Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlashda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (105-son)
26.03.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2010-yil 5-may, 6-24/13-3213/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-yil, 7-son, 39-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlashda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2010-yil 26-mart,
105-son
“SANOATKONTEXNAZORAT” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 26-martdagi 105-sonli buyrugʻiga ILOVA
Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlashda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) muvofiq epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlashda mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlovchi tashkilotlarga (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
II. Umumiy xavfsizlik talablari
1-§. Xodimlarga yoʻl-yoʻriq berish, oʻqitish va ularning bilimlarini sinovdan oʻtkazish ishlarini tashkil etish
4. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
5. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va ishlovchilar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
2-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
6. Tashkilotlarda zararli ishlab chiqarish omillarining taʼsirini kamaytirish yoki ularni bartaraf etish uchun jamoaviy yakka tartibdagi himoya vositalari qoʻllanishi lozim.
7. Ish beruvchi “Kimyo ishlab chiqarishi xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlari”ga (roʻyxat raqami 1958, 2009-yil 14-may) muvofiq xodimlarni maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlashi lozim.
3-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
8. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) asosida amalga oshirilishi lozim.
4-§. Sanitariya va gigiyena
9. Ishlab chiqarish (texnologik) jarayonlari va uskunalari amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
10. Ishlab chiqarish xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”iga muvofiq boʻlishi kerak.
11. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talabiga muvofiq tashkil qilish lozim.
12. Ishlab chiqarish xonalari tabiiy va sunʼiy yorugʻliligi darajasi QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
13. Bino, xona va boshqa qurilish inshootlaridan foydalanishda yongʻin xavfsizligi himoyasi talablariga GOST 12.1.004-91 “Yongʻin xavfsizligi. Umumiy talablar” muvofiq boʻlishi lozim.
14. Ishlab chiqarish binolarida SanQvaM 0203-06 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimi sanitariya meʼyorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
15. Ishlab chiqarish xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar SanQvaM 0046-95 “Gigiyenik normativlar. Ish hududi havosida zararli moddalarning ruxsat etilgan eng koʻp miqdori” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
16. Ish joylari ishlab chiqish jarayonlari xususiyatlariga muvofiq tik turib va oʻtirib ishlash uchun GOST 12.2.032-78 “Ishlarni oʻtirib bajarishdagi ish joyi. Umumiy ergonomik talablar” va GOST 12.2.033-78 “Ishlarni tik turib bajarishdagi ish joyi. Umumiy ergonomik talablar”ga muvofiq moslamalar bilan jihozlanishi lozim.
5-§.Mehnat va dam olish yuzasidan talablar
17. Tashkilotlarda xodimlarning ish vaqti, dam olish vaqti, shuningdek qisqartirilgan ish vaqti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 11-martdagi 133-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Mehnat sharoiti oʻta zararli va oʻta ogʻir ishlarda band boʻlgan xodimlar uchun ish vaqtining cheklangan muddati”ning talablari inobatga olingan holda tashkilotlarning ichki mehnat qoidalari asosida belgilanadi.
III. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan umumiy talablar
18. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlaganda texnologik hujjatlarda hisobga olinishi lozim boʻlgan xavfsizlik talablari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari” ga muvofiq boʻlishi lozim.
19. Sex, boʻlim, uchastkaning ish joylarida texnologik chizma osib qoʻyilgan boʻlishi lozim.
20. Berkituvchi moslamalar chizmada raqamlangan, mahsulotlarning joyini oʻzgartirilishi, yoʻnalish chizmasida koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Chizmadagi berkituvchi moslamalar va boshqa belgilar apparatlarga xizmat koʻrsatish yoʻriqnomalariga mos boʻlishi lozim.
21. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlashda bir ish kuniga, smenaga yoki bir marta bajariladigan ishlar uchun yetarli boʻlgan mahsulot miqdori boʻlishi kerak.
22. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallarni reaktorda sintez qilish va ishlatish jarayonlari alohida xonalarda amalga oshirilishi lozim.
23. Epixlorgidrin, toluol va boshqa dastlabki suyuq va yordamchi mahsulotlarni omborxonalardan sexga, sintez qilish uchun transportirovka qilish, zichlangan quvurlar orqali bajarish kerak.
24. Epoksid smolalar asosida bogʻlovchi va yelimlarni tayyorlash avtomatik qurilmalarda alohida joylashgan maxsus xonalarda bajarish lozim.
25. Epoksid smolalar asosida ishchi aralashmalarni tayyorlash, kichik miqdorlarda laboratoriya jihozlari va inventari bilan soʻrma javonlari ichida bajarilishi lozim.
26. Epoksid yelimlar, bogʻlovchilar, qotiruvchilar, toʻldiruvchilarni maydalash, elash va boshlangʻich komponentlarni (dimetinol, difenilolpropa-nolni) tortish, ularni aralashtirgichga yuklash va aralashtirish mahalliy soʻrma ventilatsiyasi bilan jihozlangan ish joylarida mexanik usulda bajarish kerak.
27. Texnologik jarayonda bevosita ishlatishdan oldin tayyorlanadigan kompaund aralashmasining qismlari, bir marta ishlatiladigan oʻralgan qadoqlarda, kompaund retsepturasi asosida oldindan tayyorlanib olib kelingan boʻlishi lozim.
28. Qadoqlash idishi boʻshatilgach zich yopiladigan sigʻimga solinishi va smena oxirida chiqindilarni yoʻq qilish joyiga olib borilishi lozim.
29. Qattiq epoksid smolalarni eritib shisha plastikni bogʻlovchisini tayyorlash aspiratsiyaga ega qizdirish pechlarida amalga oshirilishi kerak.
30. Epoksid kompozitsiyali kukunni tayyorlash uchun qattiq epoksid smolani, qotiruvchini va mineral toʻldiruvchini maydalash yopiq maydalash uskunalarida amalga oshirish lozim.
31. Singdiruvchi vannani epoksid bogʻlovchi bilan toʻldirish, germetizatsiya qilingan quvurlar orqali bajarish kerak. Vannadagi bogʻlovchi sathini bir maromda ushlab turish va uni toʻlib ketishini oldini olish avtomatik tarzda bajarilishi kerak.
32. Singdiruvchi mashinaga toʻldiruvchi rulonlarni qoʻyish, ularni shimdirib boʻlgandan soʻng echish, shimdirilgan va quritilgan polotnolarni kesish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
33. Epoksid smolani qotiruvchi bilan aralashmasining tayyorlanishi — aralashtirgichi bor germetizatsiya qilingan apparatlarda amalga oshirilishi kerak.
34. Epoksid smolani qizdirish yoki qotirishni termostatlarda, avtoklavlarda yoki germetizatsiyalashgan va issiqlikdan izolatsiyalangan quritish javonlarida bajarish lozim.
35. Epoksid aralashmasini tayyorlanishi soʻruvchi javonlarda yoki ventilatsiyaga ega yopmalarda, epoksid qoplamani surtish va tekislash amaliyotlari esa xodimni qoʻl terisini himoyalovchi, ipli qoʻlqop ustidan rezina qoʻlqop kiygizilgan va havo olish aʼzosini himoyalovchi vosita (pnevmoshlem LIZ-4) bilan himoyalangan holda amalga oshirilishi kerak.
36. Buyumlarga epoksid smola va kompaunlarni surtish ishlari himoya ekranli ushlagichga ega asboblarda — shpatellar, lopatkalar va boshqa moslamalarda bajarilishi kerak.
37. Kichik hajmli detallar tayyorlanayotganida epoksid yelimni surtish yoki kompaundni quyish mahalliy soʻrma ventilatsiyasi bilan jihozlangan ishchi stollarda bajarilishi kerak.
38. Epoksid smolalar yoki uning asosidagi kompaundlar bilan mayda detallarga ishlov berilishi, ifloslanganda tashlab yuboriladigan qogʻoz bilan yopilgan maxsus temir patnislarda bajarilishi kerak.
39. Buyumlarni epoksid lak-boʻyoq materiallar bilan qoʻlda purkash usulida boʻyash faqat shamollatish kameralarida va xodimlar shaxsiy himoya vositalari bilan taʼminlangan holda bajarilishi lozim.
40. Epoksid lak-boʻyoq materiallari chiqindisini kanalizatsiyaga toʻkish taqiqlanadi. Ular maxsus yopiq idishga yigʻilishi va belgilangan joyga olib chiqilishi lozim.
41. Epoksid smolani kam miqdorda ishlatadigan laboratoriyalar, ustaxonalar va tashkilotning boshqa boʻlimlari smolaning idishi sifatida karton stakanchiklarni qoʻllashi lozim.
42. Dekorativ qoplamalarga epoksid yelimni yoki shisha gazlamaga bogʻlovchini surtuvchi valetslar qurilmasining vannasi mahalliy soʻruvchi ventilatsiya bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
43. Epoksid kompaundlar surtilgan yoki epoksid smola asosidagi boʻyoq bilan boʻyalgan buyumlarni quritilishi mahalliy soʻruvchi ventilatsiya bilan jihozlangan termostat va quritish kameralarida bajarilishi lozim.
44. Quritish kameralarida buyumlarni himoyalovchi koʻzoynaklar, respiratorlar, movutli qoʻlqoplarda boʻshatish lozim.
45. Seriyali ishlab chiqarishda qabul qilinadigan idishga epoksid yelimining qizdirilgan (eritilgan) tuzilmasini boʻshatilishi mexanizatsiyalashgan yoki avtomatlashtirilgan boʻlib, aspiratsiyaga ega pana joyda bajarilishi kerak.
46. Yirik buyumlarga mexanik ishlov berilganida harakatlanuvchi ventilatsiya qurilmasini qoʻllash kerak.
47. Buyumlarni epoksid smola asosida aralashmalar bilan changlanishi maxsus kameralarda bajarilishi, ish joylari esa kameralardan tashqarida joylashgan boʻlishi kerak.
48. Texnologik jarayon boʻyicha dastlabki dekorativ qoplamalarga epoksid yelimni yoki shisha gazlamaga epoksid smola asosidagi bogʻlovchini singdirish mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
49. Epoksid smolalar asosidagi mahsulotlarga mexanik ishlov berilganida ishlov berish turi, kesuvchi asboblar va kesish rejimi materiallarni buzilishini (yorilish, yonishni) istisno etishi lozim.
50. Epoksid smola asosidagi mahsulotlarga ishlov berilganida kuymasligi uchun sovutish emulsiyasidan foydalanish lozim.
51. Elim bilan ishlash uchun stollar olinadigan karton qogʻozi yoki yupqa parda (plyonka) bilan qoplangan boʻlishi kerak.
52. Elim bilan ifloslangan qogʻoz, bir martalik ishlatiladigan (kartonli stakanlar) idishlar va tozalash uchun ishlatiladigan materialni yigʻish uchun binoda qopqoqli metall idishlar oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Ish kuni yoki smena oxirida shu idishlar tozalanib, ichidagi chiqindilar esa maxsus pechlarda yondirilishi kerak.
2-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
53. Evakuatsiyaga chiqish yoʻllarining soni, ularning joylanishi SNiP 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” va ShNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarni yongʻin xavfsizligi” talablari boʻyicha eng uzoq ish joylaridan ulargacha boʻlgan masofaga, shuningdek eng koʻp sonli smenadagi ishlovchilarning soniga bogʻliq holda aniqlanadi.
54. Eng uzoq ish joyidan eng yaqin evakuatsiyaga chiqish yoʻligacha ruxsat etilgan masofa SNiP 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” boʻyicha evakuatsiya qilinadigan xonaning olovga chidamliligi toifasi va hajmidan hamda bu chiqish yoʻli orqali evakuatsiya qilinayotgan xodimlar oqimining zichligidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
55. Ishlab chiqarishning har bir boʻlinmasida barcha xodimlar tanishishi zarur boʻlgan, yongʻinga qarshi anjomlar joylashgan sxema osib qoʻyilishi lozim.
56. Elektr uskunalar yona boshlaganda, uni tezda tok manbaidan oʻchirish zarur. Yongʻinni oʻchirish uchun quruq qum yoki karbon kislotali yongʻin oʻchirgichlarni qoʻllash lozim.
3-§. Xodimlar himoyasini va ishlab chiqarish uskunalari avtomatik oʻchishini taʼminlovchi nazorat va texnologik jarayonlarni boshqarish tizimlari
57. Portlash jihatidan xavfli texnologik jarayonlar uchun texnologik uskunalarda avariyaga qarshi himoya tizimlari nazarda tutilishi lozim.
58. Avariyaga qarshi himoya tizimlari texnologik jarayonni boshqarishning umumiy tizimiga ulangan holda boʻlishi kerak.
59. Texnologik jarayonni xavfsiz olib borish uchun apparatlarda aniq bir parametrlar (harorat, bosim, namlik va boshqalar) bilan belgilanadigan barcha (signal beruvchi, rostlovchi, oʻziyozar va koʻrsatuvchi) asboblar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
60. Mehnat sharoitlari xavfsizligini taʼminlash va texnologik jarayonning fizik-kimyoviy parametrlarini nazorat qilish uchun, ishlab chiqarishlar nazorat-oʻlchov asboblari, avariya, ogohlantiruv va texnologik signalizatsiyalari bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
4-§. Zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari yuzaga kelganligi haqida oʻz vaqtida xabar berish usullari
61. Yonuvchi gazlar ajralib chiqishi ehtimoli boʻlgan ishlab chiqarish xonalarida havo tarkibida gazlarning portlash jihatidan xavfli darajalari mavjudligini nazorat qilish uchun (gazlarning ajralish ehtimoli yuqori boʻlgan joylarda) avtomatik signalizatorlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Signalizatorlar avariya ventilatsiyasiga ulangan boʻlishi zarur.
62. Yonuvchi gazlar va bugʻlarning portlash jihatidan xavfli darajalari haqida darak beruvchi signalizatsiya tizimlari (chiroqli va tovushli) signallar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
63. Avariyani bartaraf etish rejasida, ishchi hududida zararli moddalarni sizib chiqishi va yigʻilish chegaraviy ruxsat etilgan havodagi konsentratsiyalaridan oshib ketganida bartaraf etish chora-tadbirlari ishlab chiqilgan boʻlishi lozim.
64. Avariya yoki boshqa nosozliklar aniqlangan holda, avariya vaziyati masʼul shaxs tomonidan baholanishi, shuningdek sexda avariya holatini eʼlon qilish hamda tashkilot rahbariga xabar berish lozim.
5-§. Maxsus talablar
65. Bir ishlab chiqarish xonasida har xil zararli moddalar bilan ishlovchi ishlab chiqarish uchastkalari joylashganda, ishlab chiqarish xonalariga zararli moddalarni tarqalib ketmaslik choralari nazarda tutilishi lozim.
66. Pollarni qoplovchi materiallar kimyoviy taʼsirga chidamli va zararli moddalarning sorbsiyasiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
67. Havo almashuvi tashkil qilinganida zararli moddalari koʻp boʻlgan yoki portlashga xavfli gazlar, bugʻlar va changi boʻlgan xonadagi havoni boshqa xonalarga chiqib ketishini bartaraf etish uchun, keyingi xonalarda havoning ortiqcha bosimini ushlab turish lozim (berilayotgan havo hajmi chiqarib yuborilayotganidan koʻp boʻlishi lozim).
68. Ishlab chiqarish xonalari ventilatsiyasining loyihasi eng koʻp xavfli va zararli moddalar ajraladigan, ishlarning ogʻirlik kategoriyasini hisobga olgan holda, muayyan ishlab chiqarish uchun hisoblanishi lozim.
69. Umumiy soʻrma qurilmalariga chang va yengil kondensatsiyalanadigan bugʻ soʻrmalari, bundan tashqari aralashganda zararli aralashmalar yoki kimyoviy birikmalarni hosil qiluvchi moddalarni birlashtirish man etiladi.
70. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ish olib borish xonalarida, ventilatsiya tizimida va havo bilan isitilganda havoni retsirkulatsiyasi man etiladi.
71. Isitish-ventilatsiya jihozlari, quvurlari va havo quvurlari, epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlovchi xonalarda joylashtirilganida zanglamaydigan qilib bajarilgan boʻlishi lozim.
72. Berilayotgan havoni uzatish asosan sozlanadigan havo taqsimlagichlar orqali ish hududiga, mahalliy soʻrmalarni ishiga taʼsir qilmaydigan qilib berish kerak.
73. Xonaning havo muhiti xususiyatini hisobga olib ( ishlab chiqarish xonasining havosida chang, namlik, agressiv moddalarning boʻlishi) himoyalangan yoritqichlar nazarda tutilishi kerak (chang-nam oʻtkazmaydigan, yongʻinga va portlashga xavfsiz).
74. Avariya yoritish (xavfsizlik va evakuatsiya yoritish) yoritqichlari ishchi yoritish tizimiga bogʻlanmagan holda ulangan boʻlishi lozim.
75. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ish olib boriladigan ishlab chiqarish xonalarida koʻzni va terini yuvish uchun dush va favoralar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
76. Epoksid smolalar va ular asosidagi ishchi aralashmasi ish joyiga ishlatishga tayyor holda berilishi lozim. Epoksid smolalar va ular asosidagi ishchi aralashmalarni tayyorlash markazlashgan boʻlib, maxsus xodimlar tomonidan texnolog boshchiligida amalga oshirilishi lozim. Ish joyiga berilayotgan epoksid smolalar va ular asosidagi ishchi aralashmasi bir smenada ishlatiladigan miqdordan ortiq boʻlmasligi lozim.
6 -§. Boshlangʻich materiallar, yarim va tayyor mahsulotlar hamda ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transportda tashish
77. Ishlov beriluvchi materiallar va yarim mahsulotlar hajm oʻlchamlari ishlovni bajaruvchi uskuna pasporti koʻrsatkichlariga muvofiq boʻlishi lozim.
78. Omborlar va yuk saqlash uchun maydonchalar qurilma va uskunalari, ularning qurilishi, sanitariya va yongʻinga qarshi meʼyorlar va qoidalar belgilangan tartibda tasdiqlangan, texnologik loyiha meʼyorlari talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
79. Yuklash-tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish “Yuklash-tushirish ishlarida yuklovchilar uchun mehnat xavfsizligi qoidalari” (2006-yil 13-iyun, roʻyxat raqami 1582) (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlari toʻplami 1997-y,. 24-son, 221-modda) talablariga muvofiq boʻlishi lozim
80. Ombor va yuk saqlash uchun maydonchalarda barcha yuklash, tushirish va ogʻir mehnat kategoriyasiga tegishli yukni harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
81. Yuk saqlash uchun maydonchalar sathi tekis boʻlib, chuqurchalarsiz va 5° dan oshmaydigan nishabi boʻlishi kerak. Yuk saqlash uchun maydonchalar qoplamasi unga keluvchi yoʻllar qoplamasiga teng boʻlishi lozim. Yilning qish oylarida yuk saqlash uchun maydonchalar doimo qor va muzdan tozalanib, qum, kul yoki shlak sepilishi kerak.
82. Ombor yoki yuk saqlash uchun maydonchalar hududiga kiraverishda harakat yoʻnalishi, yuklash-tushirish joyi yoki transport vositalarining toʻxtab turish joyini koʻrsatuvchi chizma osilgan boʻlishi kerak.
83. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallarni ish joylariga keltirish qopqogʻi zich yopiladigan maxsus idishlarda amalga oshirilishi lozim.
84. Epoksid smolalar asosidagi aralashmalarni saqlashda, bir marta ishlatiladigan karton idishlardan foydalanish kerak.
85. Epoksid smola yoki kompaundan boʻshagan idishlarni yuvilishi maxsus yaxshilab shamollatiladigan xonalarda maxsus yuvish vannalarida mexanizatsiyalashgan usulda bajarish lozim.
86. Epoksid smolalar maxsus omborlarning yopiq yuk saqlash xonalarida yoki umumiy omborxonaning maxsus ajratilgan qismlarida saqlanadi.
87. Epoksid lak-boʻyoq materiallarni, suyuq epoksid smolalar va ular asosidagi materiallarni quyish joylari mahalliy soʻrma qurilma bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
88. Epoksid lak-boʻyoq materiallarni ombordan idishlarga quyib berish bortlari bor, taglik ustida bajarish lozim.
89. Tarkibida organik eritmalari boʻlgan epoksid lak-boʻyoq materiallarni zich yopilgan idishlarda yengil alangalanuvchi moddalar saqlanadigan xonalarda saqlash kerak.
90. Boʻshagan idish va boshqa oʻrovchi materiallar doimo ombordan shu maqsadlar uchun ajratilgan joyga chiqarilishi lozim.
91. Har bir ombor uchun xavfsiz saqlash va omborda saqlanayotgan materiallar bilan ishlarni oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnoma tashkilot maʼmuriyati tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
92. Chiqindilarning xavfli turlari begona shaxslarning kirishi cheklangan joylarda, identifikatsiya belgilari va yozuvlari bilan taʼminlangan holda saqlanishi lozim.
93. Chiqindilarni ruxsat etilmagan joylarda saqlash, qayta ishlash va koʻmib tashlash taqiqlanadi.
IV. Ishlab chiqarish uskunalariga qoʻyiladigan talablar
94. Ishlab chiqarish uskunalari butun xizmat qilish davrida xavfsizlik talablariga GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
95. Ishlab chiqarish uskunalari va texnologik liniya joylashtirish va foydalanish ishlab chiqaruvchi zavodning foydalanish boʻyicha yoʻriqnomasi talabiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
96. Epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlovchi ishlab chiqarishida asbob-uskunalarning umumiy butlanishi (jihozlanishi) va joylashishi xizmat koʻrsatish xavfsizligi va qulayligini, taʼmirlash ishlari va ularni almashtirishni oʻtkazishni taʼminlashi, shuningdek ishlab chiqarish asbob-uskunalarga sanitariya-gigiyena talablari va texnologik jarayonlarni tashkil qilish boʻyicha texnologik meʼyor talablari va sanitariya qoidalari talablarini taʼminlashi kerak.
97. Nosoz asbob-uskunalardan, xizmat koʻrsatishda xavfsizlikni taʼminlamaydigan tegishli blokirovkasiz, nazorat-oʻlchov asboblarisiz, toʻsiqlarsiz ishlab chiqarish asbob-uskunalaridan foydalanish taqiqlanadi.
98. Bino va ochiq maydonchalarda joylashgan epoksid smolalar va ular asosidagi materiallar bilan ishlovchi ishlab chiqarish uskunalari zichlangan boʻlishi kerak.
99. Uskunalarni oʻrnatishda quyidagi talablarga rioya etilishi zarur:
odamlar doimo boʻladigan joylardagi asosiy oʻtish yoʻllari, shuningdek boshqarish shitlariga xizmat koʻrsatish maydoni boʻyicha kengligi 2 m dan kam boʻlmasligi;
odamlar muntazam oʻtadigan joylarda oʻtish yoʻllarining balandligi (aniqlikda) 2 m dan past boʻlmasligi;
doimiy ish oʻrinlarida, shuningdek taroqsimon boshqarish tizimlariga, mahalliy nazorat-oʻlchov asboblari va hokazolarga ega boʻlgan mashinalar (kompressor, nasos, havo purkagichlar va h.k.) va apparatlarga xizmat koʻrsatish maydonchalaridagi asosiy oʻtish yoʻllarining kengligi 1,5 m dan kam boʻlmasligi;
aylanma xizmat koʻrsatish zarur boʻlganda, apparatlar, shuningdek apparatlar va bino devorlari oralaridagi oʻtish yoʻllari 1 m dan kam boʻlmasligi;
apparat va asboblarni koʻrikdan oʻtkazish, davriy tekshirish va rostlash uchun oʻtish yoʻllari — 0,8 m dan kam boʻlmasligi;
alohida turgan nasoslar orasidagi oʻtish yoʻllari - 0,8 m dan kam boʻlmasligi;
kompressorlar orasidagi oʻtish yoʻllari — kompressorlar oldida boshqarish shitlari joylashgan hollarda 1,5-2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
100. Kompaund quyuvchilarni ishchi stollari mahalliy soʻrma qurilmalar bilan jihozlangan, yopma javonlarda bajarilishi lozim.
101. Kompaund quyilgan buyumlarga mexanik ishlov berayotgan dastgohlar (parmalash, obloyni tozalash) chang soʻruvchi qurilma bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
102. Epoksid smolani sintez qiluvchi va kompaundlarni tayyorlovchi reaktorlar texnologik namuna olish uchun maxsus qurilma bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
103. Epoksid smola bilan shimdirilgan toʻldiruvchini presslash uchun tayyorlov ishlab chiqarish jihozlarni, buyumlarni presslash va mexanik ishlov berishni mexanizatsiyalash uchun qurilma bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
104. Smolani issiqlikda qotirish uchun ishlatiladigan jihozlarni (gidravlik presslar, termik kameralar) tuzilmasida mahalliy soʻrma ventilatsiyasi nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
105. Epoksid kompoziyali kukundan buyumlarni tayyorlaganda (issiq presslash usulida, kuyishda) ishlatiladigan jihozlar kompozitsiyalarni avtomatik dozirovka qiluvchi qurilma va mahalliy soʻrma ventilatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
106. Buyumlarga mexanik ishlov beruvchi (silliqlovchi, tozalovchi, kesuvchi gilotna qaychilar va dastgohlar) ishlab chiqarish jihozlari mahalliy soʻrma ventilatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
107. Ishlab chiqarish jihozlarni — sigʻimlar (singdirish va lakirovka qilish mashinalarining vannalari), bundan tashqari idishlarni ishchi yuzalari (bidon, flyagalar) plyonkali materiallar bilan qoplangan boʻlishi kerak.
108. Ishlab chiqarish jihozlarning isigan yuzalarini (reaktorlar, smolani eritish uchun pechlar, singdirish mashinalarining quritish kameralari) va issiq suyuqliklarni yoki bugʻni beruvchi quvurlar issiqlikka izolatsiyalangan boʻlishi lozim.
V. Taʼmirlash ishlarini bajarishda mehnat xavfsizligi talablari
1-§. Taʼmirlash ishlarini oʻtkazish tartibi va sharoiti
109. Buyruq bilan tasdiqlangan bosh pudratchi va ishlab turgan tashkilot masʼul vakillari ishni boshlashdan oldin naryad-ruxsatnomani rasmiylashtirishi lozim. Bosh pudratchi ish beruvchisiga barcha pudratchi tashkilotlar xavfsiz sharoitlarda ish bajarishi va ularning ishini muvofiqlashtirishni taʼminlashi uchun qonunchilikda belgilangan tartibda masʼuliyat yuklatiladi. Taʼmirlash ishlarining muddati naryad-ruxsatnomada koʻrsatiladi.
110. Buyruqda pudratchilardan bevosita ish rahbari, shuningdek koʻrsatilgan ishlarga uskunalar va obyektni toʻliq tayyorlash, ishlarni xavfsiz amalga oshirish va pudratchilar yoki buyurtmachining taʼmirlash xizmati bilan tezkor aloqalar uchun javobgar shaxslar hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanadi.
111. Barcha uskunalarda tashkilot bosh muhandisi tasdiqlagan jadval boʻyicha belgilangan muddatlarda rejali taʼmirlash ishlari oʻtkaziladi.
112. Taʼmirlash ishlarida band boʻlgan pudratchining barcha xodimlari taʼmirlash ishlari boshlanishidan oldin, ushbu sexda ishlarni xavfsiz olib borish uchun xodimlar xavfsizlik texnikasi boʻyicha kirish yoʻriqnomasidan oʻtkazilishi lozim. Yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari buyurtmachi tomonidan amalga oshiriladi.
113. Rejalashtirilgan ishlarni bajarishdan oldin mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomadan oʻtkazish ishlari pudratchi tashkilot tomonidan oʻtkazilishi lozim.
114. Pudratchi ishlayotgan hududda buyurtmachi tomonidan zararli va yonish xavfi boʻlgan moddalarni paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydigan meʼyoriy sanitariya-gigiyenik sharoitlar yaratilishi kerak.
115. Asbob-uskuna va kommunikatsiyalarda taʼmirlash ishlarini amalga oshirishdan oldin, quyidagilar bajarilishi lozim:
a) elektr energiya taʼminotidan oʻchirish;
b) asbob-uskuna va kommunikatsiyalarni texnologik muhit qoldiqlaridan, asbob- uskunani zararli, zaharli va yonuvchi gaz va mahsulotlaridan boʻshatish;
v) taʼmirlanadigan asbob-uskuna, kommunikatsiya, quduq va oʻralardagi inert, yonuvchi, zaharli gazlar va kislorod miqdorining tegishli tahlillarini oʻtkazish yoʻli bilan tekshirish.
116. Apparatlarni taʼmirlash va tozalashdan oldin inert gazda puflanadi, keyin esa toza havoda va suv bilan yuvilgan boʻlishi lozim.
117. Taʼmirlash ishlarini soʻruvchi ventilatsiya ishlayotgan paytda bajarish lozim.
118. Balandlikdagi ishlarda faqat tayanch yoki rezinali qoplamalar bilan taʼminlangan soz narvonlardan foydalanish kerak. Narvonlar xavfsizlik texnikasi talablariga mos sinalgan, soz boʻlishi lozim.
119. Maydonchalar va zinalardagi toʻsiqlar soz holatda boʻlishi zarur. Xavfli joylarda ogohlantiruvchi plakatlar mavjudligi koʻzda tutilishi kerak.
Yakuniy qoidalar
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Oʻzkimyosanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish Qoʻmitasi raisi B.XODJAYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
“Oʻzkimyosanoat” DAK boshqaruv raisi G. IBRAGIMOV
