baypas) orqali faqat jihozlar va armaturalarni taʼmirlash vaqtida uzatish mumkin. Ishlar kamida ikki kishidan iborat brigada tarkibida, mutaxassis rahbarligi ostida bajarilishi lozim.
149. Filtrdagi gaz bosimining keskin oʻzgarishi ishlab chiqargan zavod tomonidan belgilangan oʻlchamlardan oshmasligi lozim.
Texnik xizmat koʻrsatish vaqtida filtr kassetalarini qismlarga ajratish va tozalash ishlari GTP (GTQ) xonalaridan tashqarida, yengil alangalanuvchi modda va materiallardan uzoqroq joylarda bajarilishi lozim.
150. Himoya klapanlari ishlab ketishi parametrlarini rostlash va tekshirishni, ular ishlab ketishining yuqori chegarasi 0,003 MRa dan oshmagan hollarda bosim rostlagich yordamida bajarish mumkin.
151. Jihozlarni qismlarga ajratish vaqtida berkituvchi moslamalar yopiq boʻlishi lozim. Oʻchiriladigan uchastkalar chegaralarida gazning kirishdagi maksimal bosimiga moʻljallangan tiqinlar oʻrnatiladi.
Tiqinlarni oʻrnatish qulay boʻlishi uchun gaz quvurlarini montaj qilishda flanetslarni ajratish va elektr tokini oʻtkazuvchi peremichkasi boʻlgan aylantiriladigan yoki bargsimon tiqinlar oʻrnatish uchun flanetsli ulanishlar koʻzda tutiladi.
152. Foydalanish muddati kafolatlangan gaz rostlash punktlaridagi jihozlarga texnik xizmat koʻrsatish va ularni joriy taʼmirlash ishlab chiqargan zavod tomonidan beriladigan pasportga muvofiq amalga oshirilishi mumkin. Kafolat muddati tugaganidan keyin ushbu jihozga servis xizmati koʻrsatiladi.
153. GTPlardagi elektr jihozlarini taʼmirlash hamda elektr lampalarini almashtirish elektr kuchlanishini oʻchirgan holda bajarish lozim.
GTP binosining tashqarisida, ShGTPda va GTQ toʻsiqlarida “Yongʻindan xavfli — gaz” ogohlantiruvchi yozuvi oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
5-§. Gaz quvurlarini emirilishdan himoyalash vositalari
154. Yer osti gaz quvurlaridagi elektr kimyoviy himoya vositalaridan foydalanish va ularning imkoniyatlarini davriy ravishda nazorat qilish ixtisoslashgan tashkilotlar, xizmatlar, laboratoriyalar amalga oshirishi lozim.
155. Elektro kimyoviy himoya vositalaridan foydalanuvchi tashkilot ularga texnik xizmat koʻrsatishi, taʼmirlashi, himoya vositalari, ustunlar (nazorat-oʻlchov punktlari) joylashgan joylar hamda gaz quvuri imkoniyatlarini oʻlchash boʻyicha boshqa nuqtalarning chizmasi, tuproqning korroziya faolligi va daydi toklar manbalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari boʻlishi, shuningdek gaz quvurlarining korroziya holati hamda elektr himoya qurilmalarining ishonchli ishlashini har yili tahlil etishi lozim.
156. Telemetrik nazorat vositalari bilan jihozlanmagan elektr himoya qurilmalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish, drenaj qurilmalarida kamida har oyda 4-marta, katodlilarda — kamida har oyda ikki marta, protektorli qurilmalarda — har 6 oyda bir marta amalga oshirilishi lozim.
Telemetrik nazorat vositalari boʻlgan hollarda, texnik koʻrikdan oʻtkazish muddatlari foydalanuvchi (gaz taqsimlovchi) tashkilotning texnik rahbari tomonidan, telemetrik nazorat qurilmasi ishonchliligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobga olgan holda belgilanadi.
157. Gaz quvurining elektr himoyasi ishonchliligini tekshirish polyarizatsion imkoniyatlarni yoki quvur va yer orasidagi imkoniyatlar farqini oʻlchash orqali, kamida yiliga ikki marta (oraliqdagi muddat kamida 4 oy boʻlishi zarur), shuningdek elektr himoya qurilmalarining ish parametrlari yoki korroziya sharoitlari oʻzgargan har bir holatdan keyin amalga oshirilishi lozim.
158. Elektr kimyoviy himoyaning ishonchliligini himoyalanadigan gaz quvurining tayanch nuqtalari(elektr himoya qurilmasi ulanadigan nuqtada hamda u tashkil etadigan himoya zonasi chegaralari)da tekshiriladi.
Gaz quvuriga ulanish uchun maxsus nazorat-oʻlchov punktlari, binoga kirish joylari va gaz quvurining oʻlchashlarni amalga oshirish mumkin boʻlgan boshqa elementlaridan foydalanish mumkin.
159. Elektro kimyoviy himoya vositalari ishidagi tanaffuslarning yil davomidagi umumiy yigʻindisi yiliga 14 sutkadan oshmasligi lozim.
Ishdan chiqqan himoya qurilmasi taʼsiri zonasida gaz quvurining himoya imkoniyati qoʻshni qurilmalar orqali taʼminlanishida (himoya zonasini qoplash), nosozlikni bartaraf etish muddati foydalanuvchi tashkilotning texnik rahbari (gaz taqsimlovchi) tomonidan belgilanadi.
160. Gaz quvuri mulkdori yoki gaz taqsimlovchi tashkilot yer osti poʻlat gaz quvurlarining himoya qoplamasini taʼmirlash boʻyicha oʻz vaqtida choralarini koʻrishi lozim.
161. Izolatsiya qoplamasi (oʻzgaruvchan elektr qarshilik, adgeziya) boʻlgan quvur metalli yuzasi holatini tekshirish gaz quvuridan foydalanish, uni taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va korroziya natijasidagi shikastlanish yoki izolatsiyasidagi shikastlanishlarni bartaraf etish jarayonida ochiladigan barcha shurflarda amalga oshirilishi lozim.
162. Quvurlarning payvandlangan birikmalari va himoya qoplamasi shikastlangan joylari gaz quvurlari izolatsiya qilinadigan materiallar, shuningdek belgilangan tartibda qoʻllashga ruxsat berilgan armirovka qatlamli bitum mastikalari, polimer materiallaridan tayyorlangan asosli termik oʻraladigan muftalar bilan izolatsiya qilinishi lozim.
Gaz quvurlaridagi bitum qoplamali ulanishlarni yelimli lentalar bilan izolatsiya qilish mumkin emas.
163. Himoya qoplamasi turli boʻlgan quvur ulanishlarini izolatsiya qilishda gaz quvurlarining toʻgʻri uchastkalaridagi qoplamalar bilan birga qoʻllash mumkin boʻlgan rulonli materiallardan foydalanish mumkin.
164. Gaz quvuri mulkdori tomonidan zanglash xavfi mavjud zonalarning paydo boʻlishi aniqlanib turilishi lozim.
6-§. Ichki gaz quvurlari va gazdan foydalanuvchi qurilmalar, ishlab chiqarish, isitish-ishlab chiqarish va isitish qozonxonalari
165. Gaz quvurlari oʻtkazilgan va gazdan foydalanuvchi qurilmalar hamda armaturalar oʻrnatilgan ishlab chiqarish xonalari texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash uchun qulay boʻlishi lozim.
166. Gaz quvurlaridan tayanch konstruksiyalari va yertutashtirish moslamalari sifatida foydalanish mumkin emas.
167. Ichki gaz quvurlari va gaz jihozlari (texnik qurilmalar), ishlab chiqargan zavod tomonidan berilgan pasportda foydalanish resursi va uni taʼmirlash toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlmagan hollarda kamida bir oyda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi, kamida 12 oyda bir marta joriy taʼmirlanishi lozim.
168. Gazdan foydalanuvchi qurilmalar, qozonlar va pechlarga tortilgan gaz quvurlari, gaz uzatish boshlanganda havo chiqarib tashlanguncha hisob-kitoblar bilan belgilangan (tajribalarga koʻra) hamda ishlab chiqarish yoʻriqnomasida koʻrsatilgan vaqt davomida , biroq kamida 10 daqiqa dam berib tozalanishi lozim. Shamollatishni yakunlash gaz quvurlaridagi kislorod miqdorini tahlil etish orqali belgilanadi. Kislorod miqdori hajmga nisbatan 1 foiz dan ortiq boʻlgan hollarda oʻt oldirgichni yoqish mumkin emas.
Gaz quvurlarining belgilangan joylaridan shtutserlar bilan namunalar olish joylari hamda oʻchiruvchi qurilmalari boʻlgan havo puflovchi gaz quvurlari tizimi boʻlishi lozim.
Gaz quvurlarini xavfsizlik quvur oʻtkazgichlari va gaz yoqish moslamalari orqali puflash mumkin emas.
169. Gazdan foydalanuvchi qurilmalar, qozonlar, pechlarni ishga tushirishdan oldin oʻtxonalari va gaz yuruvchi dudburonlari shamollatilishi lozim.
Shamollatish vaqti hisob-kitoblar bilan aniqlanadi hamda yoʻriqnoma yoki ishga tushirish (yoqish) dasturi (avtomatlashtirilgan goryelkalar uchun) bilan belgilanadi.
170. Gaz quvuridagi yondiruvchi uskuna oldidagi berkituvchi armatura yoqishdan oldin toʻsiq qurilmasining germetik zichligi tekshiriladi.
171. Yakka issiqlik quvvati 0,35 MW dan yuqori 1,2 MW gacha boʻlgan goryelkali gazdan foydalanuvchi qurilmalardagi gaz quvurlari gaz yurish yoʻnalishi boʻyicha ikkita, ketma-ket joylashgan saqlash berkitish klapanlari (SBK) hamda goryelka oldida sozlovchi moslama bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
Yakka issiqlik quvvati 1,2 MW dan yuqori boʻlgan goryelkali gazdan foydalanuvchi qurilmalardagi gaz quvurlari gaz yurish yoʻnalishi boʻyicha ikkita, ketma-ket joylashgan saqlash berkitish klapanlari (SBK), ularning oraligʻida oʻrnatilgan, atmosfera bilan bogʻlangan va saqlash berkitish klapanlari toʻsiq qurilmasining germetik zichligini ishga tushirish (yoqish)dan oldin avtomatik ravishda tekshirilishini taʼminlaydigan avtomatik ravishda oʻchiruvchi qurilma hamda goryelka oldida sozlovchi moslama bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
172. Gazdan foydalanuvchi qurilmalar quyidagi hollarda gaz uzatilishini toʻxtatadigan texnologik himoya tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim:
yongʻich mashʼalasining oʻchib qolishi;
havo bosimining yoʻl qoʻyiladigan oʻlchamlardan pasayib ketishi (ikkita oʻtkazgichli goryelkalar uchun);
oʻtxonada havo siyraklashuvining kamayishi (havo purkab ishlaydigan oʻtxonalardan tashqari);
elektr energiyasi uzatilishi toʻxtashi yoki masofadan turib va avtomatik ravishda boshqariladigan qurilmalar hamda oʻlchash vositalarida kuchlanish yoʻqolgan hollarda.
173. Har bir gazdan foydalanish qurilmasida himoya oʻt oldirish qurilma (HOʻOQ)da mashʼala boʻlmagan hollarda oʻtxonaga gaz uzatishni istisno etadigan blokirovka boʻlishi lozim.
Uning oʻchib qolishi yoki nosozligi hollarida xavfsizlik avtomatikasi gazdan foydalanish qurilmasiga gazni qoʻlda uzatish rejimi hollarini istisno etishi lozim.
Xavfsizlik va boshqarish avtomatikasi gazdan foydalanuvchi qurilmadan foydalanishning meʼyoriy jarayonini, ushbu jarayonga xizmat koʻrsatish xodimlarining aralashuvini istisno etuvchi avtomatik rejimda taʼminlashi lozim.
174. Yongʻichni yoqishda yoki sozlash jarayonida alanganing uzilishi, sakrashi yoki oʻchishi sodir boʻlsa, goryelkaga va himoya oʻt oldirish qurilma (HOʻOQ)ga gaz uzatish zudlik bilan toʻxtatilishi lozim.
Yongʻichni takroran yoqishga nosozlik sababi bartaraf etilganidan keyin, oʻtxona va gaz tortish dudburonlarini ishlab chiqarish yoʻriqnomasida koʻrsatilgan vaqt davomida, biroq kamida 10 daqiqa shamollatib, shuningdek yongʻich oldidagi oʻchiruvchi armatura toʻsiq qurilmasining germetik zichligi tekshirilgandan keyin mumkin boʻladi.
175. Gazdan foydalanuvchi qurilmalardan, ularga nosozlik paydo boʻlgan hollarda avariyaga qarshi himoyasi boʻlgan avtomatlashtirish tizimi bilan jihozlagan holatlarda muntazam kuzatmasdan foydalanish mumkin.
176. Oʻrnatilgan himoya vositalari, jihozlar ishida, ishlab chiqarish yoʻriqnomasida koʻzda tutilgan oʻlchamlardan chetga chiqish hollari paydo boʻlganda gazdan foydalanuvchi jihozlarga gaz uzatishni zudlik bilan toʻxtatishi lozim.
177. Xavfsizlik gaz quvurlarida qurilma toʻxtatilgandan keyin oʻchirish armaturasi ochiq holda boʻlishi lozim.
178. Gaz jihozlarini taʼmirlash, koʻrikdan oʻtkazish va oʻtxona yoki gaz chiquvchi dudburonlarni taʼmirlashdan oldin, shuningdek mavsumiy foydalaniladigan qurilmalar ishini toʻxtatishda gaz jihozlari va yondirgʻichli quvur oʻtkazgichlar, oʻchirish armaturasidan keyin tiqin qoʻygan holda gaz quvurlaridan uzib qoʻyilishi lozim.
Qozonxona, pechlar va taʼmirlash moʻljallangan boshqa agregatlar umumiy borovdan shiberlar yoki zich toʻsiqlar bilan uzib qoʻyilishi lozim.
179. Gazdan foydalanuvchi jihozlar oʻrnatilgan xonalar havo tarkibida uglerod va metan aralashmasi mavjudligini nazorat qilish tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
180. Gaz taqsimlash va gaz isteʼmolida foydalaniladigan gaz jihozlari (texnik qurilmalar)ning konstruksiyasi texnik shartlar va davlat standartlarida qabul qilingan, hisoblangan ish resursi davomida ulardan ishonchli va xavfsiz foydalanilishini, shuningdek uni taʼmirlash yoki alohida qismlari (bloklari)ni almashtirish imkonini taʼminlashi lozim.
Xavfsizlik avtomatikasi va gaz yonish jarayonlarini boshqarish tizimi xavfsizlik parametrlarini avtomatik rejimda nazorat qilishni taʼminlashi lozim.
181. Jihozlar sanoat xavfsizligi sohasidagi amaldagi meʼyoriy-texnik hujjatlarga muvofiq boʻlishi lozim.
V. Gaz quvurlarini alohida sharoitli hududlarda qurish va ulardan foydalanish
1-§. Umumiy talablar
182. Gaz quvurlarini alohida sharoitli hududlarda qurish va ulardan foydalanishda ushbu hududning gaz quvuriga joy relyefi, tuproqning geologik tuzilishi, gidrogeologik rejim, gaz quvuri quriladigan hududga ishlov berish, iqlimiy va seysmik sharoitlar, shuningdek boshqa taʼsir etuvchilar va ularning vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim.
183. Gaz quvurlarida GTP binolari, gaz quvuri ustunlarini qurish, quduqlar va boshqa inshootlarni qurishning alohida sharoitlarini hisobga oladigan mazkur Qoidalar, shuningdek tegishli Qurilish meʼyorlari va qoidalari (QMQ)ga muvofiq amalga oshirish lozim.
184. Yer osti suvlari nisbatan yuqorida joylashishida suv darajasini pasaytirish, drenaj qurilmalari koʻzda tutiladi. Bunday hollarda gaz quvurlarini yer ustidan yoki yuqoridan oʻtkazish mumkin.
185. Gaz quvurlarini bino va inshootlarga kirish joylarida quvurlarning erkin harakatlanishiga imkon beruvchi elastik zichlantiruvchilarni oʻrnatish lozim.
186. Gaz quvurlarini qurishda odatda uzun oʻlchamli quvurlardan foydalanish lozim.
187. Binolarga kirish joyida gaz quvuri bilan oraligʻi binoning choʻkishi yoki shishib chiqishi mumkin boʻlgan oʻlchamning 1/3 hissasidan kam boʻlmagan masofaga ega boʻlgan diametrli gʻilof koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
188. Gaz quvurini qurishni boshlashdan oldin muhandislik izlanishlari (topografiya, geologiya, gidrologiya, maydonining seysmikligi) natijasida olingan maʼlumotlarni aniqlashtirish lozim.
189. Tuproq deformatsiyasi va gaz quvurida yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan boshqa kuchlanishlarni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlangan hollarda gaz xoʻjaligida, gaz quvurlarini koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha qoʻshimcha reja va jadvallar ishlab chiqilishi lozim.
190. Gaz quvurlari trassalarini navbatdan tashqari koʻrikdan oʻtkazish, gaz quvuri oʻtkazilgan hududda suv tashuvchi kommunikatsiyalar, inshootlarda, muttasil yomgʻir yogʻishi natijasida yer osti suvlarining koʻtarilishi, daryolar, irmoqlar, jarliklarda suv toshishi hamda gaz quvuri trassasining suv va botqoqlik ichida qolishi bilan bogʻliq avariya hollarida amalga oshiriladi.
191. Gaz quvurlaridan foydalanishda ularning binolarga kirishdagi uchastkalariga eʼtibor qaratish lozim. Ushbu joylarda quvur oʻtkazgichlar va gʻilof oraligʻidagi masofa, shuningdek kompensatorlardagi kuchlanishlarni kuzatib turish lozim.
192. Yer osti gaz quvurlarini koʻrikdan oʻtkazishda, past va oʻrta bosimlik gaz quvurlari atrofidagi 50 metr radiusda hamda yuqori bosimli gaz quvuri atrofidagi 80 metr radiusda joylashgan quduqlar, binolarning poydevori va yertoʻla qavatlarida gazlanish holati tekshirilishi lozim.
193. Yer osti gaz quvurlarini koʻrikdan oʻtkazishda, yogʻingarchiliklar va shishib chiqishlar natijasida kelib chiqqan inshootlarning quduqlaridagi deformatsiyalanish, shuningdek ularda suv mavjudligini tekshirib koʻrish zarur.
194. Tuproq koʻchishi (choʻkishi) yoki shishib chiqishi aniqlangan hollarda, gaz quvurining izolatsiyasi holati hamda uning deformatsiyasini keltirib chiqargan sabablarini aniqlash maqsadida shurflarni ochish lozim.
Gaz quvurini koʻrikdan oʻtkazish natijalarini, undan keyinchalik foydalanish imkonini aniqlash yoki kompensatsiyalovchi chora-tadbirlar ishlab chiqish imkoni boʻyicha qabul qilish lozim.
2-§. Gaz taʼminoti tizimidagi quvurlar, armatura va boshqa qurilmalar
195. Gaz taʼminoti tizimlarini qurishda QMQ 2.04.08-96 “Gaz taʼminoti. Loyiha meʼyorlari” ga muvofiq poʻlat quvurlardan foydalanish lozim.
196. Gaz quvurlari uchun poʻlat markasini tanlashda yetkazib beriladigan gaz parametrlari hamda qurilish amalga oshiriladigan hudud atrofdagi havo haroratini hisobga olish lozim.
197. Poʻlat choksiz va elektr payvandlanadigan quvurlarni davlat standartlari yoki texnik shartlarga koʻra qoʻllash lozim.
198. Quvurlarning payvand ulanishlari asosiy metall mustahkamligiga ega boʻlishi lozim. Payvand choklari zich va mustahkam boʻlib, payvandlanmasdan qolgan joylari hamda turli uzunlik va chuqurlikdagi darzlari boʻlmasligi lozim.
199. Gaz quvuridagi harorat bilan bogʻliq deformatsiyalarni kompensatsiya qilish uchun trassasidagi burilish va bukilishlar hisobiga oʻzining kompensatsiyalanishidan foydalanish yoki P simon kompensatorlarni oʻrnatish koʻzda tutiladi.
VI. Avariya hollarini oldin olish va bartaraf etish
200. Avariya hollarini oldini olish va bartaraf etish uchun shahar va qishloq aholi yashash joylaridagi gaz xoʻjaliklaridagi gaz taqsimlash tashkilotlarida “04” raqamli shahar telefoniga ulangan tunu-kun, jumladan dam olish va bayram kunlari ishlaydigan yagona avariya-dispetcherlik xizmatlari (ADX) hamda ularning filiallari tashkil etilishi lozim.
201. ADX (va filiallarining) xodimlarining soni va ularning moddiy-texnika vositalari bilan belgilangan tartibda butlanadi.
Ularning dislokatsiya joylari xizmat koʻrsatish zonasi va ish hajmlaridan kelib chiqib, ADX brigadasining avariya sodir boʻlgan joyga 40 minutdan oshmagan vaqt ichida yetib kelishini hisobga olgan holda belgilanadi.
Portlash, yongʻin va xonalarning gazlanishi holatlari haqida xabar olingandan keyin avariya brigadasi 5 daqiqa ichida chiqib ketishi lozim.
202. Oʻzlarining gaz xizmatlari boʻlgan tashkilotlar tomonidan avariyaviy buyurtmalar kelib tushgan hollarda, gaz taqsimlovchi tashkilotlarning ADXlari oʻzaro hamjihat harakatlar rejasiga asosan avariya holatlarini oldini olish va bartaraf etishda amaliy va uslubiy yordam koʻrsatishlari lozim.
203. Issiqlik elektr stansiyalarida avariyaviy ishlar avariya brigadasi yordamida bajariladi.
Ushbu ishlarda gaz taqsimlovchi tashkilotlar ADXlarining ishtiroklari avariya hollarini oldini olish va bartaraf etish rejalariga asosan belgilanadi.
204. Avariya brigadalarining avariya hollarini oldini olish va bartaraf etish boʻyicha faoliyatlari turli idoralarning xizmatlari orasidagi oʻzaro hamjihat harakatlari rejalari asosida belgilanib, ular mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda ishlab chiqiladi.
Turli idoralarning xizmatlari orasidagi oʻzaro hamjihat harakatlari rejalari belgilangan tartibda kelishilgan boʻlishi va tasdiqlanishi lozim.
Rejalarning tuzilishi, tasdiqlanishi, ularga qoʻshimcha va oʻzgarishlarning oʻz vaqtida kiritilishi hamda qayta koʻrib chiqilishi lozim.
205. ADXlarda mashq oʻquvlari avariyalarni oldini olish va bartaraf etish rejalariga muvofiq oʻtkazib turilishi lozim.
206. ADXlarga kelib tushadigan barcha buyurtmalar, kelib tushish vaqti, avariya brigadasining chiqib ketish va joyiga yetib borish vaqtlari, shikastlanish xususiyati hamda bajariladigan ishlarning roʻyxati yozib borilishi lozim.
207. Avariya brigadasining avariya sodir boʻlgan joyga oʻz vaqtida yetib kelishi hamda ishlarni avariyalarni oldini olish va bartaraf etish rejasiga muvofiq bajarishi lozim.
208. Yertoʻlalar, tunnellar, kollektorlar, podyezdlar, binolarning birinchi qavatidagi xonalarda gazning hajmiy ulushi katta boʻlib, bir foizdan yuqori boʻlgan hollarda, gaz quvurlari gaz taʼminoti tizimidan uzib qoʻyilishi hamda odamlar xavfli zonadan evakuatsiya qilinishi lozim.
209. Gaz sizib chiqish hollarini bartaraf etish (vaqtincha) bandaj, xomut yoki qop matodan tikilgan shamot loyi shimdirilgan bintni gaz quvuriga yopish orqali amalga oshiriladi. Gaz quvurining ushbu uchastkasi har smenalik nazorat ostida boʻlishi lozim.
Bandaj, xomut yoki qop matodan tikilgan shamot loyi shimdirilgan bint bilan yopilgan ichki gaz quvuridan foydalanish muddati bir smenadan oshmasligi lozim.
210. Poʻlat quvurdagi payvand birikmalaridagi shikastlanishlar (yorilish, darz ketish), shuningdek uning yuza qismidagi mexanik shikastlanishlar (teshiklar, ezilgan joylari) katushkalarni payvandlash yoki bargsimon muftalarni oʻrnatish orqali bartaraf etilishi lozim.
Boshqa nuqsonlari (shlak aralashmalari, payvandlanmasdan qolgan joylari va yoʻl qoʻyilgan meʼyorlardan oshiqcha boʻshliqlar), shuningdek quvur tanasidagi chuqurligi devor qalinligidan 30 foizdan ortadigan kavernalar boʻlgan payvand birikmalari gofrli yoki bargsimon muftalar oʻrnatilib, keyinchalik opressovka qilinishi orqali kuchaytirilishi mumkin.
211. Yer osti poʻlat gaz quvurlarining, asosiy holatiga nisbatan gorizontal yoki vertikal yoʻnalishda siljigan holdagi mexanik shikastlanishlarida gaz sizib chiqish hollarini bartaraf etish bilan birgalikda, shikastlanish joyiga eng yaqin boʻlgan har ikkala tomondagi bittadan payvand ulanishlari ochilib, buzilmaydigan usulda tekshirilishi lozim.
Ularda gaz quvuri shikastlanishi bilan bogʻliq yorilishlar va darzlar aniqlangan hollarda, qoʻshimcha ravishda undan keyingi birikma ochilib, radiografik usulda tekshirilishi lozim.
Payvandlanmagan joylari, shlak aralashmalari va boʻshliqlari aniqlangan hollarda payvand birikmalari kuchaytirilishi lozim.
212. Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlaridagi nuqson va shikastlanish mavjud boʻlgan payvand birikmalari va uchastkalari kesib tashlanishi va bostirma qizdiruvchilar yordamida muftalardan foydalangan holda katushkalarni oʻrnatib almashtirilishi lozim. Birikmalarni 100 foiz ultratovushli usulda nazorat qilish imkoni boʻlgan hollarda bir-biriga jipslab payvandlashga yoʻl qoʻyiladi.
Germetik zichlikni taʼminlamaydigan ajratilmaydigan ulanishlarning qismlari va ulanish detallari kesib tashlanib, yangilariga almashtirilishi lozim.
Polimer materiallaridan tayyorlangan gaz quvurlaridagi nuqtali shikastlanishlarni bostirma qizdiruvchilar yordamida yarim muftalar yordamida taʼmirlash mumkin.
213. Gaz quvurlaridagi sunʼiy matoli shlang bilan tiklangan shikastlanishlar gaz quvurlaridagi bosimlarni pasaytirmasdan ishlarni bajarish uchun moʻljallangan maxsus jihozlardan foydalangan holda katushkalarni ulash orqali almashtiriladi.
Shu kabi gaz quvurlarini poʻlat gaz quvurlari kabi taʼmirlash mumkin.
214. ADXlar tomonidan avariyani oldini olish boʻyicha tegishli choralar koʻrilishi hamda gaz sizib chiqish holatini vaqtincha toʻxtatilishidan keyin, gaz sizib chiqish holatini umuman bartaraf etish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
VII. Yakuniy qoida
215. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NORBOYEVA
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi bosh direktori T. JOʻRAYEV
Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi boshligʻi I. YULDASHEV
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
