Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Namangan viloyatida boʻlgan vaqtdagi topshiriqlarini amalga oshirishga doir tadbirlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida (287-son)
26.10.2011
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash, sanoat salohiyatini, birinchi navbatda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash hisobiga rivojlantirish, shu asosda Namangan viloyati aholisi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish va turmush darajasini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-sentabrda Namangan viloyatida boʻlgan vaqtdagi topshiriqlarini amalga oshirishga doir Tadbirlar rejasi (keyingi oʻrinlarda Tadbirlar rejasi deb ataladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Namangan viloyati hokimligi manfaatdor vazirliklar, idoralar va xoʻjalik birlashmalari bilan birgalikda:
tasdiqlangan Tadbirlar rejasining oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etsinlar;
Tadbirlar rejasini amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari va hajmlarini aniqlasinlar;
Tadbirlar rejasining bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatsinlar hamda muammoli masalalarni har oyda koʻrib chiqsinlar, ularni hal etish yuzasidan zarur tezkor va amaliy chora-tadbirlar koʻrsinlar.
3. Namangan viloyati hokimligi (Yusupov):
bir hafta muddatda ushbu qarorni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin, unda bajarish muddatlari va bajarish uchun masʼullarni koʻrsatgan holda qarorni bajarishning kalendar jadvalini tasdiqlashni nazarda tutsin;
har oyda tadbirlarning bajarilishi muhokamasini tashkil etsin, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tegishli axborot taqdim etsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar hamda Namangan viloyati hokimligi rahbarlari Tadbirlar rejasining bajarilishi yuzasidan shaxsan javob beradilar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2011-yil 26-oktabr,
287-son
Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 26-oktabrdagi 287-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 30-sentabrda Namangan viloyatida boʻlgan vaqtdagi topshiriqlarini amalga oshirishga doir
TADBIRLAR REJASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 43-44-son, 463-modda)
