14-modda. Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarni davlat ekspertizasidan oʻtkazish
Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida (O‘RQ-303-son) · Sana: 12.10.2011 · Amalda
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasi ular geografik obyektlarning nomlariga, mazkur nomlar oʻzgartirilishiga hamda belgilanishiga qoʻyiladigan talablarga muvofiqligini aniqlash, shuningdek geografik obyektlarning nomlarini normallashtirish maqsadida Kadastr agentligi tomonidan oʻtkaziladi.
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasi:
respublika komissiyasi tomonidan — tumanlar, shaharlar, viloyatlarga, tabiiy obyektlarga, transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi obyektlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi komissiyasi tomonidan — Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullarga, aholi punktlariga hamda ularning tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan;
viloyatlar komissiyalari tomonidan — shaharchalar, qishloqlar, ovullarga, aholi punktlariga hamda ularning tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan;
Toshkent shahar komissiyasi tomonidan — aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarga nisbatan tayinlanadi.
Kadastr agentligi davlat ekspertizasi chogʻida toponimik va boshqa tadqiqotlar oʻtkazilishini, kartografik, arxivga doir, tarixiy va boshqa materiallar har tomonlama oʻrganilishini tashkil etadi, geografik obyektlar nomlarining normallashtirilishini amalga oshiradi hamda ekspertiza yakunlariga koʻra geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi takliflarning qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiqligi yoxud muvofiq emasligi toʻgʻrisida xulosa beradi, ushbu xulosa tegishli komissiyalar murojaat etgan kundan eʼtiboran bir oy ichida ularga yuboriladi.
Davlat ekspertizasining xulosasi respublika komissiyasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlar komissiyalari tomonidan xulosalar berishda hisobga olinadi.
Kadastr agentligi davlat ekspertizasini oʻtkazish uchun respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar mutaxassislarini, yetakchi olimlarni, fan va madaniyat arboblarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni jalb etishga haqli.
