19-modda. Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazayotgan shaxslarning operatsiya oʻtkaziladigan zonadagi huquqlari
Terrorizmga qarshi kurash toʻgʻrisida (167-II-son) · Sana: 15.12.2000 · Amalda
Terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkaziladigan zonada mazkur operatsiyani oʻtkazayotgan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
zarurat boʻlganda transport vositalari va yoʻlovchilarning koʻcha va yoʻllarda harakatlanishini vaqtinchalik cheklash yoki taqiqlash, transport vositalarini, shu jumladan diplomatiya vakolatxonalarining, konsullik muassasalarining va fuqarolarning transport vositalarini joyning ayrim uchastkalariga va obyektlarga kiritmaslik, fuqarolarni joyning ayrim uchastkalaridan va obyektlardan chiqarib yuborish, shuningdek maxsus ruxsatnomasi boʻlmagan transport vositalarini shatakka olib chiqarib tashlash choralarini koʻrish;
jismoniy shaxslarning shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish, bunday hujjatlar boʻlmagan taqdirda esa ularning shaxsini aniqlash uchun ushlab turish;
huquqbuzarliklar sodir etgan yoki terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazuvchi shaxslarning qonuniy talablariga toʻsqinlik qilishga qaratilgan, shuningdek terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkaziladigan zonaga ruxsatsiz kirish yoki kirishga urinish bilan bogʻliq harakatlar sodir etgan shaxslarni ushlash va tegishli organlarga olib borish;
agar kechiktirish jismoniy shaxslar hayoti va sogʻligʻini, jamiyat va davlat xavfsizligini tahdid ostiga qoʻyishi mumkin boʻlsa, terrorchilik harakatiga chek qoʻyish, uni sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib etish uchun korxonalar, muassasalar va tashkilotlar hududiga hamda xonalariga, turar joy va boshqa joylarga, yer uchastkalariga, transport vositalariga sutkaning istalgan vaqtida moneliksiz kirish (oshib tushish);
terrorchilikka qarshi operatsiya oʻtkazilayotgan zonaga kirayotgan (transport bilan kirishda) hamda mazkur zonadan chiqayotgan (transport bilan chiqishda) jismoniy shaxslarni shaxsan koʻrikdan oʻtkazish, ulardagi ashyolarni, transport vositalarini hamda bu vositalarda olib oʻtilayotgan yuklarni, shu jumladan nazorat qilishning texnik va boshqa vositalaridan foydalangan holda koʻrikdan oʻtkazish;
jismoniy yoki yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan aloqa vositalaridan, shu jumladan maxsus aloqa vositalaridan, shuningdek transport vositalaridan (chet el davlatlari diplomatiya vakolatxonalari hamda boshqa muassasalarining, xalqaro tashkilotlarning aloqa va transport vositalaridan tashqari) terrorchilik harakatining oldini olish, terrorchilik harakatini sodir etgan yoki sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni taʼqib qilish va ushlash, hodisa roʻy bergan joyga yetib borish, tez tibbiy yordamga muhtoj boʻlgan shaxslarni davolash muassasalariga olib borish uchun xizmat maqsadlarida foydalanish;
