Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning tuzilishi, montaj qilinishi va xavfsiz ekspluatatsiya qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (83-son)
25.02.2010
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi “Sanoatkontexnazorat” boshligʻining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2010-yil 11-mart, 6-24/11-2219/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2004-y., 7-son, 64-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning tuzilishi, montaj qilinishi va xavfsiz ekspluatatsiya qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va koʻpaytirilsin.
Inspeksiya boshligʻi I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2010-yil 25-fevral,
83-son
“SANOATKONTEXNAZORAT” davlat inspeksiyasi boshligʻining 200 yil 25-fevraldagi 83-sonli buyrugʻiga ILOVA
PORTLAShDAN HIMOYaLANGAN VENTILYaTORLARNING MONTAJ QILINIShI VA XAVFSIZ IShLATILIShIGA OID
QOIDALAR
Mazkur “Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning montaj qilinishi va xavfsiz ishlatilishiga oid qoidalar” (keyingi oʻrinlarda — Qoidalar deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 10-iyuldagi 323-son “Sanoatda konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 2004-y., 7-son, 64-modda) muvofiq ishlab chiqilgan.
1 - §. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Sanoat xavfsizligi sohasida ish yurituvchi hamda “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi nazoratidagi, tashkiliy-huquqiy va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar uchun taalluqlidir.
2. Qoidalar kimyo, neftkimyo va neftni qayta ishlash sanoatida portlashdan himoyalangan ventilyator va tizimlarni ishlatishda sanoat xavfsizligini taʼminlashga, avariyalarning, ishlab chiqarishdagi jarohatlanish holatlarining oldini olishga qaratilgan talablarni belgilaydi.
3. Qoidalar quyidagi holatlarda ishlatishga moʻljallangan:
a) zaharli moddalar hamda bugʻ va portlash-yongʻindan xavfli bugʻ-havo aralashmasini hosil qilishga moyil moddalarni ishlatish va saqlash bilan bogʻliq neft va gazni qayta ishlash, kimyo, neftkimyo va boshqa ishlab chiqarishlardagi obyektlarni loyihalash, qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini tugatishda;
b) portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni loyihalash, yasash, sinash, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash, texnik diagnostikasini bajarish boʻyicha ishlar oʻtkazish va ularni ishlatishda.
2 - §. Asosiy talablar
4. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlar yordamida shamollatish tizimlarini loyihalash, qurish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash va ishlatish sanoat xavfsizligi, yongʻin xavfsizligi, elektr qurilmalar tuzilishi, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda mazkur Qoidalar talablariga asosan amalga oshiriladi.
5. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlar, maxsus vazifalarni bajaradigan ventilyatordir.
6. Portlashdan xavfli ishlab chiqarishlar uchun ventilyatorlar turi va ularni yasash, ventilyatorlar aylantiradigan portlashdan xavfli aralashmaning turkumi va guruhidan kelib chiqib, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga asosan aniqlanadi (Ilova 1).
7. Normativ hujjatlarda aniqlangan resursni ishlab tugatgan ventilyatorlar, ularni ishlatishda davom ettirish imkonini aniqlash maqsadida, texnik koʻrikdan oʻtkaziladi va ularga texnik xizmat koʻrsatiladi.
8. Maʼlum turkum va guruhga mansub portlashdan xavfli aralashmalarni qoʻzgʻatishga moʻljallangan ventilyatorlar, faqat pastroq turkum va guruhga mansub portlashdan xavfli boshqa aralashmalarni qoʻzgʻatish uchun qoʻllanilishi mumkin (Ilova 2).
3 - §. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni montaj qilish
9. Ventilyatorlarni montaj qilish va sozlash ishlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, yasagan zavod instruksiyalari, pasport va mazkur Qoidalar talablariga asosan bajariladi.
10. Portlashdan xavfli korxonalarda yangi ishga tushiriladigan ventilyatorlarni montaj qilishni, odatda, ixtisoslashgan tashkilot yoki korxonalar amalga oshiradi.
Ishlab turgan korxonalarda taʼmirlangan ventilyatorlarni montaj qilish yoki ularni almashtirish ishlarini korxona boʻyicha buyruq orqali maxsus tayinlangan brigada bajaradi.
11. Yuklash-ortish ishlari normativ hujjatlar talablariga asosan bajariladi.
12. Tebranish tezligi 2 mm/s dan ziyod tebranishlarga moyil obyektlarda ventilyatorlar oʻrnatish mumkin emas.
13. Ventilyatorlarni montaj qilish, ishlatish va taʼmirlash uchun ularni xavfsiz va qulay qilib joylashtirish kerak.
14. Ventilyatorlarni boshqarish organlari elektroenergiya oʻchirilganda, soʻng elektroenergiya berilishi tiklangan holda, dvigatellar oʻz-oʻzidan tizimga ulanib ketishining oldini oluvchi vositalar bilan jihozlanadi.
15. Yongʻin yoki avariyalarda — har qaysi xonaning maxsus talablaridan kelib chiqqan holda, ventilatsiya qurilmalari ularni oʻchirilishi yoki yoqilishi uchun masofadan turib — distansiyali moslamalarga ega boʻlishi kerak.
16. Ishlab chiqargan korxona tomonidan qismlarga ajratilgan holda keltirilgan ventilyatorlarni, ular yigʻilib, faqat kerakli rejimda ishlashi tekshirilgandan soʻnggina montaj qilinishi mumkin.
Ventilyatorlarning yigʻilishi va fundamentga mahkamlanishi, zarur mustahkamlikni taʼminlashi, ularning deformatsiyalanishi va siljishiga yoʻl qoʻymasligi kerak.
17. Montaj qilishdan avval quyidagilarni amalga oshirish kerak:
a) loyiha hujjatlariga koʻra, portlashdan himoyalangan ventilyator va dvigatelni koʻzdan kechirish va ularni oʻrnatish joyi va montaj qilinadigan poydevorni aniqlab solishtirish;
b) dvigatel izolatsiyasining qarshiligi va boltli tutashmalar mahkamligini (dvigatel va ventilyator korpusini stanina yoki poydevorga ishchi gʻildirak mahkamlanganligi, podshipnik korpuslarini) tekshirish;
v) ishchi gʻildirak hamda kollektor (radial ventilyatorlar uchun) va ishchi gʻildirak hamda obechayka korpusi (oʻqli ventilyatorlar uchun) orasidagi oʻqli va radial tirqishlarni tekshirish;
g) tebranma izolyatorlarning rezinali tarang elementlari sifatini tekshirish.
18. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarda shikastlanishlar aniqlansa yoki ular butlanmagan holda keltirilgan boʻlsa, ularni ishga tushirishga yoʻl qoʻyilmaydi, bu holda dalolatnoma tuzilib, ishlab chiqargan tashkilot yoki tovar yetkazuvchiga qaytariladi.
19. Amaldagi portlashdan xavfli ishlab chiqarish sharoitlarida, montaj qilinadigan ventilyatorlarni, portlashdan xavfli zonadan tashqarida, maxsus ajratilgan joylarda oʻramdan ochib olish, konservatsiyadan chiqarish lozim.
20. Gaz-bugʻ-havo aralashmasi ishlab chiqarish texnologik sxemasiga biriktirilgan ventilyatorga kirishi oldida, portlashdan xavfli darajagacha boʻlgan konsentratsiyalar toʻgʻrisida signal beruvchi sezdirgich (datchik)lar oʻrnatilib, boshqaruv xonasiga, zarurat boʻlganda, avariyaga qarshi avtomatik himoyalash tizimiga (AHT) ulanadi.
21. Havo oqib keluvchi ventilyatorlarni ishlab chiqarishning barcha ishlash tartibi (rejimi)da ventilatsiya tizimiga portlashdan xavfli bugʻlar, gaz, chang kirmaydigan joylarga oʻrnatish kerak.
22. Mahalliy soʻrish ventilyatorlarida, u bilan konstruktiv bogʻliq texnologik uskunalar ventilyatorlari ishlamaganda, tizimga ulanishini istisno qiluvchi blokirovkalar oʻrnatiladi.
23. Tebranma izolyatorlarni har biriga yuklanish bir maromda taqsimlanadigan qilib oʻrnatish zarur.
24. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni portlashdan xavfli ishlayotgan korxonalarda montaj qilishda, uchqun chiqarmaydigan asbob va moslamalardan foydalanish kerak.
25. Haydovchi va soʻruvchi havooʻtkazgichlar ventilyator bilan yumshoq kirgizma orqali ulanadi. Ulanma zich (germetik) boʻlishi kerak. Ventilyator va havooʻtkazgichlar tizimi yopiq elektr zanjir hosil qilishi kerak.
26. Ishchi gʻildirak oson aylanishini va kirish patrubkasiga boʻr bilan nazorat chiziqlari qoʻyib disbalans yoʻqligini tekshirgandan soʻnggina havooʻtkazgichlarni ventilyatorga ulab ishlatish mumkin (ishchi gʻildirak ikki-uch karra aylantirilganda, bir joyda toʻxtashi mumkin emas).
27. Ventilyatorga begona predmetlar kirishini yoʻq qilish uchun havooʻtkazgichning soʻruvchi uchastkasida zarurat boʻlsa “choʻntak” (qoʻzgʻaluvchi muhit pastdan beriladi) yoki yacheykasining oʻlchami koʻpi bilan 12 x 12 mm li toʻsish panjara (toʻr)lari oʻrnatilishi nazarda tutiladi.
28. Ventilyatorlar xonadan tashqarida oʻrnatilsa, ular uchun maxsus pana (ayvon) lar qurish kerak. Bu holda montaj qilishda va ishlatganda, texnik xizmat koʻrsatish qulayligini taʼminlash darkor.
29. Ventilyatorning barcha aylanadigan qismlarida, xodimlarga shikast yetkazmaydigan toʻsiqlar mavjud boʻlishi kerak.
30. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni yertutashtirish elektr uskunalarni tuzilish qoidalariga asosan bajariladi.
31. Montaj qilingandan soʻng ventilyatorlarni atmosfera havosida sinab ishlatib koʻrish darkor.
32. Ventilyatorlarni ishga tushirishdan avval quyidagilarni tekshirish kerak:
a) dvigatel vallari va ishchi gʻildirak vali uzellari moylanganligini;
b) sovuq paytlarda ishchi gʻildirakda muz yoʻqligini va ventilyatorlarning elastik kirgizmalari muzlamaganligini tekshirish;
v) ventilyatorlar korpuslari, dvigatellari ishonchli yertutashganligini va zarurat boʻlsa, dvigatel yertutashganligini va zarurat boʻlsa, dvigateldan statik elektr tokini chetlanishini.
33. Sinab ishga tushirish jarayonida, normativ hujjatlar talablariga asosan, ventilyator, dvigatellar, uzellar hamda detallar montaj qilinish sifatini, podshipniklar qizish haroratini, tebranish va boshqa parametrlarni tekshirish lozim.
34. Qattiq tebranishda zarbalar, begona shovqin, olov yoki tutun paydo boʻlganda, dvigatel korpusi, podshipniklar korpusi va ventilyatorning boshqa qismlarining harorati oshib ketganda, portlashdan xavfli ventilyatorlar ishini darhol toʻxtatish zarur.
35. Ventilyatorlarni ishga tushirish dastlabki sinovlar oʻtkazilib, qabul qilish akti normativ hujjatlar talablariga asosan boshqa ishlatish hujjatlari rasmiylashtirilgandan soʻng ishlatishga topshiriladi.
36. Portlashdan xavfli zonalar va portlashdan xavfli aralashmalar klasslari va mazkur Qoidalarga koʻra, mazkur portlashdan xavfli zona uchun portlashdan himoyalash talablariga javob bermaydigan ventilyatorlar hamda ularga oʻrnatilgan elektr yuritmalarni oʻrnatish mumkin emas.
4 - §. Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni ishlatish va texnik xizmat koʻrsatish
37. Ventilyatorlarni ishlatish, mazkur Qoidalar, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, tayyorlovchi-zavod yoʻriqnomalari ventilyatorlarga pasportlar, portlash-yongʻindan xavfli kimyo, neftkimyo va neftni qayta ishlash korxonalari uchun portlashdan xavfli umumiy qoidalar, portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha yoʻriqnomalar, ventilyatorlarni ishlatish boʻyicha ishlab chiqarish yoʻriqnomalari va elektr qurilmalarning tuzilish qoidalari talablariga asosan amalga oshiriladi.
38. Ventilyator yordamida qoʻzgʻatiladigan portlashdan xavfli aralashmalar konsentratsiyasi portlashning pastki konsentratsiya chegarasining 50 % dan oshmasligi darkor. Nazoratni, uzluksiz ishlab turadigan asboblar bilan, tovushli signalni operatorga, zarur boʻlsa, avariyaga qarshi (PAZ) tizimiga chiqarish orqali amalga oshirish lozim.
Avariyali holatlarda portlashdan xavfli konsentratsiyadagi aralashmalar paydo boʻlganda, texnologik uskuna butunlay toʻxtaguncha va portlashdan xavfli aralashma xonadan chiqarib yuborilguncha ventilyatorlar ishlab turishiga yoʻl qoʻyiladi.
39. Ventilyatorlarga texnik xizmat koʻrsatish, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga koʻra ishlab chiqilgan texnik xizmat koʻrsatish yoʻriqnomasiga asosan amalga oshiriladi.
40. Ventilyatorlar sozligi va ishlashini smenada kamida bir marta ishlatuvchi personal tekshirib, natijalarini smena jurnalida qayd etadi. Portlashdan himoyalanish shartlari buzilgan ventilyatorlarni ishlatish mumkin emas.
41. Tarkibida ruxsat etilgan meʼyorlardan ortiqcha portlashdan xavfli changlar boʻlgan, ventilyator tomonidan qoʻzgʻatiladigan muhitni ventilyatorga berishdan avval tozalash zarur. Ventilyatorning havo oqib oʻtadigan qismini muntazam tozalashni, tashkilotda ishlab chiqilgan, texnik rahbar tomonidan tasdiqlangan jadvalga asosan bajarish kerak. Tozalash davriyligi, ventilyatorlarni ishlatish tajribasiga asosan, choʻkindi mahsulotning fizik-mexanikaviy xususiyatlari va qoʻzgʻatiluvchi havo-chang aralashmasi parametrlariga qarab belgilanadi.
42. Portlashdan xavfli tajovuzkor muhitni qoʻzgʻatuvchi ventilyatorlarni ishlatish jarayonida, ventilyatorning havo oqib oʻtadigan qismining emirilish darajasini davriy tekshiruvdan oʻtkazish zarur. Korroziyali eyilish darajasini tekshirish usullari va davriyligini, ishlatuvchi tashkilot, muhitni tajovuzkorligiga qarab belgilaydi.
43. Qoʻzgʻatilayotgan muhitda kondensat mavjud boʻlsa, uni oʻz vaqtida yopiq drenaj tizimiga toʻkish darkor.
44. Ventilyatorlar ishlagan paytda podshipniklardagi va labirintli zichlanishdagi moy mavjudligi va haroratni nazorat qilish kerak. Maksimal isitish harorati texnik tavsiflarda koʻrsatilgan soʻnggi ruxsat etilgan haroratdan oshmasligi va mazkur portlashdan xavfli aralashmalar guruhi uchun ruxsat etilgan haroratdan yuqori boʻlmasligi zarur.
Nazorat qilish davriyligi va usullari ventilyatorlarni ishlatishga oid yoʻriqnomada belgilanadi.
45. Ventilyatorlarni ishlatishdagi uzoq muddatli tanaffuslarda podshipniklardagi korroziyaning oldini olish choralari koʻriladi.
46. Zaxiradagi ventilyatorlarni har 3-4 hafta qisqa muddat ichida ishlatib turish darkor.
47. Ishlatish jarayonida dvigatel vali va ishchi gʻildirak valining ilashma (ssepleniye) muftalar holati yoki elektryuritgich va ishchi gʻildirak vallaridagi shkiv va tasmalar holatini koʻzdan (vizual) kechirib turish zarur. Muftalarning yuzasi bir-biriga tegmasligi darkor. Tasmalar bir xil taranglikda boʻlib, texnik koʻrik jarayonida tekshirilishi lozim.
48. Ventilyatorlarni ishlatishda tebranma izolyatorlar emirilmayotganligi va mahkamlovchi detallar yaxshilab buralganligini kuzatib turish kerak.
49. Ishlatish jarayonida oʻtkazuvchi joylar germetikligi va zarur suv, chang va portlash oʻtkazmasligini taʼminlovchi kirish qutisi kabelini tekshirish kerak.
50. Portlashdan himoyalangan ventilyatorni yasagan zavod ishlab chiqqan yoʻriqnomaning barcha talablariga rioya qilib ishlatish kerak.
51. Ventilyatorlarni ishlatish jarayonida, ishchi gʻildirakdan statik elektrni olish uchun shchetkalar uzatma valiga zich oʻtirganligi nazorat qilinadi.
Nazorat qilish davriyligi va usullari ventilyatorlarni ishlatish boʻyicha yoʻriqnomada belgilanadi.
52. Quyidagi holatlarda ventilyatorni darhol toʻxtatish lozim:
a) ventilyator, dvigatel yoki ilashma muftasida taqillash, zarbalar va tebranish paydo boʻlganda;
b) ventilyator uzellari va dvigatel harorati ruxsat etilganidan ziyod boʻlganda;
v) poydevorda darz ketish kuzatilganda;
g) ventilyator yoki havooʻtkazgichdan gaz yoki bugʻlar sizib chiqqanda.
53. Ishchi gʻildirak nomuvozanatlanishi taʼsirida ventilyator toʻxtab qolganda, uni ishga tushirishdan avval val va podshipniklar holatini tekshirish zarur.
54. Uskuna bilan konstruktiv bogʻlangan yoki texnologik sxemaga biriktirilgan barcha ventilyatorlar hamda portlashdan xavfli xonada oʻrnatilgan boshqa ventilyatorlarni bir vaqtda barchasini tizimdan uzib qoʻyuvchi binodan tashqarida va boshqarish xonasida moslama oʻrnatish nazarda tutilishi darkor.
55. Portlashdan xavfli korxonalarda ishlatilayotgan va mazkur Qoidalar talablariga javob bermaydigan ventilyatorlar boʻyicha ularni ishlatishda davom ettirish imkoni toʻgʻrisida ixtisoslashgan tashkilotdan xulosa olish kerak.
5 - §. Portlashdan xavfli ventilyatorlarni taʼmirlash
56. Ventilyatorlarni taʼmirlash ishlari portlashdan xavfli ventilyatorlarni taʼmirlash va texnik xizmat qilish yoʻriqnomasi, ventilyatorlar pasporti, shuningdek mazkur Qoidalar talablariga asosan bajariladi.
57. Ventilyatorlarni tiklashga oid taʼmirlash ishlari tarkibiga normativ hujjatlar talablariga koʻra, joriy va kapital taʼmirlash kiradi.
58. Joriy taʼmirlash, ventilyator oʻlchamlari va taʼmirlash murakkabligiga qarab, korxonaning ixtisoslashgan uchastkasida yoki uning oʻrnatilgan joyida bajariladi.
59. Joriy taʼmirlashga sozlash, ayrim uzel va detallarni almashtirish yoki tiklash ishlari kiradi.
Taʼmirlash ishlarini bajarishni maxsus oʻqitilgan va taʼmirlash ishlarini bajarish huquqini tasdiqlovchi guvohnomaga ega boʻlgan shaxslar bajaradi.
60. Joriy taʼmirlashdan soʻng ventilyatorni sinab ishlatib koʻrish havooʻtkazgichlarni ulamay turib bajariladi.
61. Joriy taʼmirlashning ish hajmi texnik koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash ishlarini hisobga olish jurnalida va ventilyator pasportida qayd etilishi darkor.
62. Kapital taʼmirlash, korxonaning ixtisoslashgan uchastkasida yoki belgilangan tartibda maxsus ruxsatnomaga ega boʻlgan, uskunalarni taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashgan korxonada amalga oshiriladi.
63. Ventilyatorlarni kapital taʼmirlash jarayonida uzel va detallarni konstruktiv oʻlchamlari buzilmasligi darkor. Ventilyatorni yasagan korxona bilan kelishmay turib, unga konstruktiv oʻzgartirishlar kiritish mumkin emas.
64. Ventilyatorlarni kapital taʼmirlashga topshirish va taʼmirlashdan qabul qilib olish tartibi portlashdan himoyalangan ventilyatorlarni taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatishga oid yoʻriqnoma hamda ishlab chiqarish yoʻriqnomalari talablariga binoan amalga oshiriladi.
65. Kapital taʼmirlash boʻyicha ishlar hajmi, taʼmirlashni (joriy va kapital) hisobga olish jurnali va ventilyator pasportiga kiritiladi.
66. Kapital taʼmirlashdan soʻng ventilyator 2 soat mobaynida salt holda ishlatilib, bu jarayonda podshipniklar korpusining qizishi, tebranishi va zichligi (toʻsma qopqoqlar berkligida yoki havooʻtkazgichlar ulanganligida) tekshiriladi.
67. Ventilyatorlarni taʼmirlashda, uchqundan xavfsizligi, korroziyaga chidamliligi va mexanik mustahkamligi koʻrsatgichlari ventilyator yasalgan materiallarning tegishli koʻrsatgichlaridan past boʻlgan materiallardan foydalanish mumkin emas.
68. Ventilyatorlarni taʼmirlash uchun havooʻtkazgichlardan ajratishdan avval tizimni inert gaz yoki havo bilan puflash kerak.
Portlashdan xavfli mahsulotlardan boʻshatish, ventilyatorni mutlaq toʻxtatish va uni tasodifan ishga tushib ketishining oldini olish choralarini bajarmaguncha, ventilatsiya tizimida taʼmirlash ishlarini oʻtkazilmaydi.
69. Uskuna bilan konstruktiv bogʻliq yoki texnologik sxemaga kiritilgan hamda portlashdan xavfli xonalarda joylashtirilgan boshqa ventilyatorlarni taftish qilish, qismlarga ajratish va yigʻishda tegishli asbob va moslamalardan foydalanish zarur.
70. Ventilyator korpusi, labirintli zichlik va val zichligi taʼmirlanganda, zichlash qistirmalarning shikastlanishi, labirint ostidagi valda tirnalishlarga yoʻl qoʻyilmaydi. Labirintli zichlash oraligʻi yangidan sozlanadi.
71. Ishlab chiqarish texnologik sxemasidagi ventilyatorlarni taʼmirlash yoki uzoq vaqt tanaffusdan soʻng ishga tushirishdan avval havo oqib oʻtadigan qismini inert gazi bilan puflash darkor.
72. Dvigatellar taʼmirdan soʻng, qabul qilish-topshirish dasturi boʻyicha, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablarini hisobga olgan holda sinovdan oʻtkaziladi. Qabul qilish-topshirish, sinovlar natijalari tegishli jurnalda qayd etiladi.
73. Ishlayotgan portlashdan xavfli sexlardagi ventilyatorlarni taʼmirlashda, payvandlash va ochiq olov yoki uchqun chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa ishlarni sanoat va yongʻin xavfsizligi boʻyicha normativ hujjatlar talablariga asosan oʻtkazilishi lozim.
74. Taʼmirlash jarayonida, yukkoʻtarish kranlari yordamida ventilyatorlarning detal va uzellarini siljitish bilan bogʻliq ishlarni bajarganda, yukkoʻtarish mexanizmlari yordamida yuklarni siljitishdagi qoidalar talablarini qoʻllash kerak.
YAKUNIY QOIDALAR
“Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning tuzilishi, montaj qilinishi va xavfsiz ishlatilishiga oid qoidalar” “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Oʻzkimyosanoat” DAK, Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Kengashi va OʻzR IIV YoHBB bilan kelishilgan.
“Oʻzbekneftgaz” MXK Boshqaruv raisi A. AHMEDOV
“Oʻzkimyosanoat” DAK Boshqaruv raisi I. IBRAGIMOV
Oʻzbekiston yoqilgʻi-energetika kompleksi, kimyo sanoati va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Markaziy Kengashining raisi M. XAKIMOV
OʻzR IIV YoHBB boshligʻi vazifasini bajaruvchi M. MIRFAYZIYEV
“Oʻzstandart” Agentligi bosh direktori A.ABDUVALIYEV
Portlashdan himoyalangan ventilyatorlarning montaj qilinishi va xavfsiz ishlatilishiga oid qoidalarga 1 - ILOVA
2 - ILOVA (tavsiya etilgan)
Portlashdan xavfli aralashmalar tarkibiga kiruvchi agressiv komponentlar va ulardan himoyalanish
