Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlashda xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (111-son)
31.03.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2010-yil 10-may, 6-24/13-3492/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 5-son, 223-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir meʼyoriy hujjatlarni qayta koʻrib chiqish va ishlab chiqish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2000-yil, 7-son, 39-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlashda xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2010-yil 31-mart,
111-son
“SANOATKONTEXNAZORAT” davlat inspeksiyasi boshligʻining 2010-yil 31-martdagi 111-sonli buyrugʻiga ILOVA
Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlashda xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) muvofiq xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlashda xavfsizlik qoidalari tartibini belgilaydi.
І.Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlovchi tashkilotlar (bundan keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb yuritiladi) uchun taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar ishlab chiqarish binolarini va inshootlarini loyihalash, qurish va qayta qurishda, sexlarni texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
II. Umumiy xavfsizlik talablari
1-§. Xodimlarni oʻqitish va yoʻl-yoʻriq berish ishlarini tashkil etish
4. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish boʻyicha bilimlarini sinovdan oʻtkazish Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash haqidagi namunaviy nizomga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
5. Ishlarni texnologik reglament boʻyicha xavfsiz yuritish yoʻriqnomalari Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizomga (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) muvofiq ishlab chiqiladi va xodimlar hamda ish joylarini shu yoʻriqnomalar bilan taʼminlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
2-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qoʻllash
6. Tashkilot rahbariyati xodimlarni maxsus kiyim, poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan Kimyo ishlab chiqarishi xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy meʼyorlariga (roʻyxat raqami 1958, 2009-yil 14-may) muvofiq taʼminlashi shart.
3-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
7. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga qabul qilishda dastlabki va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi buyruq (roʻyxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining normativ hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
4-§. Sanitariya va gigiyena
8. Ishlab chiqarish xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi. Umumiy sanitariya-gigiyenik talablar”iga muvofiq boʻlishi kerak.
9. Noqulay omillar taʼsiriga qarshi himoya tadbirlarini tuzishda samarali havo almashinuvi tizimini QMQ 2.04.05-97 “Isitish, ventilatsiya va konditsiyalash” talabiga muvofiq tashkil qilish lozim.
10. Ishlab chiqarish xonalari tabiiy va sunʼiy yorugʻliligi darajasi QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik” talablariga muvofiq boʻlishi kerak.
11.Ishlab chiqarish binolarida SanQvaM 0203-06 “Ishlab chiqarish binolari mikroiqlimi sanitariya meʼyorlari” talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
12. Ish joylari ishlab chiqish jarayonlari xususiyatlariga muvofiq tik turib va oʻtirib ishlash uchun GOST 12.2.032-78 “Ishlarni oʻtirib bajarishdagi ish joyi. Umumiy ergonomik talablar” va GOST 12.2.033-78 “Ishlarni tik turib bajarishdagi ish joyi. Umumiy ergonomik talablar”ga muvofiq moslamalar bilan jihozlanishi lozim.
III. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan talablar
1-§. Ishlab chiqarish jarayonlariga qoʻyiladigan umumiy talablar
13. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlaganda texnologik hujjatlarda hisobga olinishi lozim boʻlgan xavfsizlik talablari GOST 12.3.002-75 “Ishlab chiqarish jarayonlari. Umumiy xavfsizlik talablari “ ga muvofiq boʻlishi lozim.
14. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlashda bir ish kuniga, smenaga yoki bir marta bajariladigan ishlar uchun yetarli boʻlgan mahsulot miqdori boʻlishi kerak.
15. Xlor kislotasi va perxloratlarni qoʻllovchi texnologik jarayonlar uzluksizlikni taʼminlaydigan, yopiq siklli zichlangan apparatlarda, avtomatizatsiya vositalaridan foydalangan holda olib borilishi lozim.
16. Texnologik loyihada zararli moddalar ish hududi havosiga ajralib chiqishi ehtimoli bor joylari aspiratsiyaga ega yopmalar bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
17. Xlor kislotasi tuzlarini ishlab chiqarishda (rux xlori, alyuminiy xlori, kumush xlori) ish hududi havosiga portlash va yongʻinga xavfli boʻlgan vodorod, toksik bugʻlar va gazlar ajralish ehtimoli boʻlsa, xona havosi tarkibini doimo nazorat qilib turish nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
18. Katta hajmli ishlab chiqarishlar uchun omborxonadan sex sigʻimlariga kislotalarni transportirovka qilinishi quvurlar orqali amalga oshirilishi lozim.
19. Kislota va boshqa oʻyuvchi suyuqliklar koʻchirilishida va quyilishida quyidagi ehtiyotkorlik choralari koʻrilishi kerak:
a) butillarni koʻtarib koʻchirilishi maxsus idishlarda ikki kishi bajarishi;
b) kislota va ishqorlarni mayda idishlarga quyish sifonlar yoki qoʻl nasoslari yordamida bajarilishi;
v) oʻyuvchi suyuqliklar va kislotalar bilan ishlash joylarida “Zararsizlantirish uchun” yozuvli zararlantirish vositalari boʻlishi;
g) kislota va oʻyuvchi suyuqliklar bilan ishlovchilar yakka tartibdagi himoya vositalari bilan taʼminlangan boʻlishi (rezina etik, qoʻlqop, koʻkrakpeshli fartuk, himoya koʻz oynagi, gazniqoblar va boshqalar);
d) oʻyuvchi suyuqliklar toʻkilsa, ularni shu zahoti yoʻriqnomaga muvofiq zararlantirish.
20. Tez alangalanuvchi va 20°S gacha qizdirilgan yonuvchi suyuqliklarni transportirovka qilish inert gaz yordamida bajarilishi kerak.
21. Tashkilotda inert gazni yetkazib beruvchi stansiya boʻlmasa, inert gazdan foydalanish uchun qurilma jihozlanishi yoki ballonlardan olinishi mumkin.
22. Bochkalardan suyuqliklarni boshqa idishlarga quyish nasos yoki vakuum yordamida bajarilishi lozim.
23. Tez alangalanuvchi suyuqliklar bilan sigʻimlarni toʻldirish, oqimni uzilishini bartaraf etuvchi toʻkish-toʻldirish qurilmasi orqali bajarilishi lozim.
24. Kimyoviy ishchi eritmalarni tayyorlash maxsus qurilmalarda, ventilatsiya ishlayotganida va shaxsiy himoya vositalaridan foydalangan holda amalga oshirilishi kerak.
25. Xodimlarga ishlab chiqarishni xavfli va zararli omillari taʼsirini bartaraf etish maqsadida, kimyoviy komponentlarni meʼyorlash va aralashtirish yopiq quvurlarda, reaktorlar va sigʻimlarda amalga oshirilishi lozim.
26. Sigʻimlar, reaktorlar va boshqa jihozlardan tekshirish uchun namuna olish vakuum usulida yoki maxsus namuna olgichlar orqali amalga oshirilib, zararli moddalarni ish hududi havosiga ajralib chiqmasligi uchun, mahalliy soʻruvchi uskunalar bilan jihozlangan boʻlishi kerak.
27. Boʻshagan idishlar ish joyidan shu zahoti olinishi lozim.
28. Aylanma idishlarga ishlov berish (zararsizlantirish, yuvish) maxsus ajratilgan va jihozlangan joylarda yoki xonalarda amalga oshirilib, kerakli eritmalar zaxirasi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
29. Ishlab chiqarish jarayonida ishlatilmagan zararli moddalar zararsizlantirilib, utilizatsiya qilinadi.
30. Polga toʻkilgan har xil kimyoviy eritmalar va erituvchilarni shu zahoti neytralizatsiya qilib, qipiq yoki quruq qum yordamida tozalab olinadi, pol esa maxsus eritma bilan hoʻllangan lattada artilib, shundan keyin toʻkilgan joyni yuvish vositasi qoʻshilgan suvda yoki 10% soda eritmasi bilan yaxshilab yuviladi. Bu ishlarni shaxsiy himoya vositalarida (gazniqoblarda, respiratorda, qoʻlqoplarda) bajarish kerak.
31. Kimyoviy moddalar chiqindilarini kanalizatsiyaga toʻkish taqiqlanadi. Ularni zararsizlantirish va utilizatsiya qilish kerak.
32. Artish lattalari ishlatilgandan soʻng maxsus qopqogʻi zich yopiladigan yashiklarga solinib, smena oxirida sexdan, maxsus utilizatsiya qilinadigan joyga olib chiqilishi kerak.
33. Boshqarish pultlari — zararli va portlash xavfi boʻlgan bugʻ, gaz va changlar ajralib, shuningdek yuqori vibratsiyaga ega boʻlgan texnologik asbob-uskunalar oʻrnatilgan ishlab chiqarish xonalarida joylashtirilishi mumkin emas.
2-§. Xlor kislotasi va perxloratlarning fizik-kimyoviy xossalari
34. Suvsiz xlor kislotasi, NS1 O4 (tc - 100°S oson uchuvchan suyuqlik boʻlib, saqlanganda yoki qizdirilganda kichik oksidlanish darajasiga ega boʻlib, xlor oksidlariga parchalanadi. Bu oksidlarni yigʻilishi oʻz-oʻzidan portlashga olib kelishi mumkin.
35. Suvsiz xlor kislotasini organik moddalar bilan toʻqnashishi ularni oksidlanishi natijasida portlashiga olib keladi.
36. Monogidrat - NS1 O4 ( tc-49,9°S) bir zumda qogʻoz, yogʻoch va boshqa yonuvchi moddalarni yondirib yuboradi.
37. 70-72% xlor kislotasi — kislotalar ichida eng kuchlisi. U aktiv metallar bilan reaksiyaga kirishganda vodorod ajralib chiqadi va xlor kislotasi tuzlarini, perxloratlarni hosil qiladi.
38. Xlor kislotasi taʼsiriga platina, oltin, tantal, baʼzi bir silikat minerallar (andezit, diabaz, kvars) va mahsulotlar (shisha, keramika, farfor, rezina, faolit va vinniplast plastmassalari, zanglamaydigan poʻlat) bardoshli hisoblanadi.
39. Isitilgan kislota kuchli oksidlovchi hisoblanadi. Koʻpchilik organik moddalar va oson oksidlanuvchi anorganik moddalar kislota bilan reaksiyaga kirishganda portlaydi yoki yonib ketadi.
40. Suyultirilgan kislota oksidlash xususiyatini yoʻqotadi, ammo kuchli kislotali xossasini saqlaydi.
41. Xlor kislotasi fosfor angridridi va konsentrlangan kislota bilan reaksiyaga kirishganda portlovchi xlor angidrid-S12O7 rangsiz, moysimon,oson uchuvchan suyuqlik hosil qiladi hamda alanga taʼsirida yoki urilishi (uchqun) natijasida portlaydi.
42. Perxloratlarni oʻz-oʻzidan yonishi yoki portlashi ftor, anorganik va organik moddalar bilan reaksiyaga kirishganda sodir boʻlishi mumkin.
43. Perxloratlar konsetrlangan eritmalari oʻta portlovchi moddalar hisoblanadi.
44. Portlashni oldini olish uchun perxloratlar kristalgidrat yoki namlangan holda ishlab chiqariladi.
45. Perxloratlar va xlor kislotasi birgalikda yonuvchi moddalar bilan poroxsimon aralashmalar hosil qiladi.
3-§. Xlor kislotasi va perxloratlarni qoʻllovchi ishlab chiqarishlar
46. Texnologik jarayonlarning tashkil qilinishi va ishlab chiqarish jihozlari xodimlarni zararli moddalar bilan bevosita tutashishini va ish hududiga zararli moddalarni ajralib chiqishini bartaraf etishi lozim.
47. Xlor kislotasini qoʻllovchi, xlor kislota tuzlarini — perxloratlarni (rux, alyuminiy, simob, kumush perxloratlari) ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarishlarda vodorod hosil boʻlishi bilan bogʻliq boʻlgan ishlab chiqarish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish zarur.
48. Xlor kislotasi, organik mahsulotlar (anilin va difenilaminni), sintetik kauchuk (xloroprenni) va boʻyoqlarni ishlab chiqarishda zararli moddalarni ajralishi mumkin boʻlgan joylar loyihani texnologik qismida belgilangan boʻlishi shart. Ularni ish hududi havosida ruxsat etilgan eng koʻp miqdorlaridan oshib ketishidan saqlash uchun aspiratsiyali yopiq joy bilan taʼminlash kerak.
49. Xlor kislota kraxmaldan gidroliz spirti va glyukozani olishda, shakar va yelim ishlab chiqarilishida qoʻllanadi.
50. Xlor kislotaga organik moddalar qoʻshilganida ingibitorlar hosil boʻladi (metallni erishini susaytiradigan — urotropin, akridin, penoreagent), shuning uchun 20% ingibitor kislotani metallarni zangini kyetkazish uchun ishlatiladi.
4-§. Yongʻin va portlash xavfsizligi talablari
51. Evakuatsiyaga chiqish yoʻllarining soni, ularning joylanishi QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” va ShNQ 2.01.02-04 “Binolar va inshootlarni yongʻin xavfsizligi” talablari boʻyicha eng uzoq ish joylaridan ulargacha boʻlgan masofaga, shuningdek eng koʻp sonli smenadagi ishlovchilarning soniga bogʻliq holda aniqlanadi.
52. Yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalari soz holatda saqlanishi va qulay joylarga oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Yongʻin oʻchirish anjomlari va asboblaridan xoʻjalik va ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun foydalanish taqiqlanadi.
53. Ishlab chiqarishning har bir boʻlinmasida barcha xodimlar tanishishi zarur boʻlgan, yongʻinga qarshi anjomlar joylashgan sxema osib qoʻyilishi lozim.
54. Ishlab chiqarish xonalarida yongʻin sodir boʻlganda xonadagi ventilatsiya tizimlarini oʻchirish hamda harbiylashtirilgan yongʻindan saqlash xizmatiga xabar bergan holda yongʻinni oʻchirish ishlarini olib borish lozim.
55. Sodir boʻlgan barcha yongʻinlar toʻgʻrisida tashkilot rahbariga tezda xabar berish zarur.
56. Yongʻin oʻchirish anjomlari, yongʻin oʻchirish gidrantlari va suv havzalariga borish va oʻtish yoʻllari har doim boʻsh boʻlishi kerak.
57. Yongʻin oʻchirish gidrantlarida tungi vaqtda yoritiladigan va ularning joylashgan joyini tezda aniqlashga imkon beradigan yozuvlar — koʻrsatkichlar osib qoʻyilgan boʻlishi lozim.
58. Vaqtinchalik gazlangan hududlar toʻsib qoʻyilgan boʻlishi kerak. Toʻsiqlarda “Gazlangan” ogohlantiruvchi yozuv osib qoʻyiladi, zarur boʻlganda postlar qoʻyilishi lozim.
59. Yongʻinga qarshi eshik, suv parda, toʻsiq, shiberlar, yongʻinga qarshi devor va bino, inshoat tomlariga oʻrnatilgan tutunga qarshi moslamalar doimo soz holatda boʻlishi lozim.
60. Xom ashyo va tayyor mahsulot oʻtkaziladigan devordagi ochiq teshiklar yongʻin, xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini tarqalishiga yoʻl qoʻymaydigan moslama va vositalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
61. Ishlab chiqarish va yordamchi binolar va omborxonalarning yonadigan konstruksiyalariga yongʻindan himoyalaydigan tarkibli modda bilan ishlov berilgan, ular yongʻindan himoyalaydigan boʻyoq yoki surkaladigan materiallar bilan himoyalangan boʻlishi lozim.
62. Xodimlar yongʻin xavfsizligi qoidalarini keng oʻrganish maqsadida, ular bilan yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulot oʻtkazilishi lozim.
63. Yongʻin xavfsizligi boʻyicha mashgʻulotlar oxirida xodimlarning olgan bilimlari sinovdan oʻtkazilishi lozim. Oʻtkazilgan sinov natijalari hujjatlashtirilib, unda oʻtilgan mavzular boʻyicha baholar koʻrsatiladi.
5-§. Zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari yuzaga kelganligi haqida oʻz vaqtida xabar berish usullari
64. Yonuvchi gazlar ajralib chiqishi ehtimoli boʻlgan ishlab chiqarish xonalarida havo tarkibida gazlarning portlash jihatidan xavfli darajalari mavjudligini nazorat qilish uchun (gazlarning ajralish ehtimoli yuqori boʻlgan joylarda) avtomatik signalizatsiya vositalari oʻrnatilgan boʻlishi va ular avariya ventilatsiyasiga ulangan boʻlishi zarur.
65. Avariyani bartaraf etish planida, ishchi hududida zararli moddalarning sizib chiqishi va yigʻilishi chegaraviy ruxsat etilgan havodagi miqdorlaridan oshib ketganida, chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlishi lozim.
66. Avariya yoki boshqa nosozliklar aniqlangan holda, avariya vaziyati masʼul shaxslar tomonidan baholanishi, shuningdek sexda avariya holati eʼlon qilinishi hamda bu toʻgʻrisida tashkilotning rahbari xabardor qilinishi lozim.
6-§. Maxsus talablar
67. Bir ishlab chiqarish xonasida har xil zararli moddalar bilan ishlovchi ishlab chiqarish uchastkalari joylashganda, ishlab chiqarish xonalariga zararli moddalarni tarqalib ketmaslik choralari nazarda tutilishi lozim.
68. Pollarni qoplovchi materiallar ximiyaviy taʼsirga chidamli va zararli moddalarning sorbsiyasiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
69. Havo almashuvi tashkil qilinganida zararli moddalari koʻp boʻlgan yoki portlashga xavfli gazlar, bugʻlar va changi boʻlgan xonadagi havoni boshqa xonalarga chiqib ketishini bartaraf etish uchun, keyingi xonalarda havoning ortiqcha bosimini ushlab turish lozim (berilayotgan havo hajmi chiqarib yuborilayotganidan koʻp boʻlishi lozim).
70. Ishlab chiqarish xonalari ventilatsiyasining loyihasi eng koʻp xavfli va zararli moddalar ajraladigan, ishlarni ogʻirlik kategoriyasini hisobga olgan holda, muayyan ishlab chiqarish uchun hisoblanishi lozim.
71. Umumiy soʻrma qurilmalariga chang va yengil kondensatsiyalanadigan bugʻlar soʻrmalari, bundan tashqari aralashganda zararli aralashmalar yoki kimyoviy birikmalarni hosil qiluvchi moddalarni birlashtirilishi man etiladi.
72. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ish olib borish xonalarida, ventilatsiya tizimida va havo bilan isitilganda havoni retsirkulatsiyasi man etiladi.
73. Isitish-ventilatsiya jihozlari, quvurlari va havo quvurlari xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlovchi xonalarda joylashtirilganida, bundan tashqari agressiv muhitli havoni chiqarib yuborish uchun moʻljallangan boʻlsa, zanglamaydigan qilib bajarilishi lozim.
74. Berilayotgan havoni uzatilishi asosan sozlanadigan havo taqsimlagichlar orqali ish hududiga, mahalliy soʻrmalarni ishiga taʼsir qilmaydigan qilib berish nazarda tutilgan boʻlishi lozim.
75. Soʻrma tizimlari joylashgan xonalar, har xil portlash va yongʻinga xavfli toifali bir nechta xonalarga xizmat koʻrsatadigan boʻlsa, nisbatan xavfliroq kategoriya boʻyicha hisoblash lozim.
76. Chang va yengil yonuvchi bugʻlarning soʻrmalarini, bundan tashqari aralashganda zararli aralashma yoki kimyoviy birikmalar hosil boʻlsa, umumiy soʻrma qurilmasiga birlashtirish man etiladi.
77. Yongʻinga va portlashga xavfli xonalarning elektr sim oʻtkazilishi portlashga xavfsiz qilib ishlangan boʻlishi lozim. Bu xonalarda oʻchiruvchi elektr moslama, saqlagichlar oʻrnatilishi taqiqlanadi.
78. Kutilmaganda katta miqdorda zararli yoki yonuvchi gazlar, bugʻlar yoki aerozollar birdaniga kirib qolishi mumkin boʻlgan ishlab chiqarish xonalariga avariya ventilatsiyasi nazarda tutilishi lozim.
79. Xonaning havo muhiti xususiyatini hisobga olib (ishlab chiqarish xonasining havosida chang, namlik, agressiv moddalarning boʻlishi) himoyalangan yoritgʻichlar nazarda tutilishi kerak (chang-nam oʻtkazmaydigan, yonginga va portlashga xavfsiz).
80. Avariya yoritish (xavfsizlik va evakuatsiya yoritish) yoritgʻichlari ishchi yoritish tizimiga bogʻlanmagan holda ulangan boʻlishi lozim.
81. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ish olib boriladigan ishlab chiqarish xonalarida, koʻzni va terini yuvish uchun avariya dushi va favvoralar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
7-§. Materiallar, yarim tayyor va tayyor mahsulotlar hamda ishlab chiqarish chiqindilarini saqlash va transportda tashishda xavfsizlik talablari
82. Omborxonalar QMQ 2.09.12-98 “Ombor binolari” talablariga asosan maxsus bir qavatli binolarda joylashtirilib, ularda saqlanayotgan moddalarni xiliga qarab ajratilgan boʻlinmalarda saqlanishi va quyidagilar:
pollar kislota va ishqorlarga qarshi chidamli materiallardan, polni yuzasi tekis va kislotalarni, ishqorlarni hamda polni yuvgan suvlarni oʻymalarga yigʻish uchun nishab bilan tayyorlangan;
beruvchi va soʻruvchi ventilatsiya tizimi;
devorlar 2,0-2,5 m balandlikda kimyoviy moddalarni singdirmaydigan plita bilan qoplanib, undan yuqori qismi esa yogʻli lak-boʻyoq bilan boʻyalgan boʻlishi kerak.
83. Omborxonaga kirishda suyuqliklarni avariya paytida yoyilib ketmasligi uchun panduslar qilingan boʻlishi lozim.
84. Kislota va ishqorlarni binolarning podvallarida, yarim podvallarida va yuqori qavatlarida saqlash taqiqlanadi.
85. Kislotalarni saqlash omborlarida va maydonlarida bexostan toʻkilgan suyuqliklarni neytralizatsiya qilish uchun kerakli miqdorda ohak va soda, bundan tashqari ularni yigʻish uchun qum ham boʻlishi lozim.
86. Kislota solingan butillarni isitish priborlari oldiga qoʻyilishi taqiqlanadi.
87. Oksidlanish xususiyatiga ega moddalar daraxt, qipiq, somon va boshqa yengil yonuvchan materiallar bilan toʻqnashishini bartaraf etish lozim.
88. Laboratoriyalarda konsentratsiyalangan mineral kislotalarni 2 l dan ortiq boʻlmagan miqdorda, qalin devorli, shisha tiqinli va qopqoqli shisha idishlarda zanglamaydigan taglikli soʻrmaga ega javonlarda saqlash lozim.
89.35 foizli xlor kislotasini polietilen idishlarda va boshqa foizli miqdordagi xlor kislotasini — ftoroplast idishlarda saqlash lozim.
90. Suyuq peroksidlarni va gidroperoksidlarni qora oynali va polietilenli sigʻimlarda saqlash kerak.
91. Mexanik taʼsirga sezgir qattiq peroksidlarni ichidan polietilen yoki parafin bilan qoplangan konteyner — qutilarda saqlash kerak.
92. Peroksidlarni taxta javonlarda saqlanishi, shisha idishlardagi peroksidlar temir yashiklarga solingan boʻlishi lozim.
93. Kimyoviy moddalar saqlanadigan joylar GOST 12.4.026-76 talablariga muvofiq xavfli belgilarga ega boʻlishi lozim.
94. Yuklash-tushirish ishlari va yuklarni joylashtirish Yuk ortish va tushirish ishlaridagi yukchilar uchun ishlarning xavfsizligi qoidalari” (roʻyxat raqami 1582, 2006-yil 13-iyun) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
95. Ombor va yuk saqlash uchun maydonchalarda barcha yuklash, tushirish va ogʻir mehnat kategoriyasiga tegishli yukni harakatlantirish jarayoni mexanizatsiyalashgan boʻlishi lozim.
96. Xlor kislotasi, perxloratlar va ular asosidagi materiallarni ish joylariga keltirilishi qopqogʻi zich yopiladigan maxsus ichidan toʻshalgan idishlarda amalga oshirilishi lozim.
97. Har bir ombor uchun xavfsiz saqlash va omborda saqlanayotgan materiallar bilan ishlarni oʻtkazish boʻyicha yoʻriqnoma tashkilot maʼmuriyati tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
IV. Ishlab chiqarish asbob-uskunalariga qoʻyiladigan talablar
98. Kimyo moddalari bilan ishlovchi ishlab chiqarish asbob-uskunalari GOST 12.2.003-91 “Ishlab chiqarish asbob-uskunasi. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.2.049-80 “Ishlab chiqarish asbob-uskunasi. Umumiy ergonomik talablar”ga muvofiq boʻlishi lozim.
99. Ishlab chiqarish uskunalari va texnologik liniya joylashtirish va foydalanish ishlab chiqaruvchi-zavodning foydalanish boʻyicha yoʻriqnomasi talabiga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
100. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan ishlovchi ishlab chiqarishida asbob-uskunalarning umumiy butlanishi (jihozlanishi) va joylashishi xizmat koʻrsatish xavfsizligi va qulayligini, taʼmirlash va ularni almashtirish ishlarini oʻtkazishni taʼminlashi kerak.
101. Ishlab chiqarish uskunalar konstruksiyasi boʻyicha montajda, ishlatishda, taʼmirlashda, transportirovka qilinishida va saqlanishida xavfsizlik talablarini taʼminlashi kerak.
102. 0,07 MPa (0,7 kgs/sm2 ) dan koʻp bosim ostida ishlayotgan idishlar, sisternalar va bochkalarning foydalanilishi, taʼmirlovi, montaji, tayyorlanishi, tuzilishi “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va xavfsiz foydalanish qoidalari” ga muvofiq boʻlishi shart.
103. Xlor kislotasi va perxloratlar bilan kontaktda ishlaydigan texnologik uskunani qoʻzgʻaluvchi ulanishni zichlash uchun yon tomonli tur zichlashni ishlatish tavsiya etiladi.
104. Zichlash yetarli boʻlmaganda, uskuna mahalliy soʻrgʻichga ega boʻlishi kerak. Oʻrnatilgan ventilatsion tizimlar texnologik uskunani ishga tushiradigan qurilma bilan birga oʻrnatilgan boʻlishi kerak.
105. Barcha agregatlarni zichlash qurilmalari koʻrik va tekshiruvdan diqqat bilan oʻtkazilib, zichligi buzilgan joylar darhol tuzatilishi kerak.
106. Gaz yoki bugʻlarni sizib chiqish manbalari vujudga kelgan hollarda, ishni nosozliklar bartaraf etilguncha toʻxtatish kerak.
107. Uskuna pasport va uskunali raqamga ega boʻlishi kerak. Tayyorlovchi-zavod pasporti boʻlmaganda u tashkilot tomonidan tuziladi. Uskunani raqami boʻyicha uskuna hisob va davriy koʻriklari maxsus daftariga kiritiladi.
108. Barcha texnologik uskunalarga, texnologik sxema raqamiga muvofiq raqam qoʻyilgan boʻlishi kerak.
109. Uskunani harakatlanadigan va aylanadigan xavf manbai boʻlgan qismlari toʻsiqlar bilan toʻsilgan boʻlishi kerak. Toʻsiq moslamalari yetarlicha zich va ishonchli mustahkamlangan boʻlib, ishlab chiqarish ishiga va uskunani sozlashga xalaqit bermasligi kerak.
110. Ishlab chiqarish uskuna va kommunikatsiyasini joylashuvi, ularga xizmat qilish va taʼmirlash uchun qulayligi va xavfsizligi, avariya holatida yoki yongʻinda insonlarni xavfsiz evakuatsiya qilishni taʼminlashi kerak.
111. Analizatorlarning oʻlchov asboblari, avtomatik gazoanalizatorlar va unga tegishli boshqa asboblar portlash xavfi boʻlgan xonalarda va ochiq portlash xavfi boʻlgan qurilmalarda “Isteʼmolchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalari” (roʻyxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) talablarini hisobga olgan holda qulflanadigan shkaflarda joylashtirilishi kerak.
112. Turli operatsiyalarni bajarish uchun uskunaning xizmat qilish hududida xizmat qiluvchi xodimning ish joyi yurishga qulay boʻlishi kerak.
V. Taʼmirlash ishlari bajarilayotgan paytdagi xavfsizlik talablari
113. Tashkilotning taʼmirlash xizmati uskunalarning mehnat xavfsizligi standartlari tizimi, ularning pasportlari, texnik yoʻriqnomalari va ishlab chiqaruvchi zavodning boshqa hujjatlarining talablariga mosligini taʼminlashi lozim.
114. Uskunalarni zarur texnik holatda tutib turish uchun tashkilotda unga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi taʼmirlashni qatʼiy bajarilishi va taʼmirlash ishlarining sifatini yaxshilash boʻyicha choralar koʻrilishi lozim.
115. Ishlab chiqarishining texnologik uskunalari tashkilot bosh muhandisi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq koʻrikdan oʻtkazilib va taʼmirlanib turilishi lozim.
116. Asosiy uskunalarni kapital va joriy taʼmirlashni tashkillashtirish va oʻtkazish amaldagi meʼyoriy hujjatlarning talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
117. Uskuna va agregatlarni kapital yoki joriy taʼmirdan soʻng qabul qilish komissiya tomonidan dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda amalga oshirilishi lozim.
118. Ishlayotgan sexlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariluvchi taʼmirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
119. Barcha hollarda taʼmirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning oʻrinbosari bilan kelishilishi lozim.
120. Taʼmirlash ishlari boshlanishidan avval, taʼmirlashda band boʻlgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va taʼmirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish boʻyicha yoʻriqdan oʻtkazilishi lozim. Yoʻriq oʻtkazilganligi jurnalda har bir xodim uchun alohida rasmiylashtirilishi lozim.
121. Taʼmirlash yoki montaj qilish ishlari davrida mehnat sharoitlari oʻzgargan taqdirda xodimlar navbatdan tashqari yoʻriqdan oʻtkazilishi lozim.
122. Taʼmirlashda band boʻlgan barcha xodimlar belgilangan meʼyorlar boʻyicha maxsus kiyim, poyabzal va saqlovchi moslamalar bilan taʼminlanishi lozim.
123. Ogʻir yuklarni joyidan koʻchirish ishlari yuk ortish va tushirish ishlari uchun javobgar shaxslarning ruxsati bilan bajarilishi shart.
124. Katta oʻlchamli va ogʻir yuklarni koʻtarish, joydan-joyga koʻchirish va tushirish ishlari taʼmirlash ishlari uchun javobgar shaxsning kuzatuvi ostida bajarilishi lozim. Katta oʻlchamli detallarni ortish va tushirish ishlari bajarilayotgan paytda ushbu uchastkadagi boshqa ishlar toʻxtatilishi lozim.
125. Nosoz yuk koʻtaruvchi mexanizm va moslamalarda, shuningdek shahodatlangan muddati tugagan mexanizmlarda ishlash taqiqlanadi.
126. Echib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yigʻishtirib qoʻyilishi lozim.
127. Taʼmirlash paytida ish joylarini, yoʻllarni, yoʻlaklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan toʻsib qoʻyish taqiqlanadi.
128. Ichini koʻrikdan oʻtkazish uchun toʻxtatib qoʻyilgan uskunalar, agregatlar va kommunikatsiyalar:
a) barcha quvurlardan, ishlayotgan uskunalardan, gaz quvurlardan, elektr energiyasi manbalaridan ishonchli ravishda uzib qoʻyilgan va ularning ichidagi materiallardan boʻshatib qoʻyilgan boʻlishi;
b) zaharli yoki portlovchi gaz, bugʻ va chang bilan ishlovchi uskuna, agregat va kommunikatsiyalar yuqorida aytib oʻtilganlardan tashqari shamollatilishi va ularning ichida koʻrsatib oʻtilgan moddalarning yoʻqligi tekshirib koʻrilishi lozim;
v) uzatmalarining elektr sxemalari uzib qoʻyilishi, ishga tushiruvchi qurilmalariga “Yoqilmasin, odamlar ishlamoqda!” matnli plakatlar osib qoʻyilishi lozim.
g) faqatgina taʼmirlash ishlarini bajarish uchun javobgar shaxslarning ruxsati bilan plakatlarni olib qoʻyish va agregat va uskunalarni yoqish mumkin.
129. Taʼmirlash ishlari bajarilayotgan zonadagi elektr oʻtkazgichlari yoki uskunalarning kuchlanish ostida boʻlgan ochiq qismlari oldindan elektr tokidan oʻchirib qoʻyilgan yoki maxsus izolatsiyalovchi vositalar bilan ishonchli himoyalangan boʻlishi lozim.
130. Barcha taʼmirlash ishlari sex, tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan shaxslarning rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
Yakuniy qoidalar
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti va “Oʻzkimyosanoat” Davlat aksiyadorlik kompaniyasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B.XODJAYEV
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti rahbari S. RAShIDOVA
Oʻzkimyosanoat” DAK boshqaruv raisi G. IBRAGIMOV
