2-modda. Asosiy tushunchalar
Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida (167-II-son) · Sana: 15.12.2000 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
garovga ushlab turilgan shaxs — qoʻlga olingan yoki ushlab turilgan shaxsni ozod etish shartlari sifatida davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini, xalqaro tashkilotlarni, shuningdek ayrim shaxslarni biron-bir harakat sodir etishga yoki bunday harakat sodir etishdan tiyilishga majbur qilish maqsadida terrorchilar tomonidan qoʻlga olingan yoki ushlab turilgan jismoniy shaxs;
terrorizm — siyosiy, diniy, mafkuraviy va boshqa maqsadlarga erishish uchun shaxsning hayoti, sogʻligʻiga xavf tugʻdiruvchi, mol-mulk va boshqa moddiy obyektlarning yoʻq qilinishi (shikastlantirilishi) xavfini keltirib chiqaruvchi hamda davlatni, xalqaro tashkilotni, jismoniy yoki yuridik shaxsni biron-bir harakatlar sodir etishga yoki sodir etishdan tiyilishga majbur qilishga, xalqaro munosabatlarni murakkablashtirishga, davlatning suverenitetini, hududiy yaxlitligini buzishga, xavfsizligiga putur yetkazishga, qurolli mojarolar chiqarishni koʻzlab igʻvogarliklar qilishga, aholini qoʻrqitishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida javobgarlik nazarda tutilgan zoʻrlik, zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish yoki boshqa jinoiy qilmishlar;
terrorizmni moliyalashtirish — terrorchilik tashkilotining mavjud boʻlishini, faoliyat koʻrsatishini, moliyalashtirilishini, terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni taʼminlashga, terrorchilik harakatini tayyorlash va sodir etishga, terrorchilik tashkilotlariga yoxud terrorchilik faoliyatiga koʻmaklashayotgan yoki bunday faoliyatda ishtirok etayotgan shaxslarga bevosita yoki bilvosita har qanday mablagʻ-vositalarni, resurslarni berishga yoki yigʻishga, boshqa xizmatlar koʻrsatishga qaratilgan faoliyat;
terrorchi — terrorchilik faoliyatini amalga oshirishda ishtirok etayotgan, shuningdek terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketishni yoxud Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali harakatlanishni amalga oshirgan shaxs;
terrorchilik guruhi — oldindan til biriktirib terrorchilik harakatini sodir etgan, bunday harakatga tayyorgarlik koʻrgan yoki uni sodir etishga suiqasd qilgan shaxslar guruhi;
terrorchilik tashkiloti — ikki yoki undan ortiq shaxsning yoki terrorchilik guruhlarining terrorchilik faoliyatini amalga oshirish uchun barqaror birlashuvi;
