Non pishirishdagi olovli ishlarni bajarishda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (18-son)
20.01.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2011-yil 7-fevral, 6-24/13-981/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Non pishirishdagi olovli ishlarni bajarishda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Inspeksiya boshligʻi B. GʻULOMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 20-yanvar,
18-son
“SANOATGEOKONTEXNAZORAT” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 20-yanvardagi 18-sonli buyrugʻiga ILOVA
Non pishirishdagi olovli ishlarni bajarishda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq non pishirishdagi olovli ishlarni bajarishda xavfsizlik tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar non pishiradigan tashkilotlar (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) uchun taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi kerak.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
II. Umumiy xavfsizlik talablari
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi boʻyicha ishlarni tashkil etish toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
5. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi kerak.
6. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi va xodimlar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
2-§. Sanitariya va gigiyena
7. Tashkilot xonalaridagi harorat, nisbiy namlik, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
8. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talabiga muvofiq tashkil qilish kerak.
9. Ishlab chiqarish xonalari tabiiy va sunʼiy yorugʻliligi darajasi QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va suniy yorugʻlik” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
10. Ishlab chiqarish binolarida mikroiqlim SanQvaM 0203-06 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimi sanitariya meʼyorlari” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
11. Ish joylari ishlab chiqish jarayonlari xususiyatlariga muvofiq tik turib va oʻtirib ishlash uchun GOST 12.2.032-78 va GOST 12.2.033-78 talablariga muvofiq moslamalar bilan jihozlanishi lozim.
3-§. Yoritishga qoʻyiladigan talablar
12. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sunʼiy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yoritish” talabiga mos boʻlishi kerak.
13. Yoritish vositalarida koʻzni qamashtirishdan saqlovchi choralar koʻrilgan boʻlishi kerak.
14. Yoritish vositalari uchun 220 V dan yuqori boʻlmagan kuchlanish qoʻllanishi kerak.
15. Koʻchma yoritish vositalarini ishlatishda rezina shlangli egiluvchan oʻtkazgichdan foydalanilishi kerak.
16. Yoritish vositalarini taʼmirlash va uning ichki elementlarini koʻzdan kechirish, kuygan lampa va himoya shishalarini almashtirish ishlari elektr tarmogʻidan oʻchirilgan holda bajarilishi kerak.
17. Yoritish vositalari toza va soz holatda boʻlishi kerak.
18. Yoritish vositalarini nazorat qilish va taʼmirlash ishlari shu ishlarni amalga oshirishga masʼul boʻlgan xodimlar tomonidan amalga oshirilishi kerak.
19. Elektr yoritish oʻtkazgichlari poldan 2,5 m dan past boʻlmagan balandlikda boʻlishi kerak.
20. Evakuatsiya yoʻlaklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari boʻlishi lozim.
21. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, oʻlchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalab turilishi kerak.
III. Non pishirish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Non pishirish pechining oʻchoq boʻlimiga xavfsizlik talablari
22. Zaruriyat tugʻilganda shoshilinch xabar yetkazish uchun oʻchoq boʻlimida telefon va tovushli signalizatsiya boʻlishi kerak.
23. Oʻchoq boʻlimiga kirish va chiqish joylari erkin boʻlishi, eshiklar esa tashqariga yengil ochilishi kerak.
24. Oʻchoq boʻlimida xonaning qarama-qarshi tomonlarida joylashgan kamida ikkita chiqish joyi boʻlishi kerak.
25. Oʻchoq boʻlimini turli predmetlar bilan toʻsib qoʻyish, unda begona uskunalar, materiallar va ehtiyot qismlarni saqlash taqiqlanadi.
26. Konveyerli bir tomoni berk boʻlgan qattiq yoqilgʻida ishlaydigan non ishlab chiqarish pechlari alohida yongʻinga qarshi toʻsiqlar bilan jihozlangan xonada joylashtirilishi kerak.
27. Oʻchoq boʻlimida xizmat koʻrsatishga xalaqit bermaslik sharti bilan qattiq yoqilgʻining bir smenadan ortiq boʻlmagan zaxirasi boʻlishiga ruxsat etiladi. Bunda erkin oʻtish joyining eni 1,5 m dan kam boʻlmasligi kerak.
28. Qattiq yoqilgʻini oʻchoqqa berishda soatiga 200 kg kukun hamda shlaklar hosil boʻladigan barcha pechlardan, ularni chiqarish mexanizatsiyalashgan usulda amalga oshirilishi kerak.
29. Suyuq yoqilgʻi uchun sarflash sigʻimi alohida izolatsiya qilingan va shamollatish tizimi boʻlgan xonada joylashtirilishi kerak.
30. Suyuq yoqilgʻi uchun sigʻimni ochish va yopish moslamasi hamda toshib ketishdan saqlash uchun moʻljallangan chiqarish quvuri boʻlishi lozim. Yoqilgʻi sathini aniqlash uchun, sigʻim sathni koʻrsatuvchi asbob bilan taʼminlangan boʻlishi kerak.
31. Suyuq yoqilgʻini pechkaga berish va avariya holatida toʻxtatish uchun quvur oʻtkazgichlarda ochish va yopish moslamasi oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
32. Suyuq yoqilgʻidan foydalanilganda, uning forsunkadan tomish ehtimoli paydo boʻlganida yoqilgʻi polga tushmasligi uchun alohida chiqarish moslamasi nazarda tutilishi kerak.
33. Pechlarga oʻrnatilgan goryelkalarda alanga uzluksiz yonishi kerak. Pechlar goryelkalarining plitalarida, goryelkaning ishini kuzatish uchun oʻzi yopiladigan moslamali maxsus kuzatuv joyi boʻlishi kerak.
34. Non pishirish pechlaridagi suv isitish qozonlari suv bilan taʼminlash tarmogʻida teskari klapanlar bilan jihozlangan va non ishlab chiqarish tashkilotining issiqlik tizimiga ulangan boʻlishi kerak. Suv bilan taʼminlash va chiqish tarmoqlaridagi ochish va yopish kranlari ochiq boʻlishi, muhrlangan holda pechga xizmat koʻrsatish xodimining daftarida qayd qilingan boʻlishi kerak.
35. Suv isitish qozonlari haroratini nazorat qilish uchun operator boshqarish pulti oʻlchov asboblari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
36. Olovbardoshligi I va II darajali binolarda oʻchokdan qarama-qarshi devorgacha boʻlgan masofa quyidagi oʻlchamlardan kam boʻlmasligi kerak:
qattiq yoqilgʻidan foydalanilganda — 3,0 m dan;
suyuq yoqilgʻi yoki gazdan foydalanilganda — 2,0 m dan;
goryelka moslamalaridan devorgacha boʻlgan masofa — 1 m dan.
Qozon oʻchoqlari non ishlab chiqarish pechlari oʻchoqlariga qarama-qarshi qilib joylashganda ularning orasidagi masofa oʻlchamlardan kam boʻlmasligi kerak:
qattiq yoqilgʻidan foydalanilganda — 5,0 m dan;
suyuq yoqilgʻi yoki gazdan foydalanilganda — 4,0 m dan;
goryelka moslamalaridan devorgacha boʻlgan masofa — 2 m dan.
37. Non pishirish pechlari va qozonlari uchun yoqilgʻi sifatida tabiiy gazdan foydalanilganda, gaz taqsimlash moslamasi yordamida amalga oshirilishi kerak.
2-§. Non pishirish boʻlimiga boʻlgan xavfsizlik talablari
38. Non pishirish pechlari texnologik rejim va yoqilgʻining yonish jarayonini nazorat qilish uchun nazorat — oʻlchov asboblari bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
39. Non pishirish pechlari, unda gaz va suyuq yoqilgʻi bosimi belgilangan darajadan oshganda, alanga oʻchib qolganda, havo berish toʻxtab qolganda, elektr tarmogʻidan avariya holatida uzib qoʻyilganda gaz va suyuq yoqilgʻi berilishini avtomatik uzib qoʻyishni taʼminlaydigan xavfsizlik moslamasi bilan taʼminlanishi kerak.
40. Isitish kanali boʻlgan pechlarda portlashdan saqlash klapanlari nazarda tutilishi kerak.
41. Portlashdan saqlash klapanlari oʻchoq va gaz yoʻllarining yuqori qismida, gaz toʻplanishi mumkin boʻlgan joylarda oʻrnatilishi lozim. Portlashdan saqlash klapanlarning soni va oʻrnatish joyi loyihada belgilanadi. Bunda bitta portlashdan saqlash klapanining yuzasi 0,05 m2 dan kam boʻlmasligi kerak.
42. Pechlarning tashqi devori yuzasining harorati 45° S dan oshmasligi kerak.
3-§. Non pishirish pechida oʻt oldirish
43. Non pishirish pechida oʻt oldirishdan oldin kuyidagilar puxta tekshirilishi kerak:
oʻchoq va gaz yoʻllari hamda ochish va yopish moslamalarining sozligi;
nazorat — oʻlchov asboblarining sozligi hamda tabiiy havo tortishining mavjudligi;
pechlardagi suyuq yoki gaz yoqilgʻini yoqish uskunalarining sozligi;
suv isitish qozonlaridagi suvning sathi;
oʻchoq va gaz yoʻllarida odamlar yoki begona predmetlarning mavjud emasligi.
44. Pechda oʻt oldirishdan oldin oʻchoq va gaz yoʻllari 10 — 15 daqiqa muddatda oʻchoqlarning eshiklari ochilgan holatda tabiiy havo tortish bilan shamollatilishi kerak.
45. Suyuq yoqilgʻida ishlaydigan pechni yoqishdan oldin, yoqilgʻining harorati yoʻriqnomada belgilangan darajagacha yetkazilishi kerak.
46. Pechni dastlab past alangada oʻt oldirishni amalga oshirish lozim. Qattiq yoqilgʻida ishlaydigan pechni oʻt oldirishda tez alanga oladigan materiallardan (benzin, kerosin va boshqalar) foydalanishga ruxsat etilmaydi.
47. Gaz yoqilgʻida ishlaydigan pechlarning goryelkasida quyidagi ketma -ketlikda oʻt oldirish amalga oshirilishi kerak:
oʻchoqqa oʻt oldirgich (zapalnik) kiritilishi;
asta-sekinlik bilan ochish va yopish moslamasi orqali gaz berilishi hamda goryelkaning yonishini kuzatish va shundan soʻng gaz berishni koʻpaytirish.
48. Oʻchoq goryelkasida turgʻun alanga hosil boʻlganidan soʻng, oʻchoqdan oʻt oldirgich olib qoʻyilishi lozim. Agarda oʻt oldirishdan oldin alanga oʻchib qolsa, zudlik bilan goryelkaga gaz berish toʻxtatilishi, oʻt oldirgichini oʻchoqdan olinishi va oʻchoq hamda gaz yoʻllari 10 — 15 daqiqa muddatda shamollatilishi lozim. Shundan soʻng ushbu Qoidalarning 56-bandida belgilangan tartibda goryelkada qayta oʻt oldirishga ruxsat etiladi.
49. Goryelkada oʻt oldirish vaqtida toʻsatdan alangadan shikastlanishga yoʻl qoʻymaslik uchun goryelka teshigi qarshisida turishiga ruxsat etilmaydi.
50. Pechning oʻchoq kamerasida harorat darajasi asta-sekin (10 soatdan kam boʻlmagan vaqtda) 150° S gacha koʻtarilishi kerak.
4-§. Pechni toʻxtatish
51. Gaz yoqilgʻida ishlaydigan pechni toʻxtatishda quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
oʻchoqqa yoqilgʻi berishni toʻxtatish;
bir necha goryelkalar boʻlganda, ularga gaz berishni ketma-ket toʻxtatish;
barcha goryelkalarni gaz berish toʻxtatilgandan soʻng, umumiy tarmoqdan gazni yopish, shamollatish moslamasini ochish va oʻchoq hamda gaz yoʻllarini shamollatish.
52. Suyuq yoqilgʻida ishlaydigan pechni toʻxtatishda quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
forsunkaga yoqilgʻi berishni yopish;
bir necha forsunkalar boʻlganda, ularni ketma-ket yopish;
havo berishni yopish;
oʻchoq va gaz yoʻllarini shamollatish.
53. Qattiq yoqilgʻida ishlaydigan pechni toʻxtatishda quyidagilar amalga oshirilishi kerak:
qoldiq yoqilgʻini past havo bosimida oxirigacha yoqish (yonayotgan yoqilgʻini yangi yoqilgʻi bilan koʻmib yoki suv bilan oʻchirish taqiqlanadi);
oʻchoq va bunkerni tozalash;
havo tortishni toʻxtatish, gaz yoʻllari va oʻchoq eshiklarini yopish.
5-§. Pechni avariya holatida toʻxtatish
54. Xizmat koʻrsatish xodimi pechni avariya holatida zudlik bilan unga yoqilgʻi va havo berilishini toʻxtatishi va sex boshligʻi yoki uning oʻrnini bosuvchi shaxsga maʼlum qilishi kerak.
55. Quyidagi avariya holatlarida pech toʻxtatilishi kerak:
nazorat-oʻlchov asboblari ishlashi toʻxtab qolganda;
gaz yoqilgʻida ishlaydigan pech xonasida tutun hosil boʻlganda;
gaz berish toʻxtaganda;
oʻchoq yoki gaz yoʻlida gaz-havo aralashmasi natijasida portlash sodir boʻlganda;
pech xonasida yongʻin sodir boʻlganda.
56. Pechda yongʻin sodir boʻlganda, zudlik bilan yongʻin xizmatini chaqirish va pechni kuzatishni toʻxtatmasdan yongʻinni oʻchirish choralari koʻrilishi kerak. Gaz yoqilgʻida ishlaydigan pechda yongʻin sodir boʻlganda, zudlik bilan gaz berishni xona tashqarisida oʻrnatilgan yopish va ochish moslamasi orqali toʻxtatish kerak.
6-§. Non pishirish pechlaridan foydalanishda va ularda taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari
57. Pechlarning moʻrkon va oʻchoqlari ichida taʼmirlash ishlari quyidagi talablar asosida amalga oshirilishi kerak:
taʼmirlash ishlaridan oldin moʻrkon va oʻchoqlar shamollatilishi va boshqa pechlardan gazlar kirishi imkoniyatidan himoya qilinishi;
elektr dvigatellarni ishga tushirish hamda quvur oʻtkazgichlarning ochish va yopish moslamalarida “Qoʻshma — odamlar ishlayapti!”, “Ochma — odamlar ishlayapti!” degan ogohlantirish xavfsizlik belgilari osilgan boʻlishi;
pech kamerasi ichida taʼmirlash ishlarini amalga oshirishda, uning harorati 40° S dan ortiq boʻlmasligi;
pech kamerasi ichida har bir xodimning boʻlish vaqti 20 daqiqadan oshmasligi va undan soʻng 20 daqiqali tanaffus berilishi;
xodimlar maxsus kiyim va himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi;
oʻchoq va moʻrkonlar ichida ishlash uchun koʻchma elektr chiroqlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi;
IV. Xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik
58. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
