54-modda. Jamiyatni qayta tuzish
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Jamiyat qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa tashkiliy-huquqiy shakldagi tijorat tashkiloti etib qayta tuzilishga haqlidir.
Qayta tuzish shaklida qayta tashkil etilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi bunday qayta tashkil etish toʻgʻrisida, qayta tuzish tartibi va shartlari toʻgʻrisida, jamiyat ishtirokchilarining ulushlarini qayta tuzish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsning aksiyalariga (ulushlari, paylariga) ayirboshlash tartibi toʻgʻrisida va ana shu yuridik shaxsning taʼsis hujjatlarini tasdiqlash toʻgʻrisida, shuningdek topshirish dalolatnomasini tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Qayta tuzish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsning ishtirokchilari ana shunday yuridik shaxslar toʻgʻrisidagi qonun talablariga muvofiq uning organlarini saylash toʻgʻrisida qaror qabul qiladilar va tegishli organga qayta tuzish natijasida tashkil etilayotgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq harakatlarni amalga oshirishni topshiradilar.
Jamiyat qayta tuzilganda, qayta tashkil etilgan jamiyatning barcha huquqlari va majburiyatlari, bu topshirish dalolatnomalarida koʻrsatilganligidan yoki koʻrsatilmaganligidan qatʼi nazar, qayta tuzish natijasida tashkil etilgan yuridik shaxsga oʻtadi.
