3-modda. Asosiy tushunchalar
Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida (O‘RQ-302-son) · Sana: 05.10.2011 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
alkogol mahsuloti — konyak spirti yoki tozalangan etil spirtidan, vino materiallari va (yoki) tarkibida spirt boʻlgan oziq-ovqat mahsulotidan foydalangan holda ishlab chiqarilgan, hajmidagi etil spirtining ulushi bir yarim foizdan ortiq boʻlgan oziq-ovqat mahsuloti;
alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning salbiy taʼsiri profilaktikasi — alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish bilan bogʻliq fuqarolar sogʻligʻiga, avvalo, yoshlar sogʻligʻiga, ularning jismoniy, maʼnaviy rivojlanishiga, jamiyatning maʼnaviy-axloqiy negizlariga tahdidlarning hamda boshqa tahdidlarning oldini olishga va ularni kamaytirishga qaratilgan ijtimoiy, huquqiy, tibbiy chora-tadbirlar hamda boshqa chora-tadbirlar majmui;
alkogolga qaramlik — alkogol mahsulotiga patologik ruju qoʻyish, alkogoldan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (surunkali alkogolizm);
tamaki mahsuloti — tamakidan yoki uning oʻrnini bosuvchi narsadan tayyorlangan har qanday mahsulot;
tamakiga qaramlik — tamaki mahsulotiga patologik ruju qoʻyish, nikotindan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kuchayib boruvchi kasallik (nikotinga qaramlik);
tibbiy ogohlantirish — alkogol mahsuloti idishining yorligʻida hamda tamaki mahsulotining qutisida (oʻrovida) joylashtiriladigan, alkogol yoki tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilishning inson sogʻligʻiga salbiy taʼsiri toʻgʻrisidagi axborot.
