451-modda. Ichki audit xizmati
Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida (310-II-son) · Sana: 06.12.2001 · Amalda
Aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan koʻp boʻlgan, davlat ulushi ellik foiz va undan ortiq boʻlgan masʼuliyati cheklangan jamiyatda ichki audit xizmati tashkil etiladi. Kredit tashkiloti boʻlgan jamiyatda ichki audit xizmati nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi. Jamiyatning kuzatuv kengashi ichki audit xizmatini tashkil etadi va uning xodimlarini tayinlaydi. Ichki audit xizmati jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Ichki audit xizmati jamiyatning ijro etuvchi organi, vakolatxonalari va filiallari tomonidan qonunchilikka, taʼsis hujjatlari va boshqa hujjatlarga rioya etilishini, buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarda maʼlumotlarning toʻliq hamda toʻgʻri aks ettirilishi taʼminlanishini, xoʻjalik operatsiyalarini amalga oshirishning belgilangan qoidalari va tartib-taomillariga rioya etilishini, aktivlarning saqlanishini, shuningdek jamiyatni boshqarish yuzasidan qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etilishini tekshirish va bu borada monitoring olib borish orqali jamiyatning ijro etuvchi organi, vakolatxonalari va filiallari ishini nazorat qiladi hamda baholaydi.
Ichki audit xizmati oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibga muvofiq amalga oshiradi.
